tungi.ru

Muttahamning parvozi (II- qism) (4-bet)

Suratning tagiga:

«Nikodim Dizma oʻzining boʻlajak yordamchisi, gʻalla bankiga direktor qilib tayindangan sobiq moliya vitse-ministri Vladislav Vandrishevskiy hamrohligida Ministrlar Soveti saroyini tark etyapti», — deb yozilgan edi.

«Mana, — deya xayolidan oʻtkazdi Dizma, — endi meni butun Pol'sha taniydi». U shuni oʻyladi-yu, birdan qoʻrqib ketdi. Gazetalar Liskovga yetib borgach, pan Bochek ham, Yurchak ham va umuman Nikodimni yaxshi taniydigan barcha kishilar Kurlyandiya, gimnaziya va Oksfrod haqidagi gaplarning hammasi gʻirt yolgʻonligini darhol bilib qolishadi-ku!

Jin ursin!

Ulardan birontasi gazetaga butun haqiqatni yozib yuborsa-ya?

Nikodimning eti jimirlab ketdi. U soʻkina-soʻkina xonada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi, soʻng yana gazetalarni bir bor koʻzdan kechirib chiqdi-da, sobiq tanishlarimning fosh qilishi ehtimoldan uzoq, degan qarorga keldi: uning martabasi, uniig aloqalarini koʻrib, jur’at etishmaydi. Faqat yumaloq xat yozishlari mumkin... Biroq imzosiz xatlarga jiddiy e’tibor berishmaydi. Shularni oʻylar ekan, Dizmaning koʻngli bir oz joyiga tushdi. Ammo oʻz qobiliyati toʻgʻrisidagi gaplarni qayta-qayta oʻqir ekan, birdan bu ishni uddalay olmasam-a? — deya shubhalanib qoldi.

Ishning katta qismini anovi Vandrishevskiy bajaradi deylik, ammo Dizma ham nimadir qilishi — gapirishi, hal etishi, imzo chekishi kerak-ku... Oʻzi mutlaqo tushunmaydigan ishlar bilan shugʻullanish! Faqat bir yoʻli bor: bironta uddaburon odam topish kerak... Koshkiydi Kunitskiy rozi boʻlsa! Rozi boʻlmaydi... Koborovodagi boshqaruvchilik ishidan ham voz kechishga toʻgʻri keladi. Dizma Ninadan judo boʻlishini oʻylab ma’yus tortdi-yu, biroq darhol oʻzini yupatdi.

«Nimayam qilardim: shunday boʻlgandan keyin, voz kechamiz-da. Axir dunyoda boshqa xotinlar ham bor-ku».

Hammasidan ham oʻzining oʻrniga ishlaydigan odamni topish qiyin. Agar shunday odam topilsa, uni oʻziga sekretar' qilib tayinlashi mumkin...

Nikodim birdan peshanasiga urdi:

— Kshepitskiy!

U quvonganidan hatto sakrab tushdi: Kshepitskiy oʻtaketgan tullak, tegirmondan butun chiqadi, yerning tagida ilon qimirlasa biladi. Unga pand berib boʻlmaydi, buning ustiga oʻzimizning odam. U bilan kelishib olinsa bas, ikki kishining oʻrniga bir oʻzi ishlayveradi.

Bu fikrdan Dizma shunchalik xursand boʻldiki, u darhol Kshepyskiyni qidirib topishga jazm qildi.

Nikodim shosha-pisha kiyindi-da, chorak soat oʻtar-oʻtmas pani Pshelenskayanikiga yetib borib, eshik qoʻngʻirogʻining tugmasini bosdi. Uyda bu mahal tushki ovqat tutay deb qolgan ekan. Kshepitskiy ham shu yerda ekan. Dizmani ozgʻingina sepkildor qiz — panna Xul'chinskaya bilan tanishtirishdi.

Ular biri olib, biri qoʻyib Dizmani tabriklashdi. Papi Pshelenskaya uni pomeshchiklar xaloskori deb atasa, Kshepitskiy uni qishloq xoʻjaligining Napoleoni derdi, panna Xul'chinskaya esa angrayganicha uning ogʻziga tikilib oʻtirardi.

