tungi.ru

Oshkora qotillik qissasi (qissa) (8-bet)

uning azadorlik libosi, yuzidagi temir bandli koʻzoynagi, sochlarini qoplagan oq, sargʻish tolalar, bosh ustidagi osigʻliq qafasda tinimsiz sayrayotgan sariq sa’va — barchasi koʻz oldimda uni boshqacha bir siymo tarzida gavdalantirdi. Uning deraza koʻzlari ortida shu alpozda oʻtirganini koʻrib, nahotki, shu oʻsha Anxela Vikario, deya xayron boʻldim, u tasavvurimda mutlaqo oʻzgacha edi, bechorani shu qadar notavonu abgor holatda uchratib, koʻnglim buzildi, charxi oʻyinkor bir inson umrini shunchalik bema’ni afsonaga aylantirib, oxiri xoru xaqir etganidan ich-ichimdan ezilib ketdim. Ha, bu xotin xuddi oʻsha Anxela Vikario edi, oradan 23 yil oʻtgandi.

U meni odatdagiday uzoq qarindoshiday kutib oldi, savollarimga oʻylab, jiddiy javob berdi. U kechgan yillar mobaynida salobat va aqlu idrok kasb etgandi, qarab turib, oʻsha Anxela Vikario shumi, deya tagʻin hayratlandim. Oʻz xayoti xususida biram oqilona xulosalar chiqaribdiki, buni eshitib, unga qoyil qoldim. Bir oz vakt oʻtgach, u menga avvalgiday qarimsiq emas, balki aksincha, xuddi xotirotim koʻzgusidagi kabi yosh, jozibador bir juvon singari koʻrina boshladi; yigirma yoshidagi — muxabbatsiz turmush qursang, oʻlmaysan, deya zoʻrlab erga berilgan davridagi maxzun holatlaridan asar ham qolmagan edi. Uning onasi, bir oyogʻi toʻrda, bir oyogʻi goʻrda boʻlgan bir kampir meni narigi dunyodan kelgan arvohday kutib oldi, oʻtmishni eslashni istamadi, bu asarni yozishda men uning onam bilan soʻzlashgandagi ba’zi uzuq-yuluq gaplariga, asosan yodimda qolgan esdaliklarga tayandim. Kampir koʻzi tirikligidayoq shumoyoq qiziniig oʻlimini ollodan yolvorib tilagan, ammo munojotini falakning kar qulogʻi hech tinglamagan, qizi esa, oʻsha manfur voqealarni eshitgan qulokqa uyalmasdan, oqizmay-tomizmay aytib, bemalol yashab yuravergan. Biroq eng muhim sir sirligicha qolgan — u fojianing asl sababchisi kim, ya’ni, uni kim, qachon, qayerda yoʻldan urgani xususida lom-mim demagan. Sant'yago Nasarningg oʻsha zoniy ekaniga esa hech kim ishonmasdi.

Zotan, Sant'yago Nasar bilan Anxela Vikario ikki olam edi. Ikkovining birga yurgani yoki xilvatda birga turganini hech zot koʻrmagan. Sant'yago Nasar juda nazari baland yigitlardan edi, tabiiyki, unga qiyo ham boqmagan. Bir gal shu qiz haqida gap ketganda, aniq esimda, u: «Sening anavi qarindoshing qip-qizil tentak», degan edi. Sant'yago Nasar qizlar borasida dovi yurishgan yigit sanalardi, qurdoshlari uni makiyonlarni qiyratadigan qirgʻiy deyishardi. Otasiga oʻxshab u ham togʻma-togʻ yolgʻiz kezib yurar, biror daraxt shoxida osilib, pishib turgan mevani — shu deparada biror koʻzga ilinarli qizni koʻrdi deguncha oʻylab-netib oʻtirmay, hech kimga bilintirmay shartta uzardi-ketardi; ammo shaharliklarga uning atigi ikkita jazmani borligi ayon edi, xolos: Flora Migel' bilan don olishib yurishi eski gap edi; oʻn toʻrt oydirki, Mariya Alexandrina Servantesning domiga tushib, yana ishqu junun koʻchasiga kirganiyam xaloyiqqa ma’lum edi. Koʻpchilikning oʻylashicha, aslida Anxela Vikario boshqa birovni sevgan va oʻsha noma’lum bilan ayshini surib yurgan, nozik payt kelib qolganda esa, dabdurustdan Sant'yago Nasarning ismini tilga olgan, akalarim unga qoʻl koʻtarolmaydi, deya xayolidan kechirgan va suvdan quruk chiqmoqchi boʻlgan. Ikkinchi daf’a uni yoʻqlab borganimda, men ham xuddi shu fikrni ta’kidlab, dalilu asoslarni taxlab tashladim, xotinning oʻz tilidan haqikatni eshitmoqni istadim, biroq u bir zumga nigoxini chokdagg koʻtarib, menga tikdi-da:

