Snayper 6 (kamolov) (3-bet)
ko'ngli g'ashlanib, yakshanba kuni tushga yaqin shaharni piyoda, yolg'iz sayr qilishni xohladi. Shu bahonada olamdan o'tgan ikki onasi, Zarina haqida o'ylash, shirin xayollar dengiziga sho'ng'ishini, bahonada yengil tortishini qalban seza oldi.
Qishloqda o'zini kuta-kuta dunyodan ko'z yumgan onasini ko'z oldiga keltirib, undan xayolan uzr so'ray-so'ray, yerosti yo'liga tushdi. Shu yo'l markaziy do'konlardan biriga olib borardi. Hech qursa bir dona o'ziga yoqqan kiyim xarid qilish ilinjida oldinga yurdi. Yerosti yo'lining yarmiga yetganda, chetda tik turgan ko'yi tilanayotgan o'smirga ko'zi tushdi. O'smir qora ko'zoynakda bo'lib, chamasi o'n ikki yosh atrofida edi. Mirsoli yaqinroq borib o'smirning nolali so'zlanishlariga jim quloq tutdi.
— Birodarlar, xudo bizni so'qir yaratdi, shu yo'l bilan qo'lingizga qaratdi! Nolishimdan ranjimang, birodarlar! Menday notavonga xayr qiling! Xudodan sizlarga baxt so'ray!
Mirsoli o'smirning nolalari, tashqi ko'rinishidan qattiq ta'sirlanib, uning qo'liga bir dona besh mingtalik pul tutqazdi. O'smir pulni qo'liga oliboq bir necha marta siypaladi-da, negadir boshini u yon, bu yonga tashlab bezovtalana boshladi.
— Senga nima bo'ldi, uka? — so'radi Mirsoli o'smirning ikki bilagidan tutib. — Nega pulni kissangga solmayapsan?
— Axir… Bu ko'p-ku, — dedi o'smir pul tutgan qo'llari bilinar-bilinmas titrab. — Menda… Qaytim yo'g'idi…
— Sendan qaytim so'ramadim. Kissangga sol pulni!
— R-rahmat, og'a, — dedi o'smir beixtiyor yig'lamsirab. — Umringiz uzoq bo'lsin! Kennoyim bilan baxtli bo'ling!
— Men uylanmagan bo'lsam-chi? — Mirsoli o'zi sezmagan holda shu o'smir bilan qiziqa boshlagandi. Shuning uchun atayin gapni cho'zishga urindi. — Xo'sh, unda nima bo'ladi?
— Kechiring, og'a! Men… Ko'zim ko'rmagani pand berdi-da!
— Menga qara, — dedi Mirsoli o'smirga boshdan oyoq razm solib. — Bu… Ko'zlaring tug'ilganingdan beri shunaqa… Ko'rmaydimi?
— Yo'q, albatta, — dedi o'smir ehtiyotkorlik bilan qo'lidagi pulni kissasiga solarkan. — Ikki yil bo'ldi bunga.
— Nima bo'ldi? Avariyaga uchradingmi?
— Shundan ko'ra avariyaga uchrab o'lsam yaxshiydi. Undanam battari bo'lgan.
— Shunaqa degin? Qani, menga boshidan ayt-chi! Aytaver, balki yordamim tegib qolar!?.
— Afsuski, hech kim yordam bera olmaydi, — dardli ohangda so'z boshladi o'smir. — Ko'zlarim endi o'la o'lgunimcha ko'rmasligi aniq.
— Menga qara, uka, — dedi Mirsoli asabiy lab tishlab. — Nima bo'lganini menga aytgin-chi! O'zingam yengil tortasan, ishon!
— Ikki yil burun yomon odamlarning qo'liga tushib qoldim. O'shandan beri…
— Ota-onang bormi?
— Yo'q, men bolalar uyida o'sganman.
— Tushunarli. Xo'sh, qanday qilib yomon odamlarning qo'liga tushding?
— Bu… O'zimning muammmom. Sizga dahli yo'q, aka.
