Muttahamning parvozi (III- qism) (3-bet)
koʻrmaganimgayam ancha boʻldi-da, azizim pan Dizma...
Bunday muomalani sira kutmagan Dizma suhbatdoshiga gumonsirab indamay qarab turaverdi.
— Sogʻligʻingiz qalay? — deya davom etdi baqaloq. — Men esa olti hafta dam olganimdan soʻng oʻzimni juda yaxshi his etyapman. Ishonasizmi, pan rais, naq yetti kilo ozibman. Durust, a?
— Yomon emas, — dedi Dizma.
— Dam olish-juda yaxshi narsa-da! — Muhit oʻzgaradi... Yangi tanishlar, yangi taassurot, yangicha hayot...
— Siz Jegestovda boʻldingizmi? — deya soʻradi Nikodim biror narsa deyish uchun.
— Ha. Juda maza qildim-da. Mehmonxonada royal' tinimsiz gumburlardi. Qoʻshni xonada bridj oʻyini avjiga chiqqan boʻlib, ahyon-ahyonda u yerdan qimorbozlarning gangur-gungur gaplari quloqqa chalinardi. Terkovskiyning boʻgʻiq tovushi xuddi koʻksini yopib turgan oppoq manishkasi ostidan eshitilayotgandek tuyulardi. Uning baliqnikiga oʻxshash mitti koʻzlari yogʻ bosgan qovoqlari orasida xiragina miltirar, semiz va kalta barmoqlari esa qahrabo mundshtugini asta silab turardi.
«Bu iblisga nima kerak oʻzi?» — deya oʻylardi boshi qotib kolgai Dizma.
— Bilasizmi, pan rais, — deya davom etdi Terkovskiy, — men u yerda sizniig eski tanishingiz — notarius Vinder bilan tanishish sharafiga muyassar boʻldim. Juda dilkash odam ekan.
Terkovskiy Dizmaga sinchkovlik bilan tikilganicha jimib qoldi.
Uning gapini yaxshi eshitolmay qolgan Nikodim qayga soʻradi:
— Nima dedingiz?
— Sizning eski tanishingizni uchratib qoldim, deyapman.
Nikodim tishini tishiga bosdi.
— Kim ekan u?
— Pan Vinder. Juda dilkash odam ekan!
— Kimni? Vinderni deysizmi?.. Eslolmayapman.
Nikodim jon-jahdi bilan Terkovskiyning koʻziga tikildi.
— Notarius Vinderni nahot eslolmasangiz?! — Notarius?.. Yoʻq. Eslolmayapman.
Terkovskiy istehzo bilan kulib yubordi.
— U esa sizni juda yaxshi eslarkan. Biz u bilan bir kupeda keldik: bu ajoyib chol menga siz toʻgʻringizda, Liskov haqida juda koʻp narsalarni aytib berdi.
Dizmaning koʻz oʻngi qorongʻilashib ketdi. Tamom boʻlish deb shuni aytishsa kerak-da? Halokat deganlari shu emasmi axir: uni fosh qilishdi. Nikodim choʻntagiga tiqqan qoʻllarini qattiq musht qilib tukkanidan qoʻli ogʻrib ketdi. U bir zum Terkovskiyga tashlanib, tirjayib turgan basharasi koʻkarib ketgunga qadar semiz boʻynidan boʻgʻsammikin, deb ham oʻylanib qoldi. Nikodim ichida hujumga shaylanib, mushaklarini qattiq qisdi.
— Kechirasiz, — dedi shu payt yonidan oʻta turib, unga tegib ketgan bir notanish xonim.
Bu hol Nikodimni hushiga keltirdi.
— Qanaqa Liskov? Siz nimalar deyapsiz oʻzi?
Terkovskiy yelkasini qisib qoʻydi.
— Boʻlmagan gap! Hech qanday Vinderni tanimayman!
Terkovskiy qoshlarini chimirib, xotirjamlik bilan papiros kulini chertib tushirdi.
— Ha, albatta, balki, bu anglashilmovchilikdir.
— Anglashilmovchilik... — deya takrorladi Dizma.
