tungi.ru

Oshkora qotillik qissasi (qissa) (5-bet)

koʻp emasdi, ammo yigirma ikki kishi Vikariolarning nima deyishganini eshitgan, yigirma ikkita insonning shahodat berishicha, sallohlar yovuz niyatlarini ataylab oshkora aytaverishgan. Kdssob Faustino Santos, Vikariolarning ogʻaynisi, endigina ichak-chavaq solingan qutini doʻkonga qoʻyib turganida ular kirib kelishgan, shunda soat uchdan yigirma daqiqa oʻtgandi; qassob ikkala sallohning nega bunchalik bemahalda, yana dushanbada, toʻyda kiyib yurgan qora movut kostyumlarini ham yechmay yoʻqlab kelishganiga hayron boʻlgan. Faustino ogʻaynilarini odatda har jumada, bu paytdan sal kechroq, choʻchqa boʻgʻizlaganda tutiladigan teri peshband taqqan holatda koʻrishga oʻrganib qolgandi. «Rosa ichishibdi-da, deb oʻyladim, — dedi menga Faustino Santos, — shuning uchun ham soat tugul kunning hisobiniyam yoʻqotib qoʻyishgan-da». Qassob ularga bugun dushanba ekanligini aytgan.

— Obbo tentagey, kim senga dushanba emas deyapti, — degan Pablo Vikario. — Biz pichoqni oʻtkirlatgani keldik.

Charxni aylantirib, pichoqlarni oʻtkirlay boshlashgan, odatdagiday Pedro pichoq tigʻini charxtoshga galma-gal tutib turgan, Pablo dastakni aylantirgan. Ish davomida qassoblarga toʻyning nechogʻli dangʻillama boʻlganini ogʻiz koʻpirtirib maqtashgan, ba’zi qassoblar esa, ularning hamkasbi boʻlaturib, toʻy tortidan oʻzlariga tegmaganini aytib gina qilishgan, birodarlar yupatishib, sizlarga atalgani ham bor, deyishgan. Nihoyat, charxlana-charxlana pichoq sayrab yuborgach, Pablo tigʻi yaltillasin deb uni chiroqqa tutgan. Soʻng:

— Hozir mana shu pichoq bilan Sant'yago Nasarni soʻygani boramiz, — degan.

Odamlar ikkoviniyam batartib, moʻmin-qobil yigitlar ekanini yaxshi bilishardi, shuning uchun bu gapga hech kim e’tibor bermagan. «Hamma ularning bu gapiga mast odamning aljirashida, deb karagandi», deyishdi menga ba’zi qassoblar; Viktoriya Gusman ham, aka-ukalarni keyinchalik koʻrgan kishilar ham asosan shunday fikrda edi. Bir safar men qassoblarga, shu kasb-kordagi odamlar qonida tugʻma qattollik mayli boʻlsa kerak, degandim, bogaim baloga qoldi. Ular bu mulohazamni rad etib: «Hayvonni soʻyayotganda, koʻziga qaray olmaysan kishi», deyishdi. Ulardan biri esa, oʻzim soʻygan birorta jonliq goʻshtini yeyolmayman, dedi. Boshqa bittasi avval bir bor koʻrgan yoki, ayniqsa, sutini ichgan sigirni soʻyolmasligini aytdi. Shunda men aka-uka Vikariolarning oʻzlari boqqan, oʻrganib qolgan, hattoki erkalab nom qoʻyib yurganlari necha-necha choʻchqani kiprik koqmay boʻgʻizlashlarini qassoblarga aytgandim: «Bu gapingiz toʻgʻri, — dedi biri. — Ammo siz ular choʻchqalarbmga odamlar otini emas, gullarning nomini qoʻyishganini unutmang-da». Pablo Vikarioning dagʻdagʻasi yolgʻondakam emasligini anglagan yolgʻiz odam Faustino Santos uiga hazillashib: atrofda kallasini shartta uzib tashlash shart boʻlgan kancha boy-badavlat kishilar yuribdi-yu, senlar nega endi aynan Sant'yago Nasarni oʻldirmoqchisizlar, deb soʻragan.

