tungi.ru

Snayper 8 (kamolov) (4-bet)

ortga yurgazib bank rahbariga javdiradi.

— Xo'sh, uka, esladingizmi? — so'radi bank rahbari. — Yo…

— Meni kechiring, — dedi Mirsoli uf tortib. — Rostdanam boshqa birovning nomiga rasmiylashtirilgandi yacheyka. Umuman yodimdan ko'tarilgan ekan. Demak, o'sha odamning o'zi kelmaguncha pullarni ololmayman-da-a?

— Albatta, — dedi rahbar Mirsolining yarimta oyoqlariga achinish aralash, ammo sezdirmasdan boqarkan. — O'zingiz tushunasiz-ku! Qonunlarimiz shuni taqozo qiladi. Ishoning, agar qo'limdan qandaydir yordam berish kelsa, men tayyorman. Mayli, o'sha odamni qidiring, toping, u bilan birga kelsangiz, hech qanday ortiqcha mashmashalarsiz ishingizni bitirib beraman…

* * *

Bu Mirsoli uchun o'limdan-da battarroq edi. Endi millionlab pullariga egalik qila olmasligini tasavvur etgani sayin yuragi orqaga tortar, tanasidagi har bir tukni allaqanday mahluqlar yulib olayotgandek o'rtanardi. Bu ham yetmagandek, tashqari eshikdan chiqayotganda aravachaga bir barzangi tizzasi bilan urilib ketdi. U og'rigan tizzalarini siqimlagancha Mirsoliga sovuq tikilib turdi-da, beixtiyor so'kindi.

— Vey, cho'loq, ko'zingga qarab yursang, o'lasanmi-a? He onangni!..

Cho'loq deb haqoratlashiga chidardi. Onalarini haqorat qilgani alam qildi. Ehtiyot shart barzangining yuz tuzilishini eslab qoldi. Biroq bu bilan tinchlana olmadi. Pul jazavasi hanuz bag'rini tig'layverdi. Mirsoli katta yo'l bo'yiga chiqdi-yu, nima qilishni, qanday chora topishni bilmay boshini quyi solgan ko'yi o'tirib qoldi. Shu tobda daf'atan noma'lum tovush borlig'ini egallab qichqira boshladi. Boshqa payt bo'lsa, Mirsoli jahlini tiyolmagan, telbalarcha hayqirib yuborgan bo'lardi. Hozir esa shu tovush sohibi dardiga malham bo'ladigandek tuyildi.

— Men sening o'rningda bo'lsam, ilgarigi hunarimga qaytgan bo'lardim, — deya ayuhannos solardi tovush egasi. — O'yla, tanangga kengash, o'sha pullarni nima evaziga qo'lga kiritgansan? Albatta zo'ravonlik ko'chasiga kirganingdan keyin. Yo noto'g'rimi gapim? Gapir, pahlavon!

— Sen kimsan o'zi? — yon atrofdagilar e'tiborini tortmaslik uchun pichirlab so'radi Mirsoli. — Qachon qarasa sayraganing sayragan. Axir, bilishim kerak-ku kimligingni!

— Sening yo'riqchingman, — dedi u. — Zarurat tug'ilganda senga ko'mak beraman. Bashoratlarniyam senga faqat mening ko'rsatmam bilan yetkazishyapti.

— Oting bordir-axir? Kimsan?

— Iblisman! Endi angladingmi? Lokigin, bir narsani bilib qo'y, bandalar shaytoni lain deb mendan nafratlanishadi. To'g'ri, bu dunyoda har kimgayam bir xilda yoqib bo'lmaydi. Ammo senga katta puldor bo'lishingda, xavfli yovlardan xalos bo'lishingda yordam berganim haqiqat. Agar men yo'l ko'rsatmasam, shiddatni qaerdan olarding?

— Unda nega bashoratlar g'oyib bo'ldi? Qani ular? Nimaga hech vaqoni his eta olmayapman? Tugadimi hammasi?

