tungi.ru

Muttahamning parvozi (III- qism) (5-bet)

Nima? Yo gapim notoʻgʻrimi? Pan rais oʻzining, toʻgʻrirogʻi, unga vakolat bergan bekaning mulkini suiiste’mol qilinishidan saqlashga urinishi mutlaqo oʻrinli. U oqilona ish qilyapti, xolos. Faqat ahmoq odamgina oʻz mulkini talon-toroj qilishga yoʻl qoʻyadi. Agar u bankada ham oʻgʻrilikka yoʻl qoʻyganda hozirgiday butun dunyoga dong taratmagan boʻlardi. Xoʻsh, yoʻl qoʻyganida bir necha oy ichida mamlakatning moliyaviy hayotini yaxshilay olarmidi?.. Yoʻq, albatta! Bizdan ongli ravishda halol ishlashni talab qilar ekan, u haq. Shunday emasmi? A?..

Tanevskiy e’tiroz bildirishlarini kuta boshladi. Biroq hamma jim turardi.

— Hayotda koʻngilchanlik qilib boʻlmaydi. Biz polyaklar esa, sal izzat-nafsimizga tegishdimi, bas, darhol terslik qila boshlaymiz. Keyin ishdan quvib yuborishadi! Shu izzat-nafsimiz bilan birovlardan ish soʻrab, yalinib yuraylik boʻlmasam. Koʻpni koʻrgan odamman, meni aldab boʻlmaydi. Ochigʻini aytsam, xafa boʻlishingnz mutlaqo oʻrinsiz. Nimayam derdim— pan Dizma mashhur davlat arbobi, atoqli iqtisodchi, biz esa — meni kechirasizlaru — shunchaki chakana odamlarmiz. Kim hayotga yengil qarasa, oʻzicha «xulosa» chiqaraversin, men esa ishdan boʻshamayman. Rais — puxta odam, ishning koʻzini biladi. U bizni oldimizdan xushlab, ortimizdan mushtlamay, ochigʻini aytdi-qoʻydi. Bunga uning haqi bor. Gap tamom.

Oraga jimlik tushdi.

— Ha, u haq albatta, — dedi kimdir.

Mana ikkinchi, uchinchi, oʻninchi odam ham agronomning fikriga qoʻshiladi...

— Albatta haq, — dedi Tanevskiy ilgakdan moʻyna pal'tosini olar ekan.

Aroq zavodining direktori qoʻllarini yozdi.

— Bilganingizpi qilinglar, menga esa bunaqa ish toʻgʻri kelmaydi.

Barcha, hali hammasi yaxshi boʻlib ketadi, hozirgi naytda yangi ish topish qiyin, deb uni bu fikrdan qaytarishga urina boshladi. Chol boshini chayqab dedi:

— Yoʻq, janoblar. Ish topish qiyinligini bilaman, lekin men bunday ishlashga koʻnikmaganman. Bunaqasi menga toʻgʻri kelmaydi. Ehtimol sizlar haqdirsizlar, biroq men qarib qoldim, urushdan avval qanday oʻylagan boʻlsam, hozir ham shunday oʻylayman. Qoʻlimdan kelmaydi...

Ular birin-ketin tarqalisha boshlashdi. Nihoyat, soʻnggi xizmatchi ham idoradan chiqib ketdi. Boʻyalmagan taxta polning u yer-bu yeri xalqob boʻlib qoldi, Oʻsha kuni hoʻl qor yoqqan edi.

17-bob

Pshelenskayaning kvartirasidagi eng yaxshi ikki xona qadrli Ninusya uchun ajratib berildi. Bu xonalar ikki ulkan gulzorni eslatardi. Har kuni xizmatkor bilan oqsoch qiz panenka janobi oliyalarining (Pshelenskaya Ninani shunday atashni buyurgan edi) nafaslari qaytmasligi uchun gul oʻtkazilgan tuvaklarni xonadan bufetga tashib chiqishardi.

Har kuni peshindan soʻng kiborlar jamiyatining deyarli yarmi mavsumda shov-shuvga sabab boʻlgan Ninani koʻrishga kelardi.

