Snayper 8 (kamolov) (2-bet)
halol xizmatini qilgan, go'yo yaqin do'st, jonajon ukadek bo'lib qolgan Vadimning alamini olishga ont ichdi. Yorug' dunyoda past tushish, beozor bo'lish dahshatli tushdan-da dahshatliroq ekanini yana bir karra anglab yetdi. To klubga yetguncha kelgusi rejalarini miyasida pishitib bordi.
Taxminan qirq daqiqa ichida mashina klub ro'parasiga yetib to'xtadi va haydovchi tayinlanganidek shoshilinch pastga tushdi-da, Mirsolini o'tirgan aravachani tashqariga oldi.
— Sen xafa bo'lma, oshna, — dedi unga Mirsoli. — Qo'pol so'zlagan bo'lsam, uzr! Lekin bir narsani bilib ol, rahbaring maraz odam!
— Bilaman, — dedi haydovchi ehtiyot shart atrofga alanglab olib. — Nima qilaylik? Chidaymiz-da! Biz kichkina odam bo'lsak…
— Yordam kerak bo'lsa, to'g'ri shu yerga kelaver! Men yaxshi insonlardan yordamimni ayamayman!..
Mashina jo'nab ketgach, Mirsoli aravacha tutqichidagi kerakli tugmachani bosdi. Aravacha avtomat tarzda klub tomon yo'rg'aladi. Ammo eshikka yetmay, Mirsoli aravachani to'xtatdi. Ichkaridan uzun bo'yli, mallasoch, keng yelkali, yuzlariga husnbuzar toshgan Ramil ismli tatar yigiti chiqqanini ko'rib chehrasi yorishdi. Bu yigit ham halol xizmat qilayotganini yaqindagina Vadim aytib bergandi. Mirsoli bugunoq shu yigitni Vadimning o'rniga tayinlashni ko'ngliga tugdi.
— Aka, bilardim qaytishingizni, — Ramil mamnunligidan yorilay deb darhol tiz cho'kdi-da, Mirsolini quchdi. — Sizsiz klubimiz huvillab qolgandi. Endi ishlarimiz albatta yurishib ketadi, aka!
— Hammayoq tinchmi? — so'radi Mirsoli Ramilning yelkasiga qo'l tashlab. — Men yo'g'imda hech kim bezovta qilmadimi?
— Bezovta qilishgandi, qandaydir general kelib tinchitdi. Hozir ishlar besh, aka!..
— Unda yur, ichkaridan xabar olaylik! Keyin ikkalamiz Vadimning qabrini ziyorat qilib qaytamiz!
— Xo'p bo'ladi, hozir… Men eshikni ochib turaman!..
Ramilning bu munosabati rostakamiga Mirsolining ko'nglini ko'tarib yubordi. U kimlargadir kerakligini, kimlardir uni ham xush ko'rishini qalban his etib, qaytadan tugmachani bosdi.
* * *
Ramil aytganidek, klubda ishlar joyida ekan. Mirsoli buni ichkariga kirgandayoq o'z ko'zlari bilan ko'rdi. Xizmatchi qizlar, yigitlar uni ko'rdi deguncha peshvoz chiqib, quyuq salomlashdi. Lekin Mirsoli xodimlar chehrasidagi tabassum ortida achinish va qandaydir ikkilanish, ajablanish hissi yashirin ekanini chuqur his etdi. Xodimlar uni taniy olmayotganini, tanishga urinishsa-da, ikkilanib qolishayotganini payqagani sayin yuragini allaqanday yovvoyi dard ezib, tirmalayverdi. Alam qo'zg'olon qilib, vujudini armonlar kemira boshladi. Deyarli qadrdon bo'lib qolgan xodimlar qarshisiga aravachada kirib kelgani o'zidan, taqdiridan nafratlanishga undadi. Biroq sezdirmadi. Asta kabinetiga kirib, stollar, shkaflarni ko'zdan kechirdi. Ramil esa uning tepasida qaddini g'oz tutgan holda turar, rahbar bo'lmish Mirsolidan navbatdagi ko'rsatmani kutardi.
