Muttahamning parvozi (III- qism) (4-bet)
kuni katta vokzaldan qarama-qarshi tomonga qarab ikkn poyezda yoʻlga chiqdi. Ularning birida munkaygan bir chol qalt-qalt titrab oʻtirardi. Boshqasida esa davlat gʻalla bankasining raisi yoʻlga chiqqan edi. Uni doʻstlari shod-xurramlik bilan kuzatib qoʻyishgandi.
Ochigʻini aytganda, chol yolgʻiz emasdi. Kupeda uning qarshisida ikki yuzi qip-qizil norgʻul bir janob oʻtirardi. Janob oʻng qoʻlini pal'tosining choʻntagiga tiqib olgandi, bu oʻrinda uning bunday-oʻtirishi zaruratdan koʻra, koʻproq odat boʻlib qolganidan edi.
Varshava — Berlin poyezdi birinchi boʻlib yoʻlga chiqdi. Taxminan oʻn minutlardan soʻng Belostok — Grodno tomon yuradigan ikkinchi poyezd joyidan jildi.
Vagon zinasidan sakrab tushgan oxirgi odam Kshepitskiy edi. U boshligʻiga jinoiy qidiruv boʻlimida Kunitskiy bilan qilgan suhbati haqida qisqacha hisobot berdi. Kshepitskiy Dizmaga Kunitskiyning taqdiriga tan berib, ortiq toʻsqinlik qilmaganini xabar qildi. Chol hatto Koborovo ishlarining ba’zi tomonlarini tushuntirib, yangi boshqaruvchining mushkulini ancha oson qilibdi. Nikodim Dizma esa yangi boshqaruvchi qilib xuddi shu Kshepitskiyning oʻzini tayinlagandi.
Dizma xursand edi.
U boʻm-boʻsh kupeda oʻrnashib olib, bundan buyon oʻzi qanaqa kuyov boʻlishi haqida xayol sura boshladi.
Turgan gap, endi u bankadan voz kechishi kerak edi. Endi u bankani boshiga uradimi? Koborovodan olinadigan ulkan daromad biror ahmoqona gapni valdirab qoʻyishdan choʻchimay tinchgina yashash imkoniyati — bularning bari bankadan voz kechishni taqozo etardi.
Yolgʻiz oʻzi Koborovo xoʻjaligini eplay olmasligini Nikodim yaxshi bilardi, albatta.
Baxtiga, uning yonida har qanday ishni doʻndirib bajaradigan Kshepitskiy bor edi. Dizma pul masalasida sekretarga juda ham ishonib boʻlmasligini tushunardi, biroq boshqa jihatdan olganda, Kshepyskiy shunday serdaromad joyda egrilik qilishi ehtimoldan uzoq edi.
Tashqarida qalin qor bilan qoplangan keng vodiy yostanib yotardi.
Nikodim Terkovskiyni esladi-da, tishlarini gʻijirlatib qoʻydi. U lojada ishtirok qiluvchi xonimlar tufayligina Terkovskiydan xalos boʻlgani shubhasiz edi. Xonimlar qanday harakat qilishgani, kimlarni ishga solishganini u bilmasdi, bilishni istamasdi ham. Ilgari Nikodim ulardan iblis bilan muomalada boʻlganlari uchun choʻchirdi. Endi esa u battar qoʻrqib qoldi. Tiriklar ins-jinslardan ham xavfliroq boʻlishadi. Shuning uchun ham lojadan tezroq qutulib olish haqidagi ahdida qattiq turishga qaror qildi. Turgan gap, u keyin ham bu xonimlar bilan aloqasini uzmaydi, lekin lojadagi oʻrniga Varedani oʻtkazib qoʻygani ma’qul.
Dizma Lyalya bilan Stella «iblis irodasi» haqidagi gapni eshitgach, qanday dovdirab qolishganini eslab, kulib yubordi. Polkovnik toza jazosini tortadigan boʻldi-da...
Temir yoʻlning ikki cheti oʻrmon edi.