— Buning sababini Sant'yago Nasarning oʻzi yaxshi biladi, — deb javob qaytargan Pedro Vikario.

Faustino Santos oʻzini qoʻyarga joy topolmay qolgan, keyinchalik menga aytganidek, bir oz oʻtgach, shahar hokimining nonushtasiga pechen'e olgani mirshab kelgan, unga bu gapni tushuntirgan. Sud hujjatlarida qayd etilishicha, mirshab Leandro Pornoy otli kimsa ekan, u toʻydan bir yil keyin, saltanat bayrami kunida, buqa suzib, boʻynidagi shox tomiri yorilib Oʻlgan. Shu bois u bilan gaplasholmadim, inchunun, Klotil'de Armentaning tasdiqlashicha, uning sut doʻkoni yonida Vikariolar Sant'yago Nasarni oʻldiramiz deb oʻtirishganida, ikkovini dastavval ana shu mirshab koʻrgan.

Klotil'de Armenta endigina erini uyiga joʻnatib, peshtaxtani arta boshlagandi oʻshanda: er-xotin doʻkonni birga ochishar, ertalab sut, kun boʻyi turli oziq-ovqatlar sotilar, kechquru soat oltidan keyin bu katalak mayxonaga aylanardi. Xotin doʻkonni tonggi soat 3-u 30 da ochgan. Uning eri, yaxshilarning yaxshisi don Roxelio de la Flor, mayxonani har galgiday soat birda yopmoqchi boʻlgan, toʻydan chiqib, atrofda tentirab yurgan mayparastlarning barchasi shu yerdan qoʻnim topib, gap ta’sir qilmaydigan darajaga yetgach, u soat uchdan keyin doʻkonni berkitmasdan uyiga uxlagani joʻnavorgan, Klotil'de Armenta esa, yepiskop kelgunicha sutni sotib ulguray, deb barvaqt turgan edi.

Vikariolar doʻkonga soat 4-u 10 da kirishgan. Odatda bu mahalda faqat yeguliklar sotilardi, ammo Klotil'de Armenta ularni bir shisha shakarqamish mayi bilan siylagan, bu uning qassoblarga ehtiromidan emasdi, albatta. Aka-ukalar unga toʻy tortidan juda katta boʻlagini yubortirishgan, ayol shundan xursand edi. Ular bir koʻtarishda shishani boʻshatishdi-da, hech narsa boʻlmaganday oʻtiraverishdi. «Ikkoviyam muzlab-toʻngʻib qolganga oʻxshardi, — dedi menga Klotil'de Armenta, — agarda oʻsha paytda ustlaridan yermoyi sepib yoqib yuborilsayam, bilishmasdi». Soʻngra ular movut kostyumlarini yechib, ayricha bir ehtiyotkorlik bilan stul suyanchigʻiga ilishgan-da, yana bir shisha may soʻrashgan. Koʻp terlashganidan koʻylaklari anchagina kirlangan, oʻzlariyam soqollari olinmaganidan qandaydir vahshiyona tusga kirishgan edi. Birodarlar shishadagi mayni endi bamaylixotir oʻtirib, shoshilmasdan Plasida Lineroning roʻparadagi uyidan koʻz uzmay, maydalab ichishgan; uy derazalari qorongʻi, chirogʻi oʻchiq ekan. Qosidlar nazarini tikkan peshayvon tarafdagi eng katta deraza Sant'yago Nasar yotogʻiniki edi. Pedro Vikario Klotil'de Armentadan, anavi derazaning chirogʻi yonmadimi, deb soʻragan, ayol yoʻq deb javob bergan, yigitning bu savoli unga gʻalati tuyulgan.

— Biror narsa boʻldimi unga? — qiziqib soʻragan ayol.

— Yoʻgʻ-e, tinchlik, — degan Pedro Vikario. — Hozir u bizga juda kerak boʻlib qoldi, oʻldirmoqchimiz.