— Koʻpam kavlashtiraverma, qarindosh, — dedi. — Oʻsha edi.

Soʻng u menga qolgan hamma gapni, jumladan, nikohning ilk kechasida nimalar boʻlganigacha aytib berdi. Shum dugonalarining unga: eringni rosa ichirib gʻisht qilib qoʻygin yoki oʻzingni uyatchanlikka solib chiroqni oʻchirishga majbur etgin, eng muhimi, badaningni achchiqtosh bilan yuv, ertasiga ertalab choyshabingni hovliga opchiqib yoyishganda, qip-qizil boʻlib koʻrinadi, qizligingni ana shu belgilaydi, deya oʻrgatishganigacha yashirmay aytdi. Ammo Anxelaning maslahatgoʻylari ikki narsani hisobga olishmagandi: Bayyardo San Roman ichkilik bobida pishib ketgandi, uncha-muncha mayni koʻrdim demasdi; zohiran soddayu goʻl koʻrinsa-da, xurofot ta’siridanmi botinan toza, begunoh, yosh boladay pokruh edi. «Dugonalarim oʻrgatgan narsalarning birortasiniyam qilmadim, — dedi menga Anxela Vikario. — Bu haqda oʻylaganim sari bunchalik tubanlikqa bormaslik lozimligini, bu ish gʻirt choʻchqalik ekanligini angladim, axir u bechorada nima gunoh, - badbaxtning boshiga shundogʻam balo togʻi agʻdarilgani, menday qizga uylanish savdosi tushganining oʻzi katta fojea-ku, deb oʻyladim». Qisqasi, u hech qanaqa qiliq koʻrsatmay, ixtiyorini eriga topshirgan, u chirogʻi yoniq yotoqxonada uning kiyimlarini bir-bir yechgan, allaqachon hayoyu iffat pardasi koʻtarilgan Anxela zarracha qoʻrqmagan, zotan, gʻisht qolipdan koʻchgan, qoʻrqishga hojat qolmagan edi. «Hammasi oddiygina, osongina boʻlib oʻtdi-ketdi, — dedi u menga, — toʻgʻrisi, oʻlimimgayam rozi edim».

U ich-etini yeyayotgan alamni berkitish niyatida boshidan kechgan azobu baxtsizliklarni tortinmasdan, batafsil bayon qildi. Bayyardo San Roman uni onasinikiga olib kelib tashlab ketgach, oʻsha soniyadan e’tiboran u juvonning dil uyiga kirib mangulik makon qurgan, — bu gaplarni Anxela Vikarioni oʻz ogʻzidan eshitib, hayron qoldim, bunday boʻlishi xayolimgayam kelmagandi. Oʻshanda juvonning yuragiga ajal oʻqi sanchilganday boʻlgan. «Onam meni oʻyib-chimdilab ura boshlaganda, birdan uni oʻyladim», dedi u menga. Onasi oʻzini bechora yigitni badbaxt qilgani uchun kaltaklayotganiga aqli yetgach, ogʻriqni his etmay qoʻygan. Oshxonadagi divanda oʻpkasini bosolmay xiqillab yotarkan, yana Bayyardo San Roman toʻgʻrisida oʻylagan va oʻz-oʻzidan hay-ratga tushgan. «Men oʻshanda badanim ogʻriyotganidan yoki boʻlib oʻtgan sharmandalikdan yigʻlamayotgandim, — dedi u menga. — Anavi bechorani oʻylab yigʻlayotgandim». Onasi uning yuziga arnika tomizgʻi dorisidan surayotganda ham juvon uni oʻylab sitam chekayotgan edi, keyin koʻcha tarafdan odamlarning baqiriq-chaqirigʻi, jomning haybatli jarangi eshitildi, shu payt onasi oshxonaga kirdi va unga, endi boʻlar ish boʻldi, uxlab, sal oʻzingga kelib ol, dedi.

