tungi.ru

Snayper 8 (kamolov) (5-bet)

qorishtirdi. U ko'ziga ko'rinishi muqarrar har bir jonzotni o'qlar yomg'iri ostida ta'qib etishga shay bo'ldi. Shoshildi, hovliqdi, oshiqdi va qayta-qayta talpinaverdi.

Kutilganidek, avtobus bekatida tumonot odam yig'ilgandi. Mirsoli bekatga yaqin bordi-da, picha odamlarni kuzatdi. Ularning yuz-tuzilishiga razm soldi, o'q uzishi uchun yana bir arzirli bahona qidirdi. Aksiga olib yo'lovchilar u tomonga qur-qur achinish nazari bilan boqar, bu Mirsolining nafratiga nafrat qo'shardi. Shunda ham shoshilmadi. Yana bir muddatgina kuzatib turishni xohladi. Yo'lovchilardan orqaroqda yoshi o'ttizga yaqinlab qolgan bir ayol turar, nigohlarini Mirsolidan uzmasdi. Bu nigohlar shunchaki emas, balki muhabbat, mehrga qorishiqdek tuyilardi. Mirsoli ko'zlar to'qnashgach, shu haqiqatni tan olishga, ayol tomon yanada yaqinroq borishga urindi. Ammo iblis bu gal ham yo'l bermadi.

— Sen haliyam go'lligingga boryapsan, — tanbeh bera boshladi iblis. — Shu ayol seni seva oladimi-a? Shu-ya? Axir, ikki oyog'i yo'q yigit kimga ham kerak, nodon!?. Aftidan ayol maqsadingni anglaganday bo'ldi, shuning uchun oldini olib jonini asrash ilinjida o'tli boqayotgandir. Buning ustiga yoshi sendan ancha ulug' bo'lsa! Boshingga urasanmi o'zingdan katta ayolni?!. E'tibor qilma, bo'sh kelma, aldovlarga ishonma, xor bo'lasan! Pand yeysan! Ishon, bu yorug' olamda muhabbatning o'zi yo'q. Bu ertak xolos. Sergak tort!.. Aytgancha, bugundan e'tiboran bashoratchi emassan. Men o'sha bilog'on, qaysar va tanbal farishtalaringga javob bervordim.

— Nega? — so'radi Mirsoli hanuz ayoldan ko'z uzmay. — Nima ayb qildimki, xudo bergan inoyatni yo'qqa chiqarding?

— Ie, — dedi shayton sovuqqon ohangda. — Hademay butun dunyoga so'zingni o'tkazay deb turibsan-u, bu xislatni boshingga urasanmi? Undan ko'ra hozirgi ish haqida o'yla!..

Mirsoli iblisning ko'r-ko'rona bergan maslahatlaridan yanada ta'sirlanib, daf'atan ko'zini ayoldan olib qochdi va shosha-pisha to'pponchasini yo'lovchilarga to'g'riladi-yu, bor ovozda qichqirdi.

— Marazlar! Senlarga o'lim! Hammangni asfalosofinga yuboraman! O'llaring! Qurilaring!..

Mirsoli sira o'ylab o'tirmay, qayta-qayta tepkini bosaverdi. Bekat qiy-chuvga to'ldi. Odamlar bir-birini turtib, urib duch kelgan tarafga qocha boshladi. O'q tekkan kimsalar yerga qulab, oyoqlar ostida qoldi. Mirsoli yana allanimalar deya qichqirar va o'q uzishda davom etardi. Xayriyatki, to'pponchaning o'qi tugadi. Mirsoli alamiga chiday olmay qurolni bekatga uloqtirdi-da, titray-titray nari keta boshladi. Afsuski, uzoq ketishga ulgurmadi. Shahar tomondan o'qdek uchib kelgan politsiya mashinasi yo'liga ko'ndalang bo'ldi. Ko'z ochib yumguncha mashina eshiklari ochilib, yuzlariga niqob tutgan, yelkalariga avtomatlar osgan politsiyachilar tushib, darhol Mirsolini qo'lga olishdi…

* * *

«SIZO»dagi tergov xonasida sukunat hukmron edi. Qo'llari kishanlangan Mirsolining ro'parasida uzun bo'yli, zaxil yuz, nigohlari burgutnikidek o'tkir tergovchi o'tirar, savol berishga shoshilmasdi. Nuqul Mirsoliga sinchkov boqar, mushtlari tobora qattiqroq tugila borardi.