— Ramil, — dedi nihoyat boshini balandroq ko'tarib Mirsoli. — Ochig'ini ayt, meni qanday taniding? Tashqi ko'rinishim butkul boshqa-ku!
— General yangi yuz bilan tushgan suratingizni keltirib beruvdi, — javob qildi Ramil. — Shuning uchun tanidim-da, boss!..
— Boshqalargayam ko'rsatganmiding suratni?
— Albatta. Ko'rsatmasam, bilib-bilmay sizga qo'pollik qilib qo'yishlari mumkin edi.
— Ajab qilasan. Endi gap munday. Biz sen bilan bir joyga o'tib kelishimiz kerak, — dedi to'satdan Mirsoli bezovtalanib. — Sezyapman, his qilyapman, urishyapti, xo'rlashyapti! Uning adabini berish kerak hoziroq!
Ramil Mirsolini bunday holatda ilk bor ko'rib turgani boismi, oldiniga hayron bo'lib qoldi. Mirsoliga savol nazari bilan og'zi lang ochilgancha tikildi.
— Nega qaqqayib qolding? — oradagi birpaslik sukutni buzib Mirsoli po'pisanamo ohangda savol tashladi. — Tinchlikmi? Borasanmi o'zi men bilan?
— Boss, balki yigitlarni yuborarmiz o'sha yerga? Harqalay, siz uchun xavfli bo'lsa kerak-ov! Qolaversa, o'zingiz qabristonga borishimiz kerakligini aytgandingiz…
— Savollar berishni bas qil! — Ramilni boloxonador jerkib berdi Mirsoli. — Qabristonga keyin boramiz. U yerda bir begunoh, kelishgan, aqlli, odobli, farosatli qizni xo'rlashyapti dedim! Yursang-chi tezroq!
— Mashinani chaqiraymi? — so'radi Ramil bosh qashib. — Haydovchi ayni ishsiz o'tiribdi.
— Kerakmas, — dedi Mirsoli qovoq uyib. — Piyoda boramiz! Uzoqmas! Bir bekat chiqadi xolos…
* * *
Bezovtalik, dilgir qalb sadosi Mirsolini tobora shoshilishga undar, aravacha o'zi istaganidek tez yurmayotganidan nolirdi. Ramil esa aravacha bilan yonma-yon odimlardi. Oldinga o'tish yoki orqada qolishdan cho'chib, hadeganda Mirsoli tarafga ko'z tashlardi.
Nihoyat ular avtobus bekatiga yetishdi. Bekatda deyarli hech kim yo'q edi. Faqat uzun bo'yli, sochini orqa miya ostida kokil qoldirib tekislatgan yigit va past bo'yli, ozg'in, xushro'y bir qiz turishardi. Yigit qizning ikki yelkasini g'ijimlab olgan, nuqul dag'dag'a qilardi. Qiz esa o'zini yigitdan nari olishga, uning qo'llarini siltab tashlashga urinardi-yu, kuchi yetmasdi. Qo'yib yuborishini so'rab qayta-qayta yolvorardi.
«Mana endi kimligimni qaytadan ko'rsatib qo'yish fursati yetdi, — ko'nglidan o'tkazdi Mirsoli tishlarini bilinar-bilinmas g'ijirlatib. — Odamlar oyog'im yo'qligini ko'rib, yaroqsiz, nogiron deb o'ylashadi, bilaman. Ammo men yaroqsiz ham, nogiron ham emasman. Ollohga beadad shukr, ikkita qo'lim bor. Ular manaman deganni yanchib tashlashga tayyor. Agar do'pposlash usullarimni manavi Ramilning qarshisida ko'rsatib qo'ya bilsam, u boshqalarga albatta yetkazadi, asosiysi meni yanada qattiqroq hurmatlaydigan bo'ladi, qo'rqa boshlaydi. Ha, imkonni qo'ldan bermasligim shart!..»
Mirsoli yer ostidan Ramilga bir qarab qo'ydi-da, «Shu yerda tur», degandek ko'z qisib olib, bekat ichkarisiga aravachani haydadi. Yigit va qiz hanuz tortishar, chamasi yigit begona qizni zo'rlab o'z yo'rig'iga yurgizmoqni ixtiyor etgandi.