U uzoq vaqt, garchi zarracha umid boʻlmasayam, Bayyardo San Romanni xotirlab, uni koʻrishni orzu qilib yurdi. Bir kuni onasining koʻzi ogʻrib, uni Rioachidagi kasalxonaga olib borishdi, yoʻlda «Bandar mehmonxonasi»ga kirishdi, mehmonxona xoʻjayini ularga tanish edi. Pura Vikario bir stakan suv soʻradi. U qizga orqasini oʻgirib suv icharkan, hashamatli xona devoridagi sanoqsiz toshoynalarga qarab turgan Anxela Vikario kutilmaganda necha yillarki xayol koʻzgusida asrab, termilib yurgan aziz odamining aksini oynada koʻrib qoldi. Nafasini yutib, sekingina qayrilib, oʻsha tomonga boqdi, u juvonni sezmagan holda uning yonidan oʻtib, mehmonxonadan chiqib ketdi. U koʻngil oynasi chil-chil sinib, onasi yoqqa mahzun koʻz soldi. Pura Vikario suvini ichib boʻlib, lablarini yengi bilan artarkan, qiziga mayingina jilmaydi, yangi koʻzoynagi yaltilladi. Ana shunda Anxela Vikario onasining asl qiyofasini hayotida birinchi marta yurak-yuragidan his etdi: qarshisida, mayxona peshtaxtasi yonida, butun umrini baxtsizliklar, turmush tashvishlari yeb bitirgan tolesiz ayol turadi. «He, sasimay oʻl!» dedi Anxela Vikario ichida. U bu holatdan shu kadar mutaassir boʻldiki, qaytishda uyiga yetguncha ovozining boricha qoʻshiq aytib keldi, soʻngra oʻzini koʻrpaga otdi-da, uch kun oʻrnidan turmay yigʻladi.

U goʻyo qaytadan tugʻilgandi. «Unga boʻlgai ishqim alangalangandan alangalanardi, aqlimdan ayrilib, telbaga aylandim», dedi u menga. U koʻzini yumishi bilanoq Bayyardo San Romanni koʻrardi. Dengiz shovqini uning ovoziday, nafasiday tuyulardi. Kechalari esa, u xuddi yonida yotganday, badanining haroratini his etar va shu zahoti oʻzi ham qizib, yonib, toʻlgʻona-toʻlgʻona uygʻonib ketardi. Oromu osudaligini yoʻqotgan Anxela Vikario bir haftaga arang chidadi, oxiri sabri tugab, Bayyardo San Romanga birinchi maktubini yozdi. Bu qisqagina xatda juvon uni mehmonxonadan chiqib ketayotganda koʻrganini, agarda u ham uni ilgʻab, qaraganida, bu holdan bagʻoyat quvonajagini hayo bilan ifodalagan edi. U nomaning javobini toqati toq boʻlib kutdi. Ikki oy oʻtgach, qanoatdan dil oʻti ustun chiqib, ikkinchi xatini yozdi, u ham avvalgisiday muxtasar, bohayo bitilgandi, juvon yigitning e’tiborsizligidan gina qilgan edi, xolos. Olti oy keyin unga yana oltita maktub yubordi, xammasi javobsiz, sasiz-sadosiz ketdi, biroq u Bayyardo San Roman xatlarni olayotganiga ishongani uchun bundan ogʻrinmadi, aksincha, koʻnglini toʻq tutdi.