— Agar yo'rig'imga kirishga so'z bersang, qayta paydo qilaman hammasini. Buning mushkul yeri yo'q. Xo'sh, zo'ravon, eski ishga qaytamizmi? Bizga ola qaraydiganlarni tinchitishni boshlaymizmi yana?

Mirsoli bir muddat o'yga toldi. Nogiron, yarimta, nobop oyoqlariga boqdi. So'ngra qaytadan shivirlab so'radi.

— Manavi holim bilan bir ishni qoyillata olamanmi? Mana, aravachaga mixlanib qolganman!

— G'alchaga o'xshab valdirayverarkansan-da, — urishib tashladi iblis. — Sendan battarlarini bilaman. Qo'shni davlatda umuman qo'l-oyolari yo'q barzangi shogirdim bor. O'sha-chi, miltiqni sonlariga qisib olib bemalol ota biladi. O'qiyam hech qachon xato ketmaydi. Miltiqni o'ziga moslashtirib olgan. Yo'lini topib allaqaeri bilandir tepkiniyam bosadi qoyillatib. Xullas, o'sha shogirdim tengsiz mergan va zo'ravon. Butun boshli shahar undan qo'rqadi. Gapingni qara-ya, nodon! O'ylanmasdan rozi bo'laver! Biz manaman deganni yer tishlatamiz, yo'rig'imizga yurishga majbur etamiz. Anavi bankdagi egasiz qolgan pullaring ming barobarga ko'payadi. Sen suvmas, pullarning ichida cho'miladigan bo'lasan. Hamma sening so'nggi so'zingni kutib turadigan bo'ladi.

— Yo'g'-e, — dedi Mirsoli biroz ishonqiramay. — Rostdan shunaqa bo'larmikan-a? Negadir ikkilanyapman. Har holda…

— Tezroq bir qarorga kel! Aks holda sendan yuz o'girishim hech gapmas. Sendaqalar yo'limda qalashib yotibdi.

— Xo'p, roziman, — dedi jo'shib Mirsoli. — Faqat bashoratlarni ortga qaytar tezroq! Yo'qsa yorilib ketaman hozir.

— Mana bu boshqa gap, — deya go'yo dunyoni larzaga keltirib xoxoladi iblis. — Kelishib ketishimizga ishonardim. Endi hech narsani o'ylama, hech kimdan qo'rqma! Menga suyan, shogird! Hammasini muhayyo qilaman. Ishni boshla, shovvoz!..

Shu ondayoq Mirsolining qalbi yanada jo'shdi, miyasida qisqa tanaffusdan so'ng ilk ma'lumotlar jo bo'ldi.

— Ishni polkovnikning joniga qasd qilishdan boshlaysan, — endi xotirjam ohangda yo'l ko'rsata boshladi iblis. — U sendaqalarga hech qachon do'stlik qilmaydi. Ishi bitguncha «uka»lashni biladi. O'lib ketganingdayam bir tuki seskanmaydi.

— Nega uni o'ldirishim kerak? Axir…

— Qanaqa anqovsan o'zi? O'sha sening poyingni qirqish niyatida yuribdi. Bir muammosi bor. O'shani bitirvolsa, seni yo'q qilib yuboradi. Murdangni hech kim topa olmaydi keyin. Kallani ishlatsang-chi munday!

— Qurolim bo'lmasa, qaerdan olaman uni?

— Hozir bir manzilni aytaman. O'sha yerga borib Misha ismli erkakka ro'baro' bo'lasan. Qo'rqma, seni bu shaharda it ham tanimaydi. Basharang o'zgarganini unutma!

— Ha, shunday qilaman, — dedi Mirsoli shoshilmaygina aravachani oldinga g'ildiratarkan. — O'zi boyadan beri jonim chiqib turuvdi. Bir ablah meni «cho'loq» deb haqorat qildi, ishonasanmi? Men cho'loqmanmi?

