tungi.ru

Snayper 7 (kamolov) (2-bet)

bilan asta kabinetdan chiqib ketdi.

* * *

Tushdan so'ng Mirsolini alohida mashinada «Tuman» kelib to'xtashi lozim bo'lgan manzilga yetkazishdi. Bu yerda shahardagi eng obro'li bank joylashgandi. Qarama-qarshi tarafda esa o'n ikki qavatli uy qad rostlagan. Oraliq masofa ancha uzoq edi. Agar mergan haqiqiy professional bo'lmasa, ko'p qavatli uy tomi ostidan turib, nishonni aniq ura olmasligi mumkin. Mirsoli buni ham nazardan qochirmadi. Qachonlardir to'garakda o'rgangan usullarni bir-bir yodga olib, nihoyat nishonni uzoq masofadan qanday bexato urish mumkinligini topdi va tevarakka o'g'rincha nazar tashlab olib, uy pod'yezdlaridan biriga kirdi…

Tomda ish uchun barchasi muhayyo edi. Mirsoli soatiga bir qarab oldi-da, uzun g'ilofni ochib, oldindan keltirib qo'yilgan vintovkaga ko'z yugurtirdi. Vadim ishni pishiq qilibdi. Haqiqatan qurolning moyi ketmagan ekan. Qolaversa, g'ilofga yana yangi yupqa charm qo'lqop ham solib qo'yishibdi. Mirsoli shosha-pisha vintovka jihozlarini joy-joyiga o'rnatib, o'q uzishi lozim bo'lgan tuynukka yaqinlashdi. Ha, bu yerdan «Tuman» kelib to'xtashi zarur bo'lgan yer ancha uzoq. Ammo hisob-kitobni to'g'ri olsa, iste'dodini ishga solsa, nishonni aniq urish qiyinchilik tug'dirmaydi.

Shu orada bino qarshisiga yarqiragan «Jip» kelib to'xtadi va hali mashinadan hech kim pastga tushmay tepasiga sirenalar o'rnatilgan ikkita «Gazel» mashinasi unga ko'ndalang bo'ldi. Hash-pash deguncha mashinalardan yuzlariga qora niqob tortgan devdek-devdek yigitlar tushib, atrofga tarqaldi. Keyin esa avval «Tuman» paydo bo'ldi. U hali tevarakka nazar solib ulgurmasdan, qaerdandir podpolkovnik hozir bo'ldi. U «Tuman»ga yaqinlashishi bilan avtomat tutgan bir necha yigitlar ikkovlarini o'rab olishdi.

— Shu yetmay turuvdi, — dedi ovoz chiqarib Mirsoli. — Nima balo, podpolkovnik mening merganligimni o'z ko'zi bilan ko'rish uchun yetib keldimi deyman? Qiziq, u prokuraturada ishlasa, nega «Tuman»ni quvib keldi? Umuman, qaerdan bildi u bankka kelishini?..

Savollar mo'l edi. Lekin kutishga fursat yo'q. Agar shu taxlit turaversa, «Tuman»ni qo'ldan boy berishi hech gap emas. Mirsoli shosha-pisha vintovkani o'qladi-da, tuynukdan turib, «Tuman»ni mo'ljalga oldi. Shu tobda kissasidagi telefon bezovta jiringlay boshladi. Qarasa, podpolkovnik ham telefonni qulog'iga tutgancha tek turibdi.

— Shu yaramas menga sim qoqyaptimi? — deya telefonga ko'z yugurtirdi Mirsoli. — Ha-a, shu ekan-ku! Tushunmadim. Mening bu yerdaligimni qaerdan bila qoldi? Agenturasi shunchalik zo'r ishlaydimi?

Mirsoli istar-istamas, yashil tugmachani bosib, telefonga quloq tutdi.

— Krutoy, — dedi xirillagan tovushda podpolkovnik. — Qanday ishga bel bog'laganingni, hozir qaysi teshikdan mo'ralab turganingni yaxshi bilaman. Qarshilik ko'rsatishga, qochishga urinma! Sen o'tirgan uy o'rab olingan. Taslim bo'l, Krutoy!

Mirsoli bu gaplarni eshitdi-yu, birdan bo'shashib, vintovkani yerga qo'ydi.