Anxela Vikario oʻz takdirining xoʻjayini oʻzi ekanini umrida birinchi marta his etdi va muhabbat xamda nafrat bir-biriga bogʻliq tuygʻuligini anglab yetdi. Juvon unga qanchalik koʻp xat yoʻllasa, yuragidagi ishq oʻti shunchalik ortar, alamzada dilidagi badxoxlik battar alangalanar edi. «Onamga koʻzim tushdi deguncha ichim yonaverardi, — dedi u menga, — chunki onamga karab turib xar gal uni eslardim». U eri tashlab ketgan xotin boʻlsa-da, hayoti avvalgiday — qizligidagiday oddiy bir tarzda davom etardi: u dugonalari bilan birga chok tikardi; oldinlari esa u eski oʻrtoqlari bilan qiyqimlardan lolalar, qogʻoz parchalaridan qushchalar yasar edi. Onasi uxlagani xonasiga kirib ketgach, Anxela Vikario eshikni berkitib olib, ertalabgacha oʻzining bedaraklikka mustahiq xatlarini yozardi. U idroku irodasini yana qoʻlga oldi, yana — faqat Bayyardo San Roman bois — qizligiga qaytganday boʻldi va oʻzidan oʻzga qudratni, ehtirosu xayolotidan boshqa jobiru jabrkorni sezmay qoʻydi.

Umrining yarmi xazonga yuz tutguncha, u har hafta bittadan xat yozib yurdi. «Ba’zida nima deb yozishniyam bilmasdim, — dedi u menga kulgidan zoʻrgʻa oʻzini tiyib, — ammo u xatlarimni olayotganini aniq bilganimdan, boshqa xech narsani umid qilmasdim». Boshida juvon unashilgan qayliqlarnikiday qisqa-qisqa maktublar bitdi, keyinroq eri uzoq safardagi tashna kelinchakday ishqu ehtiros, va’dayu noz-istigʻnoga toʻla intizorona nomalar joʻnatdi, nihoyat, oxirgi paytlarda mahrami tagalab ketgan bechora bevaning erini qaytarish gʻarazida qiladigan yolgʻondakam xasratlariyu kasalman, oʻlaman kabi oh-vohlaridan dudlangan maktublar yoʻlladi. Bir safar tunda odatdagiday noma bitib oʻtirardi, nimadandir azbaroyi sevinganidan siyoxni varaqqa toʻkib yubordi, uni yirtib tashlash oʻrniga, xatni: «Ishqimning guvoxi sifatida ssnga qogʻozga duv-duv toʻkilgan koʻzyoshlarimniyam yuboryapman», degan chuchmal soʻzlar bilan tugalladi. Goho yigʻlab-yigʻlab charchaganda, qilayotgan ishlarining tentaklik ekanini oʻylab, oʻzini oʻzi mazaxlab kulardi. Faqat bir narsa — hammasining bahridan oʻtish zarurligi uning xayoliga kelmasdi. Bayyardo San Roman oʻzini mutlaqo beparvo, bepisand tutardi, juvonning xat yozishi qorongʻiga kesak otganday behuda bir ish edi.

Oʻshandan oʻn yil keyin — fojealar unutilib, hamma gaplar esdan chiqayozganda — noxush bir tongda Anxela Nikario seskanib uygʻonib ketdi: Bayyardo San Roman kpp-yalangʻoch toʻshakda, uning yonida yotganday tuyulib, nafasi tiqildi. Shu kuni uning dardi-dunyosi ostin-ustin boʻlib, talvasaga tushganicha yigirma varaqli xat yozib, unda oʻsha mash’um kechadan beri oʻtgan davr mobaynida koʻnglida toʻplangan bor xasratini toʻkib soldi, mogʻor bosib yotgan haqiqatlarni uyatu andishani yigʻishtirib koʻyib, bir-bir bayon etdi. Bagʻrini u bir umrga poralab ketganini, jismu jonidagi yaralar abadiy bemalham qolajagini, uning tili zaharligiyu qaddi qomatida ehtiroslar quyoshi mujassamlanganini ochiq yozdi. Juvonning har jumada keladigan chevar dugonasi bor edi. Xatni oʻshandan berib yubordi; Anxela Vikario, bu maktub telba ruhimdagi soʻnggi chayqalish boʻlsa kerak, deb oʻylagandi, biroq u shundan keyin ham ne haqda va kimga yozayot-anini anglamagan holda tagʻin oʻn yetti yil davomida muttasil noma bitdi.