Koborovo haqida gap ochilib, hammasi Dizmaning endi Jorj Ponimirskiyning ishi bilan shugʻullanishga vaqti yetishmasligidan xafa boʻlishdi.

— Buning ustiga, — deya gap qotdi Nikodim, — uning miyasi shu qadar aynib qolibdiki, baribir, hech nima qilib boʻlmaydi.

Zizya soʻkinib qoʻydi, sepkildor qiz ma’yus tortdi, pani Pshelenskaya esa, noumid boʻlmaslik haqida gapirdi.

Nihoyat, Nikodim chashkadagi kofedan hoʻplab, maqsadga koʻchdi:

— Men bu yerga bir taklif bilan kelgan edim. Pan Kshepitskiy, siz hozir biron joyda ishlaysizmi?

— Yoʻq.

— Ishlashni istarmidingiz?

— Boʻlmasam-chi! — deya xitob qildi momiq qoʻllari bilan chapak chalib Pshelenskaya.

— Bilasizmi, — davom etdi Nikodim, — menga sekretar' kerak. Banka pravleniyasi raisining sekretari boʻlish hazilakam ish emas. U aqlli, uddaburon odam boʻlishi lozim! U ish uchun javob berishi kerak. Tushunyapsizmi?

Kshepitskiy lablarini yalab, oʻzini loqayd koʻrsatishga urindi.

— Minnatdorman, pan rais, bilmadim, uddalay olarmikinman. Keyin... hm.... ochigʻini aytay: chamasi, men chinovniklikka yaramasam kerak. Ishga vaqtida borish, har kuni erta turish... Meni kechirasiz.

Dizma Kshepitskiyning tizzasiga urib qoʻydi:

— Hechqisi yoʻq! Qoʻrqmang. Men qancha ishlasam, siz ham shuncha ishlaysiz. Rais doim qoqqan qoziqday bir joyda oʻtiraveradi, deb oʻylamasangiz kerak axir? Buning uchun bizda direktor bor. Biz esa faqat eng muhim, eng muhim ishlar bilan shugʻullanamiz. Qani, qoʻliigizni bering!

Pshelenskaya juda xursand boʻlib ketdi. Hayajonlanganidan u Kshepitskiyni «sen» lab, rozi boʻla qol, deb yalina boshladi.

Kshepitskiy jilmayib, Dizmaga qoʻl uzatdi.

— Rahmat, pan rais. Lekin siz menga qanday maosh belgilamoqchi ekanligingizni bilishni istardim.

Nikodimga «pan rais» juda yoqib tushdi. U qoʻllarini beliga tirab soʻradi:

— Xoʻsh, qancha istaysiz?

— Aytish qiyin...

— Tortinmasdan aytavering.

— Oʻzingizga havola qilaman, pan rais.

Dizma oq koʻngillik bilan iljaydi.

— Pan rais pan sekretar' oʻz maoshini oʻzi belgilashi kerak, deb hisoblaydi.

Hammalari muloyimgina kulib qoʻyishdi.

— Ey xudoyim-ey, menimcha, biror ming zlotiy boʻlsa... — deya gap boshladi Pshelenskaya.

— Bir ming ikki yuz! — d.edi shoshilib Kshepitskiy.

— Nima? Bir mnng ikki yuz? Men sizga bir ming besh yuz beraman.

Dizma shunday dedi-da, ularga kerilib koʻz yugurtirib chiqdi. Kshepitskiy stuldan sapchib turib, ta’zim qilganicha pan raisga minnatdorchilik bildira boshladi.

Pshelenskaya bu ishni yuvish kerak deb, xizmatkorga bir shisha shampanskoye keltirishni buyurdi.

— Xoʻsh, Kshepitskiy, — dedi Dizma qadahni koʻtarib, — faqat bitta shartim bor: bir-birimizga kafil boʻlishimiz kerak. Tushunarlimi? Bu doim bir-birimizni yoqlaymiz degani boʻladi. Ikkovimiz oramizda boʻladigan maslahatlar birovga aytilmasligi kerak.

