tungi.ru

Snayper 8 (kamolov) (6-bet)

Chiqarib ollaring bu do'zaxdan meni-i!!! Iflosla-ar!!!

Oradan besh daqiacha vaqt o'tib, nihoyat eshik sharaqlab ochildi va ichkariga turma nazoratchisi kirdi.

— Ha, nima bo'ldi? — so'radi u dag'dag'ali ohangda. — Iching o'tdimi? Gapir, dayus!

— Meni chiqarib ollaring! — qichqirdi Mirsoli sovuqdan dag'-dag' titrab. — Senlarda zarracha shafqat bormi o'zi?

— Shafqat kerak bo'p qoldimi senga? — battar o'dag'ayladi nazoratchi. — Buni oldin o'ylash kerak edi. Endi poezding ketib bo'ldi. Buyog'iga mana shunaqangi kunlarnigina ko'rib yashaysan. Ha-a, hali bunisi holva. Bir umrga qamalgin, sudya hukmni o'qisin, ana unda ko'rasan haqiqiy azobni! Teringni shilvolishadi u yerda!

— Unisi meni qiziqtirmaydi hozir, — dedi bu gal past ovozda Mirsoli. — Hozir meni shu joydan chiqib ketish ko'proq qiziqtiryapti. Iltimos, kameramga qamalaring! Tavba qildi-im!..

— Shunaqami? Bo'pti, o'zi bugun oxirgi kun edi. O'tira tur, men borib turma boshlig'idan ruxsat olib kelaman…

Turma nazoratchisi yana bir karra Mirsolining ayanchli ahvoliga qarab oldi-da, hushtak chalgan ko'yi chiqib ketdi.

* * *

Haqiqatan, so'nggi kunlardagi tushkun va qiynoqli lahzalar rostakamiga Mirsolining paymonasini to'ldirgandi. Ayniqsa, karserda o'tkazilgan uch kun bu notavon yigitni jar yoqasiga yetaklab kelgan, Mirsoli shu jarga uloqishni juda-juda xohlayotgandi.

«Men o'zingdangina o'lim so'rayapman, xudo, — deya nola chekardi u turma nazoratchisi yetagida boshqa bir kamera tomon ketib borayotib. — Shu birgina so'rovimni qabul qilsang-chi! Senda adolat bormi o'zi? Mana shu qo'llarim bilan qancha martalab qotilliklarga xezlandim, qancha begunoh bandalarning ko'nglini og'ritdim, xonavayron qildim. Nima uchun shu gunohlarim jazosiga jonimni ola qolmaysan? Nahotki, senga ham keragim qolmagan bo'lsa? Ko'rib turibsan-ku, ojiz-u notavonman! Oyoqlarimni tortib olding, o'zimni qismat halinchaliga itqitib tashlading. Yana nima qilay? Men bu yorug' dunyoda bir soniya ham qolishni, yashashni, manavi badbo'y havodan nafas olishni, hech kimning ko'ziga qarashni xohlamayman! Olaqol jonimni..»

— Mana, yetib kelding «besh yulduzli otel»ingga, — deya Mirsolini masxaralagan kabi hiringlab kuldi nazoratchi. — Bilasanmi bu kamerada kimlar o'tiribdi?

— Menga umuman qizig'i yo'q kim o'tirganining, — dedi Mirsoli nazoratchiga nafrat aralash boqarkan. — Olib kirmoqchi bo'lsang, och eshigingni! Menga nima farqi bor?

— Yo'-o'q, senga aytib qo'yish vazifam. Shuning uchun eshitishga majbursan. Eshitmay ham qaerga borarding?!. «Ballon»laring darz ketib bo'lgan-ku!.. Xullas, politsiyachining joniga qasd qilganing uchun xuddi mana shu kamerada ajr to'laysan. Eh, buni tasavvur ham etolmaysan! Ichkarida rostakam mentlar o'tiribdi. Ular allaqachon qilmishingdan xabar topishgan. Shunday ekan, tayyor tur!..

Mirsoli bu po'pisalarni eshitib qilt etmadi. Bir tuki o'zgarmay xotirjam o'tiraverdi. Turma nazoratchisi esa piltanglagancha ikki qadam tashlab eshikni ochdi.

