tungi.ru

Muttahamning parvozi (I- qism) (5-bet)

turdi-da, soʻng qoʻshimcha qildi:

— Ikkovi ham mahluq: Kunik ham, it ham... Unday desam, oʻzim ham mahluqman...

Graf birdan xaxolab kulib yubordi:

— Ochigʻini aytganim uchun kechirasizu, lekin siz ham mahluqsiz.

U hamon qahqaha otar ekan, Dizma: «Telba boʻlsa kerak», — deya dilidan oʻtkazdi.

— Meni telba deb oʻylayapsizmi? — dedi Ponimirskiy bexosdan Dizmaning qoʻlidan ushlab, yuzini uning yuziga yaqinlashtirar ekan.

Dizma choʻchib tushdi.

— Yoʻgʻ-e, — deya e’tiroz bildirdi u talmovsirab. — Nimalar deyapsiz! Xudo saqlasin.

— Gap qaytarmang! — qichqirdi graf. — Hammasini bilaman! Turgan gap, Kunik sizga aytgan boʻlishi kerak. Balki singlim aytgandir? Ochigʻini ayting. Bu toʻngʻiz, bu chiyaboʻri bilan yashar ekan, ertami-kechmi u ham ma’naviy inqirozga uchraydi. Xoʻsh, Nina sizga nima dedi?

— Menga hech kim hech nima degani yoʻq.

— Hech kim-a?

— Chin soʻzim, — deya uni ishontirdi Nikodim.

— Men bilan tanishish sharafiga muyassar boʻlishingizni oʻylashmagan-da! Ular menga uyga kirishni man etib qoʻyishganidan xabaringiz boʻlmasa kerak! Menga ovqatni alohida berishni buyurishgan! Parkdan tashqariga chiqishni taqiqlab qoʻyishdi. Kunik xizmatkorlarga, agar tashqariga chiqsa, uni tayoq bilan savalanglar, deb buyurgan.

— Nega endi?

— Nega deysizmi? Chunki men ularni doim noqulay ahvolga solib qoʻyaman. U firibgar, u tashlandiq mening shlyaxtalarga xos yurish-turishimni koʻrib, gap-soʻzimni eshitsa yorilib oʻlay deydi. Chunki bu yerda u muttaham emas, men xoʻjayin boʻlishim kerak. Kunik Koborovoning chinakam egasi men ekanligim, bu yerlar menga otameros ekanligi haqidagi fikrga sira koʻnika olmaydi!

— Demak, pan Kunik... pan Kunik Koborovoni singlingizning sepi tariqasida olgan ekan-da, graf?

Ponimirskiy ikki qoʻli bilan yuzini yopganicha jimib qoldi. Uning uzun va ingichka barmoqlari orasidan yosh oqib tushmoqda edi.

«Jin ursin, nima balo boʻlyapti oʻzi?!» — deb ajablanib xayolidan oʻtkazdi Dizma.

It qattiq ingillay boshladi va Ponimirskiyning tizzasiga sakrab chiqmoqchi boʻldi. Graf atir sepilgan shohi dastroʻmolini olib, koʻzlarini artdi.

— Kechirasiz, — dedi u, — asablarimning mazasi yoʻq...

— Bemalol... — deya gap boshladi Dizma. Biroq shu payt graf istehzo aralash iljaydi.

— «Bemalol» deganingiz nimasi? Siz — ismingiznn unutib qoʻydim — siz menga yoqib qoldingiz, shuning uchun ham yigʻlayapman. Inglizlar bunday holda... Aytmoqchi, siz inglizchani tushunmasangiz kerak-a?..

— Yoʻq, tushunmayman.

— Juda soz, — dedi xursand boʻlib graf. — Xafa boʻlmang: siz menga yoqib qoldingiz! — U barmoqlarining uchi bilan Dizmaning yelkasiga qoqib qoʻydi. — Agar sizni soʻkkim kelib qolsa, inglizchalab soʻkaman, Maylimi?

— Mayli, — itoatkorlik bilan rozi boʻldi Dizma.