Bu hol bir hafta davom etib katta tantana bilan yakunlandi: Pshelenskaya xonim jamiyatga oʻzining sevimli jiyanini tanitish uchun bal uyushtirdi.

Balga hatto knyaz' va knyaginya Rostotskiylar ham qadam ranjida qilishdi. Pshelenskaya ularni hayajondan qip-qizarib qarshi oldi. Knyaz' bilan knyaginya rais Nikodim Dizmaning mehri tushgan uyga qadam qoʻyganlaridan gʻoyat xursand ekanliklarini izhor etishdi.

Mehmonxonada Nikodimning Ninaga unashishi haqida ochiqdan-ochiq gapirishmoqda edi; bu unashuv Ninaning oldingi nikohi bekor qilingach, rasman e’lon qilinishi lozim edi.

Barcha faqat bir narsadan: Kunitskiyga nima boʻlganini bilolmaganida xijolat chekardi. Dunyodagi barcha narsadan xabardor boʻlishga oʻrganib qolgan xonimlar shuni oʻylab, kechalari uxlamay chiqishardi.

Cholning chet elga joʻnagani va nikohni bekor qilishga rozi boʻlgani ma’lum edi, xolos. Xoʻsh, nega?.. Nima sababdan u yer-mulkini Ninaga qoldirib ketdi?..

Bu savolga bir nechta odamgina javob bera olardi. Biroq bu haqida soʻrashganida Kshepitskiy jilmayib qoʻya qolar, Pshelenskaya esa, agar oʻzi shuni istamasa, biror narsani ogʻzidan gullaydigan ayollar sirasidan emasdi. Ninaning oʻzidan soʻrash noqulay boʻlib, Dizmadan soʻrashga esa hech kim jur’at etmasdi.

Uchrangli Yulduz lojasidagi yaqinligidan foydalanib, Dizmadan Kunitskiy haqida soʻrab koʻrgan Lyalya Konespol'skaya hech nimani bilolmay, keyinchalik shikoyat qilib yurdi:

— Tasavvur qiling-a, u menga, shundan boshqa tashvishingiz yoʻqmi, dedi-ya!

Qabul marosimi juda koʻngildagidek oʻtdi. Ammo bal malikasi xijolatda ekanini yashirolmay qolgandi: Nina hozirgi ahvolidan uyalardi. U goʻyo qizlik paytiga qaytgandek boʻlib qolganini oʻylab, oʻzini noqulay his etardi.

Varshavada Nina izzat-ikrom bilan yashamoqda edi. Darvoqe, bu izzat-ikromga ma’lum darajada sinchkovlik va ehtirom tuygʻulari ham aralashib ketgandi. Bunga esa Nikodimning shuhrati sabab boʻlgandi.

Nina bilan gaplashgan har bir odam albatta Dizmani eslardi va uni koʻklarga koʻtarib maqtardi. Nina bu gaplarni eshitar ekan, doim hayratga tushardi. Nikodimning mashhur odam, yirik davlat arbobi, serfazilat kishi ekanligi ilgari ham ma’lum edi, albatta. Lekin Koborovoda Nina uning bunchalik ulugʻligini bilmagan ekan. Endi barcha uni koʻklarga koʻtarib maqtayvergach, Nina ilgari uning qadriga unchalik yetmaganini fahmladi va ichida qalligʻiga nisbatan qandaydir jur’atsizlik his eta boshladi.

Ninaning hayoti rang-barangligiga qaramay, yoki xuddi shu rang-baranglik uchunmi, ishqilib, bir maromda oʻtib borardi. Ertalablari u yo xolasi bilan sayrga chiqardi, yo magazinlarni aylanib, turli-tuman narsalar xarid qilardi. Soat birda uyiga qaytar ekan, uni albatta uch-toʻrtta sinchkov mehmon kutib oʻtirgan boʻlardi. Soʻngra peshinga ovqatga oʻtirishardi. U ba’zan uyda, ba’zan tanishlarinikida, ba’zan esa Nikodimning taklifiga muvofiq restoranda ovqatlanardi. Soat yettida Nikodimning oʻzi kelardi-da, ular ikkovlashib teatr yoki kinoga borishardi. Teatrga borgan kunlari Nikodim uni mashinasida uyigacha olib kelib qoʻyar va ular darvoza oldida xayrlashishar edi. Kino esa teatrga qaraganda ancha erta tugardi, shu sababdan Dizma u bilan birga ovqatlanish uchun Pshelenskayanikiga kelardi.