Ayol bu kutilmagan gapga avvaliga ishonmagan, ammo sallohlar qoʻlidagi sochiqqa oʻralgan pichoqlarga koʻzi tushgach, xayronligi yanada ortgan.

— Nega oʻldirmoqchisizlar-a, tagʻin shunchalik tong-saharlabda-ya, sababini bilsak boʻladimi? — deya soʻragan.

— Negaligini uning oʻzi biladi, senga qizigʻi yoʻq, — degan Pedro Vikario.

Klotil'de Armenta ikkoviniyam sinchiklab koʻzdan kechirgan. U aka-ukalarni juda yaxshi bilardi, ayniqsa,Pedro Vikario harbiydan qaytgach, oʻzicha egizaklarni bir- biridan farqlay boshlagan edi. «Ikkoviyam gʻoʻr, qip-qizil bola edi-da, axir», dedi menga doʻkonchi xotin. Xuddi mana shu fikri qoʻrqitib yuborgan, zotan, faqat oplalargina har ishga qodir, deya hisoblardi. U sut shishalarini tashiyotgan joyida ishini tashlab, erini doʻkondagi ahvolidan xabardor qilgani uyiga chopgan. Don Roxelio de la Flor zaifasining soʻzlarini mudrab yotib eshitgan.

— Koʻpam jinni boʻlaverma, — degan u xotiniga. Ikkoviyam odam oʻldiradigan, xususan, boy odamga pichoq koʻtaradigan bolalardan emas.

Klotil'de Armenta orqasiga qaytganida, sallohlar shahar hokimiga sut olgani doʻkonga kirgan mirshab bilan suhbatlashib oʻtirishgandi. U erkaklarning gapini upchalik anglamagan, biroq mirshab chiqib ketayotib ularning pichogʻiga koʻz tashlaganida, demak, birodarlar ungayam oʻz ahdlarini ochiq bidirishibdi-da, deb oʻylagan.

Toʻrtdan sal avval uygʻongan shahar hokimi polkovnik Lasaro Aponte mirshab Leandro Pornoy Vikariolarning yovuzona qarori xususidagi xabarni aytgani kirganida soqolini olib boʻlgandi. Oʻtgan kecha polkovnik janjalchi ulfatlar oʻrtasidagi bir necha mojaroni tinchitib charchagan, saharlab yana bir falokat xaqida mulohaza oʻylashga shoshilmas, zero, bunga xushi ham yoʻq edi. U bamaylixotir kiyingan, kapalaknusxa boʻyinbogʻini koʻnglidagiday chiqquncha qayta-qayta bogʻlagan, ksyin yepiskopning koʻzi tushar degan ilinjda boʻyniga Bibi Mar'yam qavmlariga mansub tumorni taqqan edi. Piyoz qoʻshib dimlangan jigarni yeb oʻtirganida xotiii Bayyardo San Roman Anxela Vikarioni onasinikiga eltib tashlabdi, degan hovliqib, polkovnik esa uniig soʻziga zigʻircha e’tibor bermagan va:

— E, tavbangdan ketay, xudo-ey! — degan hazillashib. — Yepiskop endi nima derkin-a?

Biroq shu zahotiyoq polkovnik mirshabdan eshitgan gaplari bilan xotini aytgan soʻzlarni bir-biriga qiyoslarkan, ularning chambarchas bogʻliqligini anglagan. U oʻrnidan shitob turib, yepiskopga ilhaq odamlar bilan jonlangan koʻcha boʻylab, yangi bandargoh tomondan maydon sari yoʻl olgan. «Esimda, sahar soat beshlar edi, yomgʻir tomchilab turardi», dedi menga polkovnik Lasaro Aponte. Koʻchada uni uch kimsa toʻxtatib, egizak Vikariolar Sant'yago Nasarni oʻldirmoqchi ekanini xufiyona xabar qilishgan, ulardan faqat bittasigina sallohlar qurbonni qaysi joyda kutib yotishganini aniq aytgan.