Kech kirdi, tuman tushgandi. Gʻildiraklar taqa-tuq qilib Koborovo strelkalaridan oʻta boshlashdi. Perronda temir yoʻl xizmatchisi bilan Ninadan boʻlak hech kim koʻrinmasdi. Vagon derazasidan Dizmani koʻrib qolgan juvonning chehrasi tabassumdan yorishib ketdi.
U soʻrashish uchun qoʻlini choʻzdi, Nikodim chamadonini qor ustiga qoʻydi.
«Xayriyat, xudoga shukur!..»
Ular boʻm-boʻsh vokzaldan oʻtib, avtomobilga oʻtirishdi.
Motor starterning vagʻillashidan jonlanib, gʻildiraklar sargʻanchiq qorda chir etib aylandi-yu, mashina oʻrnidan qoʻzgʻaldi.
— Aytchi... ayt-chi... U... u... darrov rozi boʻldimi?
Ninaning tovushidan bezovta ekanligi sezilib turardi.
Dizma kulib yubordi.
— Majbur boʻldi.
— «Majbur boʻldi» deganing nimasi? — qoʻrqa-pisa gapirdi Nina.
— Ninochka, — deya tushuntirdi Nikodim, — muhabbat hamma narsani yengishga qodir, deb oʻzing aytgan eding-ku axir.
Mashina taxta tilish zavodi yonidan oʻtar ekan, u yerdagi chiroqlar lop etib yondi. Yoʻl chetida turgan bir necha kishi shapkalarini olib ta’zim qilishdi.
— Xoʻsh, endi... endi u nima qilmoqchi?
— Bunisi bilan bizning ishimiz yoʻq, — deya yelkasini qisdi Nikodim. — Bankadagi bor pullarini olib ketdi. Koborovo qancha tursa, deyarli shuncha pul bor ekan. Ochlikdan oʻlmaydi.
— Chet-elga joʻnadimi?
— Ha.
— Qaytib kelmaydimi endi?
— Bu haqda gap ham boʻlishi mumkin emas. Bu yogʻiga men kafilman.
Nina oʻylanib qoldi.
— U shunday qilishga majbur boʻldi, deding, Niko. Buning biror... alohida sababi yoʻqmi, ishqilib?
— Nega tashvishlanyapsan, Ninochka? Masala hal boʻldi — vassalom. U yogʻi bilan nima ishing bor?
— Axir u mening erim edi...
— Men esa, ering emasdi, deyman.
Nina ajablandi.
— Qanaqasiga erim boʻlmas ekan?
Dizma nikohni bekor qilish tartibini qoʻlidan kelganicha tushuntirdi-da, advokatning dalillarini takrorladi.
— Agar biror ishkal chiqib qolmasa, ikki oydan soʻng panna Ponimirskaya boʻlib olasan, uch oydan keyin, mabodo ahdingdan qaytmasang, mening xotinim boʻlasan.
Nina indamay oʻtiraverdi.
Dizma buni koʻrib tashvishga tushdi. Birdan aynib qolsa-ya?.. Balki endi oʻzini erkin his etgach, kelajak taqdirini u bilan bogʻlashni istamay qolar?
— Nega indamayapsan, Ninochka, jonginam? — deya soʻradi Nikodim qoʻlidan kelganicha muloyimlik bilan.
— E, shunchaki oʻzim, — dedi hushiga kelib Nina. — Oʻsha voqeani oʻylab qoldim. Endi buni oʻylamaslik kerak, toʻgʻrymi?.. Oʻtdi-ketdi... Peshanada bor ekan-da...
U Nikodimning pinjiga tiqildi.
— Hayot shunaqa oʻzi, — dedi ishonch bilan Dizma,
— Men hayotdan qoʻrqaman. U juda dahshatli.
— Men esa qoʻrqmayman.
— Bilaman. Chunki sen kuchlisan, juda kuchlisan...
Koborovodagi uyning hamma derazalari charogʻon boʻlib turardi. Nina soʻnggi paytlarda qorongʻilikdan qoʻrqadigan boʻlib qolganini va shu boisdan barcha chiroqlarni yoqib qoʻyishni buyurganini aytdi.