— Qani, mahbus Morozov, ichkariga kirsinlar! Yaxshi dam olsinlar!..

Kamerada uch nafar mahbus o'tirardi. Ikki nafari taxtadan yasalgan stol atrofida qartabozlik qilar, ularga nisbatan ancha bo'ydor va beo'xshovi orqaroqdagi ikki yarusli karavotlarning pastki qavatida yastanib olgan ko'yi gazeta varaqlardi. Mahbuslarning har biri devdek bahaybat, go'yo yuzlaridan zahar tomardi. Mirsoli kirgani hamono orqaroqda yastanib olgani istamaygina o'rnidan turdi va qo'lidagi gazetani karavot ustiga irg'itib, oldinga yurdi.

— «G'ilay», — deya stol atrofidagi mahbuslardan biriga yuzlandi u. — Jazoni nimadan boshlasak ekan-a?

— E, «Burgut», — boshqa mahbus sakrab o'rnidan turdi-da, kameradoshiga yaqin bordi. — Biz «Bolta» ikkimiz boya rosa tortishdik shu masalada. Axiyri bir to'xtamga keldik.

— Ie, shunaqami? — «Burgut» deganlari kaftlarini bir-biriga ishqalay-ishqalay, Mirsoliga yaqin keldi. — Qani, «G'ilay», nima to'xtamga kelganlaringni bir aytib ber-chi! Agar menga ma'qul tushsa, oshig'ing olchi!

— Aytishlariga qaraganda, bu nusxa hamkasbimizni qip-yalang'och qilib yechntirgan ekan.

— Nima? — «Burgut» xuddi bu gapni ilk bor eshitgan bo'lib so'ytoldek mushtlarini tugib oldi. — Shu manqa-ya? Oyog'i yo'q bo'lsayam tavba qilish o'rniga shunaqa ishlar qilib yuribdimikan hali?

— E, bu-chi, ochiqda go'yo qirollarday gerdayib yashaganmish. Puliyam rosa ko'p bo'lganmish. Hozir manavinday lattasi chiqib turibdi xolos. O'zini zo'r deb bilgan!

— Politsiya xodimini o'ldirish qanaqa bo'lishini ko'rsatib qo'yish kerak bunga, — dedi «Burgut». — Ammo senlarga maslahatim shuki, buni o'ldirishga shoshilmaysanlar. Ifloslar tozza qiynalishi, so'lagi oqib beton polda keragicha dumalashi zarur.

— O'zimizning ham rejamiz shunday, — suhbatga aralashdi «G'ilay». — Mana, nazoratchi haqini olib va'dasini bajardi. Bu kelgindi buyog'iga bizning qo'limizda. Boshladikmi?

— Boshladik!..

«Bolta» laqabli mahbus sheriklarini nari surgan bo'ldi-da, Mirsoliga yaqinlashib, kutilmaganda aravachani ag'darib yubordi.

— Hay-hay, to'xta, «Bolta», — deya sherigini nari surib o'zi butkul himoyasiz, dumalab aravacha ostida qolgan Mirsoliga yaqin bordi «Burgut». — O'ziyam anchadan beri manavinaqangi holatda dumalab yotmagan bo'lsa kerak bachchag'ar. «G'ilay», kiyimlarini yechlaring cho'loqning!

— Og'a, o'ldirib qo'ya qolsak-chi tezroq, — dedi «Bolta» toqati toq bo'lib. — Shu nusxa bilan pachakilashib, bekor vaqtimizni o'tkazyapmiz-da!

— Bu nima deganing? — uni koyib berdi «Burgut». — Buni, axir, anchadan beri kutdik! Menam qiynalib, sharmandalanib, orsizlanib o'lishini ko'rib maza qilay-da endi! Insof bormi o'zi senda?

— Tushundim, — dedi «Bolta» ikki qo'lini ko'ksiga qo'ygancha beo'xshov tirjayib. — Buyuring, og'a! «G'ilay» ikkovimiz xizmatingizdamiz!