Polkovnik birodarlarni Klotil'de Armenta doʻkoni yonida uchratgan. «Ularni koʻriboq, bolalar shunchaki oʻdagʻaylashipti-da, deb oʻyladim, — deya u menga koʻnglidagini ochiq aytdi. — Men ikkovini oʻlguday mast, deb behuda xavotirlangan ekanman». Polkovnik ulardan maqsadlari nima ekanini soʻrab oʻtirmagan, pichoqlarini tortib olganu uxlagani uyiga joʻnayvergan. U xotinining vahimali soʻzlariga e’tibor bermaganidek sallohlarning bunday oʻtirishlariga xam loqayd qaragan.

— Axir, mundoq bir tanangizga oʻylab koʻring, yepiskop sizlarni shu ahvolda koʻrsa, nima deb oʻylaydi? — degan u Vikariolarga.

Aka-ukalar joʻnab ketishgan. Klotil'de Armenta shahar hokimidan ularni qamoqqa olmagani uchun xafa boʻlgan: jillaqursa, hamma gap biryoqli qilinguncha polkovnik ikkovini hibs etishi lozim edi. Polkovnik ayolning da’vosini eshitgach, qoʻlidagi pichoqlarni dalil sifatida koʻrsatgan va:

— Endi nimasi bilan soʻyadi, vahimachi? — degan.

— Nahotki, ular yomonligini qoʻyadi, deb oʻylaysiz? — degan ayol unga. — Axir, ularning zimmasida oila sha’ni, birovni oʻldirishdek ogʻir majburiyat turibdi, bechoralarni ana shu yukdan kutqarish kerak-ku!

Vikariolar yovuz niyatini amalga oshirishda qanchalik qa’tiy boʻlmasin, biror sulhparvar kelib, ikkovini bu badniyatdan qaytigaga undashini, qattollik balosidan xalos etishini sidqidildan istashayotganini Klotil'de Armentaning koʻngli sezgan. Polkovnik Apontening gʻofil dili bundan bexabar edi, albatta.

— Shubxaga borib birovni qamash mumkin emas, — degan u. — Hozir eng muhimi, Sant'yago Nasarni suiqasddan voqif qilinsa, bas, shuning oʻzi yetarli, u yogʻi — olam guliston!

Klotil'de Armentaga polkovnikning xulqi yoqmasdi, shuning uchun u har doim, bu pakana, xoʻppasemizning yengiltakligi boshiga koʻp malomatlar soladi, deb yozgʻirib yurardi, ammo, menimcha, Lasaro Aponte, garchand bir oz ajib qolgan, ba’zi bemaza aqidaparastlar pochtada yuboradigan qoʻllanmalarni oʻqiyverib, miyasi chalgʻib, tanholikda arvohlar bilan soʻzlashadigan qiligʻi boʻlsayam, oʻzi asli baxtiyor insonlardan edi. Biroq oʻsha dushanbadagi xatti-harakatlari uning shildir kimsaligini oshkor etdi. Gap shundaki, polkovnik Sant'yago Nasarni bandargoxga koʻrib qolmagunicha uni esiga keltirmagan, koʻzi tushgan zahoti suiqasd xususida oʻylab, indamagan, hech iarsa boʻlmaydi, deb xisoblagan va podadan oldin chang chiqarmaganidan quvonib qoʻygan.

Vikariolar shum niyatlarini sut doʻkoniga kirgan oʻn ikki kishiga aytishgan, ana shu kishilar soat oltigacha bu shumxabarni butun shaxarga yoyishgan. Roʻparadagi uyda turib Nasarlarning bu qasddan bexabarligini Klotil'de Armenta kallasiga sigʻdirolmasdi. Uningcha, Sant'yago Nasar uyda emas, zotan, yotogʻining chirogʻi xam oʻchiq edi; ayol kimni koʻrsa, Sant'yago Nasarni uchratsang, shu gaplardan ogoh et, derdi; u hatto sutga kelgai rohiba xizmatchi orqali padar Amadorga ham xabar yetkazgan. Soat toʻrtda u Plasida Lineroning oshxonasida chiroq yonganini koʻrgan va darhol har kuni ertalab bir hoʻplam sut tilanib keladigan gadoy xotinni, bor gapni aytgin, deb oqsoch Viktoriya Gusman oldiga yuborgan. Yepiskop tushgan kema boʻkirib ovoz bergan iaytda dsyarli barcha odam uygʻonib boʻlgan, butun shahar ahli unga peshvoz chiqishga oshiqmokda edi; bizlar — umuman, egizak Vikariolar Sant'yago Nasarni oʻldirmoq piyatida ioylashayotganidan bexabarlar barmoq bilan sanarli edik; bu paytda suiqasd va uning sababi xaqidagi shov-shuv shaharni tumanday koplagandi.

