Muttahamning parvozi (I- qism) (4-bet)
ketardi. U mehmonning qoʻlini mahkam qisib, unga shunday bir takallufsizlik bilan tikildiki, Nikodim hatto xijolat cheka boshladi.
Uning baxtiga Kunitskiy labi labiga tegmay bidirlamoqda edi. Shu boisdan ham Dizma indamay ayollarni koʻzdan kechirdi. Kattasining yoshi, nari borsa, yigirma oltilarda edi, qoʻngʻir sochlisi esa yigirma ikkilardan oshmagandi. Nikodim hayron boʻlib qoldi, chunki Kunitskiy unga xotini bilan qizi haqida gapirgandi. Bularning ikkovi esa uning qizi tengi kelardi. Opa-singillarmikin? Unday desa, bir-biriga mutlaqo oʻxshamaydi. Malla soch xonim nozikkina koʻrinsa-da, uncha ozgin emasdi. Uning kichkinagina ogʻzi va gʻuncha lablari, mayin yuzi hamda katta-katta ohu koʻzlari tabiatining xayolparastlikka moyilligidan dalolat berardi. Juvonning oppoq shoyidan tikilgan zebo koʻylagi yoqasidan momiqdek yelkasi bilan boʻyni koʻrinib turardi.
Qoʻngʻir sochli qiz esa butunlay boshqacha edi. Anovi barno juvon oldida qiygʻoch qoshlari tutashib ketgan, qoʻy qoʻz, sochini erkakchasiga kalta qilib qirqtirgan, tomogʻining tagigacha bekitib turadigan inglizcha bluzka kiyib, yashil galstuk taqib olgan va oftobda qoraygan bu qiz xuddi oʻgʻil bolalarga oʻxshab ketardi. Uning koʻzlarida. qandaydir shijoat jilvalanib turardi. Dizmani ayniqsa uning qulogʻi ajablantirdi. Qoʻngʻir soch qiz unga yon tomonidan koʻrinib turardi, shu boisdai ham Dizma oʻqtin-oʻqtin uning qulogʻiga nazar tashlashdan oʻzini arang tiyib oʻtirardi. Ilgarilari u odamlarning qulogʻiga sira e’tibor bermasdi. Har bir odamning qulogʻi oʻziga xos ekanligini — ba’zan u gʻaroyib guldek goʻzal boʻlishi mumkinligini Nikodim faqat endi tushundi. Kunitskiyning quloqlari kichkina boʻlib, pushti rang tusda edi, malla soch xonimning quloqlarini esa sochlari yashirib turardi.
U ana shunday xayollarga berilib oʻtirar ekan, oʻzini hamma qatori tutishga va notarius Vinderning ta’biri bilan aytganda, oʻzini kiborlardek tutolmasligini yashirishga urinardi.
Kunitskiy esa Koborovoning afzal tomoni va kamchiliklari haqida tinmay bidirlar, oʻzi kiritgan yangiliklarini sanab, otxonasini maqtar va qadrli pan Dizmaga xoʻjalikning qaysi qismini oldinu, qaysi qismini keyin koʻrsatmoqchi ekanligi haqida gap sotardi.
— Hozircha sizga faqat birinchi qavatini koʻrsatishga ulgurdim.
Shunday deya, Kunitskiy chashkadan kofe xoʻpladi. Malla soch xonim uning jimib qolganidan foydalanib gapga aralashdi:
— Qalay, uyimiz sizga yoqyaptimi?
— Juda serhasham ekan, — deya ochigʻini aytdi Dizma. Malla soch xonim qip-qizarib ketdi. Uning koʻzlaridan qattiq izza tortgani yaqqol sezilib turardi. — Erimning didi oʻzi shunaqa.
— Xe-xe-xe, — xiringladi Kunitskiy, — men bu haqda pan Nikodimga aytgan edim. Bilasizmi, toʻydan soʻng biz Koborovoga koʻchib kelgach, Nina birinchi galda — xe-xe-xe — xuddi ana shu masalada toʻpolon koʻtardi. Ayollarning oʻzi shunaqa — yaxshilikni bilishmaydi! Men uyimiz shinam boʻlsin deb jonimni jabborga topshirsamu, u toʻpolon koʻtarib oʻtirsa! Bir tasavvur qiling-a...