Vestibyulda hamma xizmatkorlar toʻplanib turishgan ekan. Ular hali biror narsani aniq bilishmasa-da, biroq Varshavadan yolgʻiz qaytib kelgan shofyorning uzuq-yuluq hikoyasidan oʻzlaricha xulosa chiqarib qoʻyishgandi. Ilgari sira ham birovni kutib olmaydigan bekaning stansnyaga borishi ham ularning bu fikrini tasdiqlab turardi. Xizmatkorlar qandaydir voqea sodir boʻlayotganini sezib qolishgandi... Nina buni intutsia deb atardi, Nikodim esa hid bilish derdi.
Nikodim oqsoch xotinga Kunitskiyning yotoqxonasiga joy solib berishni buyurganida ayol sira ham ajablanmadi.
Nina Dizma Varshavaga joʻnab ketgach, yana yolgʻiz qolishdan noliy boshladi.
— Sen ham men bilan yura qol, Ninochka. Men seni olib ketaman.
— Koshkiydi buning iloji boʻlsa!.. — dedi ma’yus jilmayib Nina.
— Nega iloji boʻlmas ekan?
— Noqulay axir. Nahot buni tushunmasang? Shov-shuv koʻtariladi!
— Xoʻsh, nima qilibdi, — dedi yelkasini qisib Nikodim. — Shundanam qoʻrqib oʻtiramizmi! Axir biz nikohdan oʻtamiz-ku. Juda boʻlmaganda, mehmonxonada yashashing mumkin. Shunda har kuni koʻrishib turamiz.
Nina chapak chalib yubordi.
— Yashasin! Topdim! Pshelenskaya xolam. Xolamnikida turaman.
— Ana koʻrdingmi.
— Lekin Varshavada koʻp turishni istamayman. Shaharni yomon koʻraman. Hamma joydan ham oʻzimni Koborovoda yaxshi his etaman. Biz doim Koborovoda yashaymiz-a, Nik?
— Boʻlmasam-chi, oʻsha Varshava oʻzimniyam jonimga tekkan. Juda toʻydim.
— Juda mehribonsan-da! Yur, seni oʻylagan paytlarimda chalib yurgan narsamni chalib beraman.
Ular kichik mehmonxonaga oʻtishdi. Nina pianino qopqogʻini ochdi.
— Sen ham chalishni bilasanmi?
— Faqat mandolina chalaman.
— Nina kulib yubordi.
— Hazillashyapsan shekilli?
— Xudo haqqi!
— Mandolina chalish juda kulgili koʻrinadi.
— Nega endi?
— Bilmayman, menimcha, juda kulgili boʻlsa kerak. Banka raisi, davlat arbobi kelib-kelib mandolina chalib oʻtirsa-ya!
— Afsus, asbobni Varshavada qoldirdim-da. Boʻlmasam senga bir narsa chalib berardim.
Nina uni oʻpgan edi, Nikodim unga qoʻl choʻzdi. Biroq juvon uning quchogʻidan sirgʻalib chiqdi-da, kula-kula pianino chala boshladi.
— Yaxshimi? — deya soʻradi u koʻzlarini yumib.
— Juda yaxshi. Juda ajoyib. Uning soʻzlari qanaqa?
— Soʻzlari deysanmi? — deya ajablandi Nina. — Ha! Sen buni operadan deb oʻylayapsanmi? Yoʻq. Bu sonata. Bilasanmi kimniki?
— Kimniki ekan?
— Chaykovskiyniki.
— Shunday degin. Chiroyli kuy ekan. Uning nomi qanaqa?
— Si-mol'.
— Si-mol'? Qiziq. Nega si-malina emas?
Hazildan vaqti chogʻ boʻlib ketgan Nina uning boʻynidan quchdi.
— Sultonim bugun quvnoq kayfiyatdalar shekilli? Topdim: mandolina haqidagi gap ham hazil edi, yomon-toy. Kichkina Ninochkang ustidan ham shunaqa kulasanmi. «Ninochka!» Bilasanmi, meni hech kim bunday atamagan edi... Ninochka! Bilasanmi, bu unchalik chiroyli emasdir, lekin menga juda yoqadi. Qani, qaytar-chi...
