Killer 3 (kamolov) copy (3-bet)
Oting nima? — so'radi Vadim bolaning yelkasidan ohista quchib.
— Vali.
— Menga qara, Valijon, qo'lingdan nima ish keladi? Masalan… Rogatkadan otishni bilasanmi?
— Ha, bilaman, — birdan jonlanib qo'ynidan rogatka chiqardi Vali. — Mana, ovqat topolmay qolganimda, mana shu rogatkamminan chumchuqlarni urib tushiraman…
— Zo'r mo'ljalchimisan?
— Nima desamiykin?.. — Vali kulimsirab boshini egdi…
— Bo'pti, buni keyin tekshirib ko'ramiz. Hozir mashinaga o'tir!.. Bilib qo'y, endi biz bilan yashaysan… Nima yesak shuni yeysan. O'g'irlik-po'g'irlik qilmaysan… Uqdingmi?
— Uqdim, amaki!
Vali mashinaga chiqib o'tirgach, Ruxsora hayron bo'lib Vadimni o'ziga qaratdi.
— Nega bu bolani chiqarib oldingiz?
— Bunimi? — kuldi Vadim. — Buyam menga o'xshagan mo'ljalchi ekan. Xudo xohlasa, kelajakda zo'r killer bo'ladi…
***
Qo'qon. Shaharning Navoiy dahasidagi ko'zga ko'ringan hovli. Tun. Badriddin baqqol deb nom chiqargan ellik yoshlar chamasidagi, zaxil yuz, kalbosh erkak yoniga yugurdaklaridan biri Mavlon g'ilayni chaqirib oldi.
— Menga qara, — dedi u g'ilayning yelkasidan ushlab divanga o'tqazarkan. — Toshkandan anavi o'ris kallakesar kelayotganmish.
— Qaysi kallakesar, aka? — hech narsaga tushunmay Badriddinga tikildi g'ilay.
— Namuncha go'l bo'lmasang-a?.. Samadning asrandisi bor edi-ku!.. O'sha…
— Ie, anavi sotqin-a?
— Xuddi o'zi. Hozir Samad menga qo'ng'iroq qildi… Xo'sh, qanday kutib olamiz uni?
— Bilmadim… — yelka qisdi g'ilay. — Siz qanday desangiz, shu-da!..
— Unda yaxshilab quloq sol. Menimcha, hali-zamon yetib kelib qoladi. Shaharga kiraverishga yigitlardan bir-ikkitasini qo'y. Yetib kelishi bilan shaharga kiritmay turishsin. Samad ham kelarkan. O'sha kelgandan keyingina hal qilamiz…
— To'g'ri fikrlabsiz, aka, — sovuq tirjaydi g'ilay. — unaqangi sotqinlarga ishonib bo'larkanmi… Otasiday odamni sotgan xunasa, bir kun kelib hammamizni chavaqlab ketishdanam toymaydi…
— Bo'pti, aytganimdek qil!..
G'ilay qo'l qovushtirgancha chiqib ketdi. Badriddin esa, shosha-pisha Samad akaning qo'l telefoniga qo'ng'iroq qila boshladi…
***
Vadimga Valining o'tkir ko'zlari yoqib qoldi. U mashinani katta tezlikda boshqarib borayotganiga, ro'paradan kelayotgan mashinalarning chiroqlari ba'zan ko'z ochishga qo'ymayotganiga qaramay, tez-tez bolakayga qarab olishga ulgurar, qirraburun bu boladan umidi katta edi.
“Xudo xohlasa, bundan zo'r shogird chiqadi. — ko'nglidan o'tkazdi Vadim. — Agar ishonchimni oqlasa, bor mahoratimni o'rgataman bunga. Ajabmaski… To'xta, mabodo sotib qo'ysa… Yo'g'-e, bu bola sotmaydi. Ana shunga birinchi navbatda o'rgataman uni…”
Tog'dan o'tgunlaricha yarim kecha bo'ldi. Juda charchaganini Namangan hududiga o'ta boshlaganlaridagina his qildi Vadim…
Yo'q, buyog'iga mashina hayday olmaydi. Yaxshisi, birpas mizg'ib oladi. Xudo ko'rsatmasin, biror falokat bo'lib…
Vadim sekin ortiga o'girilib qaradi. Ruxsora allaqachon o'rindiq burchagiga boshini burkab olgancha uxlab qolgandi. Faqat Vali hamon olis-olislarga tikilgancha jim o'tirardi.
— Xo'sh, Valijon, — dedi Vadim uning boshiga qo'lini qo'yib. — endi birpas mizg'ib olmasak bo'lmaydiganga o'xshab qoldi. Senam uxla, hademay tong otadi!..