— Iltimos, bas qil shu gaplarni, — deya erining soʻzini boʻldi xotini.
— Sizni tushunmay qoldim, dada, — gapga aralashdi qizi, — pan Dizmaning joniga tegishning nima hojati bor. Boz ustiga bu gaplar Ninaga ham yoqmayapti!
— Voy-boʻy, axir hech nima deganim yoʻq-ku, oppoq qizim. Ha, aytganday, hozir sizlarni yolgʻiz qoldiramiz. Men pan Nikodimga Koborovoni koʻrsatishim kerak. Bilasizmi, pan Nikodim...
— Balki, pan Dizma charchagandirlar, — gap qotdi Kunitskaya.
— Xudo saqlasin! — deya e’tiroz bildirdi Nikodim.
— Ana koʻrdingmi, ana koʻrdingmi, — xursand boʻlib shushulay ketdi Kunitskiy. — Biz uddaburon odamlar darhol ishning mohiyatini tushunib olishni yaxshi koʻramiz.
— Dada, siz pan Dizma uchun javob bermang, — deya otasining gapini boʻldi qizi. — Barcha odamlar uchun ishning mohiyati shpallar bilan qirindidan iborat ekanligiga shubhalanaman. Shunday emasmi, pan Dizma?
— Shunday, albatta, — ehtiyotkorlik bilan javob qildi Nikodim, — bundan ham muhimroq ishlar bor.
Kunitskiy kaftini ishqab, asta kuldi:
— Ha, ha, muhimroq ishlar ham bor! Masalan, yogʻoch yetkazib berishni koʻpaytirish masalasi! — Kunitskiy oʻzidan juda xursand edi.
Mallasoch xonim oʻrnidan turib bosh irgʻadi.
— Xoʻp, sizlarga xalal bermaylik boʻlmasam, — dedi u sovuqqina qilib...
Qoʻngʻir sochli qiz ham oʻrnidan turdi. Nikodim oiladagi nizoning sababini tushunib yetmasdanoq, xonimlar yemakxonadan chiqib ketishdi.
Dizma nonushta shu qadar tez tamom boʻladi deb oʻylamagandi. U ochofat boʻlib koʻrinishdan choʻchib, kam ovqat yeganidan qorni toʻymay qolgandi.
Xizmatkor kirib, otlar tayyor turganini aytdi.
— Ana shunaqa, — dedi Kunitskiy telpagini kiyar ekan. — Bu gaplardan ajablanmang. Xotinim bilan ikkovimiz bir-birimizni tushunmaymiz. Men sizga aytsam, xotinim tushmagur ancha xayolparast, hech osmondan yerga tushgisi kelmaydi: yosh-da, hali. Hay mayli, aqli ham kirib qolar... Qizim boʻlsa... Hm... Kasya ham xotinimning tarafini oladi, chunki oʻziningʻ ham hali ona suti ogʻzidan ketmagan. Unday desam, xotinlar oʻzi doim bir-birining yonini oladi.
Hovlida ularni ikki toʻriq ot qoʻshilgan chiroyli izvosh kutib turgan ekan. Kunitskiy bilan Dizma yumshoq oʻrindiqlarga oʻtirishgach, xoʻjayin qamchi bosgan edi, otlar yelib ketishdi.
— Qalay, otlarim zoʻrmi? — Kunitskiy koʻzlarini qisdi. — Men ularni Lyublinda, qishloq xoʻjalik koʻrgazmasida sotib olgan edim. Ikkovi oltin medal' olgan. A? Zoʻr-a?
Chindan ham otlar bir tekisda yelib borishardi. Dizma ulariing ajoyib ekanligini tan oldi.
— Sizga avvalo temir yoʻl ministrligini koʻrsataman, — dedi Qunitskiy. — Yon tomondagi ikki tarmogʻi bilan hammasi boʻlib yigirma ikki kilometrni tashkil qiladi. Hozir birinchisiga boramiz.
