Killer 3 (kamolov) copy (2-bet)
Qochamiz, Vadim, qochamiz!.. Ushlab olishsa naq bo'g'izlab tashlashadi…
Vadim ortga tisarildi.
— E, yo'-o'q, qochadigan ahmoq yo'q!..
— Bu nima deganingiz? Milisa hozirdanoq qidirib yurgandir sizni… Shunday Samad o'ladi-yu, izlamaydimi?
— Unda… Qochishning umuman foydasi yo'q. — dedi Vadim. — Yo'llarni titkilab yotishgandir ular… Yaxshisi, biror ishonchli yerda yashirinib yuramiz vaqtincha…
— Xo'p, avval tinchiting, keyin bir gap bo'lar!..
Vadim sekin sumkasini olib, ichidagi vintovkani chiqardi-da, o'qladi. So'ng yana sumkaga joylab yo'lakka chiqdi. Birpas qulog'ini ding qilib turdi. Hech qanday ovoz eshitilmagach, Sho'rtumshuqning yotog'i eshigini ohista itarib ichkariga kirdi…
Ruxsora yo'lakning eshikka yaqinroq yerida poylab turgandi… Oradan bir-ikki daqiqalar o'tib-o'tmay, ichkaridan «Tuk… Tuk… Tuk…» degan tovush eshitildi… U tovush vintovkaniki ekaniga amin bo'lib xonaga kirib bordi…
Ha, u yerda dahshatli manzara namoyon edi. Sho'rtumshuq choyshabga o'rangan ko'yi qoniga belanib yotar, Vadim bamaylaxotir vintovkasini sumkaga joylardi…
* * *
— Tez yur, bu yerdan daf bo'lishimiz kerak!.. — Ruxsoraning yelkasi turtib tashqariga undadi Vadim. — Xudo ko'rsatmasin, qo'riqchilar xitlanib qolsa bormi…
Ruxsora g'ing demay uning ortidan ergashdi…
Vadim jonholatda katta ko'chaga chiqib darvozaga yaqin joyda turgan Sho'rtumshuqqa tegishli mashinalarning biriga yopishdi.
— Nima qilmoqchisiz? — vahima ichida so'radi Ruxsora. — Tezroq yura qolmaysizmi? Mashinaga balo bormi hozir?..
— E, bu yaramasga mehnatim singan. Mana shu mashinani olib ketmasam bo'lmaydi…
Ko'z ochib yumguncha ikkovlari yarqiragan «Mersedes»ni yelday uchirib shahardan tashqariga — ikki tomoni poyonsiz dalalardan iborat joylarga yetib borishdi.
— Shu yerda to'xtab biroz nafas rostlaymiz. — dedi Vadim mashinani yo'l chetida to'xtatib. — Xavf harqalay ortda qoldi. Endi qanot boylab uchsayam bizni tutolmaydi. Nima deding?
Ruxsoraning negadir qovoqlari uyilgan edi. Vadim tushunmay, uning iyagidan tutib o'ziga qaratdi.
— Senga nima bo'ldi? Nega shumshayib qolding?
— Bilmadim. — dedi Ruxsora Vadimga qo'rquv aralash tikilib. — Negadir qo'rqib ketayapman.
— Nimadan qo'rqasan? Hammasi ortda qoldi-ku!..
— Yo'q, baribir… Qo'rqib ketayapman…
Shu tobda uzoqdan saf tortgan mashinalarning chirog'i ko'zga tashlandi. Avvaliga Vadim shunchaki o'tkinchi mashinalar bo'lsa kerak deb o'ylab e'tibor qilmagandi. Lekin ular yaqin kelib qolgach, bildiki…
Ha, oldindagi mashinani aniq tanidi. Bu Samad akaniga qarashli… Qiziq… Qaerdan bilishdi ular?..
— Qochish kerak! — Ruxsoraga baqirib mashinani o't oldirdi u. — Bular bizning orqamizdan quvitb kelishayapti!.. O'tib ol!.. Ko'rishmasin!..