— Ninochka, — dedi Nikodim va oʻzicha: «Jin ursin, mandolina chalishimning nimasi yomon ekan?» — deya xayolidan oʻtkazdi.
— Hammasidan ham shu soʻzingni yaxshi koʻraman. Sen ismimni shunday jiddiy talaffuz qilasanki, tovushingdan dadillik... kuch, hatto farmon his etish mumkin. Negaligini bilmaymanu, lekin, menimcha, butun a’zoyi badanlariga tuz, yod singib ketgan dengizchilarning tovushi shunaqa boʻlsa kerak.
— Yod deysanmi? Demak, dengizchilar badanlariga yod surtishar ekan-da?
Nina kulib yubordi.
— Chindan ham bugun kayfiyating ajoyib ekan. Bilasanmi, sen hazil gap aytish talantiga ega ekansan. Sen hazil gapni mutlaqo jiddiy ohangda aytasan, bundan askiyang yanada kulgiliroq chiqadi. Biz birga boʻlganimizda qanday baxtiyor ekanligimni bilsang edi! Hozir ich-ichimdan xursand boʻlib, oʻzimni shunday yengil his etyapmanki, asti qoʻyaverasan. Kichkina Ninochkang anchadan beri bugun birinchi marta shiringina uxlaydi. Qaygʻuli fikrlar gʻoyib boʻladi endi...
Nikodim koʻzlarini qisib dedi:
— Buning oʻrniga ba’zi boshqa narsalar paydo boʻladi.
Nina qizarib, uning pinjiga tiqildi.
— Yoʻq, yoʻq, — deya e’tiroz bildirishga urindi u. — Ninochka tepada shiringina uxlaydi, Nik esa pastda yotadi.
— Foydasi yoʻq. Iltimos, e’tiroz bildirilmasin. Bekorga bahslashib oʻtirmaylik.
— Nik!..
— Gap tamom!.. Masala hal boʻlgan. Xizmatkorlar ketgan zahoti mening Ninochkam oldimga tushadi.
— Tushmaydi, — deya bahslasha boshladi Nina.
— U holda oʻzim tepaga chiqaman...
— Mana koʻrasan, eshik qulflogʻliq boʻladi, — dedi kulib juvon va lablarini uning yuziga suykadi.
— Eshik? Men uchun eshik nima degan gap! Sindiraman qoʻyaman...
— Voy, pahlavonginam-ey! Qulogʻingni tut, bir gap aytaman.
U lablarini Nikodimning qulogʻiga yaqinlashtirib, asta shivirladi.
— Ninochka oʻz sultonining oldiga tushdi.
— Mana bu boshqa gap...
Ular ajralishib, Dizma Kunitskiyning yotoqxonasi tomon yoʻl olganida soat oʻn birdan oshgan edi. Yoʻl-yoʻlakay u kabinet chirogʻini yoqib, poʻlat sandiqni ochdi. Tokchalarda dasta-dasta pullar qator turardi. U dastalardan birini oldi-da, goʻyo ogʻirligini aniqlamoqchi boʻlganday, uni kaftida irgʻitib qoʻydi.
— Meniki... Hammasi meniki. Pullar, sandiq, uy, fabrikalar... Millionlar!
Nikodim yechinar ekan, bu badavlat amlokda ishni nimadan boshlashini oʻyladi.
U ertagayoq butun korxonalarni aylanib chiqishga va xizmatchilarni yigʻib, kerakli koʻrsatmalar berishga ahd qildi. Dizma ularning oldida aytadigan gaplarini oʻylay boshladi...
Shu payt eshik gʻijirlab ochildi-da, xonaga Nina kirib keldi.
Bu kecha Nikodimga uxlash nasib qilmadi. Ertalab soat yettida xizmatkorlar xonalarni supurib-sidira boshlagan edi, Nina uyning narigi qismida yashaydigan xizmatkorlar yetib kelmasdan yotoqxonasiga yetib olish uchun shoshilib chiqib ketdi.
Dizma papiros tutatib, yostiqlarini toʻgʻrilab qoʻydi.
«Agar doim shunaqa boʻlaversa, men uzoqqa bormayman».
U uxlashga urinib koʻrdi, biroq uyqusi kelmadi.