Nikodim Ninadan oʻz kvartirasiga borishni juda koʻp iltimos qildi, biroq juvon kundan-kun bu ishni paysalga solib kelardi.

Oʻsha kuni ular kinoda qandaydir odobsizroq komediya koʻrishdi. Shundan soʻng Dizma Ninaning oʻjarligini yengishga ahd qildi. Ular Pshelenskayaning uyiga yetib kelishgach, Nikodim avtomobilga javob berib yubordi.

— Piyoda ketaman. Bu yerdan uzoq emas, — dedi u shoferga.

Nina qoʻngʻiroq tugmasini bosmoqchi boʻlgan edi, Dizma uning qoʻlidan tutdi.

— Yoʻq, Ninochka, menikiga boramiz.

— Yoʻq, senikiga bormayman.

— Borasan!

— Buning iloji yoʻq! Xolam nima deydilar axir?

— Nima desa deyaversin. Bu bilan nima ishing bor?

— Yoʻq, yoʻq! — deya oʻjarlik qildi Nina.

— Xoʻp degin, yarim soatgagina borib kelaylik, — iltimos qilishda davom etdi Nikodim. — Yo meni sevmaysanmi?

Nina uning pinjiga tiqilib, shivirladi:

— Yaxshi, lekin bugun emas.

— Bugun.

— Yoʻq. Ertaga. Kinoga ketdik deymiz.

Dizma achchigʻlana boshladi. U yana qistamoqchi boʻldi, biroq Nina qoʻngʻiroq tugmasini bosgan edi, darvozaxonada darbonning qadam tovushi eshitilib qoldi.

Nina shoshilib Dizmani oʻpdi-da, ichkariga kirib ketdi.

Havo juda sovuq edi, Nikodim pal'tosining yoqasini koʻtarib oldi. U uyi tomon bir oz yurdi-da, soʻng birdan fikridan qaytib, Kruchaya koʻchasiga burildi. Iyerusalim xiyobonida hali sayr qiluvchilar koʻp edi, Yangi Svyatda esa odam qaynardi.

Nikodim mayxonaga kirib, bir necha qadah aroq ichdi-da, koʻk noʻxat bilan bir talay dudlangan choʻchqa goʻshtidan yedi... Peshtaxta ortida oq xalat kiygan durkungina bir qiz ishlamoqda edi.

«Ketvorgan xotin ekan-da» — deya xayolidan oʻtkazdi Dizma. Shu tobda uning miyasiga hozir koʻchaga chiqib, istaganimga imo qilishim mumkin, degan fikr keldi.

U aroqning haqini toʻladi-da, odatiga xilof ravishda qaytimini sanab oʻtirmay koʻchaga chiqdi.

Chindan ham «xonimchalar» juda serob edi. Bir necha minutdan soʻng u bittasini tanladi. Nikodim avval uni uyiga boshlab bormoqchi boʻldi, biroq keyin mehmonxonaga olib borganim ma’qul, degan qarorga keldi. Ayol uni Xmel'naya koʻchasidagi allaqanday bir uyga boshlab bordi.

Nikodim oʻrnidan turib, kiyina boshlaganida soat kechasi toʻrt boʻlgan edi. U choʻntagidan yigirma zlotiy chiqarib, stol ustiga qoʻydi-da, «xayr», deya toʻngʻillaganicha xiragina lampochka bilan yoritilgan iflos koridorga chiqdi.

Mehmonxona bekasi semiz kampir yangi «jazmanlarni» boshlab oʻtdi, koridorning narigi chetidagi xonadan kimdir chiqdi.

Nikodim odati boʻyicha papiros olish uchun qoʻlini choʻntagiga tiqqan edi, portsigarini topa olmadi. U yugurganicha xonaga qaytib kirdi.

Ayol toʻshakda chordana qurib, tishi singan taroq bilan sochlarini taramoqda edi.

— Portsigarni ber, alvasti!