— Ha, maraz, — kutilmaganda tilga kirdi tergovchi. — Oxiriyam qo'lga tusharkansan-ku! Nima, shahar bedarvoza deb o'ylaganmiding? Odam o'ldirib bemalol yashab yuraveraman deb hisoblaganmiding?

Mirsoli indamasdi. U ruhan iblisni qidirar, maslahat so'raщni istardi. Baxtga qarshi iblis aks sado bermasdi. Hoynahoy, tag'in navbatdagi qarg'ishlarni hazm qilishdan o'zini olib qochgandi.

«Ablah, — o'ylardi Mirsoli lab tishlab. — Nega uning yo'rig'iga kirdim? Nima qilib qo'ydim o'zi? Nega bunday yo'l tutdim? Qani u? Nimaga ovoz bermaydi? Endi nima qilaman?.. Meni botqoqqa botirib, o'zi qochib qoldimi hali? Yo'-o'q, ko'rsatib qo'yaman unga! Yo'q qilaman! Quritaman!..»

Savollarga javob yo'q edi. So'nggi lahzalarda ko'zi ochila borishiga qaramay, Mirsolining qismat ixtiyorida qolishdan o'zga chorasi qolmagandi.

— Nega indamaysan, o'v, haromxo'r? — tahdidli so'z qotdi tergovchi. — Afsuslanyapsanmi yo? Yo'-o'q, sendaqalar afsuslanmaydi. Chunki bukrini faqat go'r tuzatadi. Gapir iflos! Nega politsiyachini, bekatdagi begunoh odamlarni o'ldirding?

Mirsoli javob bermadi. U chalkash xayollar qo'zg'oloni sababmi, yana iblisni ruhan tutib olgan va darhol jahlidan tushib, o'zi sezmagan holda iblisga quloq tutishda davom etardi.

— Hozir mana shu yaramasning basharasiga musht tushir, — derdi iblis. — Ko'rdingmi, seni yer bilan bitta qildi!?. Bularning birontasiyam senga do'stlik qilmaydi. Ilojini topdi deguncha ustingdan kuladi, toptaydi, o'ldirishga tayyor turadi. Xo'sh, nega jim bo'p qolding? Urmaysanmi tergovchini? Yo bu kuningdan battar bo'lishni xohlayapsanmi?

«Men sob bo'ldim, — boshini eggan ko'yi xayolan so'zlanishga tutindi Mirsoli. — Mening kelajagim sen bilan tillashgan kunimdanoq o'lgan. Men endi senga quloq tuta olmayman.

. Yetar! Men hukmronlik qiladiganlarni sira xushlamasdim. Ne qilayki, yo'ldan urding, meni badnom qilding. To'g'ri, melisalarni ko'rishga ko'zim yo'q. Ammo senga ham bo'ysunmayman endi. Kimligingni, qanchalar razilligingni bildim, amin bo'ldim. Buyog'iga tag'in peshonamga bitilganini ko'raman.»

— Yo'qo-ol! — bu gal Mirsoli bor ovozda qichqirganini o'zi ham payqamay qoldi. — Ko'zimdan yo'qo-ol, shayton! Seni ko'rishga ko'zim yo'-o'q!!!

— Nima-a? — shubhasiz, tergovchi uning xayolidan nimalar o'tganini bilmasdi. Haqoratlar o'ziga tegishli deb o'ylab, Mirsoliga xezlandi. — Hali meni shayton dedingmi? Meni-ya? Konvoy-y!!!

Shu zahoti eshik ochilib, ichkariga avtomatli konvoy kirdi.

— Eshitaman o'rtoq mayor!

— Manavi iflosni yettinchi kameraga olib borib qama! Ko'zi ochilsa, o'zi chaqiradi bizni! Olib ket! Aks holda basharasini buzib tashlayman!