— Xuddi o'sha yaramas qurol sotish bilan shug'ullanadi, — Mirsoliga tayinlay ketdi iblis. — O'shandan olasan qurolni. Bir tiyin pul bermaysan. U senga qurolni qarzga beradi. Keyin… O'sha yerning o'zida birinchi bo'lib uni o'ldir! Ikkilanma! Bu dunyoda zo'r bo'lmasang, «cho'loq» deyish ham gapmi, tepkilab o'tib ketaverishadi seni! Aytgancha, sen hech kimni o'z qo'llaring bilan o'ldirmaysan.

— Kim o'ldiradi unda mening o'rnimga?

— O'zlarini o'zlari o'ldirishadi.

— Qanaqasiga?

— Sen shaytoniy qobiliyatingni ishga solasan. O'limga mahkum kimsalarni gipnoz ta'siriga tushirasan. Ana shu yo'l bilan o'ldirasan.

— Tushunmadim baribir. Qanday qilib gipnoz yo'li bilan o'ldirish mumkin?

— Buni keyin bilasan. Hozir yo'lga otlan!

Bu tanbeh va ko'rsatmalarni eshitgach, Mirsoli allaqachon bir qarorga kelib bo'lgandi.

U birovlarga bo'ysunmaslikka, har qanday vaziyatda ham ojizlarga hukmini o'tkazishga qasam ichdi.

* * *

Mirsolini «cho'loq» deya haqoratlagan, qalbiga bir parcha muz tashlab ham pinagini buzmagan barzangi shahardan chetroqdagi ko'rimsizgina hovlida kun kechirarkan. Hovli ko'rimsiz bo'lsa-da, darvozasi mustahkam edi. Qalin temirdan tiklangan darvozani o'ta mustahkam qilib o'rnatishibdi.

Iblis yetagidagi ko'rinmas yo'l ko'rsatuvchilar Mirsoliga hammasini oqizmay-tomizmay aytib berishdi. U begona ko'zlardan, politsiya ta'qibidan saqlanish uchun ham shu yerda yasharkan. Buni Mirsoli aravachada hovliga yaqin borib darvozani qayta-qayta taqillatgandan keyin bildi. Darvozani chamasi uch-to'rt daqiqacha taqillatib turdi. Iblisning «farishta» niqobi ostidagi ko'makchilari Mirsolini ketishga qo'yishmadi. Darvoza baribir ochilishiga ishora qilishdi. Haqiqatan, ichkaridan xuddi o'sha yoqimsiz tovush egasi darvoza tirqishiga og'zini to'g'rilab shivirladi.

— Kim u?

— Ocha qoling, brat, — dedi Mirsoli hazin tovush bilan. — Bratvalardan salom opkeldim sizga.

— Qaysi bratva? — so'radi barzangi. — Kimsan o'zing?

— Chiqsangiz tanib olasiz. «So'tak» jo'natdi meni.

Bu laqabni ham Mirsoli behuda tilga olmagandi. Iblis yetagidagilar shipshitishgandi. Shu yerda u «So'tak» shaharni o'z nazorati ostiga olish harakatiga tushganini, ko'zga yaqin bozorlar, giyohvand moddalar savdosi qiziydigan manzillarni allaqachon egallab ulgurganini bildi.

Nihoyat zulfin tushirilib, darvoza ochildi va qarshisida xuddi o'sha barzangi hozir bo'ldi.

— Sen? — barzangi Mirsolini ko'rdi-yu, jahli oldingidan-da yuz chandon battarroq qo'zg'aldi. Jahli chiqqanda yuz-ko'zlari qizarib, titray boshlarkan. Mirsoli shu qiyofasiga qarab turib, barzangi sport bilan umuman shug'ullanmasligiga amin bo'ldi.

— Sen, cho'loq, mendan nima istaysan o'zi? — dag'dag'a qilishda davom etdi barzangi. — Nega u yimga kelding? Pul kerakmi?

Mirsoli javob o'rniga iblis va ko'makchilar ko'rsatmasiga quloq tutdi. Chap qo'lini oldinga cho'zib, birpas tek qoldi. Gipnoz ta'sir eta boshladi shekilli, barzangi titrashdan to'xtadi. Endi ehtiyotkorona qadam tashlagan holda ortga tislana boshladi. Shubhasiz, Mirsoli ham uni ta'qib qila bordi. Hovliga kirganlari hamono, Mirsoli darvozani ichkaridan qulfladi.