* * *

«Ment baribir mentligini qildi-ya, — o'yladi Mirsoli qo'lidagi vintovkani tomning ko'zdan pana joyiga berkitib, shoshilmasdan pastga tusharkan. — Shuncha pulimni olgandi, va'dani qop-qoplab bergandi. Nega bunday yo'l tutdi u? Tuzimni ichib tuzlig'imga tupurdimi? Nima majbur qildi uni? Kim sotdi meni? «Tuman»mi? O'zi qo'lga tushib o'tiribdi-ku u maraz! Ha mayli, agar podpolkovnikka urush kerak bo'lsa, bo'ladi urush, bo'ladi!..»

Mirsoli tashqariga chiqqani hamono ikki qo'lini ko'targancha avtomatlilar qurshovida podpolkovnik tomon yurdi. U hanuz mashinasi yonida turar, «Tuman» haydab kelgan mashinani o'rab olgan askarlarga nimalarnidir uqtirardi.

— Qo'lni tushiraver, qahramon, — dedi podpolkovnik kutilmaganda sirli jilmayish qilib. — Hoynahoy, «Mening bu yerga kelishimni qaerdan bildiykin podpolkovnik?» deb bosh qotirayotgan bo'lsang kerak-a? Topdimmi?

— Xo'sh, shunday bo'lsa nima o'zgaradi? Mana, men qarshingizdaman, qo'llarimni kishanlayverishingiz mumkin. Ammo…

— Kim aytdi senga qo'lingni kishanlaydi deb? — kuldi podpolkovnik naridagi mashina tomon ishora qilib. — Mana, qo'lini kishanlashimiz lozim bo'lgan kimsa allaqachon «Sizo»ga yetgan. Dam olayotgandir o'sha yerda.

— Mendan nima istaysiz unda? — so'radi Mirsoli qovoq uyib. — Nega meni anavi avtomatlilar qurshoviga oldingiz? Yo…

— Shunday qilishim shart edi, — dedi podpolkovnik bosh irg'ab. — Bizning ishda har xil voqea yuz beradi. Xafa bo'lma. Hoy, leytenant, mashinadagi jomadonni opkel buyoqqa!

Mirsoli yana hech narsani tushunmay, podpolkovnikka savol va nafrat nazari bilan boqdi. Hozir qandaydir noqonuniy buyumni ko'rsatib, bo'yniga yangi ayb qo'yishiga sira shubhasi qolmadi. Kutganidek, podpolkovnik jomadonni mashina kapotiga qo'ydi-da, ichini ochib, Mirsoliga so'z qotdi.

— Ko'rdingmi bu yerda nima borakan?

Mirsoli jomadon to'la ko'kimtir pullarga bir qarab qo'yib yelka qisdi.

— Bu mening pullarim emas. Ovora bo'lasiz.

— Bilaman, — dedi podpolkovnik. — Bu pullar «Tuman»ga tegishli edi. U anavi bank rahbariga pora sifatida olib kelgan. Ikkovi hamtovoq ekan. Biz bank rahbariniyam qo'lga oldik.

— Nega menga aytyapsiz bularni? Tushuna olmayapman. Niyatingiz nima o'zi?

— Uf-f, juda betoqatsan-da, uka, — dedi podpolkovnik Mirsoliga yaqin kelib. — Bugun sen menga katta yordam berding. Biz anchadan beri «Tuman»ni kuzatardik. Lekin sira arzirli dalil bilan qo'lga ola bilmayotgandik. Mana, sen sabab bo'lib bugun katta bir jinoiy ish sudga oshiriladigan bo'ldi. Buyam hammasi emas. Bugun mening unvonimni oshirishdi. Polkovnik bo'ldim, uka! Bu unvonni menga sen olib berding, sen!.. Bilmayman, Bu muvaffaqiyatni yuvmasak bo'lmaydi. Qani, yur, yo qo'llaringni kishanlatib qo'yaymi?..

Bu hazil Mirsolining g'ashini keltirdi. Itoat bilan ko'rsatilgan mashinaga o'tirarkan, hech kimga eshittirmasdan pichirladi:

— Kishaning o'zingga buyursin!

* * *

Ular prokuratura mashinasida Mirsoliga tegishli kafega borishdi. Polkovnik va'dasini qoyillatgisi keldimi, stol ustini turli noz-ne'mat, ichkiliklar bilan bezattirdi. Mirsoli esa bu manzaraga o'ta hissiz nazar bilan boqar, tezroq polkovnikdan narilashni xohlardi.