Vadim mashinani yelday uchirib oldinga bosdi. Mashinalar ham izma-iz kelaverishdi…
Nihoyat dalalar tugab qandaydir qishloq boshlandi. Vadim birinchi qayrilishdayoq mashinani o'ngga burdi…
— Tolib bo'lsa kerak! — dedi berkinib yotgan Ruxsoraga yo'l-yo'lakay. — Paytdan foydalanmoqchi qanjiq!.. Hozir… Panaroq joy topay, ko'rsatib qo'yaman unga!..
Ko'cha tamom bo'lib yana dalalar boshlandi. Vadim yonboshga nazar soldi. Qirg'oqda ariq yo'q. Demak, hozir tavakkal mashinani dala ichkarisiga haydaydi…
Mashina o'nqir-cho'nqir dalada silina-silkina oldinga yurib borardi. Poyonsiz shudgorning o'rtasiga yetgach, u shartta mashinani to'xtatib, epchillik bilan mashinasidagi vintovkani oldi. O'qlab asta eshikni ochdi…
Ammo quvib kelayotganlar undan-da oldinroq avtomatlarini o'qlashga ulgurishganmi, kutilmaganda o'q yomg'irlari Vadimlar o'tirgan mashinaga kelib urila boshladi… Ikkovlari ham indamay yotaverishdi. Ma'lum vaqt o'tib o'q tovushlari tingandek bo'ldi. Vadim asta-asta boshini ko'tarib tashqarini kuzatmoqchi bo'ldi…
Aylana atrofni qop-qora kiyim kiyganlar o'rab olishibdi. Kimdir kuch bilan mashina eshigini tepdi. Shundan so'ng tanish ovoz eshitildi.
— Chiq, haromi!.. Qo'rqayapsanmi?..
Bu ovozni… Kutmagandi… Ey Xudo, nimalar bo'layapti o'zi?.. Tush ko'rayaptimi, yo?.. Axir, u o'lgandi-ku!.. O'z ko'zlarim bilan ko'rganman-ku!..
Vadim biroz muddat ichkarida engashib o'tirgach, tavakkal boshini ko'tardi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, tashqarida xuddi Samad akaning o'zi mashina oynasi ortidan tikilib turar, yonidagilarning qo'lidagi avtomatlar Vadimga qaratilgan edi.
— Ha, ota o'g'il, — dedi Vadim tashqariga chiqqach Samad aka uni o'rab olgan yigitlarni nari surib. — qalaysan?.. Shunchalik qo'rqoq ekaningni bilmagan ekanman… Qara, men o'lmay qoldim. Nimagaykin-a?.. O'qin xato ketdimikan?.. Axir sen mo'ljalni juda aniq olarding-ku!..
Vadim birpas indamay Samad akaga qarab turdi. Qarasaki, bir-ikki yigit Ruxsoraning qo'llarini qayirib tashqariga sudraklab chiqishdi.
— Tegma unga! — qichqirdi u yonidagi to'pponchaga yopishib. — Tegma!.. Kuchlaring ayol kishiga yetayaptimi? Mana, menminan olish zo'r bo'lsang!..
— Xa-xa-xa-xa!.. — to'satdan kulib yubordi Samad aka. — Qaranglar, yigitlar, o'zim tarbiya qilgan yetimcha o'zimga tashlanmoqchi!.. Vey, tirrancha, ming zo'r bo'lganingdayam, menga bas kela olmaysan. Nega menga o'q otding-a?.. Ha-a, o'rnimni egallamoqchi bo'ldingmi? Egallab bo'psan!.. Sen shunchaki… Bizlarning o'yinimizni tushunib yetmading!.. Laqqa tushib qo'ya qolding…
— Namuncha katta ketmasangiz? — umrida birinchi marotaba Vadim Samad akaga o'shqirdi. — O'lmay qolgan bo'lsangiz, demak, omadingiz bor ekan… Nima, ustimdan kulib maza qilayapsizmi?.. Qanaqa o'yinni tushunmabman?..
— Eh, nodon, agar sen haqiqiy killer bo'lganingda, shunday ish tutardingki, men haqiqatan o'lardim. O'ldira olmading-ku!.. Karavotga yotqizib qo'yilgan oddiy yog'och qo'g'irchoqqa qarab o'q otding. Egnidagi matoning ichiga qizil rangli suyuqlik quydirib qo'ygandim. O'shani ko'rib do'ppingni osmonga otib yuribsan… Yo'q, sen mening sinovimdan o'tolmading, bola!.. Tolib!..