— Yo'q, undaymas, — dedi Mirsoli. — Bu meniyam muammom. Gapir, uka, qo'rqma! Har holda o'zing manavinaqangi tilanchilikni tanlamagandirsan? Nahotki, o'zing tanlagan bo'lsang?
— Yo'q, men bolaligimdan militsioner bo'lishni orzu qilardim. Hoziram orzu qilaman.
— Xo'p, nima xalal beryapti senga? Puling yo'qligimi?
— Yo'q, men u odamlarga qarshi bora olmayman.
— Qiziq, — Mirsoli yanada sergak tortib, o'smirga qattiqroq tikildi. — Oting nimaydi?
— Bogdan.
— Menga qara, Bogdan, qaysi odamlarni nazarda tutding hozir?
— Baribir aytmayman. Haqim yo'q.
— Shunaqami? Mayli, oldin menga ayt, ko'zing nima sabab bo'lib ko'rmay qoldi unda? Biror xavfli xastalikka uchradingmi?
Bogdan chuqur xo'rsinib, bir muddat o'yga toldi. So'ngra yana so'z boshladi.
— Men soppa-sog' edim. O'sha yaramas Misha ko'zimni… Ko'zlarimni ko'rmaydigan qilib qo'ydi.
— Qaysi Misha? Kim haqida gapiryapsan? Tushunmadim.
— Misha juda yomon odam. U so'ziga kirmaganlarni ayab o'tirmaydi. Yomo-on uradi.
— Shunaqa degin?!. Xo'sh, Misha nima qildiki, ko'zlaring ko'rmay qoldi?
— Ular ko'pchilik. Adashmasam, olti kishi. Meni Misha ko'chada ko'rib qolib, o'sha yerto'laga sudrab kelgan. Borishni xohlamagandim, rosa tepdi. Keyin majbur bo'ldim. Yerto'lada esa yana menga o'xshagan bolalar yetti kishi ekan. Ularniyam ko'zlarini ko'rmaydigan qip qo'yishgan.
— Voy ifloslar-ey! Nima qilishdi? Ko'zlaringga biror o'tkir narsa tiqishdimi?
— Yo'q, ular qo'l-oyoqlarimni boylab qo'yib… Keyin ko'zlarimga qizib turgan qoshiqni bosishgan. Men hushimdan ketib qolganman. O'zimga kelganimda esa… Ko'r bo'lib qolgandim. Ha, baqir-chaqir qilmasligim uchun og'zimni skotchlab qo'yishdi… Undan so'ng Misha yonidagilar bilan birga meni tilanishga o'rgatdi. Siz pul bergan vaqtdagi so'zlarni yodlatgan. Hozir esa biz bolalar bilan sakkizta «tochka»da turib tilanamiz. Kechqurun bizni mashinada yig'ib yerto'laga olib borishadi. Bor pullarimizni tiyin-tiyinigacha olib qo'yishadi.
— Ovqat-chi? Berishadimi?
— Non va suv berishadi… Aka, qachon issiq ovqat ichganim esimdan chiqib ketgan. Lekin judayam go'shtli ovqat yeyishni istardim…
— Bo'ladi senga go'shtli ovqat, uka, — Bogdanning g'amgin hikoyasini eshitib, Mirsoli g'azabga to'ldi. Shu lahzadayoq bu so'qir bolakayga yordam bermasa bo'lmasligi, zo'ravon, ablahlarning jazosini bermasa tinchlana olmasligini anglab yetdi. — Sen hech narsadan, hech kimdan qo'rqma! Meni hoziroq o'sha yerto'lanngga olib borasan. Qolgan bolalarniyam yig'ib chiqamiz.
— Yo'-o'q, — turgan yerida bezovta yer tepib norozilandi Bogdan. — Hali ish vaqtim tugashiga ancha bor, aka! Q-qo'rqaman!
— Qo'rqma dedim-ku! Senga yordam bermoqchiman. Ishon, sen ortiq yerto'lada yashamaysan. Mening himoyamda yashaysan. Sen albatta katta odam bo'lasan! Senga so'z beraman.