— Qo'llaringni orqangga qil! — Mirsoli o'dag'ayladi konvoy. — Eshak aravangni yurgiz tez!

Mirsoli tergovchiga bir qarab oldi-da, aravachani tashqariga haydadi.

* * *

Tergovchi ishora qilgan kamerada jinoyat qilib qamalgan sobiq politsiya mayori o'tirardi. Buni to uzun yo'lak bo'ylab eshikka yetguncha konvoy aytib berdi.

— Peshonang sho'r ekan, uka, — dedi u yo'l-yo'lakay goh aravacha, goh Mirsoliga achinish bilan qarab olarkan. — Maza qilib yashamaysanmi uyingda? Ahvolingni qara! Qanaqa betamiz bolasan o'zing-a? Yo turma o'yinchoq, sanatoriy, kurort deb o'ylaganmiding? To'g'ri, ashaddiy jinoyatchilar turmasiz tura olishmaydi. Chunki ularning qon-qoniga singib ketgan. Sen-chi? Ana, hozir kameraga kirasan. Xudo asrasin ishqilib. Ishon, o'zimga qolsa, seni bir daqiqayam ushlab turmasdim bu yerda. Ammo menam buyruq bajaradigan odamman…

Mirsoli miq etmadi. O'zini go'yo konvoyning gaplarini eshitmagandek tutdi. Biroq ichdan zil ketardi. Xayolan yo'ldan ozdirgan iblis bilan kurashar, shaytoni lain esa sira tap tortmay Mirsolini tobora jarlik tomon boshlar, o'ch, intiqomga undardi.

Nihoyat yettinchi kameraga ham yetishdi.

— Devorga o'giril! — buyurdi konvoy. — Yetib kelding!..

Mirsolining o'girilishi boshqacha bo'lishi mumkin emasdi. U aravani devorga yaqin olib bordi-da, konvoyga ters o'girdi.

— Ichkariga kir! — dedi konvoy hamon mahzun tortib. — Omadingni bersin, og'ayni!..

Bu «SIZO»ning eng xavfli retsidevistlar saqlanadigan kamerasi edi. To'rt kishilik kamerada faqat bo'yi ikki metrga yaqin, keng yelkali sobiq politsiya mayorinigina ko'rdi. Aftidan qolgan uch kishini «etap» qilishgan shekilli, karavotlar ustida ko'rpa-to'shaklar ham ko'rinmadi. Mirsolining ko'rpasini esa konvoy olib kelgandi. Birinchi qavatdagi bo'sh karavotga tashladi-yu, chiqib ketdi.

Sobiq mayor aravachada qisinibgina o'tirgan Mirsolini ko'rgandayoq tund tortib bo'lgandi. U nuqul nogironlar aravachasiga, Mirsolining yarimta oyoqlariga razm solardi.

— Senmiding mergan? — tikilaverib toqati toq bo'ldimi, sovuqqonlik bilan so'radi mayor Mirsolining tepasiga kelib. — Xayriyat, mentlar hayotda bir marta bo'lsayam va'dasida turishibdi. Mana, xudoning o'zi uchrashtirdi bizni. Xo'sh, qalaysan endi?

— Yomonmas, — dedi Mirsoli ko'ngli g'ash torta boshlaganini sezdirmaslikka tirishib dadil. — Yuribman aravamni tortib.

— Yo'q, sen yurmayapsan, — dedi sobiq mayor. — Allaqachon o'lgansan. Yo ishonmaysanmi?

— Menga qochirimli gap qilma, — «sen»sirab javob qildi Mirsoli. — Qochirimli xotincha gaplarga sira tobim yo'q.

— O', shunaqamisan hali? Ha, mayli, tobing yo'q bo'lsa bo'la tursin. Ammo baribir o'lganingni tan olmasang bo'lmaydi. Sen, qahramon, do'zaxdasan hozir. Men bo'lsam, shu do'zaxning yagona hukmdoriman. Yo bungayam ishonmaysanmi?

— Pastroq tush, — dedi Mirsoli sobiq mayorning ko'zlariga tik boqib. — Tag'in yiqilib mayib bo'lmagin!