— Tushunaman, pan rais.

— Men esa, oʻz navbatimda, agar ishingizdan mamnun boʻlsam, har bayramda ikki-uch ming zlotiy mukofot berishni va’da qilaman.

Kshepitskiy Dizmani mehmonxonaga kuzatib qoʻydi. Yoʻlda ular banka haqida gaplashdi. Nikodim ertagayoq Kshepitskiyni Vandrishevskiy bilan tanishtiradigan boʻldi.

— Vaqtim juda ziq — yana ba’zi ishlarni hal qilishim kerak. Shu boisdan kelishib olaylik: tashkiliy ishlar bilan Vandrishevskiy shugʻullanadi, U menga emas, sizga hisobot beradi. Tushunyapsizmi? Siz esa uning gaplarini menga aytib, men bilan maslahatlashasiz va mening buyruqlarimni unga yetkazib turasiz.

— Shunday qilsak yaxshi boʻladi, — deya shosha-pisha unnng fikriga qoʻshildi Kshepitskiy.

— Boshqarish san’ati, pan Kshepitskiy, masalani tez hal qilishdan iborat. Shuni yodingizda tuting.

Mehmonxonada Dizmani Ulyanitskiy kutib turgan ekan. U guldiragan ovozda doʻsti bilan salomlashdi.

— Bilasanmi, Nikus', kechagi ichkilikdan haliyam boshim gʻuvillab turibdi. Xoʻsh, qalaysan? Tashrif buyurdingmi?

— Qanaqa tashrif?

— Lozim boʻlgan joylarga-da. Bosh ministrnikiga, Yashunskiy, Brojinskiy va yana ba’zi birovlarnikiga... Terkovskiyning oldiga bormasang kerak, albatta? Unday desam, Terkovskiy sendan xafa emas shekilli.

— Seningcha, borish shartmi?

— Boʻlmasam-chi!

— Hm... — deya toʻngʻilladi sarosimaga tushib Dizma. — Bilasanmi, bir oʻzim... Agar sen men bilan borganingda edi.

— Boʻpti, boraveramiz.

Ular kerakli odamlarnikiga ertaga borishga kelishib olishdi, chunki bugun kechqurun ikkovi ham bankaning ochilish muhlati belgilanishi va boʻlak rasmiy masalalar muhokama qilinishi lozim boʻlgan majlisda ishtirok etishlari kerak edi.

Oradan ikki hafta oʻtmasdanoq tashkiliy ishlar juda yurishib ketdi. Banka uchun Vspul'naya koʻchasidagi yangi bir imoratni ajratib berishdi. Bu imoratning ikki qavatida bankaning oʻzi bilan raisning sakkiz xonali kvartirasi joylashgan edi.

Toʻgʻri, qonun hali seym komissiyalarida ishlab chiqilayotgandi, biroq ikkala palata ham hukumat loyihasini soʻzsiz tasdiqlashiga hech qanday shubha yoʻq edi.

Bularning hammasi Dizmani uncha tashvishga solmasdi, chunki barcha ishlarni Vandrishevskiy bilan Kshepitskiy bajarishmoqda edi.

Kshepitskiy bahosi yoʻq xodim chiqib qoldi. U yengini shimarib ishga kirishib ketdi, zehni oʻtkir odam sifatida hammaga oʻz aytganini qildira boshladi. Har gal u bir jumlani aytib, qat’iy ohangda:

— Pan rais shuni istayaptilar, — derdi.

Avvaliga V.andrishevskiy hamda Kshepitskiyning har bir ishga tumshugʻini tiqaverganidan norozi boʻlgan boshqa amaldorlar Dizmadan, chindan ham sizning fikringiz shunaqami, deya soʻrab-surishtirishdi. Ammo Dizma koʻpincha gap nima haqida borayotganini tushunmasa-da, har gal:

— Rost, Kshepitskiy shunday degan ekan, demak, men shunday qilinglar, deb aytgan boʻlaman — ortiqcha soʻrab-surishtirishga hojat yoʻq, — deya bir xil javob qilardi.