— Vey, erkak, — dedi Mirsoli o'tirgan yerida yigitning bilagini mahkam siqib. — Qiz bolaga kuching yetdimi? Mana, menga dag'dag'a qil! Duxing yetadimi o'zi? Yo o'sha duxingni sindirib qo'yaymi hozir?
Yigit kutilmagan manzaraga guvoh bo'lgach, yanada g'ashi kelib zarda aralash bilagini tortib oldi.
— O'v, og'ayni, — dedi u bir aravacha, bir Mirsoliga alamli boqib. — Senga nima kerak? Pulmi? Shuni yaxshilikchasiga aytsang ham beraman-ku! Ahvolingni qara, tag'in do'q qilganingga o'laymi? Sur bu yerdan! Xalal berma bizga!
Mirsoli bu gapni eshitgandanoq tepa sochlari tikka bo'ldi. Kutilmaganda yigitning chotiga mushtlar seriyasini yo'lladi. Yigit ihlagancha engashib olgan holda aylana boshladi.
— Ih, maraz, nima qilganing bu? Hozir…
Afsuski, nimadir qilishga ulgurmadi. Mirsoli aravachada o'tirgan ko'yi uning ko'ksiga qayta-qayta musht tushirdi. Agar zarba aniq nishonga borib tegsa, har qanday zo'ri ham ma'lum muddat hushini yo'qotadi. Zarba yanada kuchli chiqqanda esa jon berib qo'yishi ham hech gap emas. Lekin Mirsoli me'yorga amal qilgan holda zarba yo'llagandi. Yigit yerga yuztuban yiqildi-yu, jim bo'ldi. Mirsoli yana bir karra nariroqda turib qolgan Ramilga tirjayib qo'ydi-da, aravachani piqillab yig'lagancha yigitning tepasiga cho'nqayib olib nuqul yuzlariga shapatilayotgan qiz tarafga olib o'tdi.
— Ablah ekansiz! — qiz daf'atan o'rnidan turdi-da, Mirsoliga tik boqdi. — Nima qilib qo'ydingiz uni? Nega birovlarning ishiga burningizni tiqasiz? Kimsiz o'zi?
— Kimligimni juda yaxshi bilib turibsan, — dedi Mirsoli. — Tanimasang ham yuraging bilan sezyapsan. Qo'rqma, yigiting hushidan ketdi xolos. Hademay o'ziga keladi. Ishon, endi u seni hech qachon xafa qilmaydi.
— Kim xafa qilibdi meni? — qichqirdi qiz jazavaga tushib. — U mening yigitim bo'ladi!
— Yigiting ekanini bildim, — Mirsoli aravachani picha ortga yurgazdi-da, asabiy lab tishladi. — Ammo u senga munosib emas. Bir yildan beri boshingni aylantirib yuribdi. U seni zarrachayam sevmaydi. Ko'ngilxushlik kerak unga, ishon!
Qiz Mirsolining gaplari qulog'iga kirdimi-yo'qmi, harqalay yig'lashdan, qichqirishdan to'xtab, sochlarini to'g'rilab oldi. Keyin esa birdan sergaklanib, Mirsoliga yaqinroq bordi.
— Sen… Sen ablahni tanidim, — dedi u o'ng qo'lini oldinga cho'zib. — Sen… Mening opamni o'ldirgansan, ha! Aniq tanidim seni! Menga qara, opamni topib ber! Opajonimni tiriltirib ber! Eshityapsanmi?
Qiz shunday deb Mirsolining yelkasiga chang soldi va telbalarcha siltay boshladi. Mirsoli uni bir zarb bilan nari surishni xohlardi. Biroq qalbi unamasdi. Shu sababli yordamga shoshilgan Ramilni ham yaqinlashtirmay, bir muddat siltanishga majbur bo'ldi. Qiz sannay-sannay bo'shashib o'tirib qolgachgina, so'zlashga chog'lanib, tomoq qirdi.