— Lekin muhimi bu emas. Yodingizda boʻlsin: garchi Kunik muttaham boʻlib, bizning Koborovoni oʻzlashtirib olgan boʻlsa-da, uning haqiga xiyonat qilish mumkin emas. Chunki kelajakda men uni sudga berib, yer-mulkimizni qaytarib olaman-da, oʻzini qamataman. Ninani esa oʻz vasiyligimga olaman. Soat necha boʻldi?

Dizma choʻntagidan soatini oldi.

— Yetti yarim boʻlibdi.

— Yetti yarim deysizmi? Darrov-a? Tezroq pavil'onga borishim kerak? Aks holda menga kechki ovqatni bermay qoʻyishadi. Xayr. Afsus, sizga yana ancha narsalar haqida gapirib bermoqchi edim. Ertaga xuddi shu paytda yana keling. Kelasizmi?»

— Xoʻp, kelaman.

— Ha, yana bir gap aytmoqchiman. Meni koʻrganingizni hech kimga aytmang, xoʻpmi. Aytmaslikka soʻz bering!

— Soʻz beraman.

— Hay, mayli, garchi familiyangiz va aft-basharangizdan tagi past ekanligingiz shundoq koʻrinib turgan boʻlsa-da, sizga ishonaman. Omi odamlarda vijdon boʻlmaydi, lekin sizga ishonaman. Xayr!

U shartta orqasiga oʻgirildi-da, xiyobondan tez-tez yurib ketdi. Iti ham qiyshiq oyoqlarini pildiratib, uning ortidan yugurdi.

— Aqldan ozgan ekan, — dedi Dizma, graf muyulishdan oʻtib, koʻzdan gʻoyib boʻlgach. — Telbaning xuddi oʻzginasi. Nimalarni vaysamadi-ya!.. Badavlat janoblarning dilida doim biror qabihlik boʻladi... Balki, uning gaplari rostdir... Jin ursin... Kunik! Uni ablah dedi-ya... E, mening nima ishim bor?

Nikodim qoʻl siltadi-da, tamaki tutatdi. Uzoqdan bongning choʻziq jaranglagani eshitildi. Kechki ovqatga chaqirishmoqda edi. Dizma oʻrnidan turib, uy tomon yoʻl oldi.

4-bob

Stol yonida turgan basavlat xizmatkor lakopchalarni asta almashtirib qoʻydi. Dasturxonga navbati bilan bir necha xil taom tortilgandi. Nikodimning kayfiyati nonushta paytidagiga qaraganda ancha durust edi. Qunitskiy — ehtimol Kunik — ishlar va Dizma bilan qiziqmay qoʻygandi. U endi suxandonlik oʻqlarini xotini bilan qiziga qarab sochar, ulardan xarid qilgan narsalari haqida soʻrab-surishtirardi.

Pani Nina odob bilan, ammo sovuqqina qilib javob berar, Kasya esa «ha» yoki «yoʻq» deya mingʻirlar, ba’zi savollarga mutlaqo javob ham bermasdi. Ponimirskiy bilan gʻalati suhbatdan soʻng Nikodim qizining Kunitskiyga nisbatan surbetlik darajasiga borib yetadigan bunday hurmatsizlik qilishi sababini sira tushunolmay qoldi. U bunday munosabat muammosini tushunishga harakat qilardi-yu, biroq oʻylab-oʻylab tagiga yetolmasdi.

Ovqatlanib boʻlishgach, Kunitskiy sayr qilishni taklif etgan edi, Kasya yelka qisib qoʻya qoldi. Nina esa:

— Mayli, bajonu dil, — deya javob qildi.

Qunitskiy ogʻir hassasini toʻqillatib sigara tutatganicha Nina bilan oldinda borardi. Ular parkning, Dizma hali koʻrmagan tomoniga qarab yurishdi. Bu yerda tarvaqaylagan daraxtlar boʻlmay, hamma yoq maysazor va gulpushta qilib qoʻyilgan edi. Faqat ahyon-ahyonda qoramtir tusga kirib borayotgan osmon tarxida ayrim daraxtlarning koʻrkam qubbasi koʻrinib qolardi.