Aka-ukalar qoʻllarida roʻznomaga oʻrogʻliq iichoqlarni tutgancha yana doʻkon yoniga qaytishganida Klotil'de Armenta hali sutni sotib ulgurmagandi. Bitta pichoqning uzunligi oʻn ikkiyu eni uch pul'tada, tigʻi qalin, zanglagan edi, uni eski temir arrapichokdan Pedro Vikarioning oʻzi, urushdai soʻng nemis pichoqlari savdoga kirmasidan sal avval yasagandi. Ikkinchi pichoq kaltaroq, lekin narigisidan enliroq, oʻrokday egri edi. Tergovchi sud hujjatida pichoqni soʻz bilan ifodalay olmagani boisidan rasmini chizib qoʻyaqolgan, suvrat ostiga yozgan xatida uning kichkinagina turkiy yatagʻanga oʻxshashligini ta’kidlagan. Xuddi mana shu qoʻpol, hayvon soʻyadigan pichoqlar bilan qosidlar Sant'yago Nasarni qiynab oʻldirishgan.

Faustino Santos ogʻaynilarining xatti-harakatini idrok etolmay qolgan. «Ular yana pichoq charxlagani qaytib kelishdi, — dedi u menga. — Kela solib, Sant'yago Nasarning ichak-chavagʻini agʻdarib tashlaymiz, deya, ataylab hamma eshitishi uchun baqirib-chaqira boshlashdi. Men bu ogʻzipolvonlar shunchaki valdirashyapti-da, deya koʻnglimdan kechirib pichoqlariga ham nazar solmadim, oldingisi deb oʻylagandim-da». Sallohlar tagʻin doʻkon roʻparasida koʻrinishlari bilanoq, Klotil'de Armenta ularning avvalgi vajohatlari yoʻqligini tuygan.

Haqiqatan ham, ikkovi oʻrtasida ixtilof tugʻilgandi. Gap shundaki, zohiran ular biri-biriga naqadar oʻxshamasin, botinan ayricha edi, ogʻir, mushkul fursatda ana shu ruhiy, xulqiy tafovut oʻzini oshkor etardi. Pablo Vikario ukasidan olti daqiqalik katta edi, oʻsmirligidayoq tahayyulining kuchliligi va dadilligi bilan undan ajralib turardi, Pedro Vikario esa, bilishimcha, bolaligidan ta’sirchan, farmonbardorlikni xush koʻradigan bola edi. Yoshlari 20 ga yetgach, ikkoviyam harbiyga chaqirildi, biroq Pablo Vikarioga ozodlik tegib, oilaga bosh boʻlib qoldi. Pedro Vikario jamoat tartibini saqlovchilar safida oʻn bir oy xizmat qildi. Muttasil oʻlim dahshati bilan toblangan harbiyat ruhi uning qalbidagi amrfarmolik maylini yanada mustahkamladi, akasiga bogʻliq ba’zi ishlarniyam oʻzi hal etishga oʻrgandi. U uyiga «yuqumli serjantlik rutbasi» — bavosil kasalini orttirib qaytdi, harbiydalik chogʻida doktor Dionisio Iguaran tavsiyasiga koʻra qilinadigan margimushli ukollargayam, ingliz tuzi qorishtirib tayyorlanadigan xuqnagayam, xullas, qoʻshinda rasm boʻlgan davolashning barcha usullariga tosh bardosh ila qarshi turdi. Bavosilini turmaga tushgandagina davolashdi. Biz, Pabloning ogʻaynilari, ukasi harbiy xizmat nonini yeb, anchagina buyruqchi boʻlib qaytgach, kutilmaganda uning fe’l-atvori oʻzgarganini, ukasi chizgan chiziqdan chiqmaydigan dardisarga aylanib, ayniganini sezgandik, buyam yetmaganday, Pedro Vikarioning yana bir qiligʻi ortiqcha boʻldi: u kim koʻringanga koʻylagini koʻtarib, chap biqinidagi pulemyot oʻqidan qolgan chandiqni namoyish etardi. Pedro oʻz bavosilini harbiy nishonday e’zozlab roʻkach qilishi yetmaganiday, pandavaqi Pablo ham uni moʻ’tabar insonning ulugʻlik belgisi deb bilar va bu borada soʻz ketsa albatta hayajonlanar edi.