— Kiyimlarini bitta qo'ymay yechib ollaring boshlanishiga! — buyurdi «Burgut» aftini bujmaytirib. — Oyoqsiz xunasani hech qachon yalang'och ko'rmagandim. Qani, ko'raylik-chi, qanaqaykan bular!..

Sheriklar baravariga Mirsoliga tashlanishdi. Avval uni aravacha ostidan tortib olib ikki qo'lini orqaga qayirishdi va yo'g'on arqon bo'lagi bilan mahkam boylashdi. Og'zini skotchlashdi. Mirsoli endi rostakamiga himoyasiz qoldi. Aristonlar esa unga masxarali ko'z tashlay-tashlay, bor kiyimini yechib tashlashdi.

* * *

— O', ja qo'rqinchli ko'rinarkan, — deya ortga tislanib oldi «Burgut». — Uylansayam xotini ko'rib bo'lari bo'larkan.

— Hamma yeriga uchuq toshib ketsa kerak, — gap qo'shdi «G'ilay». — Qarang, og'a, odam turqi qolmabdi haqiqatan!..

— Endi o'zimiz berkitib qo'ygan boltani opkellaring! — buyurdi sheriklariga «Burgut». — Tez bo'llaring! Aytgancha, oldin ko'proq latta-putta g'amlab olinglar! Qon izini darrov yo'q qilmasak, keyin ketkazib bo'lmay qoladi.

Sheriklar og'asining ko'rsatmasini bajarishga kirishdi. Mirsoli esa ularning har biriga goh nafrat, goh umid nigohi bilan boqib javdirar, o'zini nimalar kutayotganini taxmin qilgani sayin ich-ichidan ado bo'la borardi.

«Bularning niyati buzuq, — o'ylardi u boshini sarak-sarak qilib. — Shundog'am oyoqlarim yarimtaydi. Endi qolgan yarmidanam ayirisharkan marazlar. Odam bolasiyam shunchalik toshyurak bo'ladimi? To'g'ri-da, xudo kechirib bo'lmas gunohlarim evaziga shu balolarni yo'llagan. Chidashga, taqdirga tan berishga majburman!.. Ishqilib, bolta kelib tushishi bilan hushimdan ketay, yo'qsa ado bo'laman!..»

Hash-pash deguncha aristonlar barcha narsalarni muhayyo qilishdi. Burgut ularning qo'lidan o'tkir boltani qabul qilib olarkan, zimdan Mirsoliga razm soldi. Uning nuqul javdirayotganini ko'rib yanada rohatlandi, og'zining tanobi qochib sheriklariga qarab irshaydi. Keyin esa daf'atan boltani baland ko'tardi-yu, Mirsolining chap soniga urdi.

— Voy-do-od!!! Voy joni-i-im!!!

Mirsoli jonsiz oyog'iga bolta tig'i kelib urilgach, hushini yo'qotdimi-yo'qmi, idrok eta olmadi. Bor ovozda qichqirib yotgan yerida sakrab yuborganini angladi xolos…

U ko'zlari moshdek ochilib, tevarakka alangladi…

Negadir ishonqiramay yana va yana atrofga razm soldi.

Mirsoli negadir turmada emas, kasalxona palatasida ekanini shundagina tushunib yetdi.

Haqiqatan, xona shinam edi. U bir kishilik palata karavotida yotar, tepasida esa… Yolg'iz ammasi To'fanisa opa qon yig'lab turardi.

— Voy, ammang aylansin, uyg'ondingmi-i?

Ammasi ko'zlariga ishonmay, Mirsolini ikki yelkasidan quchgan holda qayta-qayta kuzatardi.

— Jonim chiqib ketay dedi-ku, jiyanim! Bir oydan beri uyg'onmaysan-a!.. Voy xudoyimga shukr! Xudoyim qaytib berdi seni, ammang o'rgilgur!..

Mirsoli shu taxlit besh daqiqacha alanglab, alahlab o'tirdi. Nimalar bo'layotganiga sira aqli yetmay, ikki oyog'ini tekshirib ko'rdi. Oyoqlari yarimta ekaniga amin bo'lgach, To'fanisa opaga tikildi.

— Oyoqlarimni chopishmadimi? — so'radi u xavotirini yashira olmay. — Anavilar… Aristonlar qani? Haligi… Bolta tutgan uch ariston… Ketishdimi?..