— Labbay xo'jayin!
— Sho'rtumshuqni buyoqqa chaqir!
— Xo'p bo'ladi!..
Bunisi endi ortiqcha edi. Eng orqadagi mashinadan tushib to'ppa-to'g'ri ro'parasiga kelib to'xtagan Sho'rtumshuqni ko'rgan Vadim qotib qoldi.
— Mana, biz seni birgalikda sinagandik. — davom etdi Samad aka. — Qanchalar sotqinligingni, noshudligingni bildik! Sendan hech qachon haqiqiy killer chiqmaydi!..
Shu tobda Vadim bildiki, buyog'i yaxshilik bilan tugamaydi. Baribir o'ldirib yuborishadi. Undan ko'ra, harakatini qilib qolgani ma'qul…
Sekin bildirmaygina qo'lini cho'ntagiga tiqib to'pponcha dastasini changalladi. Ehtiyotkorlik bilan cho'ntakda turgan yerida o'qladi…
Ammo bu safar ham ulgurmadi. Orqada turgan yigitlardan biri Samad akaning imosi bilan yelkasiga tepdi. Vadim sal qursa yuztuban ag'darilayozdi. Zo'rg'a o'zini tutib qoldi-yu, orqasiga o'girilib haligi yigitga javob qaytarish ilinjida karatechilarga xos tarzda qaddini rostladi.
— Vey, mishiqi, — endi Sho'rtumshuq unga yaqin keldi. — shu yerdayam tavba qilay demaysan-a!.. Istasak, seni bitta o'q bilan tinchitamiz-u, anavi anhorga uloqtirib indamay ketaveramiz… Nimaga sakraysan?..
— Menga qara, Do'stboy, (Sho'rtumshuqning asl ismi Do'stboy edi) — dedi Samad aka. — kel, gapni cho'zib o'tirmaylik-da, buni menikiga olib boraylik! O'sha yerda davom ettiramiz! Nima deysan?
— Bo'ldi, aka, sizning gapingiz gap!.. Hoy, Ruxsorani buyoqqa olib kel! U halol xizmat qildi!.. Qani asal, bir seni bag'rimga bosay!..
Sho'rtumshuq yig'lab turgan Ruxsorani mahkam quchoqlab oldi. O'nidagilar kulib yuborishdi. Vadim esa… Tishlarini g'ijirlatgancha Sho'rtumshuqning yuziga tufladi.
— Tegma unga iflos!.. Sen arzimaysan!..
Shu gapi uchun yana beli aralash qayta-qayta tepki kelib tushdi. Bu galgi tepkilar avvalgisidan qattiqroq bo'ldi shekilli, Vadim sulayib qoldi. Ayniqsa, miyasiga kelib tushgan kuchli musht zarbidan keyin boshi aylanayotganini, ko'ngli ag'darilib borayotganini his qildi…
* * *
Tanish yerto'la ichkarisida hushiga kelgan Vadim ko'rdiki, qo'llarini ikki tarafga yoyib arqon bilan boylab tashlashibdi. Qimirlashning, arqondan qutulishning sira imkoni yo'q…
U sekin ko'zlarini ochib atrofni kuzatdi. Eshik og'zida ikki qo'riqchi saqich chaynagancha qo'llaridagi charm tayoqlarni o'ynatib o'tirishibdi. Boshqa hech kim ko'rinmadi…
«Ruxsoraga nima bo'ldiykin? — ko'nglidan o'tkazdi Vadim qaytadan ko'zlarini yumarkan. — Ishqilib, uni o'ldirib qo'yishmagan bo'lsin!.. Yo'-o'q, o'ldirib ko'rishsin-chi!.. Urug'ini quritaman! Mana shu yerdan eson-omnon chiqib olsam bas!..