— Turish kerak, — deya toʻngʻilladi Nikodim va qoʻngʻiroq tugmasini bosdi.
Yugurib kelgan xizmatkorga u vanna hozirlashni va choʻchqa goʻshtidan qoʻshib oʻnta tuxumdan quymoq pishirishni buyurdi.
— Eng muhimi — yogʻliroq boʻlsin.
Nikodim kiyinib, yemakxonaga kirganida quymoq hali tayyor emas ekan. U xizmatkorni koyiy ketdi. Xizmatkor, quymoq baribir sovib qolardi, deb oʻzini oqlamoqchi boʻlgan edi. Dizma oʻshqirib berdi.
— Oʻchir ovozingni, ahmoq. Agar hammasini oʻz vaqtida qilganingda sovib qolmasdi! Vannadan chiqqanimni koʻrmadingmi? Sen yaramaslarni tartibga oʻrgatib qoʻyaman hali! Quymoqni olib kelgin-da, otni egarlashni buyur... Toʻxta! Yaxshisi, chana qoʻsha qolishsin.
— Xoʻp boʻladi, pan janobi oliylari. Nonushtadan soʻng Dizma ikki ot qoʻshilgan bejirimgina chanaga oʻtirdi-da, qogʻoz fabrikasiga haydashni buyurdi. Fabrika idorasida u xizmatchilarning choy ichib oʻtirganini koʻrib, tutaqib ketdi.
— Bu yer nima oʻzi, jin ursin! — deya baqirdi u. — Fabrikami yo qovoqxonami?
Xizmatchilar sapchib oʻrnilaridan turishdi.
— Nima qiliq bu! Bu yerda ovqatlanganingiz uchun haq olasizlarmi? Xat tashuvchi qani?
— Bu yerdaman, pan rais.
— Hoziroq stakanlarni yoʻqot! Bundan keyin idorada choy ichganingizni koʻrmay. Ovqatni uylaringizda yeysizlar. Tushundinglarmi?
Dizma idoradan oʻtib, direktor kabinetining eshigini ochdi. Kabinetda hech kim yoʻq edi.
— Direktor qani?
— Pan direktor toʻqqizda keladilar, — hayajondan tovushi titrab tushuntirdi xizmatchilardan biri.
— Nima-a?.. Toʻqqizda deysanmi? Tekinxoʻrlar, itvachchalar!
Nikodim fabrikani koʻzdan kechirib chiqdi. Sexda ish avjida edi. Ishchilar Dizma bilan odatdagiday bosh irgʻab salomlashishdi. Ularning bu salomida hadiksirash, shubha va oʻz qadrini bilish — xullas, proletariy korxona egasini koʻrganida dilida paydo boʻladigan barcha tuygʻular namoyon boʻlgan edi.
Yoshgina injener Dizmaning oldiga yugurib kelib, ehtirom bilan salom berdi.
— Xoʻsh, ishlar qalay? — deya soʻradi Nikodim. — Hammasi joyidami?
— Hammasi joyida, pan rais.
— Direktoringizga aytib qoʻying, bundan buyon nshga soat yettida kelsin. Boshliq qoʻl ostidagi odamlarga ibrat boʻlmogʻi kerak.
U injenerning qoʻlini qisdi-da, fabrikadan joʻnab kstdi.
Tegirmon, taxta tilish korxonasi, otxona, chorva fermasi, aroq zavodi — bularning barini Dizma peshinga qadar aylanib chiqdi. U Koborovodan xuddi toʻfonday hamma yoqqa vahima solib oʻtdi.
Uyga yaqinlashar ekan, Nikodim derazadan Ninani koʻrib qoldi. Nina unga qarab tabassum qilganicha ikkala qoʻlini silkib turardi. U egnidagi xalatni yechmasdanoq vestibyulga qarab tushdi.
— Shu tobda sultonim qayoqdan kelyaptilar? — deya soʻradi u ohista — qoʻshni xonada xizmatkor stolga dasturxon yozmoqda edi.
— Korxonalarni koʻzdan kechirib chiqdim.
— Xoʻsh, qalay?