Ammasi uning savoliga javob berib ulgurmay, palataga davolovchi vrach hovliqqancha kirdi.

— O', opajon, tabriklayman sizni! Qahramonimiz uyg'onibdi-ku!..

To'fanisa opa bir Mirsoliga, bir vrachga qarar, javob berish o'rniga piq-piq yig'lardi.

* * *

— Farishtalarim qani? — so'radi Mirsoli vrachning so'zlash uchun og'iz juftlashiga-da e'tibor qilmay. — Axir, men bashoratchi edim, amma! Farishtalarimni iblis opketib qoldi! Iltimos, iblisni topishda yordamlashvoring! Men uni qiyma-qiyma qilib tashlayman!..

— Xo'p, uka, xo'p, — To'fanisa opaning o'rniga vrach javob qildi Mirsolining ikki yelkasini mahkam siqimlab. — Albatta yordam beramiz. Faqat hozir siz tinchlanib olishingiz kerak. Har holda bir oy komada bo'ldingiz.

— Nima? Komada? — Mirsoli bu gapdan so'ng hiyla o'ziga kelgandek sergaklandi. — Men-a?

— Ha, afsuski siz, — dedi vrach asabiy lab tishlab. — Nima qilaylik? Taqdiri azal ekan. Ikki oyog'ingizdan ayrilib qoldingiz. Peshonangizga shu kunlar yozilgan ekan-da, inim! Xavotir olmang, tez kunda sog'ayib oyoqqa turasiz. Ko'rmaganday bo'lib ketasiz.

— Oyog'im bo'lmasa qanday qilib oyoqqa turaman, — dedi Mirsoli majolsiz qo'llarini oppoq choyshab ustidan yarimta oyoqlariga qo'yib. — Gapiraverarkansiz-da gap deb!

— Qo'y, unday dema, Mirsolijon, — ko'z yoshlari ho'l qilgan ikki yuzini dastro'molchasiga artarkan, gapga aralashdi To'fanisa opa. — Vrach akalaring, opalaring rosa yugur-yugur qilishdi seni uyg'otamiz deb. Farishtalarniyam topamiz, juvonmarg iblisdan boplab o'ch olamiz. Aytgancha, sen hech qachon nogironlar aravachasiga o'tirmaysan! Qishloqqa o'z oyoqlaring bilan yurib borasan xudo xohlasa!..

Mirsoli bu gaplarga yo tushunmadi, yo karaxtlik zo'r kelib anglay bilmadi. Asta boshini qaytadan yostiqqa qo'ydi-da, ko'zlarini yumdi. Vrach esa sekin To'fanisa opani yo'lakka olib chiqdi-yu, tayinladi:

— Zinhor uyg'ota ko'rmang! Tiniqib uxlashi kerak jiyaningiz. O'zi uyg'ongandan keyingina gapga tuting!

* * *

Mirsoli yarim tunda uyg'ondi. Bu gal alahlamadi. Shiftga tikilib yotgancha o'tgan kunlarni bir-bir yodga oldi. So'nggi bor politsiyachilar ta'qibidan qochgani, oyoqlariga o'qlar yomg'iri ketma-ket yog'ilgach, yiqilgani, asta-sekin hushini yo'qota boshlagani ko'z o'ngida namoyon bo'ldi. Shundan keyingina uzoq vaqt komada yotganiga ishondi.

— Amma, — dedi hanuz tepasida mijja qoqmay yig'lab o'tirgan To'fanisa opaning bilagidan tutib. — Nega uxlamadingiz? Bunaqada toliqib kasal bo'lasiz-ku!

— Menga jin urmaydi, — To'fanisa opa shosha-pisha ko'z yoshlarini artdi-da, Mirsoliga jilmayib boqdi. — Asosiysi, sen o'zingga kelding. Tag'in uch-to'rt kun yotib tursang, butunlay yaxshi bo'lasan. Innaykeyin ikkovimiz yetaklashi-ib qishlog'imizga jo'naymiz-a?

— Qishloqqa? — so'radi Mirsoli hayron bo'lib. — Nima qilamiz qishloqda?