Pedro Vikarioning aytishicha, Sant'yago Nasarni oʻldirishga dastlab u ahd qilgan, akasi unga ergashgan, xolos. Polkovnik pichoqlarni tortib olgach, Pedro burchimni bajardim deb hisoblagan, ana shunda Pablo Vikario tashabbusni oʻz qoʻliga olib, yoʻq, bu bilan ish tugamaydi, uni oʻldiramiz, deb oyoq tirab turavergan. Birodarlar tergovchiga alohida-alohida yozib bergan tilxatlarida bu xususda ogʻiz ochishmagan. Ammo menga Pablo Vikario bir necha daf’a ta’kidlaganidek, ukasini ishni oxiriga yetkazishga koʻndirgunicha esi ketgan. Ehti-mol, oʻshanda ukasi bir muddat boʻshanglik qilgandir, kim biladi deysiz; Pablo Vikario yakka oʻzi bostirmadan boshqa pichoqlarni olgani ketganida, ukasi bovl etmoq niyatida tamarhindiy daraxtlari panasida ivirsib yurardi. Men Pedro Vikario bilan bir marta suhbatlashdim xolos, ana oʻshanda u: «Akamning boshida bu gavdo yoʻq, bilmaydi. Yozilish — men uchun shisha sinigʻini peshob qilishdan ham battar azob», dedi. Pablo Vikario pichoqni topib qaytganida, ukasi hamon daraxtga tirmashganicha kuchanib oʻtirardi. «Bechora ogʻriqdan sovuq terga botib ketgandi, — dedi menga Pablo Vikario. — U inkillay-inqillay hozir birovni oʻldiradigan chogʻi yoʻqligini, bir oʻzim boraverishim kerakligini aytdi». Soʻng Pedro Vikario toʻy dasturxoniga tayyorlanganu xanuz yigʻilmagan xontaxtalardan biriga choʻkkan, shimini tizzasiga tushirgan. «Yarim soatcha matoxini doka bilan oʻradi», dedi menga Pablo Vikario. Aslida esa, ukasi uni oʻn daqiqacha kuttirgan, xolos, biroq bu fursat mobaynida nechogʻli iztirob chekkani yolgʻiz Pedro Vikariogagina ayon. Pablo Vikario unga qarab turib, tong otguncha vaqtni choʻzmoqchi, bu bavosil, deb oʻylab, ranjigan. U ukasining qoʻliga zoʻrlab pichoq tutqazgan-da, uni singlisining toptalgan nomusi tiklanadigan intiqom yoʻliga sudragan.

— Boshqa yoʻl yoʻq, — degan u. — Biz uni soʻyib, saranjomlab boʻldik, deb oʻylayver endi.