— Darvoqe, biz tez kunda buni aniqlaymiz. Notarius Vinder kelasi haftada Varshavaga keladi. Men uni uyimga taklif qildim. U juda dilkash odam ekan. U siz bilan familiyadosh boʻlgan biror odam haqida gapirgan boʻlsa ham ajab emas. Ehtimol, oʻsha odam qarindoshingiz boʻlib ham chiqar... Xe-xe-xe.....
Dizma javob berishga ulgurmadi. Mehmonxonadagi konsert tugab, gulduros qarsaklar ostida kabinetga mehmonlar yopirilib kirishdi.
Butun kecha davomida Nikodim xuddi ninaning ustida oʻtirganday boʻldi. Nihoyat, soat oʻn ikkiga yaqin u, sezdirmay juftakni rostlab qoldi.
Shivalab yomgʻir yogʻmoqda edi. Dizma pal'tosining tugmalarini qadamay uyi tomon surgalib borardi. U uyiga yetib kelgach, yechinmasdan ham oʻzini divanga tashladi.
Hammasi ravshan.
Endi uning taqdiri Terkovskiyning qoʻlida, Terkovskiy kechirmaydi. Kek saqlab yurgan ekan, ablah! U Bochek emas sizga!
Nikodim bir seskanib tushdi.
U oʻrnidan turib, chiroqni yoqdi-da, pal'tosi, shlyapa va fragini yechib, xonada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. Uning miyasini biri biridan mudhishroq fikrlar chulgʻab, peshanasini sovuq ter bosdi.
«Vinderni gumdon qilsam-chi... Balki eplash mumkindir... Xoʻsh, u yogʻi nima boʻladi?..»
Terkovskiy Liskov haqida bilib olgan ekan, endi undan qutulib boʻlmaydi. Agar Vinder gʻoyib boʻlsa — Terkovskiy bu kimning ishi ekanligini darhol fahmlaydi... Ishdan haydasalar ham mayli-ya, qamoqqa tiqishadi...
«Yalinsammikin?.. Baribir foydasi tegmaydi».
Nikodim Terkovskiyning qanday odam ekanligini juda yaxshi bilardi.
Miyasi tinmay gʻuvillardi. Dizma kechasi bilan mijja qoqmay chiqdi. U yolgʻizlik va zaiflikdan azob chekardi. Buni hatto Kshepitskiyga ham aytib boʻlmasdi... Xoʻsh, nima qilish kerak?.. Nima qilsaykin?..
U nonushtaga qoʻl ham urmay, Ignatiyga bankaga qoʻngʻiroq qilib, betobligi tufayli ishga borolmasligini aytib qoʻyishni buyurdi. Biroq oradan yarim soat oʻtmasdanoq xato qilganini angladi: uning birdan betob boʻlib qolgani haqidagi gap Terkovskiyning qulogʻiga yetib borishi mumkin edi. Dizmaning gʻazabi qaynab ketdi. U hech gapdan hech gap yoʻq Ignatiyga oʻshqirdi-da, bankaga joʻnadi. U yerda ataylab barcha boʻlimlarni aylanib chiqdi. Vandrishevskiyning oldiga kirdi va garchi kecha oʻzi uch kun muhlat bergan boʻlsa-da, balans tayyor boʻlmagani uchun direktorni koyidi. Soʻng Kshepitskiyga «salom», deya toʻngʻillaganicha kabinetga kirib, ichidan qulflab oldi.
Dizmaga faqat, Terkovskiy oʻz shubhasini bironta odamga aytdimi, yoʻqmi, degan fikr azob berardi. Nihoyat, Nikodim, u makkor yuragidagini duch kelgan odamga aytavermaydi, degai qarorga keldi. U nima qilarkin? Har qanday Dizmani ham, Yashunskiyni ham, Pil'xenni ham rasvolarini chiqarib haydatishga urinsa kerak...
Faqat bittagina yoʻli qolgan boʻlib, darhol iste’foga chiqish va Koborovodagi sandiqda yotgan pullarii oʻmarib, chet el pasportini olish hamda Vinder Varshavaga qelmasdan burun juftakni rostlab qolish lozim. Ninaga uylanish haqida gapirmasa ham boʻlardi. Kunitskiyni esa, keyin shikoyat qilib yurmasligi uchun, qamoqdan chiqarib yuborish va u bilan bir amallab kelishib olish kerak.