— Opang sotqin edi, — dedi u ma'yuslanib. — Meni sotgandi. Men bo'lsam, sotqinlarni kechira olmasdim. Ammo sen tashvish chekma! Mana, ko'rib turganingdek, xudo meniyam jazosiz qo'ymadi. Shu ko'yga solib qo'ydi. Qo'y, meni qarg'ayverma! Sochimdan tovonimgacha qarg'ishga botib qolganman shundog'am. Sen gaplarimga quloq sol! Anavi go'rso'xtani unut! Sen mening taqdirimsan, kelajagimsan! Eshityapsanmi?
Qiz Mirsolining so'zlarini eshitib, battar g'azablandi. Nimalardir demoqqa qayta-qayta chog'landi. Ayta olmadi. Yo to'lib turgani, yo andishaliligi yo'l bermadi. Tosh qotgancha Mirsoliga titrab-qaqshab termilib turdi-yu, nihoyat nafratini tiliga ko'chirdi.
— Bilasanmi sen kimsan? Ayniqsa shu gaplaringdan keyin kimligingni bilasanmi? Bilmasang, bilib ol! Sen mahluq qiyofasidagi qotilsan! Sen marazlar marazi, vahshiylar vahshiyisan! Xudo olsin sendaqalarni! Yo'-o'q, mana endi seni tinch qo'yib bo'pman! Melisaga topshirib qamataman seni! Shunda chigilim yoziladi.
— Unday qila olmaysan, — dedi Mirsoli xotirjamlikni boy bermay. — Aksincha uyingga qaytib tinchlanganingdan keyin faqat meni o'ylay boshlaysan. Meni rostakamiga sevib qolasan! Bu sevgi senga baxt hadya qiladi. Yo'q, oyoqlarim yo'qligiga ko'z yum, Yulya! Chunki oyoqlarim yo'qligi seni sevishimga, ardoqlashimga, yomonlardan himoya qilishimga xalal bermaydi.
Qiz hech narsa demadi. Vujudiga o'rlagan titroq boyagidan-da tezlashib, bir necha o'n soniya tek turib qoldi. Keyin esa bir karra Mirsoliga nafrat aralash qarab oldi-da, shartta ortga qayrilib, duch kelgan tomonga chopib ketdi.
* * *
Garchi kelajagi haqidagi bor haqiqatni aniq-tiniq sezib, ko'rib tursa-da, Mirsolining dili xufton bo'lgandi. Ko'ngliga zulmatdan-da zo'rroq, yoqimsizroq, quvroq qorong'ilik tushib, bu dahshatlarni qalban his etgani sayin xuddi yorug' dunyo torayib qolayotgan kabi ezilardi.
— Ramil, — dedi yo'l-yo'lakay Mirsoli birpasga aravachani g'ildirashdan to'xtatib. — Odamlar nega nogirondan jirkanadi? Nimaga ularni o'zlaridan bir parda past ko'rishadi?
— Aslo undaymas, — dedi Ramil Mirsolini tinchlantirib. — Sizga shunday tuyilyapti shekilli. Aslida teskarisi. Odamlar nogironlarni e'zozlashadi, ayashadi, ularga achinishadi, ko'mak berishni xohlashadi. Siz noto'g'ri gapirdingiz.
— Anavi Yulyani ko'rdingmi? Men yaxshi bilaman, u mening kelajagim. Boyagi yigitda ko'ngli yo'q, undan bezib ketgan. Qiz shu kungacha meni kutardi. Nima qilayki, oyoqlarim yo'qligidan bexabar edi. Mana, ahvolimni ko'rdi-yu, nafratlanishga tushdi.
— Qizlar shunaqa bo'lishadi. Boshida nozlanishni xush ko'rishadi. Meningcha u ahvolingizga umuman e'tibor bergani yo'q, aka!..
— Ha-a, shunaqaga o'xshaydi, — dedi Mirsoli chuqur xo'rsiniq aralash. — Nima bo'lgandayam, bu sohada tajribam bo'lmagani pand beraveradi-da! Lekin qo'rqmayman. Olloh aynan o'sha qizni men uchun asrab qo'ygandi. Qarab turgin, ertaga tong mahali meni qidirib topadi va uzr so'raydi.