Izvosh xiyobondan chapga burildi-da, boshoq chiqargan boʻliq bugʻdoyzor oralab ketgan tuproq yoʻldan ketdi. Garchi shabada esmayotgan boʻlsa-da, havo ancha salqin edi.
— Hosil juda yaxshi boʻlibdi-da! — dedi Dizma.
— Ha, ha, — boshini ma’yus chayqab javob qildi Kunitskiy. — Afsus, juda yaxshi boʻldi.
Nikodim kulib yubordi.
— Xuddi bundan xafa boʻlayotgandek gapirasiz-a.
— Nima deb oʻylovdingiz? — ajablandi Kunitskiy. — Bunday hosil ziroatchi uchun ofatning oʻzginasi-ku axir.
Dizma hech nimani tushunmay qolganini aytmoqchi boʻldi-yu, lekin tilini tiydi: yaxshisi, ehtiyotkorlik yuzasidan indamagani ma’qul.
— Ha, ofatning oʻzginasi, — deya takrorladi Kunitskiy. — Oʻylab koʻrsang esing teskari boʻlib ketadi. Ikki oydan soʻng gʻallani suv tekinga sota boshlaymiz. Buning otini moʻl-koʻlchilik ofati deydilar, azizim.
«Buni qarang-a! — deya xayolidan oʻtkazdi Dizma. — Shunday ekanligini kim oʻylabdi deysiz. Yaxshisi, kamroq gapirganim ma’qul. Savol berishdanu xudo saqlasin».
— Tushunarli, — deya javob qildi u. — Faqat, menimcha, bularning bari siz oʻylaganchalik qoʻrqinchli boʻlmasa kerak.
Dizma jimib qoldi. Lekin shu zahoti u yana biror narsa deyish lozimligini, aks holda bunday ishlarga aqli yetmasligi sezilib qolishi mumkinligini fahmladi-da:
— Gʻallaning narxi oshadi, — deya qoʻshimcha qildi.
— Be, qayoqda oshardi deysiz! Ha, agar bordi-yu hukumat gʻallani sotib olsa...
— Sotib olmaydi, deb sizga kim aytdi?
— Nimalar deyapsiz? — Kunitskiy oʻrindigʻida bir sapchib tushdi.
Dizma avvaliga qovun tushirib qoʻydim shekilli, deya qoʻrqib ketdi, ammo suhbatdoshining koʻzlari yaltirayotganini koʻrib koʻngli joyiga tushdi.
— Ogʻzingizga bol-e, azizim! Nimalar deyapsiz! Bu masala hal boʻlganmi?
— Hozircha loyiha...
— Azizim pan Nikodim! Ajoyib fikr! Ajoyib!
Ziroatchining manfaatini himoya qilish hukumatning vazifasi-ku; mamlakatning farovonligi qishloq xoʻjaligiga asoslangan. Bizda esa, jin ursin, nuqul xoʻjalik tartibini oʻzgartirishgani oʻzgartirishgan! Axir Pol'shada aholining yetmish protsenti dehqonchilik bilan shugʻullanadi. Yetmish protsenti-ya! Sanoatda ham, konlarda ham, savdoda ham emas, qishloq xoʻjaligida. Chorvachilik bilan oʻrmonchilik — barcha narsaning asosi. Ziroatchining farovonligi — barchaning farovonligi: fabrikantning ham, tujjorning ham, ishchining ham. Pan Dizma, siz bu genial loyihani qoʻllab-quvvatlash uchun hukumat doiralariga oʻz ta’siringizni koʻrsatishingiz lozim. Vatan oldidagi burchingiz axir bu. Hukumat ortiqcha gʻallani sotib olsin. Yo parvardigor! Koborovoning oʻzi xutorlari bilan qancha gʻalla berishi mumkin-a...
Kunitskiy xayolan koʻradigan foydasini xomchoʻt qila boshlagan edi. Dizma gap qotdi:
— Hamma gap pulda. Pul yoʻq.