— He, jin ursin!
Telefbn jiringlab qoldi. Kshepitskiy allaqanday bir xonim bilan grafinya Konespol'skaya kelganini xabar qildi. Xonimlar uni albatta koʻrishmoqchi emish.
— Ularga betob ekanligimni ayting.
— Aytdim, — dedi javoban Kshepitskiy, — lekin, pan raisga ma’lum qiling, deb gapimga koʻnishmayapti. Aytishlaricha, siz ularni albatta qabul qilarmishsiz. Nikodim qovogʻidan qor yogʻib eshikni ochdi. — Marhamat, — deya xonimlarni quruqqina taklif qildi u.
Konespol'ekaya yonidagi xonim jodugarsifat Stella ekan.
Uni koʻrib Dizmaning zardasi qaynab ketdi.
Xonimlar tashvishlanib uiing sogʻligʻini surishtirishdi va doktorlarni tavsiya qila boshlashdi., Nihoyat, maqsadga koʻchib, ustozning betobligi loja marosimini bajarish uchun halal bermasligiga umid bildirishdi. Ertaga navbatdagi marosim ekan. Afsuski, Konespol'skayaning eri hozir uyida ekan, shu boisdan ham misteriya oʻtkazish uchun Buyuk Oʻnuchinchining kvartirasidan boʻlak joy qolmabdi.
Bu gapdan Dizmaning joni hiqildogʻiga keldi.
— Meni tinch qoʻyinglar. Hozir bu narsa koʻnglimga sigʻmaydi.
— Ertaga qadar tuzalib ketasiz, — dedya Stella e’tirozga oʻrin qoldirmaydigan ohangda. — Uchrangli Yulduz tomonidan yuklangan vazifa albatta bajarilmogʻi lozim.
— Tuzalaman, tuzalaman... — dedi chap berishga urinib Dizma. — Men soppa-sogʻman, lekin hozir bu ishlarga vaqtim yoʻq. Zimmamda muhim ishlar bor.
Oraga jimlik tushdi. Nikodim deraza tomon oʻgi-rildi.
— Ustoz, — deya astagina soʻradi Konespol'skaya, — biror koʻngilsizlik boʻldimi?
Nikodim istehzo bilan kulib yubordi.
— Koʻngilsizlik ham gapmi. Shunday ablahlar borki, iloji boʻlsa, boshingga chiqib oʻtirib olsam deydi...
— Ustoz, siz har qanday odamning ham tanobini tortib qoʻya olasiz, — dedi ishonch bilan Stella.
Nikodim unga uzoq tikilib turdi.
— Har qanday odamni ham emas. Shundaylar ham borki, toʻngʻiz kabi senga choh qaziydi, quturgan itdek akillaydi... Nomingni bulgʻashga, dunyoni koʻzingga qorongʻi qilishga harakat qiladi...
Stellaning koʻzlari qisilib ketdi.
— Kim ekan oʻsha odam?
Dizma faqat qoʻl siltab qoʻya qoldi.
— Ayt, ustoz, senga choh qaziyotgan kim oʻzi?
— Hojati bormikin...
— Aytish kerak, — deya bijilladi Konespol'skaya, — balki, biznikiga bironta yoʻl, bironta chora oʻylab topar.
— Uchrangli Yulduz ordeni juda qudratli, — dedi jiddiy ohangda Stella.
Nikodim boʻynini qisdi-da, bexosdan:
— Terkovskiy, — deb yubordi.
Hayratdan ikkala xonimning ogʻzi ochilib qoldi, Dizma ichida soʻkinib qoʻydi. Bu xotinlarga aytib nima qilardi? Ahmoq!
Stella oʻrnidan turdi-da, vazmin qadam tashlaganicha Nikodimga yaqinlashdi.