Nikodim zarurat yuzasidan Kasyaning yonida qoldi. Ular indamay borishardi. Tevarak-atrof jimjit edi. Faqat oldinda ohista suhbatlashib borayotgan Kunitskiy bilan Ninaning uzuq-yuluq tovushi quloqqa chalinardi. Umuman xiyobon boʻylab asta qadam tashlayotgan baland boʻyli, xushqomat juvonning yonida qoʻllarini silkitganicha pildirab borayotgan cholni koʻrgan odamning kulgisi qistardi.

— Tennis oʻynashni bilasizmi? — deya soʻradi Kasya.

— Menmi? Yoʻq. Bilmayman.

— Qiziq.

— Nimasi qiziq ekan.

— Chunki hozirgi erkaklarning hammasi tennis oʻynashni biladi.

— Bu oʻyishga oʻrganishga vaqtim boʻlmagan. Faqat bil'yard oʻynashni bilaman.

— Rosti bilan-a? Juda qiziq. Ayting-chi. Kechirasiz, men hozir... — dedi Kasya birdan va gulpushta tomon yugurib ketdi.

Dizma nima qilarini bilmay toʻxtab qoldi. Biroq Kasya tezda qoʻlida tamaki guli tutganicha qaytib keldi. Guldan xoʻshboʻy hid taralmoqda edi. Kasya uni Nikodimning dimogʻiga tutdi. Qiz gulni men uchun uzib keldi, deb oʻylagan Dizma qizarib ketdi va gulni olmoqchi boʻlib qoʻl uzatdi.

— E, yoʻq, gul sizga emas. Hidlab koʻring. Ajoyib-a, toʻgʻrimi?

— Ha, albatta, juda xushboʻy ekan, — dedi xijolatda qolgan Nikodim.

— Siz oʻzingizga juda bino qoʻygan koʻrinasiz!

— Men-a? Nega endi? — ajablandi Dizma.

— Darrov, bu gulni menga hadya etyapti, deb oʻyladingiz. Chamasi, ayollardan tez-tez gul olib tursangiz kerak-da?

Umri bino boʻlib bironta ayoldan gul olmagan Dizma har ehtimolga qarshi:

— Ha, shunaqasi ham boʻlib turardi, — deya javob qildi.

— Poytaxtdagi kiborlar jamiyatida siz kuchli shaxs sifatida obroʻ qozongan boʻlsangiz kerak-a?

— Men-a?

— Otam aytgan edilar. Siz chindan ham shunaqa odamga oʻxshaysiz. Shunday qilib, bil'yard oʻynashni bilaman deng?

— Ha, yoshligimda oʻrganganman, — javob berdi Dizma, liskovlik Aronson qandolatxonasidagi tamaki tutuniga toʻlib turadigan kichkinagina bil'yardxonani eslar ekan.

— Biznikida ham bil'yard bor. Ammo hech kim oʻynashni bilmaydi. Agar vaqt topib, oʻrgatsangiz, bajonu dil oʻrganardim...

— Siz-a? — ajablandi Dizma. — Ayol kishining bil'yard oʻynaganini sira koʻrgan emasman. Axir bu erkaklarning oʻyini-ku.

— Men oʻzim shunaqa, erkaklarning oʻyinini yaxshi koʻraman. Xoʻsh, oʻrgatasizmi?

— Jonim bilan.

— Hoziroq boshlaylik boʻlmasam.

— Yoʻq, — deya e’tiroz bildirdi Dizma. — Bugun ishim koʻp. Hisob-kitob daftarlarini koʻrib chiqishim kerak.

— Hm... Sizni judayam xushmoamala deb boʻlmas ekan. Lekin xarakteringizning oʻzi shunaqa boʻlsa kerak.

— Xoʻsh, bu, yaxshimi, yomonmi? — deya yurak yutib soʻradi Nikodim.

— Nima yaxshimi, yomonmi? — sovuqqina qayta soʻradi Kasya.

— Xarakterimning shunaqaligi-da?

— Bilasizmi... Sizga ochigʻini aytaman. Men qoʻlidan ish keladigan odamlarni yaxshi koʻraman. Lekin bunday odam dadamlarga oʻxshamasligi kerak. Ha, bir narsani oldindan, hm.. bilib olmoqchi edim... Agar ochigʻini aytsam xafa boʻlmaysizmi?

— Xudo saqlasin!