Bir mahal qo'riqchilar sapchib o'rinlaridan turishdi. Ulardan biri cho'ntagidan telefon chiqarib kimgadir qo'ng'iroq qildi. Vadim hammasini eshitib turardi-yu, miyasining g'uvillashidan u nimalar deyayotganini, kim bilan gaplashayotganini hadeganda anglab ololmasdi…
Oradan bir-ikki daqiqa vaqt o'tib ichkariga yonida to'rt nafar yigit bilan Samad aka kirib keldi. Ular orasida Tolib ham bor edi. Bittasiga ishora qilgandi, u burchakdagi chelakda turgan sovuq suvni olib Vadimning ustiga sepdi. Ana shundan keyingina miya g'uvillashi pasayib o'zini o'nglagandek bo'ldi.
— Xo'sh, yigit, qanday bo'larkan? — yaqin kelib so'ray boshladi Samad aka. — Shunaqa!.. Bizning ishda juda ziyrak va ehtiyotkor bo'lish lozim. Sen esa, qancha ta'lim-tarbiya bermay, baribir odam bo'lmading!.. Qoningda yo'q-da!.. Qayoqdagi piyonista daydilardan tug'ilgansan!..
— Ruxsorani ko'rishim kerak! — xirilladi Vadim.
— Ko'rib nima qilasan? Uni o'ldirib yubordik!.. Endi navbat seniki…
— Nima?.. Haqqing yo'q o'ldirishga!.. Marazlar!..
— Mana shuni aytishadi-da, eshak semirsa egasini tepadi deb! — kinoya aralash kulib qo'ydi Samad aka. — Sen itni go'dakligingdan yedirdim, ichirdim. Ish o'rgatdim. Oqibatda meni sensirab, haqorat qilishga o'tding. Jonimga qasd qilishga tayyorligingni-ku, gapirmay qo'ya qolay!.. Ha endi yoshligingga, g'o'rligingga bording… Vey, Ruxsorani hali-veri o'ldirganimizcha yo'q… O'ldirmoqchi ham emasmiz. Bilasanmi nima uchun?
Vadim Samad akaga sovuq nazar tashladi.
— Mayli, bilmasang kerak hoynahoy… Aslida seni shu qaltis yo'llarga boshlagan o'sha edi. Chunki biz unga shunday topshiriq bergandik…
— Bo'lishi mumkinmas!.. Ruxsora unaqa qizmas!.. — ovozining boricha to'satdan baqirib yubordi Vadim.
— Yaxshi, — Samad aka bosiqlik bilan qo'riqchilardan biriga buyurdi. — bor, opkir uni!..
Ruxsora ichkariga olib kirildi. Vadim unga yeb qo'ygudek tikilar, hozir-hozir Samad akaning gaplarini rad qiladi degan niyatda qulog'ini ding qilib turardi.
— Sen manaviminan yolg'iz qolib bir gaplashib olgin! — dedi Samad aka. — Hammasini ayt! Toki o'zining kimligini nihoyat tushunib yetsin!..
Yerto'ladan qo'riqchilar ham chiqib ketishdi. Vadim hansirar, hamon qizdan sado chiqishini kutardi.
— Kechiring, Vadim! — asta shivirlab Vadimning ko'zlariga tik boqdi Ruxsora. — Men… Aslida… Yo'q, siz yomon xayolga bormang!.. Sizni tanimasimdan oldin haqiqatan Samad akaminan Sho'rtumshuqlarning buyrug'i bo'yicha ish tutardim… Nima qilay? Ayolman!.. Shu to'dalarga ilakishib qolganman. Ming chiranganimminan baribir chiqib ketolmasdim… Ishoning, hozir butkul boshqachaman!.. Sizni sevaman, Vadim!.. Qilmishlarimdan afsusdaman!.. Kechiring meni!..
— Iflos!.. — alam bilan pichirladi Vadim. — Iflos!.. Manjalaqi!..
— Mayli, nima deb haqorat qilsangiz haqqingiz bor… Faqat… Ishoning!.. Haliyam kech emas. Sizning badnom bo'lishingizni sirayam istamayman!..
— Badnom qilib bo'lgansan allaqachon!.. Endi… Yo'qol ko'zimdan!.. Sendan hazar qilaman, yo'qol!..
— Nahotki, yuragingiz shunchalik tosh bo'lsa? — ko'zlariga yosh oldi Ruxsora. — Nahotki, rahmingiz kelmasa menga?.. ishoning deyapman-ku, biz albatta bularning qo'lidan qutulib chiqamiz. Mana ko'rasiz!..