— Aka, ular yomon odamlar! Sizniyam…
— Mendan xavotir olma! Yaxshisi, ko'rsat menga ularni! Sheriklaringniyam himoyamga olaman. Sizlar endi hech qachon tilanmaysiz…
Bogdan Mirsolining so'zlaridan ruhlandimi, ortiq qarshilik qilmadi.
Mirsoli uning qo'ltig'idan olib, tashqariga yetakladi.
Bogdan Mirsolining aslida kimligi, qanday qudratga ega ekanini bilmasa-da, umidvor edi. Zo'ravonlar qo'lidan uning ko'magida xalos bo'lishiga ishonardi. Shu sabablimi, sira ikkilanmasdan har bir «tochka»ning manzilini tushuntira bordi. Ular taksida shahar aylanib, qolgan yetti o'smirni ham olib ketishdi. O'smirlar ham xuddi Bogdan kabi qora ko'zoynak taqishgan, gap-so'zlari juda-juda g'amgin edi. Mirsoli yana bir narsaga shaxsan amin bo'lish niyatida yo'l-yo'lakay Bogdan va sheriklarining ko'zoynaklarini yechib ko'zlariga boqdi. Haqiqatan, kuyikdan so'ng barchalarining ko'zlari kishi qo'rqar darajada xunuk va dahshatli tusga kirgandi.
«Dunyoda shunaqa ifloslar borligini bilmas ekanman, — o'ylardi Mirsoli mashinada so'qir bolalar makon tutgan o'sha yerto'la tomon ketib borarkan. — Nahotki, begunoh bolani mana bunday ahvolga solib pul ishlashga vijdoni yo'l qo'ysa? Kim o'zi ular? Kimlarga xizmat qiladi? «Smex»gami? Bo'lishi mumkinmas. «Smex» u qadar pastkash emas. Qolaversa, unga pulning o'zi oqib kelgan, harqalay manavinaqangi so'qir o'smirlarning tilanchilik qilib topganiga qarab qolmagandir? Unda kim bosh-qosh bu iflos va jirkanch ishga? Qiziq, hayotimda tilanchilarni ko'p ko'rganman. Lekin qaysidir marazning nog'orasiga o'ynashini bilmas ekanman… Aytgancha, Vadimga qo'ng'iroq qilay, to'pponchani opkelsin! Qurol kerak bo'lib qolishi mumkin. Ha, uniyam pistirmaga qo'yaman. Zarurat tug'ilsa, yordam beradi…»
Mirsoli darhol qo'riqchilaridan biri Vadimga qo'ng'iroq qilib, taxminiy manzilni aytdi. Yetib kelishganda, Vadimning o'zi xuddi o'sha ko'rimsiz bino qarshisida kutib turardi.
— Sen sal nariroqqa bor-da, — pastga tushiboq Vadimga tayinladi Mirsoli. — Poylab tur! Quloqni ding qil! Agar yarim soat ichida tashqariga chiqmasam, o'zing yerto'laga tushaver! Faqat ehtiyot bo'l! Xudo biladi u marazlar necha kishi ekan!
— Tushunmadim, brat, — yelka qisib yerto'la tarafga ishora qildi Vadim. — Kim bilan jang qilishga keldik o'zi? Menam taniymanmi?
— Sen tugul o'zim ham tanimayman ularni, — dedi Mirsoli bir chetda qaldirg'ochlardek saf tortib turgan so'qir o'smirlarga o'ychan tikilib. — Manavi bolajonlarning ko'zini ko'r qilib, tilanchilikka yuborisharkan. Bilasanmi bu ishni qilish uchun qanaqangi maraz bo'lishi kerak odam? Xullas, qolgan gaplarni «po xodu» bilvolasan o'zing. Hozir tayyor tur!
— Xo'p bo'ladi! — dedi Vadim tishlarini g'ijirlatib. — Agar shu bolalarning ko'zlarini ko'r qilgan bo'lsa, o'zim ularni yer tishlataman.
— Bo'pti, ana, — deya bino yaqiniga kelib to'xtagan mashinaga ishora qildi Mirsoli. — Adashmasam, shularga o'xshayapti «mijoz»larimiz. Qara, olti kishi. Hammasi davangirday yigitlar ekan. Ammo shoshilma, yarim soat meni kut!..