— Yalqovlar koʻp ekan. Hechqisi yoʻq, endi hammasini gah desa qoʻlga qoʻnadigan qilib qoʻyaman.
— Jonim, sening xoʻjalik bilan shugʻullanishingni istamayman. Toʻyimizdan soʻng boshqaruvchi yollashing ksrak. Axir oʻzing oʻylab koʻr: ish butun vaqtingni olib qoʻyadi! Kuni bilan uyda boʻlmaysan. Men esa yolgʻiz oʻtirishni istamayman. Xoʻp degin, Nik, boshqaruvchi yollaysan-a?
— Allaqachon yollab qoʻyganman, — deya kulib javob berdi Nikodim.
— Rostdan-a?
— Boʻlmasam-chi.
— Shundaymi? Juda yaxshi qilibsan.
— Bir necha oy Varshavada turadigan boʻlganimizdan keyin xoʻjalikka kimdir qarab turishi kerak-ku axir. Boʻlmasa, butun Koborovoni talon-toroj qilib yuborishadi.
— Sultonim kimni taklif qildi?
— Kshepitskiy degan bir odamni. Sen uni taniysan shekilli?
— Kimni? Zizyani-ya? Pshelenskayaning ad’yutanti Zizya Kshepitskiyni-ya?
— Xuddi oʻshani.
— Juda qiziq yigit. Bir vaqtlar menga xushomad qilib yurardi. Lekin oʻsha paytlarda uning uncha obroʻsi yoʻq edi.
— Ochigʻini aytsam, u haqda biror yomon gap eshitganim yoʻq. Banka tashkil qilinganidan buyon menda sektar' boʻlib ishlaydi.
— Uning ishidan xursandmisan?
— Yomon ishlamaydi. Yo sen uning bu yerda ishlashini istamaysanmi?
— Yoʻgʻ-e, nega endi! Ishlar meni sira ham qiziqtirmaydi, azizim. Bu sohada hech nima tushunmayman.
Xizmatkor kirib, chaqirilgan odamlar toʻplana boshlaganini xabar qildi.
Nikodimning kabineti yoniga joylashgan kenggina idorada yigirma chogʻlik odam yigʻilgan edi. Allanima toʻgʻrisida ohista gaplashib oʻtirgan xizmatchilar Dizma kirib kelgach, oʻrnilaridan turib ta’zim qilishdi.
Dizma javoban bosh irgʻadi-da, hech kimni oʻtirishga taklif qilmay, yozuv stoli yoniga borib oʻtirdi.
— Sizlarni bu yerga toʻplashimdan maqsad, — deya gap boshladi u barmoqlari bilan stolga yozilgan movutni chertib, — Koborovo bekasi pani Nina Kunitskaya eridan ajralishib, undan vakolatnomani qaytarib olayotganini xabar qilib qoʻyishdir. U barcha ishlarni boshqarishni menga topshirdi. Ogohlantirib qoʻyay: men pachakilashib oʻtirmayman. Gʻalla bankasi qanday puxta ishlayotganini gazetalardan oʻqigan boʻlsangiz kerak. Gap shundaki, men bankada qattiq intizom oʻrnatganman. Qaytaraman — men pachakilashib oʻtirishni yomon koʻraman, Uz gaplaridan qizishib ketgan Nikodim borgan sayin avjiga chiqa boshladi.
— Qisqasi, ish oʻyinchoq emas. Mening qoʻlimda ishlagan odam mehnat qilishi kerak, yalqovlarga pul toʻlamayman. Tushundilaringmi? Tekinxoʻrlarni rasvosini chiqarib haydayman. Agar, xudo saqlasin, birontangizning firibgarligingizni, qoʻlingiz egriligini sezib qolsam, sira ayab oʻtirmayman — darhol turmaga tiqamay! Men bilan hazillashib boʻlmaydi! Tushunarlimi?
Shunday deya Nikodim stolga musht tushirdi. Xizmatchilar hayratdan dong qotib turishardi.