— Voy, bu nima deganing? O'zim seni uylantiraman. Qizniyam topib qo'yganman.

— E, amma, — dedi yotgan yerida qo'l siltab Mirsoli. — Yarimjonga kim ham tegardi. Qarang, oyoqlarimni kesib tashlashibdi.

— Joning omon qoldi-ku, — To'fanisa opa yana ko'zlari yoshlanib, biroz engashgan ko'yi lablarini pulkillatgancha jiyanining ko'ksiga bosh qo'yib oldi. — Yaxshiyam akam, yangam rahmatlilar bu ahvolingni ko'rishmaydi. Yo'qsa kuyaverib ado bo'lishardi.

— Nastya enam-chi? — so'radi kulimsirab Mirsoli. — Uyam kuyarmidi?

— Albatta kuyardi. O'zing aytganding-ku seni yaxshi ko'rishini!

— Ha-a, — Mirsoli ko'zlarini yumib javob qildi. — Nastya enam ham meni juda-juda yaxshi ko'rgandi. Afsus, xudo ko'p ko'rdi uniyam. Darvoqe, siz mening bannisaga tushganimni kimdan eshitdingiz? Qanday topib keldingiz bu shaharni? Sizga manzilimni aytmagandim-ku!

— Topdim, — dedi To'fanisa opa boshini ko'tarib — Ajoyib polkovnik tanishing borakan. «Jiyaningiz bilan aka-ukaday bo'lib ketganmiz», dedi umring uzoq bo'lgur. Keyin-chi, bankda ka-atta puling qolib ketganakan. O'sha polkovnik akang olib qo'yibdi. Pullaringniyam qo'limga topshirdi. O'zi aeroportda kutib oldi, mana shu bannisaga opkelib qo'ydi. O'ziyam bir kun kechgacha tepangda o'tirdi. Sen bilmading-da!..

— Tushunmadim. Xo'p, pullar mayli, o'zim tayinlagandim unga. Ammo… Qarang, basharam umuman o'zgarib ketgan. Otim ham, familiyam ham o'zgargan. Qolaversa… Ha, qishloqqa o'lganim haqida xabar bordimi?..

To'fanisa opa bu savolni eshitgach, daf'atan jiddiylashib yuzini ters burib oldi.

— Qo'y, o'sha kunlarni esimga solma, — dedi ovozini pasaytirib. — Seni tiriklay ko'mgandan ko'ra o'zim o'lib keta qolganim yaxshiydi… Xayriyat, xudoga beadad shukr, «Bitta-yu bitta jiyanim yosh o'lib ketdi, murdasiniyam temir tobutda opkelishdi, bizlarga ochtirishmadi», deb o'ksini-ib o'tirgandim. Qaraki, polkovnigingdan dilgirom opkeb qolishdi. Jonimni hovuchla-ab yetib kelsam, anchadan keyin «jiyaningiz hayot, bannisada yotibdi, o'shanda shunday qilishga majbur bo'lgandik», deb mendan rosa kechirim so'radi xudo yarlaqagur. Innaykeyin polkovnik akang hamma gapni ipidan ignasigacha aytib berdi. Eh, o'shanda qanday quvonganimni bilsayding… Yo'q, oldiniga ishonmadim. Bu ajnabiy erkak o'yin qilyapti shekilli deb o'yladim. Oldingi hujjatingniyam ko'rsatgandan keyin ishondim…

— Ha, sizgayam oson bo'lmabdi, amma, — dedi Mirsoli. — Toz-za ovora qilishibdi. Meni kechiring! G'o'rlik qilib har xil yo'llarga kiribman.

— Unday dema, senga begonamasman-ku! Bittagina akamdan qolgan yodgorimsan. Mana endi, qishloqqa borib ka-atta to'y qilamiz. Mayramxon mahramingga aylanadi. Titrab-titrab, uyalib-qimtinib chimldiqqa kiradi. Seniyam tortgan dardlaring orqada qoladi.

— Mayramxon kim? Men taniymanmi uni?