— Balki mashinani men haydab ketarman? — o'tkir ko'zlarini Vadimga tikib so'radi Vali. — Haydashni bilaman…
— Nima? Sen-a?.. Qo'y, tunda mashina haydashning o'zi bo'larkanmi?.. O't, damingni ol! Ertaga qiladigan ishlarimiz ko'p, bolakay!..
Vali istamaygina boshini o'rindiqning bir chetiga qo'yib ko'zlarini yumdi…
***
Qo'riqchilarning boshida baqqolning o'zi turardi. U asabiylashib tez-tez soatiga qarab qo'yar, negadir bezovta edi.
— Ishqilib, u battol yo'nalishini o'zgartirib yubormagan bo'lsin-da! — dedi u Mavlon g'ilayga. — Bilib bo'ladimi? Tulkigayam chap beradi unaqa xunasalar.
— E, aka, chap berib qaergacha boradi-a? Ja borsa, Namanganga, yo Anjonga burvorar… Xavotir olmang, buyog'ini pishitib qo'yganman.
— Balosan-da, g'ilay, — qornini silkitib-silkitib kulgancha, g'ilayning yelkasiga qoqdi baqqol. — Xudo bekor ko'zlaringni g'ilay qilib yaratgan. Agar sog' qilib yaratganda, yanayam katta ishlar qilgan bo'larding…
G'ilayga bu gap yoqmadi shekilli, burnini jiyirib norozi to'ng'illab qo'ydi.
— Ja yerga uravermang, aka, g'ilay bo'lsam ham, nishonga bexato uradiganlardanman…
— Buni bilaman, bilaman!..
Nihoyat tong yorishib, yaqin atrofdagi xo'rozlar baravar qichqira boshlashdi. Mashinadan esa, darak yo'q edi…
Shu tobda baqqolning cho'ntagidagi telefon bezovta jiringladi.
— Allo!.. Ha-a, sizmi Samad aka?.. Nima?.. Ie, shunaqami?.. Obbo battol-ey!.. Aka, siz sirayam xijolat tortmay kelavering, ha!.. E, biz hamma chorasini ko'rib qo'yganmiz!.. Bizdan qochib qutulolmaydi…
— Ha, aka, biror gap bo'ptimi? — baqqol telefonni qaytib cho'ntagiga solishi bilan so'radi g'ilay. — Nima bo'pti?
— Menga qara, g'ilay, — deya qo'llarini musht qildi baqqol. — tez odamlarni yoningga olgin-u, Namangan yo'liga jo'na!.. Itdan tarqagan o'sha yoqqa burilib ketganmish…
— Unda nega Samad akaning o'zi quvib yetmabdi?
— Ahmoq bo'ptimi shunday katta odam qayoqdagi mishiqiminan sichqon-mushuk o'ynab?!.. U kishi bizga buyurgan tutishni, uqdingmi? Bor, vaqtni o'tkazma!..
G'ilay shosha-pisha sal narida turgan qo'riqchilardan ikkitasini yoniga oldi-yu, Neksiyasiga o'tirib Namangan tarafga yo'l soldi…
***
— Biz nega buyoqqa burildik-a?.. — Ruxsora birdan bezovtalanib Vadimning yelkasiga osildi. — Axir, bu yo'l Namanganga olib boradi-ku!..
— Jonim, sen sira xavotir olma! — deya uni yupatgan bo'ldi Vadim. — Orqada “dum” bor. Menimcha, bu qanjiqlar yana bir baloni o'ylab topishganga o'xshaydi.
— Kim?.. Nimani o'ylab topadi?
— Hozirgina Samadning mashinasiga ko'zim tushganday bo'ldi. Adashmasam, orqamizdan izma-iz kelayotgandi. Hozir esa, negadir boshqa yo'lga qayrilib ketvordi…
— E, namuncha vahima qilasiz? U ahmoqmidi orqangizdan shuncha joygacha kuzatib kelib? Qo'ying, shu Namangan tomonga bormaylik!.. Hov anavi yo'ldan yursangiz, Qo'qonga olib boradi… Iltimos, Vadim, negadir shuyoqlarga oyog'im tortmayapti!..
— O'lib ketishimizni istayapsanmi? — jahl bilan mashinani to'xtatib Ruxsoraga o'girildi Vadim. — U itfe'llarga ishonib bo'larmidi. Har balo keladi ularning qo'lidan.
— Obbo!.. Sizam kam emassiz o'shalardan. Namuncha o'zingizni yerga urmasangiz? Kimsan killer degan nomingiz bor. Sal botirroq bo'lsangiz-chi!..