Avgustning charogʻon kunlaridan birida, chogagohda, Anxela Vikario dugonalari davrasida chok tikib oʻtirarkan, eshik yoniga kimningdir kelganini payqadi. U qayrilib qaramasa xam, kim kelganini — bu oʻsha ekanini sezgandi. «U semiribdi, sochi toʻkila boshlabdi, koʻzi xiralagaib, koʻzoynak taqibdi, — dedi juvon menga. — Ammo bu ayni oʻgaa edi, quribgina ketsin! Oʻsha!» Anxela Vikario oʻziyam unga oʻxshab qarib qolganini, shubhasiz, uyam koʻradi, deya oʻylab, birdan koʻnglini hadik qoplagan, uni sevganimchalik meni sevolmaydi, degan ishtibohga borib, yana bagʻri-dili oʻrtangan. Egnidagi koʻylagi terdan hoʻl boʻlgandi — uni bozorda birinchi marta shunday holatda koʻrgandi — belidagi qayishi ham qoʻlidagi kumush bezakli charmxaltasi ham oʻsha ilk uchrashuvdagiday edi, faqat charmxalta anchagina unniqqan edi. Bayyardo San Roman chevarlarning hayratdan ogʻizlari lang ochilib, hang-mang boʻlib qolganlariga e’tibor bermay, shitob yurib kelib, xaltasini chokmashina ustiga qoʻygan.

— Ha, durust, durust, — degan u, — mana, men keldim.

Uning ikkita jomadoni boʻlib, biriga kiyim-kechak solingan, boshqasiga Anxela Vikarioning ikki mingga yaqin xati taxlangan ekan. Maktublar sanama-sana, batartib dastalangan, shohi bogʻichlar bilan bogʻlangan, birortasiyam ochilmagan ekan.

Koʻp yillar mobaynida biz faqat oʻsha voqea xususida gapirib yurdik. Oʻsha mash’um kungacha har birimiz oʻzimizcha yashab, peshonamizdagini koʻrib kelayotgandik, hammaning koʻngliga gʻulgʻula solgan u hodisa esa fikru zikrimizni oʻz komiga tortdi, goʻyo har yoqda sochilib oqayotgan umrimiz irmoqchalari kutilmaganda oʻsha voqea girdobiga quyildi. Xoʻrozlar qichqirgan zahoti, saharmardonlab barcha baravariga uyqudan uygʻongan, xayolida tasodifning bir zarbi tufayli ochilajak fojea eshigini va uning ortidagi qator badbaxtliklarni tasavvur etardi; ommaning ogʻzida shu gap edi, ammo biror inson zotining dilida sirni ochib, qurbonni suiqasddan ogohlantiriga istagi yoʻq edi, inchunun, hech bir kishi falokat roʻy bergan, unga nechogʻli aloqador boʻlmogʻi va keyin taqdiri qanday kechajagi bobida biror aniq fikrga ega emasdi.