— Taniysan. Shu yil maktabni tamomlayapti. Hov narigi mahalladagi Egam nonvoyning qizi. Judayam ko'hlik, aql-farosatli qiz bo'lgan. Tilpon qilib qo'shnimiz Madinaxonga aytuvdim, qiznikiga borib qattiq tayinlab qo'yibdi. Ha, esim qursin, sening tirikligingni butun qishloq eshitibdi. Ishonsang, katta to'yga aylantirvorishibdi xursand bo'lishganidan. Ko'rdingmi, Mirsolijon, qishlog'imizdagilar seni juda yaxshi ko'rishadi.

— Qiz topib bekor qipsiz, amma! Nogironga kim ham tegardi?

— Tag'in o'sha gapingni qaytarasan-a! Sen nogironmassan. Ana, polkovnik akang va'da berdi. «Jiyaningiz o'ziga kelsin, o'zim protez oyoqning ketvorganidan keltirib beraman, xuddi o'zini oyog'iday sira qiynalmay yura oladi», dedi. Hozir-chi, protezniyam zo'rlari chiqib ketganmish-da!.. Mana ko'rasan, o'sha oyoqni o'rnatvolsang, hamma azoblaringni unutasan!..

— Bir gapni aytsam, urishmaysizmi? — so'radi Mirsoli kulimsirab. — Rostingizni ayting faqat!

— Ie, seni nega urishay? Ayt, Mirsolijon!

— Men tushimdami, o'ngimdami, bilmayman, xullas, bashoratchi bo'lganmishman. Hamma narsani oldindan bilganmishman. Keyin… Bilmadim, buyam tushimda bo'ldimi, ishqilib, iblis rosa qonimni ichdi. Yo'rig'iga yurgazib ado qilayozdi…

— Bularning hammasi tushingga kirgan, — dedi To'fanisa opa. — Do'xtir aytdi-ku, og'riq kuchliligidan komagami, ishqilib shunaqa bir narsaga tushib qolganmishsan. Tushingda yovuz jinlar aqlingni o'g'irlagandir-da! Parvo qilma, qishloqqa yetvolaylik, zo'r domla opkeltirib yetti marta o'qittirvoraman seni!. Ko'rmaganday bo'p ketasan!

— Mayli, endi men uxlayman, — dedi Mirsoli yana boshini yostiqqa qo'yib. — Biroz charchagandayman. Sizam dam oling!..

* * *

Bu gal rostakamiga Mirsolining baxti kulgandi. Begona yurtlarda o'ta shafqatsiz odamlar bilan osh-qatiq bo'lib yosh umrini sal qursa xazon qilayozgan yigit qadrdon qishlog'iga haqiqiy boyvachchaga aylanib kerilib qaytdi. Polkovnik uning tiyiniga ham xiyonat qilmabdi. O'ta zamonaviy protezni oyog'iga kiydirib qo'ygach, pullarni qo'liga topshirdi-yu, izzatini joyiga qo'yib kuzatdi. Mirsoli haqiqatan o'zini qayta dunyoga kelgan kabi yengil his etardi. Protez kiyilgach, oyoqlari go'yo asliga qaytgandek kechgani bir baxt bo'lsa, katta pul bilan hovliga kirib kelgani yana bir baxt edi…

Birinchi kuni tushiga ikki onasi kiribdi. Ular qandaydir yig'inda Mirsolini o'rtaga olib rosa duo qilishibdi…

Mayramxon ammasi ta'riflagandan-da xushro'yroq, aqlliroq ekan. Yangi, hashamatli hovliga kelin bo'lib tushgan kuniyoq Mirsolining nazarida uy nurga to'lgandek tuyildi. Mayramxon qishloq kelinlari orasida urf bo'lgan kiyimlarda salom qilib mahalla ayollari, tengqur qizlarning rosa havasini keltirdi. Mirsoliga har gal zimdan razm solganda esa bir gapni xayolan takrorlab charchamadi:

«Men hasmi halolimni dunyodagi eng baxtli insonga aylantiraman!..»

(Tamom)

Olimjon HAYIT asari.

Erinmasdan o‘qib chiqganlariz uchun raxmat. Fikrlaringiz bo‘lsa kutaman. Tez kunga yana bir asar bor nasib qilsa chiqaramiz.

O‘xshash hikoyalar