Itlar tinimsiz hurayotgan bir paytda ikkovlon pichoqlarini hech narsaga oʻramasdan, choʻchqaxonadan tashqariga chiqishgan. Tong yorisha boshlagan. Pablo Vikario menga: «Yomgʻir yogʻmayotgandi», dedi. Pedro esa: «Aksincha, havo tund edi, dengizdan shamol esar, yulduzlarni barmoq bilan sanasa boʻlardi», dedi. Bu paytda shov-shuv butun shaharga tarqalgandi, Ortensia Baute koʻcha eshigini ochayotganda sallohlar ayni uning uyi yonidan oʻtishayotgan ekan, ularni koʻriboq, xotinning kapalagi uchib ketgan va Sant'yago Nasarning arvohini xotirlab, birinchi boʻlib duo oʻqigan. «Men uni oʻldirishibdi, deb oʻylagandim, — dedi u menga. — Shuning uchun ham koʻchadagi chiroq shu’lasida qoʻllaridagi pichokdan yaltillab qon tomayotganday koʻrindi koʻzimga». Bu tashlandiq mahalladagi yakkam-dukkam uylardan biri Pablo Vikarioning qalligʻi Prudensia Kotes xonadoni edi. Birodarlar har safa shu yerdan, ayniqsa, juma kunlari bozorga ketishayotganda, bir piyola qahva ichish bahonasida yoʻqlab turishardi. Eshikni itarishgandi, itlar bezovtalanib irilladi, soʻng, tong qorongʻisida ularni tanib, unlarini oʻchirishdi; ikkovlon oshxonaga kirib, Prudensia Kotesning onasi bilan salomlashdilar. Qahva hali qaynamagandi.

— Qahvani keyinroq icharmiz, — dedi Pablo Vikario, — biz juda shoshib turibmiz.

— Nimayam qilardilaring, bolalarim, — dedi kampirsho bamaylixotir, — or-nomus deb odamzot har yoʻlga kiradi.

Ular bu goʻshada anchagina oʻralashib qolishgan, bu safar endi Pedro Vikario, akam ataylab vaqtni choʻzyapti, deb oʻylagan. Ikkovlon qahva ichishayotganda oshxonaga Prudensia Kotes — dirkillagan, ayni yetilgan qiz — oʻchoqqa oʻt qoʻyish uchun tutantiriqqa bir dasta eski roʻznoma olib kirgan. «Men ularning maqsadini sezgandim, — dedi menga Prudensia. — Ichimda bu ishni ma’qulladim, agar Pablo shunaqa paytda mardonalik qilmasa, hecham unga tegmasdim». Oshxonadan chiqib ketishdan avval Pablo ikkita roʻznomani olgan-da, birini ukasiga bergan, soʻng ikkovlon pichoqlarini oʻrab olishgan. Prudensia Kotes oshxonada krlgan, birodarlar hovlidan oʻggunlaricha kuzatib, qarab turgan; u Pablo Vikario qamoqdan chiqqunicha yana uch yil yoʻlga koʻz tikkan va nihoyat, ular bir umrga qovushishgan.

— Ehtiyot boʻlinglar, — degan qiz derazadan ularga qarata.

Klotil'de Armentaning ular tagʻin doʻkonga qaytishganda avvalgi vajohatlari yoʻqligini sezgani bir hisobda ayni muddao boʻlgan, ularga oʻzlariga kelishar, degan umidda bir shisha ayiqquloq qaynatmasidan solingan musallas bergan, ichinglar, degan. U menga: «Yo rabbim, biz xotinlar bu dunyoda naqadar yolgʻizu notavon yashab, oʻtib ketarkanmiz-a, bunga oʻsha kuni aqlim yetdi», dedi. Pedro Vikario undan erining soqol oladigan uskunasini soʻragan, Klotil'de Armenta sallohga sovun, choʻtka, toza olmos solingan ustara, ilgichli oyna opchiqqan, ammo yigit oʻzining dudama pichogʻi bilan soqolini qirgan. Klotil'de Armenta buni chin erkakning ishi deb baholagan va Pedroga besh ketgan. «U kinodagi qotillarga oʻxshardi», dedi menga ayol. Keyinchalik Pedro Vikario shu holatni izohlab, menga: «Turmada pichokda soqol olaverib oʻrganib ketganman, boshqa narsada qirsam, etim junjikadi», dedi. Akasi esa, odamga oʻxshab don Roxelio de

Boshqa hikoyalar