— Qanaqa portsigar?

— Qanaqa deydi-ya? Qanaqaligini koʻrsatib qoʻyaman senga! Yaxshisi, darrov ber, boʻlmasam oʻzim topib olaman-da, tumshugʻingga solaman.

— Muncha baqirasan? Odamlar toʻplanadiku?! Eshikni yopish shuncha qiyinmi?!

Dizma orqasiga oʻgirilib qaradi. Chindan ham qorongʻi koridorda kimdir turgan ekan. U eshikni yopmoqchi boʻlib oʻgirilgan edi, yuziga chiroq nuri tushdi. Koridorda kimdir asta qichqirib yubordi-da, oʻzini chetga oldi.

Nikodim eshikni qulflab, kalitni choʻntagiga tiqdi pa karavot yoniga keldi. Ayol goʻyo hech nima boʻlmaganday sochini tarayverdi. Dizma taroqni uning qoʻlidan yulib oldi-da, burchakka qarab otdi.

— Muncha siltaysan, olifta? — dedi ayol doʻrillagan tovush bilan.

— Portsigarni ber, eshityapsanmi!

— Olganim yoʻq portsigaringni, — deya yelkasini qisdi ayol.

Dizma uning yuziga bir shapaloq tushirgan edi, ayol yiqilib boshi devorga urildi.

— Ber deyapman, mochagʻar! — shunday deya u yana qoʻlini koʻtardi.

Ayol yuzini tirsagi bilan pana qildi. Dizma uning sumkasini titkilay boshladi. Sumkadan bir nechta arzimas mayda-chuydalar bilan gʻijimlangan pul va iflos dastroʻmol chiqdi. Ayol unga indamay qarab turardi.

— Ha... gazanda!

Dizma ayolning ostidan yostiqni tortib oldi-da, polga uloqtirdi. Yostiq bilan polga toʻqillab portsigar ham tushdi. Nikodim uni olib, koʻzdan kechirdi-da, choʻntagiga soldi.

— Oʻgʻri, — deya toʻngʻilladi u, — yaramas!

— Uni u yerga oʻzing qoʻyganding!

— Yolgʻon! — deya baqirdi Dizma.

Ayol indamadi. Dizma eshikni ochib, koridorga chiqdi. Koʻchaning u yer-bu yerida fonarlar yoqib qoʻyilgandi. Izvoshlar koʻrinmasdi. Uyga piyoda ketishga toʻgʻri keldi. Sovuq kuchayib, oyoq ostidagi qor gʻarch-gʻurch qilardi. Ahyon-ahyondagina biror oʻtkinchi koʻzga tashlanib qolardi. Nikodim shoshilib borar ekan, Marshalovskayaning muyulishiga yetganida orqasiga oʻgirilib qaradi. Koʻchaning narigi betida uning ortidan qandaydir bir qiz kelmoqda edi.

«Bunisi ham haligidaqalardan boʻlsa kerak, — deya hayolidan oʻtkazdi Nikodim, — yoʻq, meni aldayolmaysanlar!»

U qadamini tezlatdi, biroq qiz ham undan qolmay kelaverdi. Chamasi, u ortda qolib ketmaslikka ahd qilgandi, chunki Dizma Novogrodskaya koʻchasining muyulishiga yetgach, yana unga koʻzi tushdi. Nikodim toʻxtagan edi, faqirona kiyingan qora shlyapali qiz ham toʻxtab, allaqanday magazinning yoritilmagan vitrinasini tomosha qila boshladi.

Nikodim bir tupurdi-da, yoʻlida davom etib, Vspul'naya tomon burildi. Bir necha minutdan soʻng u darvoza oldiga yetib bordi. Darbon eshikni ochib, ta’zim qildi.

— Shofer soat nechada keldi? — deya soʻradi oʻz odamlarini nazorat qilib yurishni yaxshi koʻradigan Dizma.

— Soat oʻn birlarda, pan janobi oliylari.

— Garajning tomini tuzatishdimi?

— Tuzatishdi, pan janobi oliylari.

Dizma bosh irgʻadi-da, zinadan yuqori koʻtarildi. Panjara ortidan ularni kuzatib turgan qizni na u, na darbon sezdi.