Shu boisdan ham xodimlarning bari tez orada Kshepitskiyning xiraligiga koʻnikib ketishdi. Darvoqe, bu odam tezda rais bilan doʻstlashib ketdi. U har kuni Dizma bilan gaplashar ekan, tezda xoʻjayinining zaif tomonlarini bilib oldi va bundan shu qadar ustalik bilan foydalandiki, Nikodim endi usiz biror ish qilolmaydigan boʻlib qoldi. Lekin shunga qaramay Dizma Kshepitskiy bilan doim ehtiyot boʻlib gaplashardi. Nikodimning kundan-kun obroʻsi oshib, yuqori doiralarda tanish-bilishlari koʻpayib borardi. Kshepitskiy Dizmani qandaydir sehrli bir kuchga ega, gʻoyat dono odam, deb oʻylar va shuning uchun undan bir oz choʻchib yurar edi.

Toʻgʻri, Kshepitskiy ba’zan Nikodimning aqli xiralashib qolib, juda oson masalalarni ham tushunolmasligidan hayratga tushardi. Biroq keyin sekretar', xodimlari biror nayrang ishlatgudek boʻlsa, ularni osongina fosh qilish uchun rais oʻzini joʻrttaga goʻllikka solyapti; degan fikrga keldi. Boz ustiga Kshepitskiy taqdiri Dizmaning qoʻlidaligini, agar u ishdan ketgudek boʻlsa, oʻzining ham omon qolmasligini, boshligʻining obroʻsini oshirish oʻzi uchun foydali ekanligini yaxshi tushunardi. Shu boisdan ham u Dizmani ulugʻ odam sifatida koʻrsatishga, uning shuhratini oshirishga qoʻlidan kelgan hamma ishni qildi. Bu esa, oʻz navbatida, Nikodimning niyatiga juda mos tushardi.

Dizma soʻnggi paytlarda oʻziga koʻrsatilayotgan izzat-ehtiromlarni koʻrib, nimalarga qodir ekanligini shu paytgacha bilmay yurganiga ishonib qoldi. Biroq u ehtiyotkorligini qoʻymadi. U aqli oʻtkir emasligini, odamlar oldida oʻzini tuta bilmasligini, ma’lumotining juda pastligiii yaxshi sezardi. Nikodim faqat Kshepitskiy bilan erkin gaplashardi, biroq uning oldida ham oʻzini sirli qilib koʻrsatishga harakat qilardi.

Koʻp oʻtmay u butun Pol'shada eng kamgap odam sifatida shuhrat qozondi. Ba’zilar buni inglizlarning ta’siri deyishsa, boshqalar, bir kuni bosh ministrnikidagi qabul marosimida xonimlaruni gapga solishmoqchi boʻlishganida, Dizma:

— Mening gapiradigan gapim yoʻq, — deya javob qilganini eslashardi.

Toʻgʻri-da, koʻp oʻylaydigan odam, odatda kam gapiradi.

Garchi Nikodim sir boy bermasa-da, u kiborlarning rasm-rusmini bilmasligi, koʻp soʻzlarni tushunmasligidan juda siqilardi. Shu boisdan u kamchiliklarini tuzatishga ahd qildi.

Shu maqsadda Nikodim Sventokshiskaya koʻchasidagi kitob magazinlaridan biriga kirib, «Xorijiy soʻzlar lugʻati», «Ensiklopediya» va «Bonton» jildlarini sotib oldi.

Unga ayniqsa «Bonton» asqatdi. Birinchi kuniyoq bu kitob yordamida u Ulyanitskiyning nima sababdai bosh ministrning pochta qutisiga bir emas, ikkita tashrifnoma tashlashni buyurganini tushunib oldi.

«Lugʻatdan» esa u muntazam foydalanardi. U oʻzi tushunmagan har bir soʻzni eslab qolishga harakat qilardi va uyga qaytgach, lugʻatdan uning ma’nisini bilib olardi.