— Agar sen bilan chiqadigan bo'lsam, shu yerda o'lib ketaman!.. Anavilar o'ldirmagan taqdirdayam o'zimni o'zim o'ldiraman!.. Bor, mening nafratimni battar qo'zg'atma!.. Agar boylog'lik bo'lmaganimda o'zim bilardim seni nima qilishni!.. Bor, seni bugundan boshlab tanimayman. Bilishniyam istamayman…
— Vadim…
— Bor, dedim!..
Ruxsora ko'z yoshlarini yengiga arta-arta tashqariga chiqib ketdi. Vadim esa, boshini eggancha bir nuqtaga termulib qoldi. O'pkasi to'lib-to'lib keldi-yu,, o'zini zo'rg'a yig'idan tiya oldi…
* * *
— Xo'sh, ota o'g'il, — ostonada yana Samad aka paydo bo'lib qo'llarini bo'shatmoqchi bo'lib uyoqdan-buyoqqa o'zini tashlayotgan Vadimning iyagidan tutdi. — Gaplashib oldingmi?.. Gaplarim to'g'rimikan, yo…
Vadim indamadi. Aksincha qo'llarini musht qilib Samad akaning ko'zlariga alam bilan boqdi.
— Biror nima demoqchimisan? — davom etdi Samad aka. — Gapiraver!..
— O'ldiradigan bo'lsangiz, tezroq o'ldiring!.. Cho'zib nima qilasiz?..
Samad aka kulib yubordi. Kulgiga ostonada turgan qo'riqchi yigitlar ham jo'r bo'lishdi.
— O'ldiraymi? — dedi Samad aka hamon kulgidan o'zini tiyolmay. — Bu ish qiyin emas… Ammo men seni o'ldirmayman. Bilasanmi nima uchun?.. Ha-a, indamaysan!.. Sen ko'rnamaksan. Shuning uchun ham indamayapsan… Seni qo'yib yuboraman.
Vadim bu so'zni eshitib keskin boshini ko'tardi.
— Qo'rqma, Sho'rtumshuq ham senga tegmaydi. Seni qo'yib yuboramiz. Faqat bir shart bilan. Toshkentda qorangni ko'rsatmaysan. Mabodo yigitlarimning ko'ziga ko'rinib qolsang, bilib qo'y, itday xor bo'lib o'lasan. Uqdingmi?.. Qani, qo'llarini yech!..
Yigitlardan biri tez yurib kelib Vadimning qo'llarini bo'shatdi. U uvishib qolgan bilaklarini silay-silay yerda yotgan kostyumini ko'tarib oldi-da, egniga ildi. Bilagiga vintovka solingan sumkani osdi.
— Bor, ketaver! — stol chetiga suyangan ko'yi eshikka ishora qildi Samad aka. — Sen ozodsan! To'rt tomoning qibla!..
Vadim avvaliga biroz ikkilanib turdi. Qarasaki, Samad aka o'rnidan qo'zg'alib ham qo'ymayapti…
Ehtiyotkorlik bilan eshikka yaqin bordi-da, yana orqasiga qaradi. Hech qanday o'zgarish bo'lmadi. Shundan so'ng shaxdam qadamlar bilan tashqariga chiqib ketdi…
* * *
Katta shahar. Ko'chada kim ko'p, militsioner ko'p. Mabodo to'xtatib sumkasini tekshirib qolsa, so'rab o'tirmay panjara ortiga tiqib qo'yadi. Shularni o'ylab Vadim tezroq odam ko'zidan panaroq joylarga yetib olish ilinjida edi…
Shaharning tor ko'chalaridan yurib o'tib Qoraqamishga kirib qolgach, to'xtab cho'ntaklarini paypasladi. Ha, xayriyat, dollarlariga tegishmabdi…
Esnab osmonga qaradi. Kun botay deb qolibdi…
— Iflos! — chirt etib tupurib so'kindi o'zicha Vadim. — Ahmoq bo'lmasam, shu qanjiqqa ilakishib qolarmidim!?. Hali shoshmay tur, o'zimni sal o'nglab olay!.. Hammangni quritaman! Quritmaguncha tinchimayman!.. Birinchi bo'lib sen manjalaqini o'ldiraman…
Xo'sh, endi qaerga boradi? Qurol bilan ko'chada yurish baribir xavfli… Ha, Qo'qondagi Samin tijoratchinikiga borsa-chi? Bir paytlar o'shaning buyurtmasi bilan ikkita dushmanini tinchitib bergandi… Xo'sh, qabul qilarmikan? Anavi Samad qo'ng'iroq qilib qo'ymagan bo'lsa-ku!..