— Sen yashashdan juda to'yib ketgansan, — asta so'z boshladi u barzangining ko'zlariga qattiq tikilib. — Buni nigohlaring oshkor qilib qo'yyapti. Hozir shoshilmasdan garajga kirasan-u, ikki dona moyi qurimagan to'pponcha olasan. Qani, asta-asta yur!

Barzangi hanuz ortga tislangan ko'yi garajga bordi. Eshikni ochgach, Mirsoli amalni davom ettirdi.

— Seni hech kim qadrlamay qo'ygan. Yarim tunlari uyg'onib ketib, xudodan joningni olishini so'raysan. Lekin o'la qolmading haliyam!..

Barzangi Mirsolining o'ta ta'sirchan ohangda yangragan jumlalarini eshitgach, ko'zlari yoshlanib, iyagi qaltirab, qur-qur xo'rsina boshladi. Shu asnoda tayinlanganidek, qaysidir burchakdan ikkita to'pponcha oldi-da, darhol Mirsoliga tutqazdi.

— Ishni tezlashtir, — qistalang qilishardi iblis yetagidagi ko'makchilar. — Vaqtni behuda sarflama! Tez to'pponchaning bittasini barzangiga tutqaz!

Mirsoli to'pponchalarning biriga maxsus ovoz pasaytirgich trubachani mahkamladi-da, barzangiga tutqazib, ikkinchisini kissaga urdi.

Barzangi esa vujud-vujudi bilan gipnoz ta'siriga tushib, hayqirishga shay turardi.

— Meni o'ldiring! — qichqirmasa-da, baland ovozda yolvora boshladi Mirsoliga. — Yashash jonimga tekkan, aka! Iltimos, tezroq o'ldiring! Ishoning, sizga aslo da'voyim yo'q. Aksincha minnatdor bo'laman! — O'zing o'zingni o'ldirasan, — dedi Mirsoli. — Qani, boshla! Sening bu dunyoda suyanadiganing qolmagan. Agar yashab qolsang, battar oyoqosti qilishadi, xo'rlashadi, ado etishadi. Seni o'limgina bu qiynoqlardan qutqarib qola oladi. Bo'l tez!..

Iblisona harakatlar, so'zlovlar, ta'sirlar barzangiga yovvoyi kuch, shiddat bag'ishlagandi. Sira o'ylab o'tirmay, to'pponchani peshonasiga tiradi-yu, tepkini bosdi.

* * *

Barzangi o'z joniga qasd qilgandan keyin ham iblis Mirsolini ortga chekinishga, xotirjam tortishga qo'ymasdi. Uning yetagida Mirsoli hovlini titkilab chiqdi. Bir quti moyi qurimagan to'pponchalar berkitilgan ekan. Ularning bir nechtasini olgach, Mirsoli imi-jimida hovlidan chiqib katta yo'l tomonga yurdi.

— Bu dunyoda hech kim senga ta'zim qilmaydi, — yo'l-yo'lakay uqtirib borardi iblis. — Bir umr yaxshilik qil, kimlarningdir ko'nglini ol, qo'llariga katta pul tutqaz, baribir hech kim sendan minnatdor bo'lmaydi. Shunday ekan, sen yo'lingga g'ov bo'lishga shaylanganlarni anavi bezoridek yer tishlataverishing shart. Agar sendan qo'rqishsa, odamlar hurmatlashadi, soyangga salom berishadi. Bu dunyo besh kunlik, okasi! Yashab qol! Manaman deganning dodini ber, katta pul to'pla, saroylardek koshonalarda yasha.

— Men, axir, tavba qilgandim, — deya shivirladi Mirsoli hamon barzangining so'nggi holati ko'z o'ngidan ketmay. — Yomon yo'lga yurmaslikka, harom pulga yaqin bormaslikka qasam ichgandim…

— E, sen bilan mening qasamimiz, tavbamiz nima bo'lardi? Buguningni o'ylasang-chi! Hozir bor, Yulyang uyida biqinib o'tiribdi. Ammo uyam senga yaxshilikcha yon berib qo'ymaydi.