— Pulmish-a! Pul nima degan gap! — bidirlay ketdi Kunitskiy, — buning sirayam mushkul joyi yoʻq. Hukumat qishloq xoʻjalik ziyomining obligatsiyasini chiqarishi mumkin. Masalan, yuz million soʻmlik deylik. Pul oʻrniga mana shu obligatsiya toʻlanadi — vassalom! Bu obligatsiyalar protsentli boʻladi, albatta. Aytaylik, yuz soʻmdan besh yoki hatto toʻrt protsentdan toʻlash mumkin. Gapimni tushunyapsizmi? Zayom olti yillik muddat bilan chiqariladi, deylik. Olti yil ichida esa gʻalla bozorida, oʻldim deganida, ikki marta qulay vaziyat yuzaga keladi. Ana shunda bor gʻallani chet elga sotib yuborish mumkin. Butun operatsiya shu, xolos! Gapimni tushundingizmi! Buning foydasi juda katta, birinchidan, narx-navo barqarorlashadi, ikkinchidan, muomaladagi pul koʻpayadi, chunki obligatsiyalarda egasining nomi koʻrsatilmagan boʻladi, albatta. Axir davlat shu yoʻl bilan ichki bozorga yuz ming soʻmga yaqin yangi pul chiqarish imkoniga ega boʻladi. Shu yoʻsinda naqd pulning yetishmovchiligi bartaraf qilinadi. Azizim! Siz bu haqda ministr Yashunskiy bilan albatta gaplashishingiz lozim...
— Biz u bilan bu toʻgʻrida bir necha marta gaplashganmiz. Kim biladi deysiz...
Nikodim shunday dedi-yu, lekin oʻzicha: «Bu jin urgur cholning miyasi xoʻp ishlar ekan-da. Bunaqa odam ministr boʻlishi ham mumkin», deya xayolidan oʻtkazdi.
Kunitskiy hayajon bilan qamchinini silkitganicha borgan sari tezroq bidirlardi. U mazkur ishniig foydasi haqida dalillar keltirar, shubha-gumonlarini aytar, e’tiroz bildirar va yana dalilar keltirib, oʻzini oʻzi inkor etardi.
Bu orada yoʻl burilib borib, ular baland qaragʻayzor ichiga kirib qolishdi. Tor izli temir yoʻlning yonidagi ulkan maydonda xodalar taxlab qoʻyilgan edi. Kichkina paravoz xoda ortilgan oʻn beshtacha vagonni joyidan koʻzgʻatishga kuchanib, tinmay pishillardi. Sostavning ikki chetida saf tortgan ishchilar vagonlarni itarib borishardi.
Xoʻjayinni koʻrib, odamlar boshlaridan shapkalarini olishdi. Biroq ularning salomida ochiqdan-ochiq dushmanlik boʻlmagan taqdirda ham, qandaydir adovat sezilib turardi. Oftobda qoraygan kul rang kamzulli master izvosh yoniga kelib, Kunitskiyga allanima demoqchi boʻlgan edi, xoʻjayin uni toʻxtatdi.
— Pan Starkevich, salomlashing: bu kishi bizning yangi boshqaruvchimiz pan Dizma boʻladilar.
Master boshidan shapkasini oldi-da, diqqat bilan Dizmaga tikildi. Nikodim javoban bosh irgʻab qoʻya qoldi.
Kunitskiy Starkevichdan qilingan ishlarni soʻrab-surishtirar ekan, Nikodim qiziqib atrofda uyulib yotgan xodalar va taxtadan omonatgina yasalgan baraklarni koʻzdan kechira boshladi. Hamma yoqni arralarning gʻir-gʻiri va boltalarning toʻq-toʻqi tutib ketgan edi, Ular yana yoʻlga chiqishgan zahoti Kunitskiy daraxtlarning navlari, bu yerlarda oʻrmonchilikning ahvoli, hatto oʻz uchastkangda ham daraxt kesishga ruxsat olishning qanday qiyinligi toʻgʻrisida butun bir leksiya boshlab yubordi. U gaplarini gʻoyat jiddiy qiyofada eshitayotgan hamrohiga oʻqtin-oʻqtin qarab qoʻyar ekan, ustavlarning paragraflarini yoddan aytardi, narx-navo toʻgʻrisida gap sotib, raqamlarni roʻkach qilardi.