— Ilgari mayli, — o'rtadagi sukunatni buzib so'z qotdi polkovnik qadahlarga xorij konyagidan quyib. — Bugun ichmasang, juda xafa bo'laman sendan. Axir, bugun mening quvonchli kunim! Qani, ol!

— Shuning uchun kafega opkeldingizmi? — savol tashladi Mirsoli. — Hoynahoy, boshqa gapingiz ham bordir? Siz mentlarni juda yaxshi bilib qolganman. Aytavering, qulog'im sizda!

— Ja ayyorsan-a? — deya ko'zlarini qisib tirjaydi polkovnik. — Shuning uchunam kuchayib ketding-da!

— Xo'sh, aytasizmi dardingizni yo ketaveraymi? Ishoning, juda ishlarim ko'p. Manavinaqangi ziyofat yeb o'tiradigan ahvolda emasman.

— Avvalo, bizga «Tuman»ni tutishda yordam berganing uchun katta rahmat! Ishonaver, bundan buyon sen bilan men yanayam yaqin bo'p qoldik. Oxirgi nafasim qolguncha seni himoyalayman.

— E, polkovnik, — dedi Mirsoli ensasi qotib. — Ment banditga hech qachon do'stlik qilmaydi. Bir kunmas bir kun baribir qo'liga kishan solishni istab yashaydi. Yo nohaqmanmi?

— Ha, nohaqsan, — dedi polkovnik jiddiy tortib. — Boshqa odamlarga nisbatan balki shundaydirman. Biroq senga yomonlik qila olmayman. Ko'ngling ochiqligi, qolaversa, musofirliging bunga yo'l bermaydi.

— Bo'pti, ishondim deb hisoblang! Endi maqsadga o'ting!

Polkovnik birpas bosh qashib turgach, Mirsoliga qattiqroq tikilib so'z boshladi.

— Bilasanmi, bizning idorada podpolkovnik bor. Rafik Eduardovich degan. Shu azaldan menga go'r qazib keladi. Nuqul izimni poylaydi, tirnoq orasidan kir qidirgani qidirgan. Jonimga tegib ketdi.

— Xo'sh, shuni tinchitish kerakmi? — so'radi Mirsoli. — Gapiravering tortinmay!

— Yo'q, qon to'kilmasligi shart, — dedi polkovnik. — Busiz ham gunohlarimiz bir dunyo.

— Unda nima xohlaysiz?

— Bilasanmi, agentura yetkazishiga qaraganda, Eduardovich anchadan beri meni chetlatib, o'zi sen bilan sherikchilik qilmoqchiymish. Ya'ni, senlarni himoyasiga olib, pul ishlamoqchiykan.

— Nima, u bilarmidi me bilan munosabat yuritishingizni?

— O', qayoqda-a?!. Bilganda allaqachon meni sotgan bo'lardi. Tag'in bilmadim, balki gumonsirar. Ammo aniq dalili yo'q qo'lida.

— Xo'-o'p, nima qil deysi-iz? — toqati toq bo'lgan Mirsoli og'ir xo'rsindi. — Aytsangiz-chi munday chaynalavermay!

— Munday qilsak… Qisqasi, senga birovlar orqali o'shani yo'naltirsam-u, uchrashib gaplashsang. Men uchun unga yalinib, qo'liga kattaroq pul tutqazsang. Qo'rqma, pullar darhol o'zingga qaytadi. Biz pullarni qo'liga olgan zahoti tappa bosardik.

— Unga qo'shib meniyam sudrab qolmaydimi mentlar?

— Yo'g'-e, bu nima deganing, uka? Sen tarafga qayrilib ham qo'yishmaydi. Iltimos, shu ishda yordam bervorgin!

— Mayli, qo'ng'iroq qilib xabarini yetkazarsiz. Endi men boray! Ishlarim ko'p!

— Bo'pti, uka, omadingni bersin! Uyog'idan xavotirlanma! Hammasi nazoratimda!

— Omon bo'ling!

Mirsoli dast o'rnidan turdi-da, tashqariga yo'l oldi.

Shu kun Mirsoli uchun juda og'ir kechgandek tuyildi. Aksiga olgandek, kazinoga ham mijozlar juda kam kelishdi. Yana daromadning cho'g'i qochdi.

— Mening qilib yurgan ishlarim xudoga yoqmayaptimi deyman? — o'ziga o'zi so'zlanardi Mirsoli divanga yastanib olgancha.