— Unda borishimning nima foydasi bor? Yashayversin o'z holicha.

— Ie, uni sevib qolganding shekilli?!. Yo adashdimmi? Kechagina oh-voh qilib yotuvding-ku! Hozir ham ichingda jon deb turibsan-ku! Nega tan olging kelmaydi?

— To'g'ri, — dedi Mirsoli xo'rsiniq aralash. — O'sha qiz ko'nglimga o'tirishuvdi. Lekin unga sira yomonlik qila olmasam kerak.

— Bekorning beshtasini aytibsan! Bilib qo'y, ayol zotining pulni yomon ko'rmaydigani bo'lmaydi. Pulni ko'rsatsang, zo'rligingni namoyish qila bilsang, ular seni sevib ham qolaverishadi, hurmat paydo bo'ladi, kerak bo'lsa oyog'ingni o'pib yashashadi.

— Sezib turibman. Yulya haliyam opasini unuta olmayapti. Men borib unga qattiq tegsam battar alami ortmaydimi?

— G'alchalarning savolini berishni bas qil! Kim senga yomonlik qil deyapti? Uniyam barzangining ahvoliga solib, bo'shashtirvolasan-u, olasan-ketasan. Uyga olib borib bilganingni qil! Shunday yo'l tutki, ertagayoq senga mahkam yopishib olsin, uylanishingni so'rab yolvorsin!..

— Men birinchi navbatda bankdagi pullarimni olishim kerak, — dedi Mirsoli g'ijini kelib. — Busiz boshqa ishga qo'l ura olmayman, tushun!

— Bor, ichkariga kirmay turib men o'rgatgan amallarni bajar! Xodimidan tortib boshlig'igacha karaxtlanib qolsin, sen esa o'zing mo'ljallagan qutidan pullaringni olib asta chiqib ketaverasan. Karaxtlanganlar bir soatsiz o'ziga kelmaydi.

— O', bu zo'r fikr bo'ldi, — dedi hovliqib Mirsoli. — Xuddi shunday qilamiz. Undan keyin bemalol Yulyanikiga boraversak bo'ladi.

— Yulyani uyga qamab, generalni tinchitishga borasan. U yo'g'ingda ancha-muncha pulingni o'margan. Kirimlar o'sha yaramasning ixtiyorida edi. Atrofdagilarning ko'zini shamg'alat qilib rosa pulingni shilgan. Undaylar jazoga loyiq!

— Ablah! — Mirsoli tishlarini g'ijirlatib, kissasidagi to'pponchani siqimladi. — Yer bilan bitta qilaman u marazni! Tiriklay ko'maman!..

* * *

Yarim yo'lga yetganda Mirsoli taqqa to'xtadi. Ovozlar endi goh chap, goh o'ngdan kela boshlaganini payqadi. Ilgari ham sezgan bo'lishi mumkindir, ammo shu tobdagina angladi.

— Bekorga chivindek joningni xatarga qo'yma, — uqtirardi o'ngdan taralayotgan ovoz. — Harom-xarish deb ikki oyog'ingni boy berding. Endi joningni asra! Har yaramasning so'ziga uchma! Tavba qil!

— Yo'q, — deya hayqirdi chapdan taralayotgan ovoz sohibi. — Unga quloq solma! Og'ir ahvolda qolganingda u tomoshabin bo'lishdan nariga o'tmagan. Nochor, ojiz bandaga aylanishingni, bir umr yo'qsildek umr kechirishingni istaydi u!

— Sen haqsan, — dedi Mirsoli pichirlab. — Meni yo'limdan hech kim qaytara olmaydi endi! Faqat oldinga yuraman. Zo'rlar zo'ri bo'lib, dunyoni titratar darajaga yetmagunimcha kurashaveraman. Ko'rsat yo'lni, hoy maslahatchim!