Notanish qizning yuragi gupillab ura boshladi.

U boshini koʻtarib, imorat peshtoqiga qaradi-da, ikkinchi qavatning boʻgʻotidagi qora harflarga koʻzi tushdi:

«Davlat Gʻalla Bankasi»

— Banka!..

Birdan hammasi unga ayon boʻldi. Nikodim, uning Nikodimi katta ish boshlamoqchi. Garchi Nikodim undan yuz oʻgirgan boʻlsa-da, qiz uni sira unuta olmay hamon yaxshi koʻrardi. Yer ostidan yoʻl kovlab xazinani oʻmarmoqchi boʻlsa kerak!.. Harqalay darbon bilan tili bir ekan: darbon unga eshikni ochib bergani va ular allanima toʻgʻrisida kelishib olishganini qiz oʻz koʻzi bilan koʻrdi.

Davlat gʻalla bankasi!

Balki u yerga xat tashuvchi boʻlib joylashib olgandir? Unday boʻlsa, nega kechasi keldi?

Qizning yuragi hamon gupillab urardi.

U koʻchaning narigi betiga oʻtib, kuta boshladi.

Ehtimol, hozir qoʻngʻiroq chalinib, muyulishdan politsiya chiqib qolar? U holda qiz nima qilish lozimligini biladi: u qoʻngʻiroq chalib, darbonni ogohlantirib qoʻyadi... Toʻgʻri, Nikodim uni unutdi, qaytib kelaman, dedi-yu, ammo aldab ketdi, biroq endi, albatta uning yoniga qaytadi, Ishi yomon emasga oʻxshaydi — chiroyli pal'to kiyib yuribdi. Anavi safar ajoyib mashinada oʻtdi... U Lutskayada, ularning uyida yashagan kezlari qiz Dizmaning bunday jasur yigit ekanligini xayoliga ham keltirmagan edi...

U ketishga jazm etganida past suzayotgan qop-qora bulutlar orasidan tong nuri tusha boshlagan edi. Sovuq uning suyak-suyagidan oʻtib ketdi. Lutskayadagi uyiga yetib borgach, qiz darvozaning ochib qoʻyilganini koʻrdi — yigirma tiyin yoniga qoladigan boʻldi.

Ertalab Man'ka yana Vspul'naya tomon yoʻl oldi. Qiz, bankani politsiya oʻrab olgan boʻlsa kerak, deb oʻylardi. Nikodim qoʻlga tushgan boʻlsa-ya?! Ehtimol, qochib ham ketgandir.

Man'ka yengil tortib, tin oldi. Banka eshigi tinimsiz ochilib yopilar, u yerga mijozlar kirib-chiqib, darvoza oldiga avtomobillar kelib-ketib turardi.

Ehtimol, Nikodim yer ostidan yoʻl ochmoqchi yoki devorni teshmoqchidir... Bu ish bir necha kunga choʻziladi.

Nihoyat, Man'ka uni qidirib topdi! Endi Nikodim undan qochib qutulolmaydi! Man'ka uni bu yerda kunduz kuni uchratmasligi, Nikodim bu yerga kechqurun kelishiga shubha qilmasdi. U Dizmani kutadi va albatta yuzma-yuz uchrashadi.

Man'ka kechqurun yana banka yoniga keldi.

Soat oʻn boʻldi, oʻn bir... Man'ka asabiylashib, koʻchaning narigi betida u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. Pagʻa-pagʻa qor yogʻmoqda edi. Agar fonar' ostiga turib, yuqori qaralsa, qor zarrachalari qoramtir boʻlib koʻrinadi. Ikki marta oʻtkinchi erkaklar uni gapga solmoqchi boʻlishdi. Bir yigit ancha puldor koʻrindi, biroq Man'ka uning taklifiga javoban bosh chayqab qoʻya qoldi.

U, Nikodim bugun kelmasa-ya, deya bezovta boʻla boshladi.

Lekin Man'ka baribir kutadi! Kutadi dedimi, kutadi!.. Erkaklar oʻzi shunaqa boʻlishadi: koʻzdan yoʻqoldimi — unutishadi qoʻyishadi. Malla Vladek ham axiyri Zosyaning oldiga qaytib keldi-ku...