«Ensiklolediyani» Nikodim muttasil ravishda sinchiklab oʻqiy boshladi. U bu kitobni boshidan oʻqib, Koborovoga joʻnaguniga qadar «D» harfiga yetib bordi. «Ensiklopediya» Dizmaga uncha yoqmadi, biroq Nikodim uning foydasi tegayotganini sezib qoldi va kitobni oxirigacha oʻqib chiqishga jazm qildi. Agar Ninadan kelayotgan xatlarni oʻqishinn hisobga olmasa, Nikodimning shundan boʻlak ishi yoʻq edi. Har kuni u juvondan loaqal bitta xat olardi. Xatlar juda uzun boʻlib, Dizma ularning chiroyli uslubda yozilganini tan olsa-da, oxiri joniga tegib, ularni oʻqimay qoʻydi. Odatda u xatlarning oxirini — soʻnggi yangiliklar xabar qilinadigan joyini oʻqib qoʻya qolardi. Maktublardan Nikodim, Kunitskiyning genial boshqaruvchisidan voz kechmoqchi emasligini, Dizma banka raisligi mansabini Koborovo amlokining muxtor vakili lavozimi bilan qoʻshib bajarishi mumkin, deyayotganini bilib oldi. Axir unga butunlay erkinlik berib, biror vazifa bajarishni talab qilishmas ekan-da.

Nina bundan gʻoyat xursand boʻlib, Dizmadan rozi boʻlishni iltimos kilardi. Nikodim anchagacha ikkilanib yurib, Kshepitskiy komil ishonch bilan, ortiqcha davlat bosh ogʻritmaydi, deganidan keyingina bu taklifni qabul qildi.

U bu qarori haqida Ninaga xabar qilmadi, chunki juvonning iltimosiga binoan unga umuman xat yozmas edi. Koborovoda barcha yozishmalar Kunitskiyning qoʻlidan oʻtardi, shu boisdan Nina erining, bundan ikki yil muqaddam Kasyaning maktubini oʻqib chiqqani kabi, bu xatlarni ham ochib oʻqishi mumkinligidan choʻchirdi.

Rais kvartirasini jihozlash ishlari bilan Kshepitskiy shugʻullandi. U shu qadar gʻayrat qildiki, ikki hafta ichida hammasi taxt boʻlib, Nikodim mehmonxonadan Vspul'nayadagi oʻz kvartirasiga koʻchib oʻtdi.

Ertasiga u narsalarini olib kelish va bir yoʻla Kunitskiy bilan gaplashnb olish uchun Koborovoga ravona boʻldi. Yakshanba kuni edi. Nikodim telegramma berishni unutgani uchun unga izvosh yuborishmabdi. Shu boisdan ikki kilometr piyoda yurishga toʻgʻri keldi. Ertalabki havo juda ajoyib boʻlib, Nikodim bunday sayrdan hatto huzur ham qildi.

Taxta tilish zavodining yaqinida unga qogʻoz fabrikasining masteri duch kelib qoldi. Master Dizmaga ehtirom bilan ta’zim qildi.

— Xoʻsh, Koborovoda ishlar qalay? — soʻradi Dizma toʻxtab.

Xudoga shukur, hammasi joyida, pan boshqaruvchi.

— Men endi boshqaruvchi emas, banka raisiman. Gazeta oʻqimadinglarmi?

— Boʻlmasam-chi, oʻqidik... Gʻoyat xursandmiz...

— Oʻqidinglarmi? U holda menga, pan rais, deb murojaat qilish kerak. Tushundingizmi?

— Tushundim, pan rais.

Dizma qoʻllarini choʻntagiga tiqib, bosh irgʻadi-da, yoʻlida davom etdi. Lekin u uch-toʻrt qadam yurgach, orqasiga oʻgirilib, qichqirdi:

— Hoy menga qarang!

— Eshitaman, pan rais.

— Pan Kunitskiy uydami?

— Yoʻq, pan rais, u kishi hozir Sivaya Vorkada boʻlsalar kerak. Bugun u yerda tor izli temir yoʻl qurilishi boshlanadi!

— Biroq bugun yakshanba, bayram-ku axir.

— E, pan pomeshchik faqat ishlari boʻlmagan kunlardagina bayram qiladilar, pan rais, — deya javob qildi master istehzo aralash.