— Avliyo bo'p keting-e, — kuldi Ramil. — Tan berdim sizga.
— Nimamga tan berding?
— Hamma narsani oldindan bilishingizga tan berdim. Qolaversa, baribir mushtlashishda sizga yetadigani yo'qligi meni qoyil qoldirdi…
Klubga yaqinlashgach, Mirsoli to'satdan to'xtadi. Nimadir yodiga tushgandek ortga burilib, uzoq-uzoqlarga tikilib oldi-da, tepasida ikki qo'lini ko'ksiga qo'ygancha tek qotgan Ramilga yuzlandi.
— Sevgan odamdan xudbini bo'lmaydi-a, Ramil? Qara, Yulya meni desa o'zini tomdan tashlay deb turibdi-yu, mahluqdan olib mahluqqa soldi-ya! Erkalanishi, nozlari juda qo'pol ekan bachchag'arning.
— O'zingiz keyin qayta tarbiyalab olasiz-da! Tarbiyalanmay qaergayam borardi…
— Bo'pti, sen ichkariga kirib ishlardan ko'z quloq bo'l, — dedi Mirsoli ancha naridan tobora klubga yaqinlashib kelayotgan qizil mashinadan ko'z uzmay. — Mening boradigan joylarim bor.
— Men birga borsam-chi? — so'radi Ramil. — Har holda…
— Meni it yemaydi, — uning so'zini kesdi Mirsoli. — Bor, kiraver! Kerak bo'lsang, qo'ng'iroq qilaman…
Shu orada mashina yetib keldi va Mirsolining ro'parasida to'xtadi. Mirsoli oynalari qoraytirilgan mashina kimga qarashli ekani, salonda kim o'tirgani, ne niyatda kelganini ko'ngil ko'zlari bilan ko'rib turardi. O'zini oldinda og'ir sinovlar kutishini ham sezib, halitdan shu sinovlarga ruhan hozirlana boshlagandi.
Kutganidek, mashina eshigi ochilib, polkovnik pastga tushdi. Mashinadan yana ikki barzangi tushib, polkovnikka ergashdi.
— Nima, qo'rqitsam, tilini tiyadi, meni ta'qib qilmaydi deb o'ylaganmiding? — po'pisa qildi polkovnik Mirsolining tepasiga yaqin kelib. — Bekor qilasan. Kelgusi taqdiring mening qo'limda ekanini unutma, yigit!
— Meni xudodan boshqasi qo'rqitolmaydi, — dedi Mirsoli polkovnikka sovuq boqib. — Yo o'sha hunarimni tag'in ishga solaymi?
— Hunaringni qo'ya tur, — polkovnik birdan tusini o'zgartirib, majburan jilmaydi. — Uni turmadagilarga ko'rsatasan.
— Turma? Namuncha shunga sha'ma qilaverasiz-a? Boshqa qiladigan ishingiz yo'qmi?
Polkovnik javob o'rniga yonidagi barzangilarga ishora qildi. Ulardan biri asta yurib keldi-da, Mirsolining qo'liga kishan urdi. Mirsoli atayin qarshilik qilmadi. Shu yo'l bilan polkovnikdan ustun ekanini namoyish etib, g'olibona kuldi.
— Qani, olib boring o'sha turmangizga! — dedi kulishdan tiyila olmay. — Ko'ray-chi, qudratingiz qanchaykan!
Polkovnik bir necha marta bosh irg'ab oldi-yu, rasmiy ohangda so'z qotdi.
— Fuqaro Marat Morozov, siz maxsus xizmat xodimi hayotiga xavf solganlikda, o'n besh odamning umriga zomin bo'lganlikda ayblanasiz!
Bu ham Mirsolining bir tukini o'zgartirmadi. Barzangilar aravachani ko'tarib mashinaga yuklashganda ham bir og'iz so'z demadi.Qalbiga, qaerdandir samolardan taralib quloqlari ostida jaranglovchi sehrli xabarlarga ishondi.