Man'ka shu yoʻsinda goh Marshalkovskaya, goh qarshi tomonga qarab, chidam bilan kutib turaverdi. Birdan darvozaning sharaqlab ochilgani uning diqqatini bankaga jalb etdi. U yerdan bashang kiyingan bir xonim bilan Nikodim chiqib keldi. Ular nimadandir kulishardi.

Mai'ka oʻzini devor panasiga oldi. Ular koʻchani kesib oʻtishdi. Trotuar gʻoyat tor boʻlib, ular yonidan oʻtib ketishayotganida Man'ka qoʻlini choʻzsa, bemalol yetardi. Shundoq yonginasidan Dizmaning tovushi eshitildi:

— Agar istasang, jonginam Ninochka, men...

Uning keyingi soʻzlarini koʻchadan oʻtayotgan taksining gudogi bosib ketdi. Man'ka Nikodim haligi xonimning qoʻltigʻidan olganini koʻrib qoldi.

— Hali shunaqami! — dedi Man'ka va xayolga choʻmdi.

Soʻng ularning ortidan yurdi.

U raqibasi borligidan ajablanmadi. Nikodim xotinsiz turolmaydi, albatta. Biroq Man'kani bu xonimning goʻzalligi choʻchitib qoʻydi.

«Nikodim uni sevadi... Sevishi aniq... Lekin nega boʻlmasam, deya uning dilida umid uchqunlandi yana, — kecha tunda u mehmonxonada boshqa xotin bilan boʻldi?..»

Bu yerda qandaydir sir bor edi. Agar shu narsa boʻlmaganida Man'ka hozir ularga yetib olib, Nikodim meniki, men uni sevaman, deya oʻsha xonimning betiga baqirgan boʻlardi.

«U oldimga qaytib keladi, albatta qaytadi. Unga, kutaverib, koʻzlarim toʻrt boʻlgani, hamma dugonalarimning jazmani borligi, garchi eng yaxshi yigitlar osilishgan boʻlsa-da, mening hech kimim yoʻqligini aytaman... Qaytishi kerak».

Nikodim Ninani uyigacha kuzatib qoʻydi-da orqasiga qaytdi. Yoʻl-yoʻlakay u butun Liskovda xotinlarning koʻnglini olishga mohirligi bilan nom chiqargan Yurchak, faqat qora soch ayollargina serehtiros boʻladi, deb bekor aytgan ekan, deya oʻylab keldi. Nogahon kimdir uni chaqirib qoldi.

Nikodim oʻgirilib qaradi. Uning qarshisida Man'ka turardi.

— Nikodim, — deya ohista shivirladi qiz.

— E, senmisan? — toʻngʻilladi Dizma ta’bi xira boʻlganini yashirmay.

— Meni unutmadingmi?

— Senga nima kerak?

Man'ka nima deyishini ham bilmay, baqrayib unga qarab turardi.

— Xoʻsh nima deysan! — deya soʻradi Dizma jahli chiqib.

— Hali meni shunday kutib olyapsanmi! Seiga nima yomonlik qildim, Nikodim?

— Yomonlik ham qilganing yoʻq, yaxshilik ham! Boshimni koʻp qotirma. Ayt, nima kerak senga?

Man'ka indamay turaverdi.

— Gapirsang-chi, jin ursin seni!

Man'ka hamon indamasdi.

Dizma bir soʻkinib qoʻydi-da, ketmoqchi boʻldi. Biroq qiz uning yengidan tutib qoldi.

— Qoʻyvor!

— Qoʻyvormayman! Sen gapimni eshitishing kerak.

— Boʻlmasa gapirgin-da, jin ursin seni! Xoʻsh nima gaping bor?

— Seni qanchalik qoʻmsaganimni bilmasang ham kerak, Nikodim. Mening hatto oʻynashim yoʻq. Nuqul seni kutdim... Seni qidirdim, meni unutmagandir, qaytib kelar axir, deb oʻyladim.

Nikodim yelkasini qisdi.

— Oramizda eslaydigan, unutadigan nima bor ekan oʻzi?