Dizma esa aslida qoʻrqib ketgandi. Hozir u oʻzini birdan boshiga bir gʻaram pichan agʻdarilib tushgan odamdek sezardi. Shu paytgacha u mutlaqo tasavvurga ega boʻlmagan bu problemalarning bari Nikodimning ustiga xuddi togʻ koʻchkisi yangligʻ yopirilib tushdi. Butunlay esankirab qolgan Dizma oʻz kuchi bilan bu muammoning tagiga yetolmasligini, obroʻsini toʻkmaslik, sharmanda boʻlmaslik, toʻgʻrirogʻi, qoʻlga tushmaslik darajasida ishni oʻzlashtira olmasligini yaxshi tushunardi.
Ular davlat oʻrmonidagi tajriba stansiyasi, temir yoʻl yonidagi taxta tilish korxonasi, mebel' fabrikasi, deyarli qurib bitkazilgan qogʻoz fabrikasi hamda bitay deb qolgan omborlarni birma-bir borib koʻrishgach, Dizmaning miyasi shu qadar gʻovlab ketdiki, u endi faqat juftakni rostlash haqida oʻylay boshladi. Uning roʻparasida sirli bir tarzda oʻzaro bogʻlanib ketgan va anglab yetish gʻoyat mushkul boʻlgan hisobsiz ishlar koʻndalang turardi. Nikodim bu ishlarning tepasida turgan kishilar bilan ham tanishdi. Ular mazkur ishlar haqida ishbilarmonlik bilan shu qadar loʻnda qilib soʻzlashdiki, Nikodim bu gaplardan hech vaqoni tushuna olmadi.
Kunitskiy esa uning ma’yus tortganini koʻrib, yangi joydagi ishlarga razm solayotgan boʻlsa kerak, deb oʻyladi. Dizma shuni payqaganidan keyingina bir muncha taskin topdi. Chamasi, Qunitskiy oʻz boshqaruvchisining ishlardan iloji boricha yaxshiroq xabardor qilishga berilib ketib, undagi sarosimani sezmay qolgan edi.
Ular uyga qaytishganida soat uch boʻlay deb qolgan edi.
— Mana koʻrdiigiz, — dedi Kunitskiy, jilovni otboqarga uzatar ekan, — xoʻjalik ancha katta. Ha, ancha katta. Shu bilan birga, u azbaroyi, muttasil va bir tekis foyda olib turishni moʻljallab, ancha sarishtali tashkil etilgan. Agar amalda ba’zi ishlar roʻyobga chiqmayotgan boʻlsa, bunga bizdagi byurokratiya, iqtisodiy siyosatning beqarorligi sabab boʻlyapti. Biroq shu sharoitda ham ancha ish qilsa boʻladi. Bunisi esa endi, azizim pan Nikodim, sizning vazifangiz.
Xonimlar oʻzlariga kerakli mayda-chuyda narsalarni xarid qilish uchun avtomobilda Grodnoga joʻnab ketishgani boisidan ular ikkovlari oʻtirib ovqatlanishdi. Koborovoning oshpazlari juda pazanda boʻlib, dasturxonda ovqat serob edi. Shuning uchun ham ular ovqatlanib boʻlishgach, qahva ichish uchun kabinetga oʻtishganida Dizmani qattiq mudroq bosdi. Ammo tinib-tinchnmas Kunitskiy Koborovo xoʻjaligi haqida gapirishdan toʻxtamasdi. U shkaf va qutilarni ochar, allaqanday yozishmalar, roʻyxat, hisob-kitob daftarlarini olib koʻrsatar va tinmay bidirlardi. Nikodimning toqati toq boʻldi. Nihoyat, chol bidirlashdan toʻxtadi-da, bir dasta qogʻozni olnb, Dizmaning yoniga keldi.
— Koʻrib turibman, bir oz toliqqanga oʻxshaysiz. Aslida yoʻldan keyin dam olishingiz kerak edi. Agar ijozat etsangiz, bu hujjatlarning barini xonangizga berib yuboraman. Ehtimol, kechqurun ularni koʻrib chiqarsiz. Nima deysiz?
— Bajonu dil.