— Ustoz! Sen buyurishga haqlisan. Bu odam halok boʻlishi kerakmi? — Dizma allanechuk boʻlib ketdi: bu xotinlar aqldan ozishibdi! — Ustoz! — deya davom etdi Stella. — Bu odam abadiy yoʻq boʻlsinmi yoki vaqtincha yoʻqolsinmi? Buyur!
Nikodim kulib yubordi. Bu gap unga yosh bolalarga xos tentaklik boʻlib tuyuldi. Ruhoniyga oʻxshaydigan bu kalta oyoq maymun Terkovskiy kabi nufuzli bir odamni nimayam qila olardi? Lekin shu zahoti u Vinderning kelishiga juda oz vaqt qolganini esladi. Shundan soʻng hammasi tamom boʻladi. Terkovskiy Vinder bilan gapni bir joyga qoʻyadi-yu, keyin... Qani endi shunday qilinsaki, oʻsha paytda Terkovskiy Varshavada boʻlmasa.
— Terkovskiyni Afrikaga joʻnatib, u yerda daraxtga bogʻlab qoʻying yoki, umuman, jahannamga joʻnating? — dedi alam bilan Dizma.
— Qachon? — deya qat’iy ohangda soʻradi Stella.
— Shu bugun boʻlsa ham mayli... Ha-ha-ha!.. Bu deyman, juda quvnoq ayol ekansiz-ku! Boʻpti, choʻpchak aytishni yigʻishtiraylik. Xoʻsh, misteriyani nima qilamiz?
Xonimlar marosim belgilangan muddatda amalga oshirilishini qat’iyan talab etishdi va bundan boʻyin tovlaydigan odamning biror falokatga uchrashi muqarrar ekanligini shama qilishdi. Bundan qoʻrqib ketgan Dizma darhol taslim boʻla qoldi va Uchrangli Yulduz lojasining ikkinchi yigʻinini oʻz uyida oʻtkazishga rozilik bildirdi.
Kechqurun u koʻngil ochish uchun Vareda bilan «Voha»ga bordi va uyiga qaytgach, tosh qotib uxlab qoldi.
Ertalab Stella bilan Lyalya yetib kelib, Dizma ularning ixtiyoriga berib qoʻygan kvartirani batamom ostin-ustun qilib tashlashdi. Dizma misteriyani konspiratsiya qonunlariga amal qilib oʻtkazishga qaror qildi va muhtaram Ignatiyga dam olish uchun uch kunga javob berib yubordi. Shu boisdan ham mebellarni u yoqdan-bu yoqqa surish, gilamlarni bir xonadan ikkinchi xonaga tashish kabi barcha ogʻir ishlar uning zimmasiga tushdi. Bir hisobga Nikodim bu ishdan xursand ham boʻldi — anovi Terkovskiy toʻgʻrisida, Vinderning Varshavaga kyolishi bilan bogʻliq.boʻlgan xavf-xatarni oʻylashga vaqti yoʻq edi.
Xonimlar, chamasi, unutishgan boʻlishsa kerak, Terkovskiyni ortiq esga solishmayotgandi.
«Unutishgan boʻlishsa juda yaxshi, — deya oʻylardi Dizma. — Kecha ularga bekor aytdim oʻzi».
Nikodim jon-jahdi bilan mebellarni u yoqdan-bu yoqqa surar va xonadan xonaga gilam tashirdi.
Kechga tomon u shu qadar charchadiki, yotoqxonaga kirib, ichidan qulflab olsa jon-joi derdi. Ammo qayoq-da! Yotoqxona ham, boshqa uch xona ham, vanka boʻlmasi ham «rohibalar» uchun moʻljallab qoʻyilgandi.
Soat oʻn birda dahshatli falokat sodir boʻldi Xonimlardan biri soʻnggi daqiqada eri kelib qolgaii tufayli misteriyaga kelolmasdigʻini xabar qildi. Ustavga binoan marosimda albatta oʻn ikki «rahiba» ishtirok etishi lozim edi. Xonimlar oʻzlarini qoʻyarga joy topolmay qoldilar.