— Unday desam, bu bilan mening ishim yoʻq.

— Tushunmadim.

— Siz gapning poʻskallasini yaxshi koʻrasizmi?

— Nima?

— Koʻrib turibman, dudmal gapni yomon koʻrar ekansiz. Juda yaxshi. Gap bunday, agar sizga ba’zan iltifot koʻrsatgudek boʻlsam, bundan notoʻgʻri xulosa chiqarib yurmang. Boshqacha qilib aytganda, mendan gul kutmang.

Nikodim nihoyat qizning nima demoqchi ekanligini tushundi-da, kulib yubordi.

— Men bu narsani xayolimga ham keltirgan emasman.

— Juda yaxshi. Boshidanoq oraii ochiq qilib olganimiz ma’qul.

Dizma negadir ranjiganday boʻlib, oʻylamay-netmay dedi:

— Gapingiz toʻgʻri, shuning uchun men ham ochigʻini aytmoqchiman: siz ham menga yoqmaysiz.

— Rostdan-a? Unday boʻlsa yanayam yaxshi, — dedi kutilmagan bu gapdan bir oz esankirab qolgan Kasya. — Bunday fikr almashuv bil'yard oʻyinini oʻrganishimizda ancha osonlik tugʻdiradi.

Er-xotin Qunitskiylar ortlariga qaytishib, ularga kelib qoʻshilishdi. Kasya Ninaning qoʻltigʻidan olib, unga qoʻlidagi gulni uzatdi:

— Bu senga, Nina, axir sen tamaki gulini yaxshi koʻrasan-ku, shunday emasmi?..

Kunitskiy Kasyaga oʻgirilib qaradi. Qorongʻi tushgan boʻlsa-da, Dizma uning koʻzi gʻazab bilan yonayotganini yaqqol soʻzdi.

— Bunday namoyishning nima hojati bor? — dedi chol jahl bilan yanada qattiqroq shushulab.

— Uni uzib bekor qilibsan. Gulning umri busiz ham juda qisqa-ku, — dedi xijolat chekkan Nina astagina..

Ular bir-birlariga yaxshi uyqu tilab, vestibyulda xayrlashishdi. Biroq Dizma uyquni xayoliga ham keltirmagan edi. U qanday boʻlmasii Kunitskiyning xoʻjalik ishlarini tushunib olishga ahd qilgandi. Bu juda mushkul ish edi: butun-butun sahifalar, qator raqamlar, u bilmaydigan yoki ularning sirli ma’nosini oxirigacha tushunib yetolmaydigan qandaydir gʻaroyib, gʻanim soʻzlarga toʻldirib yuborilgandi. Diskont, polufabrikat, himoya soligʻi, ikkinchi straxovaniye, kompensatsiya, tendensiya, narxni oshirish, ekvivalent — miyasi gʻovlab ketgan Dizmaning peshanasini ter qopladi.

U ovozini chiqarib oʻqib koʻrdi, biroq buning ham foydasi tegmadi. Oʻzi oʻqiyotgan jumlalarning mazmuni miyasidan chiqib, havoga uchib ketaverardi. Nikodim stol yonidan sapchib turdi-da, mushti bilan boshiga urganicha, hisob-kitob daftarlariga lan’at oʻqib, xonada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi.

— Tushunishim kerak, — derdi u qaysarlik bilan, — bu ishning tagiga yetishim lozim, boʻlmasa holimga voy.

U yana oʻtirib oʻqiy boshladi, yana sapchib oʻrnidan turdi.

— Yoʻq, behuda urinyapman.. Miyam yorilsa yoriladiki, ammo bu la’nati ishning tagiga yetolmayman.

U vannaxonaga borib, sovuq suvning joʻmragini ochdi-da, «Yordami tegarmikin yoki yoʻqmi?..» deya oʻylaganicha bir necha minut boshini suvga tutib turdi.

Buning ham nafi tegmadi. U tuni boʻyi qogʻozlar ustida muk tushib oʻtirib chiqdi. Biroq shuncha urinishlarining natijasi qattiq bosh ogʻrigʻi boʻldi, xolos. U Koborovo xoʻjaligi haqida bir oz tasavvur hosil qildi. Ammo bu tasavvur shunchalik yuzaki ediki, ish yuritish u yoqda tursin, hatto Kunitskiy bilan gaplashish uchun ham kamlik qilardi.