— Qaytib kelaman deganding-ku axir.

— Aytsam nima qilibdi. Nima, sen bilan nikohdan oʻtibmanmi?

— Bilasanmi... men seni sevaman.

Dizma xaxolab kulib yubordi.

— Anavini gapini-ya! Sen har kechasi bironta erkakni sevasan.

— Sen buni yuzimga solma! Oʻzimga qolsa shunday boʻlishni istarmidim? Ochlik majbur qildi. Jirkanmaydi, deb oʻylaysanmi.

— Boʻpti, boʻpti, faqat yolgʻon gapirma.

— Rost aytyapman. Mening boshnmga tushgan kun hech kimning boshiga tushmasin. Itga ham ravo koʻrmayman uni!

— Xoʻsh, bu bilan meni nima ishim bor?

— Yonimga qaytib kel!

— Hojati yoʻq.

— Biznikida tekinga yashayverasan. Sening uchun oʻzim pul toʻlayman.

Dizma piqillab kulib yubordi. Man'ka unga bezovtalanib qarab qoʻydi.

— Nega kulyapsan?

— Ahmoq ekansan, shuning uchun kulyapman. Bu boʻlmagʻur gapni miyangdan chiqarib tashla.

— Nega unday deyapsan? Nahot endi senga yoqmay qolgan boʻlsam?

— Yaxshilikcha borib, ishingni qil, Man'ka.

— Oʻshanda, qaytaman, degan eding-ku.

— Tupurdim oʻsha gapga! Tushundingmi? Endi men uylanyapman, duch kelgan fohishaning boshimni qotirishiga yoʻl qoʻymayman. Endi men boshqacha ayollar bilan gaplashyapman.

— Hozir men koʻrgan ayolga uylanmoqchimisan?

— Ungami, boshqasigami — birovning ishiga tumshugʻingni suqma.

— Bilaman, oʻshanga uylanmoqchisan. — Mai'kaning tovushi nafrat bilan jarangladi.

— Bu bilan sening nima ishing bor?

— Chunki seni yaxshi koʻraman! — deya qichqirdi Man'ka alam bilan.

— Sekinroq, muncha baqirasan! Sevsang sevaver, menga nima! Boʻpti, bor endi, sen bilan gaplashishga vaqtim yoʻq.

Qiz yana uning yengidan tutdi.

— Yana bir minut sabr qil.

— Xoʻsh?

— Yur, mehmonxonaga boramiz...

U hamon Nikodimni oʻziga ogʻdirib, raqibasidan chalgʻitishga umid qilar edi. Dizma uni itarib yubordi.

— Yoʻqol.

— Nikodim!..

Man'kaning koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi.

— Yigʻlashga balo bormi! Vaqtim yoʻq, dedim-ku senga. Mabodo istagan taqdirimda ham bugun borolmayman.

— Nega endi?

— Ishim bor.

— Shunday degin! — Man'ka bosh irgʻadi. Uning qiyofasi jiddiylashdi. Ha, albatta, bankani oʻmarishning oʻzi boʻlmaydi — buni qiz tan oladi. Bunday ish oldida Man'ka kim boʻpti.

— Unda boshqa gal, — deya rozi boʻldi Man'ka, — boshqa gal borasan, xoʻpmi...

— Ehtimol, borarman. Xoʻp xayr.

Dizma ketmoqchi boʻlgan edi, biroq Man'ka unga yopishib oldi.

— Nikodim, meni oʻpmay ketaverasanmi?

— He, jin ursin! Jonga tegding-da oʻziyam!

U engashib qizning yuziga labini tekkizdi. Biroq Man'ka bundai koʻngli toʻlmay, Dizmaning boʻynidan quchdi-da, uning lablaridan oʻpdi.

Qizning doʻrdoq lablari sovuqdan muzdekkina edi.

— Boʻldi, boʻldi, — deya uni oʻzidan chetlatdi Nikodim.

— Qayt! Oldimga qayt! — shivirladi Man'ka.

— Obbo, juda yopishib olding-ku! Ehtimol, keyin qaytarman. Xayr.

Man'ka iidamay bosh irgʻadi.

U

O‘xshash hikoyalar