Snayper 7 (kamolov) (5-bet)
ko'payib borardi. Mirsoli sezardi, kimdir, noma'lum, notanish, yot ovoz sohibi unga dunyo ishlaridan so'zlar, gohida o'zi ham aytilgan so'zlarni o'ngida takrorlardi.
Mirsoli nimadir esiga tushgan kabi daf'atan bezovtalanib, yostiq ostidagi qo'l telefonini oldi va Vadimning raqamini terdi.
— Vadim, senga bir gapni aytmasam bo'lmaydi, — dedi go'shakdan tanish ovoz eshitilgach. — Bu juda muhim. Ishqilib, xaridor topib qo'ymaganmiding?
— Yo'q, — dedi Vadim xavotir aralash. — Hali topmadim. Nima bo'ldi, boss? Tinchlikmi? Yo yetib boraymi kasalxonaga?
— Kerakmas. Biznesni sotmay qo'yaver! O'zing ishni yurit! Lekin juda ehtiyot bo'l! Kechasi ko'chada yolg'iz yurma! Aytganlarimni qil!
— Xo'p bo'ladi!
Mirsoli telefonni o'chirdi-da, boshini changalladi.
— Essiz, shunday yordamchidan ham ayriladigan bo'ldim. Sinfdosh do'stim Shavkatdan umidlarim katta edi. Mana, uyam ahmoqlik qildi. Bir oydan keyin avtohalokatga uchrashi muqarrarligini bilmadi. Ko'nglimni qoldirdi. Mayli, o'zidan ko'rsin! Baribir buyog'iga yordam bera olmasdim. Ha, hoziroq generalga qo'ng'iroq qilaman. Ko'zi ochildi generalning. O'zicha mendan qanday foydalanish haqida o'ylab, rejani pishitib oldi. Xotini, qizidan uzr so'radi. Asosiysi, menga tan berdi… Alam qilgani… Shu odam ham uzoqqa bormaydi. Tanballigi, xasisligi, tilining suyaksizligi boshiga yetay deb turibdi. Lekin menga yomonligi yo'q. To'g'rimi, qalbim? Hoynahoy, sen yo'l ko'rsatyapsan shekilli menga-a? Yo'q? Unda kim? Farishtalar? Ular qani? Men ko'ra olamanmi ularni? Yo'qmi? Afsus, farishtalarni ko'zim bilan ko'rsam, armonim qolmasdi… Yo'q, yo'q, xudoga shirk keltirmoqchi emasman. Tavba qildim, tavba!.. Ha, farishtalarim, sizlarning qulingizman endi. Tushundim, men avlod-ajdodim yurmagan yo'ldan yurishga mahkumman. Sizlar tashlab qo'ymasligingizniyam bilaman. Faqat xudoyimdan so'raganim shuki, meni uyaltirib, badnom qilib qo'ymasin! To'ppa-to'g'ri, xudoyim hech qachon bandalarini badnom qilmaydi. Meni, ayniqsa, qo'llamoqchi, o'ziga yaqin olmoqchi! O'ziga beadad shukr!..
Mirsoli shosha-pisha generalning raqamini topdi-da, yashil tugmachani bosdi.
— General, — dedi salmoq bilan. — Sezdim, hozir o'zingiz qo'ng'iroq qilmoqchiydingiz. Ovora qilgim kelmadi sizni. Nima taklif kiritishingizniyam aniq-tiniq sezib turibman. Xohlasangiz, aytishim mumkin.
— Yo'q, — general kula-kula so'z qotdi. — Yaxshisi, oldingga o'zim boraman. Har holda bu telefon orqali aytiladigan gapmas. To'g'rimi?
— Ha-da, suhbatimiz qaltis kechadi. Kela qoling! Bafurja gaplashib olamiz!..
Davomi bor
Olimjon Hayit