«Nima qilmoq kerak axir?»

Nikodim uzoq oʻylab, osonlikcha jon bermaslikka ahd qildi.

«Ish boshlashni paysalga solaman, bu orada, balki, bir joydan najot yoʻli topilib qolar».

Kunitskiy hisob-kitob daftarlari uyulib yotgan stol yonida boshini changallab oʻtirgan Dizmaning yoniga kirganida soat toʻqqiz boʻlgan edi.

— Azizim, pan Nikodim, — deya qichqirdi chol goʻyo ranjigandek boʻlib, — nima qilyapsiz oʻzi! Mutlaqo uxlamabsiz-ku, axir! Mehnatsevarlik ham evi bilan-da, sogʻliq ham kerak-ku odamga.

— Balo ham urmaydi menga, — toʻngʻilladi Dizma. — Ishni boshlaganimdan keyin uni oxiriga yetkazishim kerak.

— Juda qaysar ekansizu... Xoʻsh, qalay?

— Hech nima deyolmayman.

— Azizim, pan Nikodim, chindan ham ishlar juda batartib-a? Aniq, loʻnda, sarishta...

Dizma soʻkib yuborishiga sal qoldi.

— Chindan ham hammasi batartib ekan, — dedi u gʻijinib...

— Nima? Rosti bilan-a? Hamma ishni oʻzim qilaman. Bu mexanizmniig ipidan-ignasigacha menga besh panjadek ma’lum. Shu boisdan ham xizmatchilarimdan birontasi meni aldab ketolmasligiga imonim komil. Endi har qalay ishni yigʻishtiring. Hozir nonushta qilamiz. Hali ish uchun vaqtingiz koʻp, bugun siz bilan hech qayoqqa bormaymiz. Qogʻoz fabrikasida qurilish komissiyasining majlisini oʻtkazishim kerak, soʻngra Kotiluvkadagi oʻrmonni koʻrgani boraman.

Nikodim bilan Kunitskiy yemakxonaga kirib borishganida, xonimlar ularni kutib oʻtirishgan edi.

— Voy, muncha rangingiz oqarib ketibdi!.. — deya gap qotdi pani Nina.

— Bir oz boshim ogʻriyapti.

— Bir tasavvur qiling-a, — deya sannay ketdi Kunitskiy, — pan Nikodim mijja ham qoqmabdi. Tuni bilan hisob-kitob daftarlari ustida oʻtirib chiqibdi.

— Balki bosh ogʻrigʻi dori icharsiz? — soʻradi Nina.

— Foydasi tegarmikin...

— Iching, ancha yengil tortasiz.

U xizmatkorga dorilar solingan qutichani keltirishni buyurdi. Shundan soʻng Dizma taxir dorini ichishga majbur boʻldi.

— Bilasizmi, Nina, — dedi Kasya, — pan Dizma menga bil'yard oʻynashni oʻrgatadigan boʻldi.

— Siz bil'yardni yaxshi oʻynaysizmi?

— Oʻrtacha, — javob qildi Nikodim. — Bir vaqtlar yaxshi oʻynardim.

— Balki, mashqlarni nonushtadan soʻng boshlarmiz? — deya taklif etdi Kasya.

— Men esa sizlarni tomosha qilaman, — qoʻshimcha qildi Nina.

— Xo-xo, — kulib yubordi Kunitskiy, — pan Nikodimni mendan butunlay tortib olmasanglar, deb qoʻrqib qoldim.

— Erim sizni bizdan qizgʻanyapti, — deya jilmaydi Nina. Dizmaga ayol unga xayrixohlik bilan qarayotgandek tuyuldi.

«U juda mehribon boʻlsa kerak», — xayolidan oʻtkazdi Nikodim.

Kunitskiy nonushta qilib boʻlishgani zahoti ular bilan xayrlashdi-da, pildiraganicha oʻzini kutib turgan avtomobil' tomon yoʻl oldi.

Kasya bil'yardni oʻyinga hozirlashni buyurgach, ularning uchovi bil'yardxonaga oʻtishdi.