Dizma qovogʻini soldi,

— Aslida ham shunday boʻlishi kerak. Eng muhimi — ish. Sizlarga qoʻyib bersa, doim bayram qilardingiz. Tabiatingiz shunaqa oʻzi.

U qoʻllarini orqaga qilib; uy tomon yurib ketdi.

Katta eshik qulfogʻliq ekan, xizmatkor kelib, uni ochguniga qadar Dizma anchagacha qoʻngʻiroq qilib turishga majbur boʻldi. Xizmatkor Nikodimning qovogʻidan qor yogʻib turganini koʻrib, qoʻrqib ketdi.

— Nima balo oʻlganmisan hammang? Qoʻngʻiroqni eshitmaysanlar-a!

— Meni kechiring, bufetda edim...

— Bufetda boʻlsang nima qilibdi? Ahmoq! Men yarim soatdan beri eshikda tursamu, bu kishi bufetda yursa-ya. He, tumshugʻing qursin! Qani, yech pal'tomni! Muncha choʻchqaga oʻxshab angrayasan? Beka qayerda?

— U kishi uyda yoʻqlar, pan boshqaruvchi. Beka kostelga ibodat qilgani ketganlar.

— Birinchidan, men senga pan boshqaruvchi emas, pan rais boʻlaman. Ikkinchidan, esa xoʻjayinlar uyda yoʻq paytda bekor oʻtirishga nima haqlaring bor? Tekinxoʻrlar! Bugun bayram emas! Bayram ish yoʻq paytda boʻladi. Tushundingmi? Senlarning boshingda yongʻoq chaqib turshp kerak. Xoʻsh, nega serrayib turibsan?

Xizmatkor ta’zim qildi-da, vestibyul' tomon joʻnab qoldi.

— Bu juldurvoqilarning boshida yongʻoq chaqib turish kerak, — deya toʻngʻilladi oʻzicha Dizma, — boʻlmasam boshingga chiqib olishadi.

Oʻ qoʻllarini choʻntagiga tiqib, uyni aylanib chiqdi. Barcha xonalar saranjom-sarishta qilingan edi. Faqat Kunitskiyning yotoqxonasidagina xizmatkorlardan biri polni supurganida, shchyotkani unutib qoldiribdi. Dizma qoʻngʻiroq chaldi-da, yugurib kelgan xizmatkorga indamay shchetkani koʻrsatdi.

— He, iflos! — deya toʻngʻilladi u xizmatkor gʻoyib boʻlgach.

Dizma birinchi qavatni aylanib chiqqach, yuqoriga koʻtarildi. Ninaning buduarida derazalar lang ochiq edi. Nnkodim u yerdagi mebel', kartina va fotografiyalarpi qiziqib tomosha qila boshladi.

Ayniqsa, yozuv stolida rasmlar koʻp edi. Nikodim kichkina kresloga oʻtirib, ularni tomosha qilar ekan, chetdagi qutining dastasini tortdi. Biroq u qulflogʻliq ekan. Oʻrtasidagina tortib koʻrgan edi, u osongina ochila qoldi.

«Bu yerda nima bor ekan?» — deb oʻyladi Nikodim va qutini yarmisigacha tortib chiqardi.

Quti ham yozuv stoli kabi batartib edi. Yashil va havo rang iplar bilan bogʻlangan dasta-dasta xatlar qator qilib taxlab qoʻyilgandi, Xatlarning koʻpi Ninaning monastir' pansionida birga yashagan dugonalaridan kelgan ekan; Nikodim ularni koʻzdan kechira boshladi, ba’zi xatlar fransuz tilida yozilgan edi.

Xatlarning yonida polotno muqovali bir daftar turardi. Dizma uni ochib koʻrdi: Ninaning yozuvi. Daftarning yarmidan koʻpi hali yozilmagan edi.

«Xotira daftari», — fahmladi Nikodim va uni qiziqib varaqlay boshladi.

Soʻng u daftarni qoʻliga olib, izvoshning kelishidan bexabar qolmaslik uchun deraza tagiga borib oʻtirdi.