— Endi, azizim pan Nikodim, yotib bir oz mizgʻib olmaysizmi?
— Ha, yomon boʻlmasdi...
— Yaxshi uxlab turing, azizim, yaxshi uxlab turing. Men sizni kuzatib qoʻyaman. Iltimos, hujjatlarni koʻrayotgʻaningizda davlat oʻrmonlarining direksiyasi bilan yozishmalarning sanasiga e’tibor bering. Xatlarga uch oylab javob bermaslik rasvogarchilikning oʻzginasi emasmi, axir. Hay mayli, bu toʻgʻrida keyin gaplashamiz. Hozircha dam oling. Kechki ovqat soat sakkizda boʻladi.
Nikodim botinkasini yechib, divanga choʻzildi. Ammo hadeganda uyqusi kelavermadi. Uning miyasini bir fikr chulgʻab olgan edi. Nima qilsaykin? Nima qilish kerak axir? Balki, bir yoʻla ochigʻini aytib, cholga hech vaqoni tushunmasligiga iqror boʻlish kerakdir... Yoki bu murakkab tugunni yechishga urinib koʻrsamikin? Agar shu ishni uddalay olganida Koborovoda yana ikki, boringki, uch oy turishi mumkin... Chunki bundan ortiq choʻzib boʻlmaydi. Faqat bir narsa aniq: chol uni ministrning yordamida ishlarini joʻnashtirib yuborish uchun taklif qilgan...
«Juda quv chol ekan, lekin rosa chuv tushdi-da... Nima qilsam ekan? Bilib qolsa — yuragi yorilib oʻladi-da, oʻziyam».
Kuni bilan qilgan ishidan ham koʻra ana shu ikki soatlik hordiq Dizmani koʻproq charchatdi. Bu orada u oʻndan ortiq papiros chekib tashladi. Nihoyat, xona papiros tutuniga toʻlib, nafasi qayta boshlagach, u qoʻshni kabinetga oʻtdi. U yerdagi yozuv stoli ustiga Nikodim tanishib chiqishi lozim boʻlgan birtalay hisob-kitob daftarlari va hujjatlar taxlab qoʻyilgan edi.
Dizma dilida bir soʻkinib oldi-da, orqasiga qaytdi. Soʻngra birdan ayvonga qaragan eshikni ochib, parkka chiqish mumkinligini eslab qoldi..
Park juda sarishta edi. Nikodim ancha yurib qoʻygan boʻlsa-da, uning oxiri koʻrinay demasdi. Keksa dub, qora qayin, argʻuvon va zarang daraxtlari oralab bir-biriga ikki tomchi suvdek oʻxshaydigan tep-tekis yoʻlkalar tarmoq otgandi.
«Bu yerda adashib qolish hech gap emas, — deya xayolidan oʻtkazdi Dizma va atrofga alanglab qarab qoʻydi. — Har qalay uy shimol tomonda joylashgan».
Tarvaqaylab ketgan daraxtlar ostida marmar va taxta kursilar koʻzga tashlanardi. Chorak soatcha sayr qilib yurgach, Nikodim soyada turgan shunday kursilardan biriga borib oʻtirdi. Shu zahoti miyasida yana haligi tashvishli fikrlar xira pashshaday gʻoʻngʻillay boshladi: nima qilish kerak, qutulishning chorasi bormikin, qanday bahona oʻylab topsaykin?
Kimdir hushtak chalganicha yaqinlashib kelmoqda edi, Dizma oʻgirilib qaradi. Torgina xiyobondan bashang kiyingan, koʻziga monokl' taqqan bir yigit kelmoqda edi. Uning ortidan qiyshiq oyoqlarini pildiratganicha kallasi koʻrshapalaknikiga oʻxshash pincher zotli mittigina it yugurib kelardi. It Dizmani koʻrib qolib, vovullay boshladi. Yigit toʻxtab, Dizmaga boshdan-oyoq koʻz yugurtirib chiqdi-da, uning yoniga keldi. Oʻttizlarga kirgan bu notanish yigit ozgʻin va novcha boʻlib, boʻyni uzunligidan yanada darozroq koʻrinardi. Uning yuzi yosh bolalarnikiga oʻxshash kichkina va rangpar boʻlib, qovoqlari qizarib ketgan katta-katta moviy koʻzlarining nafratomuz va istehzoli qarashiga mutlaqo mos tushmasdi. Yigit koʻzlarini loʻq qilganicha Dizmaga tikilib turaverdi.