— Hov anavi bekat yaqinida sigaret tutatib turgan mentni ko'ryapsanmi? — so'radi iblis. — Yaxshilab qara, u ofitser!

— Ko'rdim. Nima bo'libdi?

— Uyam seni xuddi shu ko'yga solgan marazlarning bir vakili. U ham qo'yib berishsa, seni g'ajib tashlashga tayyor turadi.

— Nima qilay uni? Shundan gapir!

— Bankka borishni ertangi kunga qoldirasan. Hozir asta borasan-da, beliga to'pponcha tiraysan. Keyin uyingga olib ketasan!

Mirsoli gap-so'zsiz aravachani politsiyachi turgan yoqqa haydadi. Mashinalar shovqinida aravachaning g'ildirashi umuman eshitilmasdi. Orqa tarafdan bordi-da, kissasidan to'pponcha chiqarib, politsiyachining beliga tiradi. Davomi ham iblis o'rgatganidek kechdi.

— Sen hoziroq oldimga tush, — buyurdi Mirsoli ofitserga. — Tushundingmi yo asfalasofinga jo'natvoraymi?

Politsiyachi ehtiyotkorlik bilan, ortiqcha harakat sodir etmagan holda qo'rqa-pisa boshini Mirsoli tomon burdi va u nogironlar aravachasida o'tirganini ko'rib ensasi qotdi.

— Vey, seni shundog'am xudo urib qo'yibdi-ku, — dedi politsiyachi. — Nima qilasan o'zingga tashvish orttirib? To'pponchangni nari ol, indamayman, senga ziyon yetkazmay ketaman.

— Yo'-o'q, ment, — dedi Mirsoli tishlarini g'ijirlatib. — Mening yo'qotadigan hech narsam qolmagan. Agar oldimga tushmasang, baqir-chaqir qilsang, tepkini bosaman, vassalom! Sen narigi dunyoga ravona bo'lasan.

— Xo'p, xo'p, sen aytgancha bo'la qolsin! Uyingga borishimdan senga nima foyda?

— Buni borganda bilasan. Qani, oldimga tush! Lekin qochishga urinma. Men otish bo'yicha chempionman. Ming kilometr narida bo'lsang ham o'qim bexato tegadi.

Politsiyachi o'zini bosib olgan, tajribali ekan. Mirsolining barcha shartlariga ko'nib, u ko'rsatgan tarafga qarab yurdi. Nastya xoladan qolgan kvartira shu yerdan bir chaqirimcha narida edi. Hash-pash deguncha ular kvartiraga yetishdi. Mirsoli kalitni politsiyachiga berib eshikni ochishga undadi.

Ichkariga kirgandan keyin esa o'z qo'llari bilan eshikni ichkaridan qulflab, yana to'pponchasini politsiyachining beliga tiradi.

Ofitser hech narsaga tushunmasdi. Mirsolining asl maqsadini anglay olmay xunob edi. Shunday bo'lsa-da, kutar, ezgulik g'alaba qilishiga ishonardi.

Mirsoli navbatdagi bosqichga o'tish uchun shoshilmadi. Iblisning yo'rig'iga kirib muzlatkichdagi bir shisha ichkilikni chiqarib oldi va ikkita qadahga quydi.

— Ich, — buyurdi ofitserga. — Oxirigacha ichasan!

Politsiyachi bu buyruqni ham so'zsiz ado etdi. Mirsoli esa qadahni bo'shatgandan keyin to'pponchani ofitserning peshonasiga to'g'rilab buyurdi:

Endi kiyimlaringning hammasini yech! Qip-yalang'och qolmaguningcha yechinasan!

* * *

Shundoq ham sabr kosasi to'lgan politsiyachi Mirsoliga nafrat aralash tikilib turdi-da, norozi bosh chayqadi.

— Ukam, sen haddingdan oshyapsan, — dedi u mushtlarini tugib. — Nima, meniyam o'zingga o'xshab shayton yo'rig'iga yurgizmoqchimsan? Ovora bo'lasan. Men senday yarim jon, marazning qarshisida sharmanda bo'lgandan ko'ra o'limni afzal ko'raman. O'v, men qonli maydonlarda yurib kelgan odamman! Qani, o'ldir mard bo'lsang shunchalik! Bilib qo'yki, men o'limdan qo'rqmayman! Qani, otmaysanmi? Erkakmisan o'zi?