Birinchi sahifaga:

«Tushunmoq — bu kechirmoq demakdir», — degan aforizm yozilgan edi. Ikkinchi sahifadan xotiranoma boshlanardi.

«Bugun men koʻp odamlar tomonidan mazax qilingan ishga jazm etdim — xotiranoma yoza boshladim.

Yoʻq, bu mening xotira daftarim boʻlmaydi. Pitigrilli, xotira daftari tutadigan odam burnini qoqib, soʻng dastroʻmolini tomosha qiladigan kishiga oʻxshaydi, degan ekan. U nohaq, axir bu voqealar yoki taassurotlarni yozib qoʻyishdangina iborat emas-ku! Men, masalan, faqat oʻz fikrlarimning konkret ifodasini koʻrish uchungina xotira daftari tutaman. Menimcha, ogʻzaki yoki yozma ravishda ifoda etilmagan fikrni shakllangan, yuzaga chiqqan fikr deb boʻlmaydi.

Xotira daftari haqida yana bir yolgʻon gap: chamasi, Oskar Uayl'd boʻlsa kerak, xotira daftarini odam keyinchalik biror kishi oʻqib chiqishi uchun yozadi, degan edi. Uningcha, odam buni ataylab, yoki juda boʻlmagan-da — beixtiyor kilar emish.

Yo tangrim! Menimcha, u dunyoda hech kimi, mutlaqo hech kimi boʻlmagan odamlar ham bor ekanligini xayoliga keltirmagan boʻlsa kerak!

Xoʻsh, men kim uchun yozay? Erim uchunmi? Axir u meni oʻrab turgan mudhish boʻshliq bilan barobar-ku. Bolalarim uchunmi? Mening bolalarim yoʻq, afsus, hech qachon boʻlmaydi ham. Mendan yuz oʻgirgan qarindoshlarim yoki telba akam Jorj uchun yozaymi?

Kasya uchunmi?.. Hech qachon. Biz turli qutblardamiz, u meni hech qachon tushunmaydi. U meni sevishidan nima foyda? Umuman, tushunmay turib sevib boʻlarmishmi? Menimcha, sevib boʻlmasa kerak. Darvoqe, shu ham sevgi boʻlibdimi? Agar bu sevgi boʻlgan taqdirda ham, juda ibtidoiy darajada. Bir necha bor: agar biror baxtsizlik sodir boʻlib, chandiqlardan badbashara boʻlib qolsam-a, deb oʻyladim... Kasya... U menga kim boʻladi oʻzi? Nega men kunduzi kechagi tunga la’nat oʻqib, boʻlajak tundan oʻzimni himoya qilolmayman, boshqacha qilib aytganda — oʻz zaifligimdan qutulolmayman?..»

Nikodim yelkasini qisib qoʻydi.

— Obbo! Buncha gʻinshiydi bu xotin. Bu gapi bilan nima demoqchi oʻzi?

U yana bir necha sahifani ochdi.

Xotira daftariga sanalar qoʻyilmagan edi. Sahifalardan birida Nikodim chet elga qilingan safar haqidagi qisqagina yozuvni oʻqidi. Keyin muzika haqida mulohazalar boshlanib, soʻngra qandaydir Bilitis va Mnazidika haqida, chamasi, Ninaning xolavachchalari yoki dugonalari toʻgʻrisida gap ketadi.

Nikodim oʻzi toʻgʻrisida biror gap oʻqigisi keldi. Chindan ham u taxminan oʻn betlardan soʻng oʻz ismini koʻrib qoldi.

«Qani, koʻraylik-chi», — dedi u va qiziqib oʻqiy boshladi.

«Bugun men yangi odam bilan tanishdim. Uning ismi juda gʻalati ekan: Nikodim Dizma. Bu ismda qandaydir sirli, kishini hayajonga soladigan bir narsa bor. U kuchli odam sifatida nom chiqargan ekan. Nazarimda, bu gapda jon borga oʻxshaydi... Unga Nitsshe tasvirlagan qudratli odamning qamchini juda yarashsa kerak. Undan erkaklik kuchi yogʻilib

O‘xshash hikoyalar