Mashq Dizmaning kiyni qanday ushlash lozimligini koʻrsatishidan boshlandi. Soʻngra u soqqani qanday urish lozimligini tushuntirdi.

Kasya hammasini tez oʻrgandi: uning qoʻli baquvvat, koʻzi ham moʻljalni toʻgʻri olardi.

— Siz hali juda yaxshi oʻynaydigan boʻlasiz, — dedi Dizma. — Faqat bir oz mashq qilishingiz kerak.

— Demak, Kasya ziyrak shogird ekan-da? — deya soʻradi Nina.

— Ha, kiyni birinchi marta ushlagan odam sifatida juda yaxshi oʻynadi.

— Bil'yard oʻyinida eng qiyini nima? — soʻradi Kasya.

— Karambol'.

— Iltimos, koʻrsating,

Dizma soqqalarni stol ustiga tikdi.

— Marhamat, qarang, — dedn u, — endi men oʻz soqqamni shunday uramanki, u borib ketma-ket ikki soqqaga uriladi.

— Bunday boʻlishi mumkin emas: ular bir chiziqqa joylashmaganku, axir.

— Xuddi shuni karambol' deyishadi-da, — deya jilmaydi Nikodim, ayollarni qoyil qoldirganidan mamnun boʻlib. — Uning butun siri soqqaning turli joyda stol chetiga urilib, yoʻnalishini oʻzgartirishida. Karambol'. mana bunaqa boʻladi.

U soqqani kiy bilan asta urgan edi, karambol' hosil boʻldi-qoʻydi. Xonimlar buni koʻrib lol qilishdi.

— Axir bu geometriya-ku, — deya ajablandi Nina.

— Men buni sirayam oʻrgana olmayman, — gap qotdi Kasya.

— Balki, siz ham urinib koʻrarsiz? — dedi Dizma Ninaga qarab.

— O, men mutlaqo oʻynolmasam kerak, — javob qildi Nina. Lekin kiyni qoʻliga oldi.

Juvon chap qoʻlini kiyga qay yoʻsinda tirgak qilishni bilolmagan edi, Dizma unga tushuntira boshladi. Nikodim qoʻlni stolga qanday qoʻyishi lozimligini koʻrsatayotib, asta uning bilagidan tutdi. Ninaning terisi juda silliq va mayin ekan. Bu qoʻllar mehnat nimaligini bilmasa kerak, — deya xayolidan oʻtkazdi Dizma...

«Badavlat boʻlish juda ajoyib narsa-da, — deya oʻyladi u yana, — bir imo qilsang bas — koʻngling tusagan narsani bajo keltirishadi...»

— Xoʻsh, pan Dizma, — dedi Nina, — meni oʻrgatgingiz kelmayapti, shekilli?

— Kechirasiz. Shunchaki... xayol surib qolibman.

— Qiziq, nima haqida xayol surdingiz?

— Shunchaki oʻzim... qoʻlingizdan tutganimdan soʻng: bunday nozik qoʻllar mehnat nimaligini bilmasa kerak deb oʻyladim.

Nina qip-qizarib ketdi.

— Rost aytdingiz. Oʻzim ham anchadan beri uyalib yuribman. Biron ishga qoʻl uray desam irodam zaiflik qiladi. Ehtimol, sharoitning oʻzi shunday boʻlgani uchun yalqovlik qilayotgandirman.

— Albatta, shuncha puli bor odam ishlab ham nima qilardi, — dedi Dizma mutlaqo begʻaraz.

Nina lablarini tishlab, yerga qaradi.

— Siz yuz-xotir qilmay gapirdingiz, lekin, tan olaman, siz haqsiz.

Juvonning nima demoqchiligini tushunolmay qolgan Dizma bir oz gangib qoldi.

— Pan Dizma rostgoʻylikning xuddi oʻzginasi ekan. Oʻylagan narsasini betingga aytadi-qoʻyadi, — dedi Kasya.

— Noyob fazilat, — deya javob qildi Nina.

— Ochigʻini aytganda, bunday qilish hamma vaqt ham atrofdagilarga yoqavermaydi.

— Lekin foydasi bor. Menga soxta maqtovdan koʻra achchiq haqiqat yuz karra koʻproq yoqadi...