Bu holning tub sababiyatini koʻpchilik anglay olmasdi, albatta. Keyinchalik jarroh sifatida nom qozongan Kristo Bedoyya ham oʻshanda nechun dastlabki fikridan qaytganiyu nechun oʻz uyiga borib yotish va ota-onasini suiqasddan xabardor qiliga oʻrniga buvasinikiga kirib, ikki soatcha qariyalar bilan valaqlashib, yeiiskopning kelishini kutib oʻtirganiga — bu holning asl boisiga xamon tushunolmaydi. Biroq suiqasddan voqiflar xam kosidlarga xalakit berib, niyatini chippakka chiqarishi mumkin bir paytda hech bir ish qilmagan, bu — iffatu nomus masalasi, unga aloqasizlarning aralashuvi nojoizdir, degan aqidaga borib, shu bilan oʻzlarini aldab-ovutib qoʻya qolishgan. «Nomus — muhabbat demak», degandi oʻshanda onam menga. Ortesiya Baute sallohlarning ikki xunrez pichogʻini qonga botmasdan avval koʻrgandi — shu boshiga bitgan balo boʻldi, u oʻngidayam, tushidayam qonli pichoqlarni koʻraverib, azobu oʻkinchdan savdoyiga aylandi, bir kuni shir-yalangʻoch holida oʻzini tosh yotqizilgan koʻchaga otib, yer yuzi bilan xayrlashdi. Sant'yago Nasarning qayligʻi Flora Migel' gʻaddor falakning bu koʻrgiliklariga achchiqma-achchiq bitta chegarachi harbiy yigit bilan qochib ketdi, da’yus eri uni oxir-oqibatda gʻarga aylantirib, Vichadadagi kauchuk oʻradigan barzangilarga sotib yurib, rasvoyi jahon qildi. Nasarlarning uch avlodiga enagalik qilgan doya Aura Vil'eros esa, Sant'yago Nasarning soʻyilganini eshitgan hamoni vahimadan qovugʻi tortishib qoldi va oʻla-oʻlguncha badaniga suqilgan rezina ichakdan peshob qilib oʻtdi. Klotil'de Armentaning oliyjanob eri umrining vafosi bois 86 ga kirgan don Roxelio de la Flor uyida, eshigi yopiq narigi xonada Sant'yago Nasarni toʻrt pora etilayotganini koʻraman deya oʻrnidan soʻnggi marta qoʻzgʻoldiyu doʻzaxiy manzaradan qayta oʻziga kelolmay, olamdan oʻtdi. Oʻgʻli kiradigan eshikni berkitib qoʻygan Plasida Linero vaqt oʻtgan sayin gunohini unutib yubordi. Menga u oʻzini oqlab: «Divina Flor, oʻgʻling uyga kirib ketdi, degani uchun eshikni zanjirlab qoʻygandim. Ammo u yolgʻon aytgan ekan». Biroq Plasida Linero tushga kirguvchi daraxtning xayrli ekani bilan qushlarning yomonlik darakchisi ekanini almashtirib yuborgani uchun bir umr oʻzini kechirolmadi, shuni oʻylayverib, zamonasining goʻr yoʻliga yetaklovchi dorisi — zanjabil donasini chaynashga duchor boʻldi.