Mirsoli so'qir bolalar tomon qadam tashlaganda, zo'ravonlar allaqachon ularni o'rab siquvga ola boshlashgandi.
— Vey, kim senlarni bu yerga opkeldi? — qolganlardan bo'yi bir bahya balandroq, uzun sochlarini xuddi qizlar kabi turmaklab olgan malla yigit o'smirlarni turtib so'roqqa tutardi. — Nimaga vaqtli ishdan ketib qoldilaring? Gapir, iflos, ko'rlar!..
Bolalar esa ko'zlari ko'rmasa-da, ayblarini tan olgan ko'yi yer chizishar, titrashar, miq eta olishmasdi. — Ho'v, okasi, — zo'ravonlarga yaqinlashib, sochlari turmaklangan malla yigitning yelkasiga qo'l qo'ydi Mirsoli. Qolganlari ham begona odam bu taxlit dadil oralariga kirganini idrok eta olmay, baravar Mirsoliga tashlanishdi. Biroq hech biri zarba bera olmadi. Oralaridan qaysidir birini tizzasi aralash tepgandi, sheriklari darrov jim bo'lishdi. — Erkak kishi ko'chada ayuhannos solsa uyat bo'ladi. — davom etdi Mirsoli g'azabini arang jilovlab. — Ofislaring yerto'lada ekan. O'sha yerga kiraylik, bemalol gaplashib olamiz. Tashqarida mentlar xitlanishi mumkin. Nima deding?
Malla yigit bir muddat Mirsoliga boshdan oyoq razm soldi-da, savol berish o'rniga o'ng qo'lini oldinga cho'zdi.
— Gap yo'q, ketdik unda! Nima gaping bor ekan bizda!..
* * *
Yerto'la binoning o'zidan-da xaroba, tashlandiq, atrof zax, yana allanimalar hidiga to'la bir joy ekan.
Yerto'laga tushgandayoq zo'ravonlar yanada jonlanib, Mirsoliga baravar xezlana boshlashdi. Lekin malla yigit so'qir o'smirlarga bir-bir qarab olgach, sheriklarini tinchlantirdi.
— Senlar tek turlaring! Oldin bilaylik, bu kim ekan! Balki bizga ishga yollanmoqchidir!?.
Mirsoli uchun shu gapning o'zi yetarli bo'ldi. Shu tobgacha arang o'zini bosib, barchasini tinchlik yo'li bilan hal etish niyatida turgan bo'lsa, endi fikridan qaytdi. Jonholatda kissasidan to'pponcha chiqardi-da, kutilmaganda malla yigitning iyagiga tiradi.
Shubhasiz, sheriklarida ham qurol yo'q emasdi. Ular askarlar kabi to'pponchalarini chiqarib, Mirsoli tomonga to'g'rilashdi.
— Bildim, hammangda «travmatika» ekan, — dedi sovuq tirjayib Mirsoli. — Mening kimligimni bilmasang, bilib qo'y! Sasha Krutoy bo'laman! Xo'sh, eshitganmidilaring?
Bu gapga zo'ravonlar ishonqirashmadi. Hatto ulardan biri bir qadam oldinga tashlab, do'q qilishga-da jazm etdi.
— Bizlar ham krutoylarmz, — dedi u masxaraomuz kulib. — Xo'sh, shunga nima bo'pti? Ishga yollanmoqchi bo'lsang, katta ketmasdan aytaver-da!
Bu gap Mirsolining sabr kosasini to'ldirdi. U to'pponchani mallaning iyagidan nari olib, o'zini masxaralagan yigitni kallaladi. Shu orada qolganlarni ham ketma-ket yerga qulatdi. Mallagina kaltakdan bebahra qoldi. Mirsoli atayin unga tegmadi. Chunki bu Bogdan ta'riflagan o'sha maraz ekanini tushunib yetdi.
— Davom etaymi? — so'radi hanuz hech narsa bo'lmaganday, go'yo sir boy bermoqchi emasdek xotirjam turgan mallaga yaqinlashib. — Bu bolalarni ko'zidan sen mahrum qildingmi?