— Yaqinda bu yerga pan Kshepitskiy degan odam keladi, men uni boshqaruvchi qilib tayinladim. Uning hamma gapiga quloq solishingiz lozim. Lekin hozirgi zamonda tugʻishgan akangga ham ishonib boʻlmaydi. Shuning uchun ham men bunday yoʻl tutmoqchiman: mabodo birontangiz biror qalloblikni sezib qolib, menga xabar qilsangiz, besh ming zlotiy beraman va maoshingizni oshiraman. Hech kimni xafa qilmayman, sizlarga otangiz kabi muruvvat koʻrsataman, ammo oʻzimni aldashlariga yoʻl qoʻymayman. Gap tamom. Endi ishingizga boringlar.
Xizmatchilardan biri, aroq zavodining direktori, munkaygan, nuroniy chol oldinga oʻtib, Dizmaga murojaat qildi:
— Pan rais...
— Xoʻsh, nima gap?
— Siz aytdingizki...
— Aytgan gapimni tushundingizmi?
— Tushundim, ammo...
— Hammasini tushundingizmi?
— Hammasini. Xuddi shuning uchun ham...
— U holda gap tamom. Men sizlarni bu yerga valaqlashish uchun toʻplaganim yoʻq. Agar gaplarim birontaga yoqmagan boʻlsa — marhamat, toʻrt tomoni qibla! Tuyogʻini shiqillataversin! Hech kimni etagidan tutib turmayman. Faqat oʻylab koʻrishni maslahat beraman. Hozir ish topish oson emas. Shunday guvohnoma yozib beramanki, asti qoʻyaverasiz! Tanish-bilishlarim haqida-yu, gapirib oʻtirmayman. Pol'shada bironta ham odam menga dushman boʻlmagani ma’qul. Xayr.
U shunday deya eshikni qarsillatib yopdi-da, chiqib ketdi.
Hamma bir minutcha indamay turdi.
— Ana xolos! — dedi nihoyat xizmatchilardan biri.
— Qanday yaramaslik! — dedi chidab turolmay aroq zavodining direktori. — U bizlarni josus qilib qoʻymoqchi.
— Gaplarini qarang-a!
— Men ishdan boʻshash haqida ariza beraman.
— Bizlarga xuddi toʻpori soldatlarday muomala qildi-ya.
— Tilini aytmaysizmi! Sharmanda! Goʻyo biz ziyoli odamlar tilini tushunmaydigandek, allaqanday jargonda gapirdi.
— Axir haqorat-ku bu!
— Faqat bitta choramiz qoldi: hammamiz baravariga ishdan boʻshashimiz kerak.
— Ha, xuddi shunday qilishimiz lozim.
Biroq hamma ham shu fikrda emasdi. Yoshi oʻttiz beshlarda boʻlgan agronom Tanevskiy gap qotdi:
— Ogohlantirib qoʻyay: mendan umid qilmanglar.
— Mendan ham, — deya qoʻshimcha qildi veterinar. Hammasi gʻazablanib, ularga ta’na qila boshladi. Tanevskiy yelkasini qisdi.
— Xoʻsh, nega xafa boʻlyapsizlar? Koʻnglingizdagiday gapirmadimi? Menimcha, bularning hammasi arzimagan narsa, Rais Dizma — ulugʻ odam, uning Vatan oldida xizmatlari katta: u davlat ishlarini hal qilishi kerak. Shu boisdan bu yerda Versaldagidek diplomatiya qilib oʻtirmaganining ajablanarli joyi yoʻq. Nihoyat, bu yer kiborlar saloni ham emas, bu yer ish...
— Bizlarga chaqimchilik qilishni taklif qilyapti! Uyaling, pan Tanevskiy, men sizni, bunchalik yumshoq koʻngil deb oʻylamagandim, — dedi gʻazab bilan bosh buxgalter.
— Kechirasizu, lekin u hech kimni chaqimchilik qilishga majbur etgani yoʻq.
— Shunaqami? Chaqimchilik uchun belgilangan mukofot-chi?
— Kim sizga mukofot soʻrasin deyapti? — dedi zardasi qaynab Tanevskiy. — Oʻzimni aytay... Agar oʻgʻrilik qilishayotganini koʻrsam, bu haqda xoʻjayinga ma’lum qilib qoʻyishni oʻz burchim deb hisoblayman. Nima? Yo gapim