Shu payt tanish «Mersedes» ko'ringanday bo'lib, Vadim o'zini daraxt panasiga oldi…
«Itfe'llar, yana nimaga orqamdan kelishayapti?.. Yo yana yangi o'yin o'ylab topishdimi?..»
Hushini yig'ishtirib ulgurmay mashina ro'parasiga kelib to'xtadi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, rulda Ruxsora o'tirardi. Vadim uni ko'rib yuzini teskari burdi.
— Vadim, nega menga ters o'girilasiz? — Ruxsora mashinadan tushib Vadimga yaqin keldi. — Aytdim-ku, aybdorman. Lekin sizni sevaman… Nahotki, kechira olmasangiz meni?..
— Xudo kechiradi, men kechirmayman! — dedi Vadim sovuqqonlik bilan. — Nimaga orqamdan soyaday ergashib yuribsan? Yo'lingdan qolma! Menga xalal berma!.. Endi biz boshqa-boshqa odamlarmiz…
— Yo'q, sizni yolg'iz tashlab ketolmayman!.. Agar shunday qilsam, siz nobud bo'lasiz.
— Bekorlarni aytibsan! Men nobud bo'ladiganlar xilidan emasman. Yo'limni topib olaman sensiz ham!..
— Bilaman, yo'lingizni topib olaverasiz!.. Axir, siz mashhur killersiz!.. Lekin…
— Nima lekin?
— Anavilar…
— Ularni tilga olma! Senam o'shalarning birisan!..
— Hecham-da, menga endi sizdan boshqasi kerakmas!..
— Vey, nimaga meni kallamni qotirasan-a?.. Mayli, hozir nega kelding? Kim jo'natdi seni orqamdan?
— O'zim keldim. Qochib keldim. Nimaga ishonmaysiz?..
— Qo'y, boshimni qotirma!.. Yaxshisi, borib o'shalarning xizmatini qilaver! Biz senminan bir-birimizga to'g'ri kelmaymiz!..
— Ketmasam-chi?..
Vadim kutilmaganda sumkasidan vintovkani chiqarib qo'liga oldi va Ruxsoraga to'g'riladi.
— Ketmasang, shu yerning o'zida yo'q qilaman!..
— Shunaqami?.. — Ruxsora titrab Vadimga yanada yaqin bordi. — Qani, oting!.. Bu kunimdan o'lib ketganim yaxshi… Oting!.. Siz otmaganingizminan baribir bir kun kelib anavilar yo'q qilib yuborishadi. Oting deyapman! Nega qarab turibsiz?..
Vadim beixtiyor vintovkani pastga tushirib daraxt panasiga o'tirib oldi. Shu tobda yuragi uvishib, boshi g'uvillayotgandek sezdi o'zini…
Nima qilsin?.. Bu qizdan qanday qutulsin? Buzuqiligini bila turib nega ko'ngil uza olmayapti undan?.. Nima uchun otib tashlay olmadi?.. Sotganini, nog'orasiga o'ynatganini hali unutgani yo'q-ku!.. Nimaga otmadi? Nimaga rahmi keldi?.. Nimasiga rahmi keldi?..
U asta boshini ko'tarib Ruxsoraga boqdi. Qiz o'ksinib-o'ksinib yig'lar, yig'isi haqiqatan achchiq, mungli ovozi juda ayanchi edi…
Vadim qanday o'rnidan turib uning yoniga borganini sezmay qoldi. Asta qizning yelkasidan quchib mayin sochlariga yuzini bosdi.
— Kechir!.. Men… Qo'pollik qildim, kechir!.. Senga ishonaman. Ishonaman… Faqat yig'lama!.. O'zing aqlli qizsan-ku, yig'lama!.. Bo'pti, biz birga ketamiz!..