Nikodim darhol misteriyani kelasi haftaga qoldirishni taklif qilgan edi, biroq Stella gʻazab bilan, bunday qilish ustavni buzish bilan barobarligi va oʻzi bunga sira ham yoʻl qoʻya olmasligini aytdi. Qiyin ahvoldan chiqish chorasini topish kerak edi. Kutilmaganda xonimlardan biri — baronessa Vel'berg chora topdi: u bir kechaga yollash mumkin boʻlgan bitta qizni tanir emish, qizga ishonsa boʻlarmish, u juda ajoyib qiz boʻlib, var'etelardan birida «Girl» ekan; baronessaning ishontirishicha, kichkina Vladaga har qanday sirni ishonish mumkin emish.
Boʻlak chora qolmagan edi. Kichkina Vladani taklif qilishga jazm etishdi. Shu zahoti unga telefon qilishdi. Avvaliga qiz bugun dansingda uchrashishi lozim boʻlgan rashkchi jazmanini roʻkach qilib, misteriyaga kelishdan bosh tortdi. Biroq keyin yuz zlotiylik kredit biletining daragini eshitib, rozi boʻldi.
Shundan soʻng misteriya barcha qoidalarga amal qilingan holda, qoq yarim kechada boshlandi.
Soat birda, iblis chaqirilayotgan paytda kichkina koʻngilsizlik sodir boʻldi: hushidan ketayozgan Vlada yigʻlab yubordi va uyimga ketaman, deya xarxasha qila boshladi. Uni arang toʻxtatishdi. Qiz peyotl qoʻshilgan vinodan ichgach, ancha tinchib qoldi.
Soat ikkida rais Nikodim Dizmaning mehmonxonasi butunlay agʻdar-toʻntar boʻlib ketdi. Shu tobda u taniqli davlat arbobining mehmonxonasiga sira ham oʻxshamay qolgandi. U koʻproq dudxona yoki qadimgi Rimdagi bugʻxonalarga oʻxshardi .
Misteriya qatnashchilari xonalarga tarqalishganida darparda chetidagi tirqishdan dekabr' tongiiing ilk nurlari endigina moʻralay boshlagan edi. Jang maydonida faqat Buyuk Oʻnuchinchi qoldi. U devorga suyanib oʻtirganicha shunday xurrak otardiki, deraza oynalari qimirlardi.
Nikodim vaqt peshindan ogʻganida uygʻondi. Uning azbaroyi sillasi quriganidan miyasi gʻuvullardi.
U oʻrnidan turib kiyindi-da, borib yotoqxonaga nazar tashladi. «Rohibalar» uygʻona boshlashgan edi. Vannaxona tiqilinch edi. Xonimlar Nikodim bilan birin-ketin xayrlashib, oyoqlarini arang surgashganicha, uy-uylariga tarqalisha boshlashdi.
Nihoyat, Dizma yolgʻiz oʻzi qoldi. U barcha oynalarni ochib tashladi va zoʻr-bazoʻr qimirlab, kvartirani tartibga solmoqchi boʻldi.
U pianinoni joyigʻa surib qoʻymoqchi boʻlib turganida koʻcha eshikning qoʻngʻirogʻi jiringlab, Kshepitskiy kirib keldi.
— Ehe, pan Nikodim! — dedi u kulib. — Bu yerda rosa bazmi jamshid boʻlganga oʻxshaydi-ku.
Kunitskiy qamoqqa olinganidan soʻng u oʻz boshligʻi bilan juda apoq-chapoq boʻlib ketganidan uni nomini atab chaqira boshlagan edi.
— He, yer yutsin oʻsha mochagʻarlarni! — deya toʻngʻilladi qovogʻini solib Dizma.
— Bu deyman, rangingizda rang qolmabdi-ku! — dedi ajablanib Kshepitskiy. — Bunaqa ishlarni yaxshi koʻrishingizni bilmagan ekanman.
— Padariga la’nat bu ishning!
— Demak, hirsni oʻldirish uchun shunday qilibsiz-da?
— Boʻldi, muncha tirgʻilmasangiz, jin ursin sizni! — dedi zardasi qaynab Dizma. — Undan koʻra yordamlashib yuboring.
— Nega oʻzingiz ishlayapsiz? Ignatiy qayoqqa ketdi? Dizma javob berish oʻrniga pishqirib ishlayverdi. Nihoyat, u bir soʻkinib qoʻydi-da, oʻzini divanga tashladi.