— Shunaqa degin? Yaxshi… Sen aytgancha bo'la qolsin. Nima deding, Valijon?..
Vali kulimsiragancha bosh irg'adi.
Vadim mashinani yana Qo'qon yo'liga burdi. Va ovozining boricha baqirdi.
— Tavakkal!.. Biz ularga ko'rsatib qo'yamiz!..
***
Baqqolning telefoni yana jiringladi.
— Allo!.. Eshitaman!..
— Yaxshilab quloq sol! — bu Samad akaning tovushi edi. — O'ljang Qo'qonga qarab kelayapti.
— Aka, nega birdan fikridan qaytib, Qo'qon tomonga burildiykin-a? — hovliqib so'radi baqqol. — Tag'in bir baloni o'ylab qo'ygan bo'lmasin!
— Quyonyuraklik senga yarashmas ekan, baqqol! — kuldi Samad aka. — Sen o'sha baloga qarshi tayyorgarlik ko'r! Nega qoqqan qoziqday bir yerda mixlanib o'tiribsan. Yigitlarni ko'paytir. Yaxshilab qurollantir!..
— Xo'p bo'ladi! Hammasi aytganingizday bo'ladi.
— Aytgancha, seni ogohlantirib qo'yay! Vadim menga hozircha tiriklay kerak, uqdingmi?
— Uqdim.
— Yana… Ahmoqlik qilib ottirib-netib yurmagin. Boshingminan javob berasan.
— Xo'p bo'ladi, aka!..
***
— Nega buncha bezovtasan? — Ruxsoraning tinimsiz uf tortayotganini ko'rgan Vadim yana mashinani to'xtatdi. — Biror yering og'riyaptimi?
— Yo'q, — dedi Ruxsora qovog'ini uyib. — hech qaerim og'rimayapti… Nega to'xtatdingiz mashinani?.. Shundog'am kechikayapmiz.
— Qaerga kechikayapsan?
— Qaerga bo'lardi? O'sha… Tanishingiznikiga-da!..
— Ie, nega kechikarkanmiz? Endi tong otgan bo'lsa. Yetib boramiz-da tushgacha bemalol!..
Shu payt yonlaridan qora “Mersedes” o'qday uchib o'tib yuz metrlar chamasi narida qattiq tormoz berib to'xtadi.
— Tamom! — dedi Vadim mashinasini o't oldirarkan. — Nihoyat yetib kelishdi xunasalar. Xo'sh, endi nima qilamiz?
Ruxsora yelka qisib o'rindiq chetidagi sumkaga ishora qildi.
— Oling sumkadagi matohni!.. Kerak bo'lsa, otasiz.
— Sen qo'rqmaysanmi? — Valiga yuzlanib so'radi Vadim. — Miltiq ovozidan qo'rqmaysanmi?
— Nega qo'rqarkanman? — iyagini ko'tarib dedi Vali. — “Glushiteli” bor-ku!.. Ovozi juda past chiqadi.
— Shularniyam bilasanmi hali?.. Bo'pti, peshonadan ko'rdik… To'g'risi, shu safar odam o'ldirmoqchi emasdim. Majbur qilishadi shekilli…
Vadim shosha-pisha sumkadagi vintovkani oldi-da, o'qlab, yoniga qo'ydi…
Mashina ichidan hech kim tushmadi. Vadim hayron edi…
Xo'sh, ular nimani kutishayapti?..
Shu tobda qo'l telefoni asabiy jiringladi.
— Allo, kim bu?
Go'shakdan notanish ovoz eshitildi.
— Vintovkaga bekor yopishayapsan, yigit!.. Yaxshisi, indamay mashinangni hayda!.. Bizning orqamizdan borasan, buyruq shunday!..
— Sen o'zing kim bo'lasan? — so'radi Vadim.
— Ishing bo'lmasin. Baribir tanimaysan.
— Bu yerlarda me tanimaydigan odamning o'zi yo'q.
— Tanimaysan dedim-ku, hayda mashinani!..
— Bunisi qiziq bo'ldi-ku!.. — sovuq tirjayib Ruxsoraga o'girildi Vadim. — Xo'sh, endi nima qilamiz?
— Haydayverasiz, nima qilardingiz?..
— Haydasam haydayveraman-da, jin ursin!..
Vadim mashinani o't oldirib gazni bosdi. “Mersedes” oldinda o'rtacha tezlikda ketib borardi. Ko'z ochib yumguncha ular baqqolning mahallasiga yetib kelib to'xtashdi. Ikki yuz metrlar narida katta yo'lning o'rtasiga yana bir “Mersedes ko'ndalang qo'yib qo'yilgandi. Atrofida besh-o'n chog'li qurollangan yigitlar aylanib yurishardi.