— Rostdanmi? — beixtiyor boshini ko'tarib Vadimning ko'zlariga umidvor termuldi Ruxsora. — Rostdan meniyam olib ketasizmi?
— Ha, sendan qutulib bo'larkanmi? — kuldi Vadim. — Vey, mening nimamga uchasan-a? O'ris bo'lsam. Ustiga ustak quvg'inga uchragan bir bechoraman… Ruxsora, senga juda qiyin bo'ladi men bilan!
— Mayli, qiyin bo'lsa o'lib ketsin! — dedi Ruxsora ham ko'z yoshlarini arta-arta. — Shuncha xo'rliklarni ko'rdim. Kimlarning nog'orasiga o'ynamadim…
— Biz hozir Qo'qonga borishim kerak.
— Uyoqlarda nima qilamiz?
— Bir tanishim bor. Agar anavi Samad qo'ng'iroq qilib aynitib qo'ymasa, balki o'sha odam qabul qilar…
— U odam yaqin tanishmi sizga?
— Ha, bir paytlar Samad orqali menga bir nechta buyurtmalar bergan. Qoyillatib bajarganman… Unutmagandir, axir!..
— Ajabmas.
— Xo'sh, ketdikmi?.. To'xta, mashinani tashlab ketishimiz lozim.
— Nega? — hayron bo'lib so'radi Ruxsora.
— Senikimas-ku!.. Shuning dastidan ham baloga giriftor bo'lib ketmaylik deyman-da!
— Xavotir olmang!.. Bu mashinani Samad sovg'a qildi.
— Yo'g'-e!..
— Ha, u menga ham butunlay ruxsat berdi. Sizga rahmi kelganmish…
— Shunaqa degin? — lablarini asabiy tishladi Vadim. — Bo'lsa bordir… nima bo'lgandayam, men ahmoqlik qilib qo'ydim. Bunday yo'l tutmasligim kerak edi…
— Mayli, bo'lar ish bo'ldi. Oyoqqa turib olsangiz kelib rozi qilarsiz…
— Albatta rozi qilaman. — kaftlarini bir-biriga ishqalab mashinaga o'tirdi Vadim. — Bo'lmasa nonko'rlik bo'ladi…
* * *
Mashina qorong'i kechada Qo'yliqqa tomon ketib borardi. Ruxsora orqa o'rindiqda o'tirgancha o'zicha qaysidir qo'shiqni xirgoyi qilar, Vadim unga javoban gohi-gohida kulib qo'yardi…
Katta axlatxonaning ro'parasiga yetay deb qolishgandi. To'satdan yo'lga bir bolakay chiqib kelib ikki qo'lini silkita boshladi. Vadim avvaliga hayron bo'ldi. Chiroq yorug'ida bolaning kir-chir kiyimlari aniq ko'rinib turardi. Negadir tormoz berib mashinani to'xtatdi.
— Nega to'xtadik? — hayron bo'lib ikki qo'li bilan Vadim o'tirgan o'rindiq chetini quchdi Ruxsora.
— Hozir…
Vadim sekin tashqariga chiqib bolakayga yaqin bordi.
— Amaki, meniyam opketinglar!.. — hali yetib kelib ulgurmay, Vadimga yalina boshladi u. — Opketinglar!..
— Kechasi bu yerlarda nima qilib yuribsan?
Bolakay javob o'rniga boshini egdi.
— Nega indamaysan? Ota-onang bormi?
U «yo'q» degandek boshini chayqadi.
— Ha-a… O'zbekmisan?..
— Ha.
— Yoshing nechada?
— O'n ikkida.
— Boradigan yering, qarindosh-urug'ing ham yo'qmi?
— Yo'q.
— Shu paytgacha qaerda yashab yurding bo'lmasa?
— Mana shu yerda, amaki.
— Axlatxonada-ya?
— Ha.
— Obbo sen-ey!.. — Vadimning ko'z o'ngida bolalik chog'lari gavdalandi… Eh, bir paytlar o'zi ham xuddi shu bolaga o'xshab axlat titib yurardi!.. Tilanchilik qilardi… Nega dunyo shafqatsiz-a?.. Nega hammaga baravar nasiba ulashmaydi?..
— Oting nima? — so'radi