* * *
Picha yo'l yurishgach, Mirsolining miyasida yana turli chalkash o'ylar g'ujg'on o'ynay boshladi. U sira tap tortmay baland ovozda allakimlar bilan janjallashib, allakimlarga o'pka-gina qila boshladi. Polkovnik goh kulgisi qistab, og'zini kaftlari bilan arang yopib qolar, goh jahl otiga minib, Mirsolini mushtlab yuboray derdi.
— Ena, enalarim, — Mirsoli kutilmaganda sal ovozini pasaytirib so'zlanishga tushdi. — Ota, sizam shu yerdamisiz? Ha-a, sizlardan xafaman. Nimaga? Nimaga bo'lardi? Yoningizda qoldirmadingiz-ku! Mana endi do'zaxga olib ketishyapti meni. Kim deysizmi? Kim bo'lardi? Dajjol. Judayam qo'rqinchli dajjol. Ammo men undan qo'rqmayman. Xohlasam, bir zarb bila iyagini tushirib qo'yardim, lekin o'sha do'zaxi qanaqaykin deb qiziqdim-da!..
Shunday dedi-yu, Mirsoli daf'atan so'zlanishdan to'xtab kissalarini paypasladi. Polkovnik qancha hayratlanmasin, uning qiliqlaridan ensasi qotmasin, ortiqcha harakat sodir etishga shoshilmasdi. Shu sababli u Mirsolining keyingi harakatlarini kutgan ko'yi tek o'tiraverdi.
Mirsoli kissalarini kovlay-kovlay hech vaqo topolmagach, bir muddat polkovnikka tikilgancha jim bo'ldi. So'ngra qaytadan so'z boshladi. Bu gal hech kim bilan tillashmadi. O'ziga o'zi tanbeh bera boshladi.
— Men muhabbatga ishonardim, — dedi u mushtlarini tugib. — Bashoratchiman, mening aytganim so'zsiz haqiqatga aylanadi, dunyoning hamma sirlarini bilaman deganim qaerda qoldi? Mana, Yulyaning kelishiga, meni deyishiga qattiq ishongandim. Qani u? Kelmadi-ku! Hay, ajinamisan, yo farishtamisanlar? Kim bo'lsang ham aytlaring! Nega Yulya kelmadi? Meni aldadilaringmi?.. Shunaqa-da, o'zlaringga nimadir kerak bo'lsa, manfaatlaringga to'g'ri kelsa ovoz berasanlar. Hozir mening ishim tushdi-da, hammang tilingni tishlading. Hali qarab turlaring, adabingni beraman hammangning! Abjag'ingni chiqarvoraman, ha!..
— Hay-hay-hay-y, — polkovnikning sabr kosasi to'ldimi, Mirsolining yelkasiga qo'lini qo'yib tinchlantira boshladi. — Achchiqlanma! Odamlaringmi, nimaydi, ajinami, farishtami, ishqilib, o'shalaring uxlayapti shekilli. Sabr qil, uyg'onishsa, albatta sado berishadi. Qizlar masalasiga kelsak, kuygan bitta senmas. Qizlar shunaqa aldoqchi bo'lishadi. Qo'y, kuyinaverma!..
Mirsoli xuddi qaerdaligini butkul unutib qo'ygan odamdek polkovnikning tovushini eshitgani hamono bir seskanib oldi-da, unga hayrat aralash tikilib qoldi.
— Nima bo'ldi senga? — so'radi polkovnik. — Tanimayapsanmi? Men og'ang, xaloskoring, boshingdagi tojingman! O'zingni qo'lga olsang-chi mundoq!..
— Siz… Ablahsiz! — dedi Mirsoli polkovnikka sovuq termilib. — Siz qo'rqinchli bandalardansiz! Do'zaxisiz!..
— Albatta, — kula-kula javob qildi polkovnik. — Seniyam o'sha do'zaximga olib ketyapman-ku! Do'zaxiligimni o'zim ham bilaman! Ammo hozir senga indamayman. Idoraga yetvolaylik, o'sha yerda gaplashamiz! Qanaqa hunaring bo'lsa ko'rsataverasan. Hozir o'zingni bos! Haydovchi akang kulaverib ishtonini ho'l qilib qo'ygan ko'rinadi. Tag'in mashinani bir yerga urvolmasin! Idorada kuldirasan endi kamini!..