— O'v, hezalak, — sobiq mayor jonholatda egilib Mirsolining ikki yelkasiga chang soldi. — Politsiyachini nega o'ldirding?

Mirsoli o'tirgan yerida bir zarb bilan uning qo'llarini yelkasidan olib tashladi.

— Senga hisob bermayman. Agar hoziroq o'zingni bosvolmasang, senam o'shaning ketidan ketasan qulog'ingni ushlab. Nari tur!

Keyingi manzara butkul o'zgarib ketdi. Agar tergovchi shu kamerada Mirsolini yuvosh torttirishadi deb xayol qilgan bo'lsa, qattiq adashgani ma'lum bo'lib qoldi. Sobiq mayorning rejasi Mirsolini bo'g'ib, qiynab, azoblab o'ldirish edi. Afsuski, ko'z o'ngidagi ojiz va notavon aristonning ikki qo'li chayirligini, sportchi ekanini hisobga olmabdi. Mirsoli tomog'iga yopishgan kuchli qo'llarni siltashga o'zida kuch topa bildi. Aravada o'tirgan holda sobiq mayorni beton polga ag'darib oldi-da, bir marta jon yeriga kuchli zarba berdi. U shu zahoti hushini yo'qotdi. G'olibona o'z karavoti tomon yo'nalgan Mirsolini esa iblis tag'in yo'ldan urishga urinardi.

— Qara, senga aytganlarim to'g'ri chiqdi, — derdi u ayuhannos solib. — Bu yerda bir kunmas bir kun o'lasan! Qoch! Yo'lakka chiq-da, duch kelgan konvoyning qurolini tortib olib hammasini yer tishlat! Xor bo'lma! Xor qil!..

Mirsoli so'nggi bir necha soat ichida dunyodan, shafqatsizliklardan qattiq ranjigandi. Garchi qalbida qasos va zo'rlik tuyg'usi charx ursa-da, go'yo iblis da'vatlarini eshitmagan kabi chuqur xo'rsingancha boshini egdi. Ayni pallada juda uyqusi kelayotgandi. Baxtga qarshi mustaqil ravishda aravachadan karavotga o'ta olmasdi.

Taqdirga tan berib o'tirgan yerida ko'zlarini yumdi.

* * *

Qancha uxlabdi, bilmaydi. Tushiga onasi rahmatli kiribdi. Mushtipar onasi kamera tuynugidan mo'ralagan ko'yi yig'lar, ammo bir og'iz so'z demasdi. Ora-sirada bosh chayqab olardi, xolos. Onaning ko'z yoshlari Mirsolini battar g'azablantiribdi.

— Keti-i-ing! — deya turmani boshiga ko'tarib qichqiribdi. Qichqiriq esa rostakamiga o'ngida jaranglagandi…

Mirsoli uyg'onib ketdi-yu, shosha-pisha ichkarini ko'zdan kechirdi. Kameradoshi, aslida o'zini o'ldirish payida bo'lgan sobiq mayorni olib ketishibdimi, ko'rinmadi. Karavotidagi ko'rpa-yostiq ham ko'zga tashlanmadi.

— Marazlar, — g'udranib aravachani oldinga yurgizdi u. — Nogironlik yotar-turarda juda bilinarkan. Mana, o'tirib uxladim tun bo'yi. Uyog'iga-chi? Umrimning oxirigacha shu taxlit yashaymanmi? Yo'q, istamayman! Menam odamlarga o'xshab oyoqlarim bo'lishini xohlayman!..

Keyingi gaplarni baland ovozda aytdi chog'i, kutilmaganda kamera eshigi sharaqlab ochilib, turma nazoratchilaridan biri ichkariga kirdi.

U kirib so'z qotishga shoshilmadi. Devorga suyanib olib Mirsoliga zimdan tikilib qoldi. Ko'nglidan ne gap o'tdi, faqat o'ziga ayon bo'ldi. Mirsolining esa bo'lari bo'layozgandi. Vujud-vujudi bilan o'lishnigina xohlardi.