— Menimcha, maqtov bilan pan Dizma — bir-biriga toʻgʻri kelmaydigan tushuncha. Ayting-chi, — dedi Kasya Nikodimga qarab, — siz, biron marta boʻlsin, ayollarga xushomad qilganmisiz?

— Boʻlmasam-chi. Agar men chiroyli ayolni koʻrsam, unga biror yoqimli gap aytishim mumkin.

— Faqat shumi? Xoʻsh, masalan, menga nima degan boʻlardingiz?

— Sizgami?.. Hm... — Dizma xayolga choʻmib, goʻshtdor iyagini ishqab qoʻydi.

Kasya haxolab kulib yubordi.

— Koʻrdingmi, Nina, maqtashga kelganda pan Dizma shunaqa qiynalib qoladilar. Iltimos, men toʻgʻrimda biror narsa deng. Agar meni umuman maqtay olmasangiz, biror ayrim joyimni topib maqtang...

Qizning nozik tuk qoplagan qoramagʻiz yuziga qon yugurdi. Nikodim ichida, Kasya koʻhlikkina ekan, deb oʻyladi. Lekin u baribir qandaydir sirli koʻrinardi. Qizning Ninaga tikilgan qoʻy koʻzlarida oʻqtin-oʻqtin qandaydir gʻalati bir ifoda uchqunlardi.

— Sizning quloqlaringiz chiroyli ekan.

— O!.. — deya ajablandi Kasya. — Sizdan shu gapni eshitaman deb sira oʻylamagandim. Bultur qishda Riv'erada boʻlganimda, maestro Berganoning oʻzi menga xuddi shu gapni aytgan edi.

«Bergano degani kim boʻldiykin? Obbo la’nati, qoʻlga tushdimu», — degan xayol kechdi Nikodimning miyasidan. U shosha-pisha dedi:

— Tasviriy san’atni yaxshi tushunmayman. Unga hech qachon qiziqqan emasman.

— Ammo bu narsa sizning ulugʻ rassomlar kabi nozik did bilan baho berishingizga xalal etmas ekan, — deya muloyimgina e’tiroz bildirdi Nina.

Kasya kiyni stol ustiga qoʻydi-da, bugunchalik bil'yard oʻyini joniga tekkanini aytdi.

— Borib qayta kiyinib chiqaman. Siz men bilan birga ot minib sayr qilgani bormaysizmi?

— Rahmat, hali qiladigan ishlarim koʻp, — javob qildi Nikodim.

— U holda bir oʻzim boraman. Kechgacha xayr, Ninochka, — Kasya Ninaning boʻynidan quchib, labidan oʻpdi.

Nina bilan yolgʻiz qolishgach, Dizma dedi:

— U sizni oʻz onasidek yaxshi koʻrar ekan. Nina orqasiga oʻgirilib, deraza oldiga bordi.

— Biz bir-birimizni opa-singillardek yaxshi koʻramiz.

— Chamasi, yoshingizdagi farq uncha katta boʻlmasa kerak. Men sizlarni avvaliga opa-singil deb oʻyladim, Lekin tabiatingiz har xil ekan...

— Ha, — deya tasdiqladi Nina, — xarakter jihatidan ham, dunyoqarash jihatidan ham biz bir-birimizga oʻxshamaymiz.

— Ammo baribir bir-biringizni yaxshi koʻrasiz. Nina javob bermadi. Suhbatni qanday davom ettirishnn bilmay qolgan Dizma xayrlashishga qaror qildi, — Men boray endi. Yaxshi qoling, Nina javoban bosh irgʻadida, soʻradi: — Sizga boshqa hech narsa kerak emasmi?

— Yoʻq, minnatdorman.

— Marhamat, agar biror narsa kerak boʻlib qolsa, tortinmay xizmatkorlarga buyuravering...

— Rahmat...

Dizma ta’zim qilib, xonadan chiqib ketdi. U ogʻir qadam tashlab koridordan borar ekan, Nina Nikodimning qip-qizil boʻyni hamda keng va beoʻxshov yelkasiga tikilib turdi.

«Kuchli odam

O‘xshash hikoyalar