— Xo'sh, nima qipti? — bamaylaxotir savol tashladi malla. — Qarindoshlaringmi?
— Vey, sen Krutoy haqida eshitmaganmisan deyman? Gapir!
— Krutoy deganni eshitganim bor. Ammo u allaqachon o'lib ketgan deyishdi.
— Mayli, sen savolimga javob ber! Senmi bolajonlarni ko'r qilgan?
— Ha, men. Ammo bekorga chiranyapsan. «Soqqa»ning qulog'iga yetsa juda xafa bo'ladi sendan. Yomo-on xafa bo'ladi!
— «Soqqa»? Kim u?
— Kim bo'lardi? Mana shu shaharning egasi. Og'ayni, sen bizning ishga aralashma. Ket! Keyin pushaymon bo'lib yurma!..
Mirsoli bildiki, bular bilan pachakilashishdan naf yo'q. Shuning uchun ortiqcha gapga zeb bermay, oldin o'smirlarni asta tashqariga yo'naltirdi. Keyin esa yerto'la eshigini ichkaridan tambalab, ortga qaytdi va birinchi navbatda mallaga qarata o'q uzdi. Ketidan qolganlar ham o'q yomg'iri osti qoldi. Mirsolining yutug'i shu bo'ldiki, to'pponchaga ovoz pasaytirgich mahkamlangani bois shovqin tashqariga eshitilmadi…
U dumalab yotganlar ustidan hatlab o'tib, xotirjamlik bilan yuqoriga chiqdi.
O'smirlarni alohida taksilarga o'tqazib, o'zi Vadim haydab kelgan mashinada jo'nadi.
U hoziroq o'sha «Soqqa» deganlarini topib, masalaga oydinlik qilishni ko'ngliga tukkandi.
* * *
Tashqaridan qaraganda, hashamatli bino ichkarisiga Mirsoli yetakchiligida o'n nafar qo'riqchilar qo'llarida avtomatlar bilan kirib borishdi. «Soqqa» uzun bo'yli, taxminan qirq yoshli, nigohlari sovuqqon yigit ekan. U ham qo'l qovushtirib o'tirmabdi. Kutilmagan mehmonlarni «Soqqa»ning shotirlari to'pponcha o'qtalish bilan qarshi olishdi.
— Seni tanidim, kelgindi, — deya dag'dag'a bilan so'z boshladi «Soqqa» kattakon zal to'ridan turib. — Kim chaqirdi seni bu yerga? Manavi so'qirlar aytishdimi manzilimni?
— Sen hoziroq bu bolalarning har biriga o'n ming dollardan tovon puli to'laysan, — dedi Mirsoli. — Anavi yugurdaklaringga ayt, qurollarni seki-in polga qo'yishsin! Yo'qsa mening yigitlarim juda achchiqlanishyapti. O'ngacha sanayman!
«Soqqa» ortiqcha qon to'kishni xohlamadimi, itoat bilan shotirlariga qurollarni polga qo'yishni buyurdi.
— Men boyvachchamidim? — deya dag'dag'a qilishda davom etdi u. — Yo Ibn Hattobmidim?
— Kimligingni basharang aytib turibdi. Qolaversa, hali gapimni tugatmadim. Xullas, bu begunoh bolalarning har bittasi uchun alohida kvartira sotib olasan!
— Tushingni suvga ayt! Haddingdan oshma!
Mirsoli bu muomala joniga tegib, yonidagi Vadimga yuzlandi.
— Vadim, tez fursatda ikkita qoshiqni qizdirib kelasanmi? — dedi u «Soqqa»ni ko'rsatib. — Manavi zo'ravonning ham ko'zlarini ko'r qilib qo'yay! Yaxshilikchasiga ko'nmaydi shekilli.
— Hozir yest qilaman! — Vadim kissasidan ikkita qoshiq chiqardi-da, ko'z-ko'z qildi. — Ikki-uch daqiqada tayyor bo'ladi!
«Soqqa» uning rostakamiga harakatga tushib qolganini ko'rib, ikki qadam oldinga yurdi.
— Bo'pti, ko'ndirding, — dedi u norozi bosh chayqab. — Tilaging shu xolosmi?