Mirsoli o'ylay-o'ylay, televizorni yoqdi. Shu bahonada chalg'ishidan umidvor bo'ldi. Televizor orqali kechki yangiliklarni efirga uzatishayotgan ekan.

— Bugun kechki soat beshlar oralig'ida, — dedi boshlovchi. — Mahalliy prokuratura rahbarlaridan biri polkovnik Ilya Trofimovga nisbatan suiqasd uyushtirildi. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, uni hamkasbi podpolkovnik Rafik Eduardovich Gerasimov o'ldirgan. Bunga oralarida paydo bo'lgan o'zaro tortishuv sabab bo'lgan. Qotil shu zahoti voqea joyidan yashiringan. Uni hozir politsiya xodimlari qidirmoqda…

Mirsoli bu kutilmagan xabarni eshitdi-yu, o'tirgan yerida tosh qotdi. Avvaliga ishongisi kelmadi. Ammo xabarda marhum va qotil haqida to'liq ma'lumot berildi. Bunga ishonmaslikning sira iloji yo'q edi.

— Rasvo bo'ldi-ku hammasi, — dedi dast o'rnidan turib Mirsoli. — Rahnamodan ayrilib qolibmiz-ku! Eh, nodon, ulgurmadim. Trofimovga so'z bergandim-ku! Nega bugunoq tinchita qolmadim u marazni? Endi nima bo'ladi? Polkovnik o'ldi-ketdi. Men himoyachisiz qoldim. Hoynahoy, ertagayoq ishxonani bosishsa kerak. To'g'ri-da, yuqorida odaming bo'lmagandan keyin shunaqa bo'ladi. Bir yo'lini topish kerak…

Shu tobda stol ustida yotgan telefoni jiringlay boshladi. Mirsoli shoshilinch telefonga yopishdi. Negadir begona raqamdan qo'ng'iroq qilishayotgan ekan.

— Kim bo'ldi bu? — deya bosh qashib oldi Mirsoli. — Notanish raqam-ku! Allo! Eshitaman! Kim bu?

Go'shakning narigi tarafidan erkak kishining yo'g'on ovozi yangradi.

— Men politsiya generali Nikolay Ostrovskiy bo'laman, — dedi ovoz egasi. — «paganyalam» Ostriy.

— Politsiyachilarning ham «paganyala»si bo'lishini birinchi eshitishim, — dedi Mirsoli. — Xo'sh, general, menda ishingiz bormidi?

— Ilyaning o'limidan xabardormisan? — so'radi general. — Yo eshitmaganmiding?

— Eshitdim, nimaydi?

— Rahnamosiz biznesing o'ladi. Shuni bilasanmi?

— Xo'sh, nima bo'pti?

— Agar xohlasang, men Ilyaning o'rniga seni himoyamga olishim mumkin.

— Ha-a, shunaqami? — sira sir boy bergisi kelmay atayin gapni cho'zishga urindi Mirsoli. — Meni himoyaga muhtoj deb kim aytdi sizga?

— Menga qara, — dedi general gap ohangini biroz dag'allashtirib. Sen anchadan beri «razrabotka»dasan. Ilyaning hurmati uchun hech kim senga indamasdi. Endi u yo'q. Ertagayoq ofisingni bosishlari ehtimoldan xoli emas. Yaxshilab tanangga kengash, Krutoy!

— Agar taklifingizga rozi bo'lsam-chi?

— U holda hech narsa bo'lmaganday ishlayverasan. Ammo menga Ilyaga berib kelgan maoshingdan tashqari oyiga shu maoshning ikki barobarini qo'shimcha to'laysan, bo'tam. Xo'sh, nima deysan?

— Menga qarang, general, — dedi toqati toq bo'lib Mirsoli. — O'zingizga boshqa anqovni qidiring. Xayr!..

Shunday deb Mirsoli telefonning qizil tugmachasini bosdi.

* * *

Baxtga qarshi ertasi kun tongdanoq ko'ngilsizliklarning uchi ko'rinib qoldi. Vadim qo'ng'iroq qilib, militsiya maxsus xizmat xodimlari kazinoga bostirib kirgani, bir necha kishini qamoqqa ham olganliklarini aytib qoldi. Mirsoli battar alamga to'lib, qanday yo'l tutish haqida bosh qotira boshladi.