Tergovchi falokatdan oʻn ikki kun keyin keldi, shahar ahlining yoppasiga talvasaga tushganini, tartibsizlik koʻpganini koʻrib, boshi qotdi. U shaharning yogʻochdan qurilgan bosh mahkamasidagi isliqi xonada satilda qaynatilgan qahvaga shakarqamish sharobidan qoʻshib ichib oʻtirarkan, toʻs-toʻpolon va jazirama kun tufayli koʻz oldidan ketmayotgan arabiy manzarani unutishni, orom olishni istar edi. Mahkama yonida olomon pashshaday gʻujgʻon oʻynar, oʻzining 6u falokatga nechogʻli daxldorligini, nimalarni bilishini aytmoqni istagan izzatparast dovdir odamlar shu qadar koʻp ediki, ular soʻramasdan ham eshikdan yopirilib kirishga tirishar, shovqin solishar edi; tergovchi bebosh xaloyiqdan muhofaza etsin uchun madadkor askarlarni chaqirtirdi. U yaqindagina xuquqshunoslik boʻlimini tugatgan, egnidagi huquqshunos toliblarning qora movut kostyumi, yengida bitiruvchilarning xalqasimon ham bor edi; uning yurish-turishidan endi yoʻlga kirgan adliya xodimining faxru shiddati, gʻururu viqori yogʻilib turardi. Ammo u hech bir e’tiborga loyiq ish koʻrsatmadi, nomu nasabi noma’lumligicha qoldi. Uning qanday odamligi xususidagi biz bilgan gaplar u yozgan, Rioachidagi Adolat saroyida saqlanayotgan, men yigirma yil soʻng oʻqib-oʻrganganim sud hujjatlari asosida tugʻilgan muloxazalardir. Asralayotgan hujjatlar judayam betartib ahvolida edi, oʻzimga kerakli manbalarni allaqancha kishining koʻmagi bilan arang-arang topdim; mustamlaka zamonidan meros bu binoda qachondir ikki kechayu kunduz Frensis Dreyk ning qarorgohi boʻlgan, endilikda bu yerdagi xonalarda togʻ-togʻ qogʻoz uyulib yotardi. Dengiz toʻlqinlari pastki qavatlarni bosgan, dasta-dasta hujjatlar kimsasiz boʻlmalar boʻylab suzar edi. Ana shu vokeanomalar koniga aylangan koʻlda oʻzim ham toʻpigʻimgacha suvga botib, juda koʻp azob chekdim, besh yillik axtarishlarim natijasida, nihoyat, oʻsha tergovchi yozgan 500 sahifali sud hujjatining dengiz suvida shoʻrlagan 322 varagʻini topdim.

Tergovchining ismini biror joyda uchratmadim, yozuvidan oʻqib anglashimcha, u ashaddiy adabiyot jinnisi ekan. Shubhasiz, u ispanlarning, lotinlarning qator salaf adiblari ijodini, ayniqsa oʻsha davrda oʻqish rasm boʻlgan Nitsshe asarlarini yaxshigina oʻrgangan ekan. Sahifalar hoshiyasidagi belgilar, izohlar — siyoxning rangidan qat’i nazar — xuddi qon bilan bitilganga oʻxshardi. Tergovchi zimmasiga yuklangan ishdan shu qadar dovdirab qolganki, voqea, holatlar sharhida kasb-koriga mutlaqo zid ravishda tez-tez lirik chekinitilarga — koʻnglidan kechgan mulohazalarga — yoʻl qoʻygan. Ayiiqsa, taqdir taqozosi yuzasidan roʻy bergan tasodiflar shunchalik koʻp va chalkash ediki, hatto adabiyotda ham ifodalash amrimahol boʻlgan bunday qotillikning amalga oshganiga — suiqasddan shuncha olomon xabardorligiga qaramay bir odam oʻlib ketaverganiga hecham aqli bovar etmas edi. Biroq u koʻp sermashaqqat izlanishlar oqibatida, mayda-chuyda tafsilotlargacha aniqlab, Sant'yago Nasar — fojianing bosh sababchisi, degan xulosaga kelgandiki, bu fikri unga hech tinchlik bermay qoʻygandi. Anxela Vikarioning dugonalari — oʻsha aldoq ishtirokchilari ham necha yillar davomida u toʻydan oldin ularga oʻz sirini ochganini, ammo zinokorning nomini bekitganini aytib yurishdi. Tergovchiga bergan javoblarida esa bari bir soʻzni takrorlashgan: «U bizni moʻ’jizadan voqif etdi, lekin moʻ’jizakorini sir tutdi». Anxela Vikario ham dugonalariga oʻxshab bir gapni chaynashdan nariga oʻtmagan. Tergovchi oʻziga xos quvlik bilan marhum Sant'yago Nasarning kimligini soʻraganida, u kiprik qoqmasdan:

— U mening koʻz ochib koʻrganim edi, — degan.

Bu ishora shundayligicha— yigit uning koʻzini qachon, qayerda, qay holatda ochganini tafsilu isbotlar bilan koʻrsatilmay yozib qoʻyilgan, xolos. Bor-yoʻgʻi uch kunga choʻzilgan

Boshqa hikoyalar