«Bu jin urgurga nima kerak oʻzi!» — deya xayolidan oʻtkazdi Nikodim xijolatga tushib.
Yigit esa Dizma tomon haddan tashqari uzun shahodat barmogʻini choʻzib, jiddiy ohangda soʻradi:
— Kim boʻlasiz?
Nikodim nima qilarini bilmay oʻrnidan turdi.
— Men... boshqaruvchiman, yangi boshqaruvchi.
— Familiyangiz?
— Dizma, Nikodim Dizma.
It vovillaganicha egasining oyogʻi ostida u yoqdan-bu yoqqa sakrardi.
— Dizma deysizmi?.. Eshituvdim. Men graf Ponimirskiy boʻlaman. Oʻtiring. Yot, Brut! Bilasizmi, pan Dizma, men itga bizning zamonamizda juda bema’ni eshitiladigan shunday laqab qoʻyganman. Aytganday, nega endi itning laqabida ma’no boʻlishi kerak ekan? Oʻtiring.
Dizma joyiga oʻtirdi. Bu graf uning koʻnglida gʻalati bir taassurot qoldirib, qoʻrquv, ijirgʻanish, qiziqish va rahm-shafqat hislarini aralashtirib yuborgan edi.
— Eshituvdim... — dedi graf choʻzib tilining uchi bilan gezargan lablarini yalar ekan, — ha, eshituvdim. Kerak boʻlib qolgandirsizki, u ablah sizni bu yerga olib kelgan-da. Jentel'men sifatida aytib qoʻyay, aziz koʻyovim gʻirt muttaham odam.
— Kimni aytyapsiz, graf? — deya ajablandi Dizma,
— Qimni boʻlardi? Anovi ablah Deon Kunikni-da, albatta.
— Pan Kunitskiynimi?
— Qanaqasiga Kunitskiy boʻlar ekan? — qichqirdi graf. — Jin ursin! Qunitskiymish-a? Kunitskiy — shlyaxtaga mansub ajoyib familiya. Bu oʻrgimchak esa uni oʻzlashtirib olgan. Oʻgʻirlagan, tushunyapsizmi, oʻgʻirlagan! Uning familiyasi shunchaki Kunik. Oʻzim tekshirib koʻrganman. Onasi — kir yuvuvchi Genovefa Kunik, otasining kimligi esa noma’lum. Ha, taqsir, gersoginya de Reonning nabirasi boʻlmish grafinya Ponimirskaya shu kunda pani Kunik boʻlib yuribdi.
— Tushunolmadim, — ehtiyotkorlik bilan ohista gap boshladi Dizma, — demak, siz, graf, pan Kunitskiyning qaynagʻasi boʻlar ekansiz-da?
Poiimirskiy xuddi chiyon chaqqan odamday sakrab oʻrnidan turdi. Uning qonsiz yuzi boʻzarib ketdi.
— Jim boʻling! Oʻchiring ovozingizni siz, siz…
— Kechirasiz, — dedi qoʻrqib ketgan Dizma.
— Mening oldimda uni ablah Kunik, muttaham Kunikdan boʻlak nom bilan atay koʻrmang. Eshitdingizmi! U sira ham Kunitskiy emas! Kuyovim — palid, sudxoʻr va tovlamachi... Kunik boʻladi! Haromi firibgar! Kunik! Kunik! Kunik! Takrorlang: Kunik! Qani?
— Kunik, — deya takrorladi qoʻrqa-pisa Dizma.
Koʻngli joyiga tushgan Ponimirskiy kursiga oʻtirdi-da, hatto jilmayib ham qoʻydi.
— Bilmagan ekansiz-da? Brut ham avvaliga bilmay unga suykalgan edi. Lekin mahluq kuyovim uni tepib yubordi!
U bir oz oʻylanib turdi-da, soʻng