Mirsoli hech narsa demay, nafratini oshkor etgan holda qovoq uyib oldi-yu, yuzini ters turdi.
* * *
Polkovnik shunchaki po'pisa qilgan ekan. Mirsolini turmaga ham, idoraga ham emas, o'zining shahar chetidagi dala hovlisiga olib bordi.
Dala hovli u qadar hashamatli emasdi. To'rt xonadan iborat ko'rimsizgina bino, eshigi taxtadan qurilibdi. Ammo havo o'zgacha toza edi. Mirsoli miyasida allanechuk o'ylar charx ursa-da, havoning tozaligini his eta bildi. Havo sababmi, endi ko'z o'ngida olamdan o'tgan yaqinlari namoyon bo'lmay qo'ydi. Ularning o'rnini qandaydir murda, tekis-notekis so'qmoq, shoxlari qurib qaqshagan past-baland daraxtlar egalladi. Hadeganda Mirsoli yuragini vahm bosib titrab ketaverdi. Afsuski, uning ahvoliga na polkovnik, na haydovchi e'tibor berdi. Aravachani pastga tushirib qo'yishdi-da, o'zlari ichkariga kirib chiroqlarni yoqishdi, haydovchi rahbari imosi bilan darrov o'choqqa o't qaladi. Aftidan biror yegulik pishirish harakatini boshladi.
— Qani, bashoratchi Morozov, ichkariga kiramiz endi, — dedi polkovnik nihoyat hovliga chiqib. — Yur, o'zim seni olib kiraman!
Mirsoli qo'rqinchli tasavvurlar tarqagan kabi sergak tortib, polkovnikka yer ostidan razm soldi. Uning qovoqlari uyiq, nimadandir bezovtaligi harakatlari chalkash, bejoligidan sezilib qolayotgandi.
«Negadir qalbim hech vaqoni sezmayapti, — ko'nglidan o'tkazdi Mirsoli hayhotdek xonaga kirgach ko'zlarini yumib. — Yulya ham ko'rinish berishi zarur edi. Kelmadi oldimga. Nega? Nima uchun o'zgarib qoldim tag'in? Manavi-chi? Shundan qo'rqdimmi? Nima uchun? Turmaga qamashidan cho'chidimmi? Shuning uchun qalbim menga sado bermayotganmikan? Yo'q, undaymas. Hozirgina dahshatli sahnalarni ko'rdim. Yorug' dunyoning eng chirkin tasodiflariga guvoh bo'ldim. Demak, men hali ado bo'lmadim. Faqat polkovnik ne niyatda dala hovlisiga olib kelganini anglay olmasligim alam qiladi. Qaniydi, u gap boshlashidan oldin o'zim barchasini idrok eta olsam…»
— Bilasanmi nega seni turmaga olib bormadim? — so'radi polkovnik kutilmaganda Mirsolining qarshisida turgan eski kursiga cho'kib. — Top-chi bashoratchi!
— Hoy bo'lg'usi general, — bosiqlik bilan so'z qotdi Mirsoli. — Ustimdan kulavermang! Tag'in mening kunim boshingizga tushib qolmasin! Hozirgi zamonda yaxshilik ham, yomonlik ham qirq kunmas, qirq daqiqada qaytyapti. Shuni unutmang!..
— Mayli, o'zim aytaman, — dedi polkovnik Mirsolining tanbehlariga e'tibor qilmay. — Senga manavinaqangi oyoqsizliging asqotdi. Sendaqalarni qamab kim baraka topardi. Turgan bitganing xarxasha, tashvish bo'lsa… Bo'pti, jahling chiqmasin, seni bu yerga olib kelganimni ham ayta qolay. Hov, Morozov, sen haydovchimning oldida bir pul qilding-ku! Shuni bilasanmi?
— Nima qipman bir pul qilib? Haqiqatni aytdim