— Iltimos, nachaylik, — deya turma nazoratchisiga yaqinroq bordi u. — O'ldirib yubora qol! Jondan to'yib ketdim. Qara, oyoqlar boy berilgan. Hojatgayam hammaga o'xshab chiqib kela olmayman. Tunni bo'lsa mana shu qarg'ish tekkan aravachada o'tirib o'tkazdim. Nega qiynaysanlar? Hamma aybimni bo'ynimga olaman.

— O'lishga ulgurasan, — dedi nazoratchi qaddini rostlab. — Mana, shuncha gunohlaringga yana bir gunoh qo'shibsan. Begunoh kameradoshingni o'ldirib qo'yayozibsan. Jazosiga seni karserga tashlayman. Qo'rqma, o'lishni istaganlar karserda ancha o'zini tayyorlab olishadi. Jon berishing oson kechadi. Hozir esa seni tergov xonasiga olib boraman. Undan keyin uch kun karserda dam olasan.

— Keyin-chi? — paymonasi to'la boshlaganidan baland va tahdidli ohangda so'radi Mirsoli. — O'ldirasanmi? Shu ishingni bugunoq qilib qo'yaqol! Cho'zib nima qilasan?

— E, yo'-o'q, — dedi nazoratchi hiyla engashib. — Hali biz senga politsiyachini o'ldirish qanaqa bo'lishini ko'rsatib qo'yamiz. Sen judayam sekin, qiynalib, azoblanib, xor bo'lib o'lishing kerak. Shuning uchun ham karserdan keyin seni yana bir kameraga joylashtiraman. Bi-ir mehmon bo'lasan akalaring o'tirgan kamerada.

— Tag'in qon to'kilishini xohlaysanlarmi?

— Qon? Albatta. Lekin bu gal sening qoning to'kilishi aniq. Yur, seni kutib qoldi advokatchang!

Mirsoli nazoratchining so'nggi so'ziga e'tibor qilmagandi. Tergov xonasiga kirdi-yu, ensasi qotdi. U yerda tergovchining o'rniga o'sha kungi, bekatda o'ziga termilgancha turgan ayol o'tirardi. Ayol Mirsolini ko'riboq dast o'rnidan turdi va mayin jilmaydi.

— Sizmi advokat? — so'radi Mirsoli aravachani stolga yaqin keltirib. — Mendan nima istaysiz?

— Tanimadingizmi? Nahotki tanimagan bo'lsangiz?

— Taniganimda nima o'zgarardi? Gapingiz bo'lsa, tezroq gapira qoling! Sizlar bilan laqillashib o'tirishga toqatim yo'q.

Ayol jilmayishdan tiyilmay chuqur nafas oldi va sumkasidan kerakli hujjatlarni chiqarib olib stol ustiga qo'ydi.

— O'sha kuni sizni ko'rdim-u, yuragim orqaga tortib ketdi, — dedi u deyarli shivirlab. — Bekor qildingiz odamlarni o'qqa tutib. Axir…

— Vey, xonim, — dedi Mirsoli zarda aralash. — Menga aql o'rgatgani kelgan bo'lsangiz, adashibsiz. Men birovlarning maslahatiga muhtoj emasman.

— Voy, muncha injiqsiz? — norozilangan ko'yi so'z qotdi ayol. — Injiqlanganingiz bilan muammo hal bo'lib qolmaydi. Qarang mundoq, oyoqlarni boy bergansiz, bu azob ham yetmay, yana qamalib o'tiribsiz. Nahotki, ozodlikda yashashni, erkin hayotdan lazzatlanishni istamasangiz? Men istamasligingizga sirayam ishonmagan bo'lardim.

— Xo'sh, nima qipti? — hamon qaysarlik bilan savol tashladi Mirsoli. — Peshonamga shu kunlar yozilgan ekanki, turmada o'tiribman. Ochig'i, xafa bo'lmang-u, men yordamga, himoyaga muhtojmasman. Menga desa otuvga hukm qilishmaydimi?!. Yo'qotadigan hech narsam qolmagan.