Kshepitskiy papiros tutatdi.
— Toʻgʻri Reyxning oldidan kelyapman.
— Xoʻsh?
— Kunik nnhoyat shashtidan tushibdi. Sovuq, qorongʻi kamerada yotib, ta’zirini yebdi. Lekin u xotini bilan yuzlashtirishlarini talab qilgan emish. Reyx unga Ninaning sizga yozgan soʻnggi xatini koʻrsatgandan keyingina tinchibdi. Yuz ming zlotiyga rozi emish, faqat anovi sirini fosh etuvchi hujjatlarni qaytib berishni shart qilib qoʻyayotganmish.
— Xoʻsh, Reyx nima deyapti?
— Reyx bunday shartga koʻnadigan ahmoqlardan emas, u oʻsha hujjatlarni jinoiy qidiruv arxivida emas, shaxsan oʻz uyida saqlashni va’da qilibdi, xolos.
— Kunitskiy rozi boʻlibdimi, ishqilib?
— Oʻylab koʻrish uchun yana bir kun muhlat olibdi. Qoʻrqmang. Albatta rozi boʻladi.
Kshepitskiy oʻrnidan turib, papirosidagi kulni chertib tushirdi-da, qoʻshib qoʻydi:
— Siz esa, oʻz navbatingizda, Ninaga erining ozod qilib, oʻz xohishi bilan chet elga joʻnayotganini xabar qilib qoʻyishingiz kerak. Hm... Unga hatto, chol bor pulining yarmini olib ketayotibdi, deb yozishingiz ham mayli. Shundan soʻng uning koʻngli joyiga tushadi.
— Ha, bir oz aldab qoʻysak yomon boʻlmaydi, — deya gap qotdi Dizma bir oz xayol surib turgach. — Lekin, men xat yozmagan ma’qul. Xat bironta odamning qoʻliga tushib qolishi mumkin yoki...
Birdan u Terkovskiyni eslab, yana seskanib tushdi. Yoʻq, yoʻq... U bu haqda oʻylab oʻtirmaydi. Boʻlganicha boʻldi. Eng muhimi — oʻylamaslik kerak... Faqat hozir emas... Koborovo... Joʻnash kerak."
Nikodimning qoʻlini qimirlatishga ham majoli qolmagan edi. Ogʻriqning zoʻridan uning basharasi bujmayib ketdi.
— Faqat bugun emas, — u ayta olgan gap ana shu boʻldi.
Chindan ham Dizmaning sillasi juda qurigan edi. U hatto oʻqtin-oʻqtin jiringlab turgan telefon oldiga ham bormay, kun boʻyi divanda qimir etmay yotdi.
Nikodim faqat Uchrangli Yulduz lojasidan qanday qilib osonroq qutulish chorasini oʻylardi. Kishining sillasini quritadigan bu bazmi jamshiddan soʻng uning Buyuk Oʻnuchinchilik vazifasidan butunlay hafsalasi pir boʻlgai edi.
Ana shu loja tufayli u kiborlar doirasiga mansub xonimlar bilan yaqindan tanishib olgandi; ularning eshigi endi Nikodim uchun doim ochiq edi. Agar u endi Uchrangli Yulduz ordenidan bir amallab qutulib olsa, baribir u yerda orttirgan tanishlarining foydasi tegaveradi.
Lekin qanday qilib qutulsa ekan? Har qanday mushkul ishning ham chorasini topa oladigan Kshepitskiyga maslahat solsamikin? Ammo bunday qilishga Dizmaning yuragi dov bermadi. U hali loja sirini oshkor qilgan har bir odam oʻlimga hukm etilishi mumkinligini unutmagan edi.
Uzoq bosh qotirganidan soʻng Dizma bu esini yegan xotinlarga, tushimda iblisni koʻrdim, u menga bundan buyon Oʻnuchinchi boʻlishni taqiqlab qoʻydi, desammikin, deb oʻylab qoldi. Men unga yoqmas emishman, shu boisdan ham u misteriyalarda men qatnashar ekanman, ortiq qorasini koʻrsatmas emish, deyman... Dizma ertagayoq grafinya Konespol'skayaning oldiga borib, shuni aytib qoʻyishni ahd qildi.
