Snayper 2 (kamolov) (3-bet)
qo'shni ayollar kutilmagan hayqiriqni eshitiboq. Mirsoli tomon chopa kelishdi. Shu zahoti ayollar orasida yig'i-sig'i boshlandi. To'ng'ich xolasi Fazilat aya Mirsolining qarshisida turgan ko'yi aytib-aytib yig'lardi.
— Voy, yolg'izini ko'rolmay ketgan, jon opa-am! Ana, Mirsolingiz keldi, opa, keldi! Sizni sog'inib keldi o'g'lingiz!..
Sog'inch, alam, armon Mirsolini tiz cho'kishga majbur etgandi. U bir jumlani takrorlagancha o'ksib-o'ksib yig'lardi.
— Meni kechiring, ena! Sizni yolg'iz tashlab ketgan o'zboshimcha ablah bolangizni kechiri-ing!!!
* * *
* * *
Hash-pash deguncha oradan bir yarim oy o'tdi. Onasining qirqidan so'ng Mirsoli hovli qanchalar qadrdon bo'lmasin, bu yerda bir soniya ham qolishni xohlamasdi. To'g'ri, Zarinaning Sodiqqa tegmagani, hanuz uni kutib yashayotganidan xabar topdi. Barcha haqiqatlardan ogoh bo'ldi. Ammo ichki alam Mirsoliga sira tinchlik bermasdi. Yo'q, bir xayoli ko'zlarini chirt yumib azaliy muhabbatiga qayta bosh eggisi, shirin xotiralarga boy o'tmishni ortga qaytargisi kelardi. Afsuski, ko'ngliga sig'masdi. Ikki xayoli o'zga yurtlarda kezar, o'sha yoqlarga ketsa, ayriliq o'ti so'nishiga negadir ishonardi.
«Endi baribir bu yerlarda yo'limga ko'z tikadigan, qadrimga yetadigan odam yo'q, — o'ylardi u. — Zarina esa… Ko'ramiz, qancha vaqt kuta olarkin, ko'ramiz!.. Ha, men oddiy odam emasman endi. Uyoqlarda kimsan «Sasha Krutoy» bo'lib yurganman. Qishloqdagilar buni tushunardimi. Tushunmaydi. Demak, rizqimni o'sha yoqlardan izlashim kerak. Rostakamiga zo'r bo'lib, obro'-e'tibor bilan qishloqqa ajabtovur mashinalarda kirib kelishga nima yetsin! Kallani ishlatishim kerak. Qanday bo'lmasin, o'sha niyatlarga yetmasam bo'lmaydi…»
Mirsoli ko'zlangan manzilga samolyotda yetib olishni ma'qul ko'rdi. Ko'ribsizki, uch-to'rt soat ichida yana o'sha sershovqin shaharda hozir bo'ldi. Endi bir-ikki kun mehmonxonada tunasa, yo'lini topib olsa bo'ladi. Harqalay, Dima kabila bo'lmasa-da, bu shaharda uni boshqa «jiddiy shaxs»lar ham tanishi turgan gap. Surishtirsa, kuzatsa, ish ham, yo'l ham topiladi.
Niyat esa Mirsolini uzoq kutdirmadi. Aeroportdan chiqaverishda, yonginasiga yarqiragan xorij mashinasi kelib to'xtadi.
Avvvaliga Mirsoli e'tibor bermagandi. «Ishi bo'lsa, shu yerda to'xtagandir», degan o'yda yo'lida davom etishga tutindi. Lekin mashina cho'zib-cho'zib signal chalgach, to'xtab, ortga o'girildi. Haqiqatan, haydovchi uni chorlardi.
— Tinchlikmi? — oynadan bosh suqib so'radi o'zidan uch-to'rt yosh katta, ingichka mo'ylovli haydovchiga sovuq boqib. — Nima bo'ldi?
— Siz «Sasha Krutoy»siz-a? — muloyimlik bilan so'radi haydovchi. — Adashmadimmi?
— «Vaabщe-to», adashmadingiz, — dedi Mirsoli biroz sergaklanib. — Nimaydi?
— Iltimos, mashinaga o'tiring, gap bor, — dedi haydovchi epchillik bilan eshikni ochib. — O'tiravering!
Mirsoli yelka qisib istar-istamas, mashinaga o'tirdi va darhol eshikni yopib, oynani ko'tardi.
— Mening ismim Vasiliy, — o'zini tanishtirdi haydovchi. — Oddiy qilib Vasya deyaversangiz ham bo'ladi.
— Vasya, meni qaydan taniysiz? — ehtiyot shart savol tashladi Mirsoli. — Sizni… Ochig'i taniyolmadim. Biror yerda o'tirganmidik? Ulfatchilik qilganmidik?
— Yo'g'-e, — dedi Vasya o'ng'aysizlanib. — Sizday odamlar bilan hali ulfatchilik qilish baxti nasib etmagan. Biz… Oddiy haydovchi bo'lsak…
— Unda mening bu shaharga kelishimni qaydan bildingiz? Kim samolyotning aniq qo'nish paytini aytdi? Kim sizni buyoqqa jo'natdi?
— Bunisini manzilga yetgandan keyin aytaman, — dedi Vasya sovuq kulimsirab. — Ishonamanki, hammasi yaxshi bo'ladi.
Bu gapdan so'ng Mirsoli haydovchiga ortiq savol berib o'tirishni istamadi. Bu gal ham begona yurtlarda ko'cha kezmasligini, ishsiz qolmasligini, sarsongarchilikka yuz tutmasligini ko'ngli sezgan kabi ko'zlarini yumdi.
(davomi bor)
Olimjon HAYIT hikoyasi