— Bekorlarni aytibsiz, — dedi ayol stol ustidagi hujjat solingan jildni ocharkan. — Siz albatta ozod bo'lishingiz kerak. Endi tanishishni xohlamasangiz ham o'zimni tanishtiraman baribir. Men Marina Maratovnaman. Sizga advokatlik qilishga o'zim bel bog'ladim. Sizni taniganim, e'zozlashni istaganim uchun ham shu ishga qo'l urdim. Menga qarang, agar himoya qilishimga qarshi bo'lmasangiz, menga yordam bersangiz, jazoni yengillatardik. Aks holda bir umrga qamalasiz. Chunki jami o'n sakkiz odamning boshiga yetgansiz.

— Hali bu kam, — dedi Mirsoli mushtlarini tugib. — Meni mana shu ko'yga solganlari uchun mentlarni birma-bir tig'dan o'tkazishni xohlardim.

— Sizga bir yangilik aytaymi? — so'radi Marina xuddi Mirsolining gaplariga e'tibor qilmagandek jilmayib. — Zo'r yangilik bu.

— Ayting.

— Siz ilgari Aleksandr Krutoy edingiz, shundaymi?

Bu gapni eshitdi-yu, Mirsoli birdan sergaklanib, aravachani ortga tislantirdi.

— Nima? Siz qaerdan bilasiz buni?

Marina javob berish o'rniga Mirsoliga ayyorona tikildi. Keyin esa tilga kirdi.

— Bir paytlar sizdan sira tap tortmay ulush olib kelgan general ham katta pora olayotganda qo'lga tushgan. Qarang, uniyam men himoya qiladigan bo'lib turibman. Gap orasida siz haqingizda aytib bergandi. Shundan keyin hozirgi va oldingi suratlaringizni berdi. Solishtirdim, baribir haqiqatni aniqladim. Plastik operatsiya qilishgan bo'lsayam, baribir yuzlaringizda ba'zi belgilar qolgan ekan. Xuddi shu narsa sabab bo'lib sizni bekatda tanib qoldim.

— General iflos, — dedi Mirsoli beixtiyor hafsalasi pir bo'lib. — Hoynahoy, sizga nima ishlar qilganimniyam aytgandir?

— Aytdi. Hammasini oqizmay-tomizmay gapirib berdi. Ishoning, general shunchalar ablah bo'lsayam, sizga juda achinarkan. Keyin… Bankdagi yacheykangizni o'zlashtirib qo'yganiniyam tan oldi. Shaxsan o'zim borib o'sha yacheykani uyidan olib keldim.

— Nima?.. Nahotki? Q-qaerga qo'ydingiz pullarni?

— Qaerga bo'lardi? Uyimda. Qo'rqmang, mening uyimni politsiyachilar qo'riqlashadi.

— Yo'q, ulargayam ishonib bo'lmaydi, — Mirsoli pullarning daragini eshitgach, bezovtalanib qolgandi. — Bankka qaytadan joylashtirish kerak. U… Katta pul boridi yacheykada.

— Sizga bir taklifim bor, — dedi Marina. — Xohlasangiz, o'sha pullarning mingdanmi, milliondanmi bir qismini anavilarga berib, vaqtincha sizni ozodlikka chiqarib tursam… Tilxat asosida shahardan tashqariga chiqmaslik sharti bilan yashab turardingiz. Balki shu orada bir yo'lini toparmidik…

— Shunday qilsayam bo'ladimi?

— Albatta iloji bor. Mening o'z kanallarim bor, o'shalar orqali o'xshatardim. Faqat sizning roziligingiz kerak. Chunki tilxatni siz yozasiz. Mas'uliyat sizning gardaningizda bo'ladi.

— Rozi bo'lmay o'libmanmi? — dedi Mirsoli jonlanib. — Qancha so'rashsa bering, pulni ayamang. Sizniyam o'zim rozi qilaman. Gap bitta, xudo bitta. Mana shu kalamushxonadan chiqib olsam bas… Eh, bir rejam boridi, ozodlikda bo'lib turib bajarvolardim o'shani.

— Odam o'ldirishmasmi ishqilib?