Ular bilan endi bironta boshqa odam azob cheksin.
Nikodim jilmayib qoʻydi. U Varedani eslagan edi.
— Ularga Varedani roʻbaroʻ qilib qoʻyaman! Iblis faqat Varedany talab qildi, — deb aytaman.
Ignatiy dasturxonga kechki ovqatni, qoʻyib, yangi gazetalarni keltirdi. Dizma gazetalarni jahl bilan bir chetga surib qoʻydi-da, ovqatlana boshladi. Shu payt telefon jiringlab qoldi.
Vareda qoʻngʻiroq qilgan ekan. U Nikodimdan soʻradi.
— Oʻqidingmi?
— Nimani?
— «Nimani» deysan-a? Oʻzingni goʻllika solaverma koʻp! Xuddi bilmaganday gapirasan-a?!
— Ayta qolsang-chi, nima gap oʻzi?
— Terkovskiyning joʻnab ketayotganidan xabaring yoʻqmi?
Dizma turgan joyida qotib qoldi.
— Nima... Nima deding?
— Yangi vazifaga tayinlanib, bugun kechqurun elchi sifatida Pekinga joʻnayotganini aytyapman. Kechqurungi gazetalarni oʻqimovdingmi?
U yana allanimalar dedi, biroq Nikodim quloq solmay qoʻygan edi. U trubkani joyiga tashlab yemakxonaga yugurib kirdi-da, gazetalarni ochdi.
Chindan ham barcha gazetalarda Xitoyda hukumat barqarorlashgani sababli bosh ministr kabinetining boshligʻi, stats-sekretar' yordamchisi Yan Terkovskiy elchi hamda Xitoy hukumatining muxtor ministri qilib tayinlangani munosabati bilan uning bugun Pekinga joʻnab ketayotgani xabar qilingan edi. Dizma gazetalarni stol ustiga tashladi. Uning yuragi guppilab urmoqda edi.
U oʻrnidan sapchib turdi-da:
— Ura! Ura! Ura! — deya baqirdi.
Ignatiy yugurib kelib, ajablanganicha eshik oldida toʻxtab qoldi.
— Meni chaqirdingizmi?
— Ignatiy! Aroq keltir! Bu ishni yuvish kerak!
Xizmatkor grafin keltirib qadahga aroq quydi. Boshqasiga ham quy! — deya qichqirdi Dizma. — Yoʻqolsin itvachchalar!
Dizma ketma-ket toʻrt qadahni boʻshatdi-da, stulga oʻtirdi.
— Bilasanmi, Ignatiy?
— Eshitaman.
— Kimki mening, ya’ni Nikodim Dizmaning yoʻliga toʻgʻanoq boʻlsa, rasvosi chiqadi. Tushundingmi?
Dizma yana bir qadahni boʻshatib, ochiq turgan eshikning chirogʻi oʻchirib qoʻyilgan kabinetga qaradi: qorongʻilikdan unga qandaydir ukkinikiga oʻxshagan koʻzlar aqrayib qarab turgandek tuyuldi. Nikodim bir tupurdi-da, choʻqinib qoʻydi.
— Qani, quy, ichamiz, Ignatiy!
U oʻrniga yotganida vaqt yarim tundan ogʻib qolgan edi. Shunda Dizma xizmatkoriga qarab dedi:
— Bilasanmi, Ignatiy, bu xotinlar butun dunyoni agʻdar-toʻntar qilib yuborishlari mumkin, ins-jinslar hamroh ekan ularga...
— Bu gapingiz toʻgʻri, — deya tasdiqladi Ignatiy.
16-bob
Seshanba kuni Nikodim bilan Kshepitskiy nikohni bekor qilish masalalari boʻyicha mutaxassis advokat Pitsunskiyningʻ oldiga borishdi, chorshanba kuni esa katta komissar Reyx bilan oxirgi marta uchrashib unga yuz ming zlotiy topshirishdi.
Payshanba kuni katta