— Ko'rdingmi? — dedi Vadim ularga ishora qilib. — Biz endi rostakamiga qopqonga tushdik… O'shanda seni gapingga kirmay navbatiminan tinchitib yuboraversam bo'larkan…
— Agar tinchitib yuborganingizda, — — dedi Ruxsora. — Sizga qo'shilib menam o'lib ketardim…
— Nima?.. — kutilmagan gapni eshitib Vadimning qoshlari chimirildi. — O'lib ketardim?.. Meni deb o'lishni istamaysanmi?
— Ahmoq bo'libmanmi?..
— Axir… Uyoqda… Mening bo'ynimga osilib yalinganing-chi?..
— E, bas qiling!..
Ruxsora to'satdan eshikni ochdi-yu, tashqariga o'zini urdi.
— Voy iflos-ey!.. — g'azabdan tishlarini g'ijirlatdi Vadim. — Men… Qo'ynimda ilon olib kelganga o'xshayman… Shoshmay tur hali. Ko'rsatib qo'yaman sotishni…
U kutilmagan harakat bilan vintovkani qo'liga oldi-da, baqqolning yigitlar tomon ketib borayotgan Ruxsoraga to'g'riladi…
Ammo orqadan kelgan bir yigit unga xalal berdi. U qo'lidagi avtomatni naq Vadimning peshonasiga qadab qo'ygandi.
— Vey, tush mashinadan, yetib kelding! — o'dag'ayladi Vadimga. — Bekorga chiranma, baribir otolmaysan bu ayolni!..
Vadim itoatkorona vintovkani joyiga qo'yib mashina eshigini ochdi.
— Oldimga tush! — buyurdi yigit avtomat qo'ndog'i bilan Vadimning beliga turtib. — Uyoq-buyoqqa o'zingni tashlamay jim yur!.. Yo'qsa, itday o'lib ketasan…
Vadim oldinga ketib borarkan, Vali esiga tushib birdan ortiga o'girildi.
— Bola!.. Mashinada bola qolib ketdi…
— Yur, dedim!.. Bolani it yemaydi… Olib borishadi uniyam…
***
Vadim yetib kelganda juda xunuk manzara namoyon edi. Baqqol, Samad aka, Sho'rtumshuq yo'l chetida gaplashib turishar, ular orasida Ruxsora ham bor edi. Nuqul hiringlab, goh Samad akaga, goh Sho'rtumshuqqa karashma bilan qosh qoqib qo'yardi.
«Iflos! — ko'nglidan o'tkazdi Vadim Ruxsoraga alam bilan tikilib. — Hammasi shu qanjiqning ishi ekan… Afsus… Shuning gapiga kirib Namanganga bormabman-a!.. Qanday ahmoqman!..»
— Buni mashinaga ortinglar!.. — qo'riqchilarga buyurdi Samad aka. — To'g'ri baqqolnikiga boramiz…
Vadimni Valiga qo'shib alohida mashinaga o'tqazishdi. Ruxsora esa…
Ruxsora Samad aka o'tirgan mashinaga chiqdi…
Mashinalar karvoni saf tortgancha Qo'qon ichkarisiga qarab yo'l oldi…
***
Baqqolning hovlisiga kelgandan so'ng qo'riqchi yigit Vadimni turta-turta yerto'la tomon boshladi. Bunaqangi yerto'la voqealariga ko'nikib qolgan Vadim sira tap tortmasdan pastga tushib bordi…
Baqqolning yerto'lasi juda oddiy, zax edi. Faqat ichkariga rang-barang chiroqlar qo'yib, yerga gilamlar yoyilganini aytmasa, oddiy yerto'ladan farq qilmasdi…
Qo'riqchi yerto'la o'rtasiga yetganlarida, Vadimning yelkasidan ushlab to'xtatdi.
— Qimirlama!..
O'zi esa, orqasi bilan yurib borib eshiklardan birini ochdi. Vadim bildiki, uni kameraga tiqishayapti…
— Uf-f!.. Vey, Bolani ehtiyot qilishgin! — deya qichqirdi qo'riqchiga qarab. — Agar unga biror gap bo'lsa, kallangni olaman senlarning!..
— Nima?.. Kalla olishni ko'rsatib qo'yaman, boyvachcha!..
Qo'riqchi jahl bilan chunonam tushirdiki, Vadimning ko'zlaridan o't chaqnab ketdi.
— Kir ichkariga!.. Kerak bo'lganingda olib chiqamiz!..
Birinchi fasl tugadi. Davomi izohlarga‘qarab chiqariladi. Hammaga rahmat.
Olimjon Hayit hikoyasi