— Bu tilakmas, — dedi Mirsoli ham ikki qadam oldinga yurib. — Aksincha buyruq. Yana bir buyruq bor. Anavi yoqda oltita itvachchalaring o'lib yotibdi. Basharti melisalar xitlansa, o'z bo'yningga olasan. Agar tinch yashashni istasang, aytganimni qil! Meni tanisang, kimligimni, qanday odamligimni bilasan! Bilib qo'y, jahlim chiqsa, otamniyam ayab o'tirmayman. Hozir esa bu norasidalarning qornini to'ydir! Quruq non va suving tomoqlarini shilib tashlabdi. Qaynoq, sergo'sht taom ber bularga!
«Soqqa» rozi bo'lishdan bo'lak chorasi qolmaganini anglab yetgandi. Shoshilmasdan yurib borib, so'qir o'smirlar qarshisida to'xtadi va Mirsoliga yuzlanib so'z qotdi.
— Xotiring jam bo'lsin, do'st! Hammasi yaxshi bo'ladi!
Mirsoli masxaraomuz, shu bilan birga g'olibona tirjay ish qildi-da, bosh chayqay-chayqay, binodan chiqib ketdi.
U ayni lahzalarda juda yengil tortgandi. Hech qursa, shu ishi bilan kimlarningdir ko'nglini shod qilganidan, xudo qabul qilsa, yagona bo'lsa-da savob ishga qo'l urganidan mamnun edi.
* * *
Tashqaridan nigoh tashlansa, Mirsoliga tegishli klubda juda qat'iy tartib o'rnatilgandi. U har bir xodimni kuniga bir marotaba suhbatdan o'tkazib charchamas, mijozlarga bilan o'ta ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo'lishni tayinlar, qoidaga rioya qilmaganlarni shafqatsiz jazolardi. Mirsoli qo'l ostida ishlovchi xodim va xodimalar uchun bir xil, zamonaviy, bejirim va go'zal kiyimlar tanlangandi. Klub, kechqurunlari ochiladigan kazino holatini Vadim nazorat ostida ushlardi. Shu sababli Mirsoli xotirjam edi. Vadimning qattiqqo'l va sergakligiga shubhasi qolmagandi.
So'qir o'smirlarning kelgusi taqdirini baholi qudrat hal etgach, keyingi kunlarni deyarli sokinlikda o'tkazdi. Zarur bo'lganda, kazinoga tashrif buyuradigan badavlat mijozlardan ko'ngil so'radi, kamchilik ko'zga tashlansa, o'sha joydayoq hal etishni xodimlarga buyurdi. Ammo bugun ertalabdanoq negadir yuragi g'ashlanib, ko'ngli qandaydir yoqimsiz lahzani oldindan sezgandek tuyulaverdi. Shu sababli Vadimning salomiga ham bosh irg'ab alik ola qoldi. Kuniga ishni achchiq qahva ichishdan boshlardi. Bu ham yuragiga sig'madi. Qovog'ini uygan ko'yi internet klubda boshlangan hayotni hissiz kuzatgancha kabinetida bir muddat o'tirib qoldi. Yana xayolini yaqin o'tmish, qishloq, zangori libosga burkangan dalalar, qishloqdoshlar o'g'irlab, ko'zlarini yumishga, chuqur xo'rsinishga majbur etdi. Lekin bu holati ham uzoq cho'zilmadi. Daf'atan kabinet eshigi ohista taqillab, ichkariga Vadim kirdi. Mirsoli o'ychan nigoh bilan Vadimga so'zsiz tikildi.
— Men «Soqqa»ni chaqiruvdim, — gap boshladi Vadim Mirsolining kayfiyatsizligini darhol payqab. — Yetib kelibdi. Agar… Zarurmas deb hisoblasangiz, men…
— Chaqir mushtumzo'rni, — buyurdi Mirsoli dast o'rnidan turib. — Xayol olib qochibdi. Tez bo'l! Basharasiga yana bir qaraylik-chi!
Oradan bir necha o'n soniya o'tib, ostonada «Soqqa» hozir bo'ldi. Bu gal u egniga yarqiragan kostyum kiyibdi. Chehrasi ochiq, kulimsiragancha kirib shosha-pisha Mirsoliga so'rashish uchun qo'l uzatdi.