— Yo'g'-e, xudo asrasin!.. Biznes… Qiziq… Men axir… Bashoratchiydim-ku! Nega farishtalar kelishmayapti oldimga? Siz bilmaysizmi ular nega kelmayotganini?

Marina Mirsolining bu gaplarini talmovsirashga yo'ydimi, og'zi lang ochilib unga termildi.

— Nega jimsiz, Marina? — deya stolga yaqinroq keldi Mirsoli. — Bilsangiz ayting, ularni ishga solay! Ishoning, farishtalarim hamma ishga qodir. Birovlarga porayam berib o'tirmasdik. Bir zumda qamoqdan chiqqan bo'lardim… Yo'q, farishtalarni iblis opketib qolgan o'zi bilan, ha! Maraz, iflos! Yo'rig'iga kirmaganim uchun o'ch oldi u! Yo'-o'q, baribir kelishadi farishtalarim, mana ko'rasiz! O'shanda siz-u biz rohat-farog'atda yashaymiz…

Marina hech narsa demadi. Mirsolini ruhiy xastalanganga yo'yib, asta konvoyni chaqirdi-da, qulog'iga shivirladi:

— Ukajon, iltimos, tez psixiatr chaqiring! Mijozimning tomi ketyapti!

* * *

— Bu odamga do'xtir chaqirish shart emas, — dedi konvoy Marinaga. — Uni hozir karserga qamaymiz, o'sha yerda hushini yig'ib oladi.

— Karser? — Marina hayron bo'lib konvoyga norozi boqdi. — Nega karserga qamarkansiz? Men qarshiman. Mijozim shundog'am o'zini yomon his qilyapti.

— Siz nimaniyam bilardingiz? Buning gunohlari shunchalik ko'pki, bitta karser ham kamlik qiladi aslida. Xullas, suhbatingiz tugagan bo'lsa, ketishingiz mumkin. Bizning ichki ishlarimizga aralashmang!

— Shunaqami? Boshlig'ingizga arz qilaman!

— Xohishingiz, — deya aravachani tashqariga olib chiqishga chog'landi konvoy. — Arz qilsangiz qilavering! Men buyruqni bajaryapman!..

Mirsoli Marina bilan xayrlashmadi, konvoyga ham hech narsa demadi. Indamaygina o'tirgancha xayolan iblisning go'riga g'isht qaladi. Qismatning bu qadar shafqatsizligidan kuydi. Ikki marhuma onasiga taqdiridan nolidi, ulardan duo so'rab yolvordi. Nodonlik qilib qishlog'ini tark etgani, yomon yo'lga kirib qolganidan nadomat chekdi. Bu orada aravacha qaysidir temir eshik ro'parasida to'xtadi.

— Uch kun shu yerda o'tirasan, — uqtirdi unga konvoy. — Adabingni yeysan, kallakesar, cho'loq! Bu kuningdan battar bo'lasan.

— Meni qo'rqitma, — dedi alam bilan Mirsoli. — Sendaqa qo'rqitadiganlarning ko'pini ko'rganman. Men-chi, bundanam battar kunlarni ko'rganman. Sendaqa jo'jaxo'rozlar qo'rqadi qiyinchilikdan!

Konvoy Mirsolining gaplariga javoban masxaraomuz kuldi-yu, aravachani kameraga kirgazib, darrov eshikni tashqaridan qulfladi.

Karser deganlari haqiqatan havas qilib bo'lmaydigan joy edi. Sovuq jonni uzib olay der, na o'tirib, na uxlab bo'lardi bu yerda. Lekin Mirsoli iloji boricha o'zini qo'lga olishga tirishib, aravachani goh oldinga, goh orqaga haydayverdi. Shu bahonada bu azoblardan zo'r kelishga umid bog'ladi.

* * *

Ammo uchinchi kun Mirsolini holdan toydirdi. Karserdagi jirkanch hid, qattol sovuq jonidan o'ta boshladi. Garchi bu so'nggi kunligini sezib tursa-da, o'zini tuta olmadi. Bor ovozda qichqira boshladi.

— Vey, odamxo'rla-ar! Chiqarib ollaring bu

O‘xshash hikoyalar