— Shunaqami? — Mirsoli gezarib aravachani politsiyachiga yaqinroq olib bordi va to'pponchani ko'ksiga tiradi. — Mening kimligimni bilasanmi o'zi? Vey, sendan so'rayapman! Hozir tepkini bossam, tamomsan! Gapir!

— Bilaman, — dedi politsiyachi iloji boricha o'zini qo'lga olishga tirishib. — Sen odamxo'r marazsan! Qancha begunohlarning yostig'ini quritgansan. Shunday ekan, sening kelajaging yo'q. Xor bo'lib o'lasan!..

— Hali shunaqami? — Mirsoli bu haqoratlarni eshitdi-yu, bor ovozda qichqirdi. — O'lging kelibdi, o'lasa-an!..

Shunday deb tepkini bosdi. To'pponchaning paqillagan tovushi kvartira qolib, butun tevarakni tutdi. Politsiyachi inqillagan ko'yi egilib, polga yuztuban yiqildi.

— Ha-a, meni qo'rqadi deb o'ylovmiding? — hanuz telbalarcha aravachani jasad atrofida u yondan bu yonga g'ildiratib xirillardi Mirsoli. — Yo'-o'q, men hech kimdan qo'rqmayman! Chunki bu dunyoda faqat men zo'r bo'lishim kerak. Bo'laman ham. Boy bergan oyoqlarim haqqi qasam ichaman, shu lahzadan e'tiboran yo'limga g'ov bo'lganlarni ayab o'tirmayman. Hammangning yostig'ingni quritaman. Yer bilan bitta qilaman hammangni!..

* * *

Iblis yetagida qolgan banda halovat neligini bilmaydi, o'zligini unuta boradi, qonsiragan nigohlari dunyoni teshay deydi. Mirsoli ayni pallada xudi shunday alfozda edi, Uning ko'zlari go'yo dunyoni ko'rmas, qalbi tamoman iblis yo'rig'iga tushib qolgandi. Bu yo'riq hali chimildiq ko'rmagan, butkul yovvoyilashib ulgurgan yigitni tobora oldinga talpintirar, tezroq hammayoqni ostin-ustun qilish, yorug' dunyoga yakka hukmron bo'lib qolishga undardi. Ustiga ustak bankdagi pullaridan tamoman ayrilganiga ko'zi yetib xit bo'lar, bu ham ko'ksida alanga olgan nafrat olovini borgan sari quturtirardi.

Mirsoli nihoyat hayqirishdan tiyilib, politsiyachining murdasiga birpas alamli tikilib turdi-da, arvachasini tashqariga haydadi.

— Biz ikkalamiz birlashsak, maqsadlarga albatta erishamiz, — Mirsolini tezlardi iblis. — Hozir ko'chaga chiqasan-u, qimirlagan jonzot borki, otaverasan. Shunda hamma sendan cho'chiydi, sharpangni ko'rsa ham o'qdek uchib jonini asrash ilinjida qochadi. Ishon, hech kim senga xalal bera olmaydi. Chunki qo'lingda qurol bor. Quroling ojizlar, seni zo'r o'rnida ko'ra olmagan, qadringni bir pul qilishga tayyor bandalarning kushandasidir. Oldinga bos, shovvoz, fursatni qo'ldan berma! Intiho yaqin. Mana ko'rasan, hademay sening ko'changda bahor yuz ko'rsatadi, umring haqiqiy bayramga aylanadi. Hech kimni ayama, hech kimga achinma! Aks holda o'zingni oyoqosti qilib ketishadi…

Bu chaqiriqlar Mirsolini yanada xezlantirdi. Bir tutam, harom-xarishnigina tan olishga odatlangan qalbini yuz chandon nafrat va jahd loyiga qorishtirdi. U ko'ziga

O‘xshash hikoyalar