— Kechiring, og'a, — dedi u hiyla bosh egib. — O'sha kuni sizni kurakda turmaydigan so'zlar bilan haqorat qildim. Sizni… Tanimabman. Keyin… Surishtirib, o'rganib chiqib… Kechiring men ahmoqni, iltimos!
— Tushunaman, — dedi Mirsoli «Soqqa»ni o'tirishga taklif etarkan. — Men ham sen bilan qiziqib ko'rdim. Yomon yashamayotgan ekansan. O'nta do'kon, ikkita klub, mayda-chuyda korxonalar… Vey, men oyiga qancha daromad ko'rishingniyam bilaman. Shuncha pulga ega bo'la turib begunoh o'smirlarni so'qir qilib qo'yishga vijdoning yo'l qo'ydimi?
— Og'a, bir qoshiq qonimdan keching, o'tinaman, — «Soqqa» kutilmaganda tiz cho'kdi. — Bu gunohim uchun xudo albatta jazomni beradi, bilaman! Ishoning, buni… Bu gunohimni yuvishga tayyorman!
— Bu gaping erkakcha bo'ldi, — Mirsoli asta uni o'rnidan turg'azib, kursiga qaytadan o'tqazdi. — Gapni mana shundan boshlash kerak edi. Xo'-o'sh… Demak, bugundan boshlab haftasiga daromadingning o'n foizini menga uzatib turasan. Tushuntira oldimmi?
— Xuddi shunday, — dedi «Soqqa» yuzlariga qaytadan tabassum yugurib. — Hammasi siz xohlaganday bo'ladi!
— Unda boraqol! Faqat aytib qo'yay, daromadingni juda yaxshi bilaman. Shunday ekan, aldashga urinma! O'zingga yomon bo'ladi!
— Tushundim.
«Soqqa» qayta-qayta ta'zim qilgancha kabinetni tark etdi. Shu ondayoq ichkariga Vadim kirib, Mirsoliga savol nazari bilan boqdi.
— Sen hoziroq «Soqqa»ni nazorating ostiga ol, — tayinladi Mirsoli qovoq uyib. — Har bir bosgan qadamini kuzatib yur!..
Ertalabki so'lg'inlik kechqurun ham tarqamadi. Mirsoli hanuz ko'ngil g'ashlanishidan azoblanib, xayolan oldindan qanday ko'ngilsizlik tashrif buyurishini kutaverdi. Kazino esa har kungidek bir maromda ishlashda davom etar, badavlat mijozlar ko'ngil xushlash bilan band edi. Ammo tag'in Mirsolini hayron qoldirib, ko'ngilsizlik o'rniga hiyla quvonchli lahzalar unga hamroh bo'lishga tutindi. Vadim ayol mijozlardan biri u bilan suhbatlashish istagida ekanini aytib qoldi. Mirsoli bu go'zal ayolni yaxshi tanirdi. U har kuni kechqurun albatta kazinoga keladi, yarim tunga qadar qolib ketadi. Lekin… Nega aynan bugun suhbatlashgisi kelganini tushuna olmadi.
— Nima bo'libdi unga? — so'radi ehtiyot shart Vadimdan. — Ilgari umuman gaplashmasdi-ku! Shunchaki kulimsirab salomlashib qo'ya qolardi. Tinchlikmikan?
— Menga hech narsa demadi. Shaxsiy gaplari bormish sizga aytadigan.
— Mayli, ayt, kirsin!
Oradan besh daqiqacha vaqt o'tib, ayol kirib keldi. U boshqa kunlardagiga nisbatan xomushroq, o'ychanroq holatda edi. Mirsoli majburan bo'lsa-da, jilmayish qilib, ayolni yumshoq o'rindiqqa o'tirishga taklif qildi.
— O'tiring, Vera Vasilyevna, — dedi u hamon kulimsirab. — Xodimlardan birontasi xafa qildimi? Nima bo'ldi?
— Yo'q, undaymas, — javob qildi ayol Mirsoliga tikilib. —