«Xayriyat, Vadim dilgirlik qilibdi, — o'ylardi u mashinaga o'tiriboq. — Pullarni berkitib qo'yibdi. Maraz general, atayin shunday qilgan. Mening musofirligimdan foydalangan. Yo'-o'q, ularga musofir ham, o'ziniki ham bir. Pul va yana pul kerak hammasiga. Nima qilsam bo'ladi?..»

Hali yo'l yarimlamasdan, kutilmaganda ikkita politsiya mashinasi Mirsoli o'tirgan mashinani quvib o'tdi-yu, shundoq qarshisiga ko'ndalang bo'ldi. Bu ham yetmagandek, mashinalardan bir necha harbiy kiyimdagi qora niqoblilar tushib, Mirsolining mashinasini o'rab olishdi. Hali hushi o'ziga kelib ulgurmay, telefoni jiringladi.

— Gumonim to'g'ri chiqdi, — dedi telefondagi generalning raqamini tanib Mirsoli. — Ochiqchasiga hujumga o'tyapti bu. Menga qara, — Mirsoli haydovchining yelkasiga qo'l tashlab davom etdi. — Nima qilsak bo'ladi-a bularni?

— Brat, mentlar bilan o'chakishib bo'lmaydi, — dedi haydovchi. — Yaxshisi, yon bera qolaylik! Bo'lmasa, ishlashga qo'yishmaydi. Sal qarshilik qilsak, yo'q joydan dalil topib hammamizni Sizoga tiqishadi.

— Gaping to'g'ri. Gunohlarimiz ko'pligini biladi-da bu ifloslar! Qani, tushay-chi, nima deyisharkin?!.

Pastga tushishi bilan qarshisida oq-sariqdan kelgan uzun bo'yli podpolkovnik hozir bo'ldi. Mirsolini o'rab olgan avtomatchilar esa unga savol nazari bilan boqishardi.

— Demak, sensan Krutoy deganlari, shundaymi? — sovuqqon ohangda so'radi podpolkovnik. — Sen taqiqlangan biznes bilan shug'ullanyapsan. Xo'sh, nega jimsan?

— Men ayb ish qilganim yo'q. Siz birov bilan adashtirdingiz meni, — dedi Mirsoli podpolkovnikning ko'zlariga nafrat aralash tikilib. — Men Krutoy ham emasman. Ismim Mirsoli. O'zbekistonlikman.

— O'zbekistonlikligingni sensiz ham yaxshi bilaman. Bu yerda qand yeyotganmiding unda? Yo vataningdagilar sig'dirishmadimi?

— Men sen bilan faqat advokatim ishtirokida gaplashaman, — bo'sh kelmadi Mirsoli. — Meni ahmoq deb o'ylayotgan bo'lsang, adashasan.

Podpolkovnik bir marta tirjayish qildi-da, avtomatlilarga imo qildi. Ulardan biri darhol Mirsolining qo'llarini kishanladi.

— Unda «Sizo»da kut meni, — dedi podpolkovnik. — Advokatinggayam qo'ng'iroq qilib qo'y. Ammo aytib qo'yay, dunyoning bor advokatini yig'ganingdayam senga yordam bera olmaydi. Chunki sening gardaningda bir nechta qotillik jinoyatlari osilib turibdi. Bundan tashqari, anavi kazinong qo'shimcha.

Mirsoli hech narsa demadi. Avtomatlilarning oldiga tushgancha politsiya mashinasiga o'tirdi. U bilardi. General baribir aloqaga chiqadi va qutqarib oladi.

* * *

Garchi puling ko'p bo'lsa, atrofingda himoyachilar yordamga shay tursa-da, odam bolasi xayolning ming turli ko'chasiga kirib chiqarkan. Bu vahima-yu, ikkilanishlar, tushkunliklar Mirsolini ham chetlab o'tmadi. U qaysidir kuni kirishga ulgurgan «Sizo» ning bir kishilik kamerasida o'tirardi-yu, afsuslanishdan tiyila olmasdi. Sababi, bu gal unga nisbatan turma nazoratchilari ham, konvoylar ham aksincha munosabatda bo'lishdi. Turtishdi, dag'dag'a qilishdi, mensimagan nazar bilan boqishdi. Bularning barchasi Mirsoliga juda-juda alam qildi. Lekin generalning aloqaga chiqishidan baribir umid uza olmadi. Garchi telefonini tortib olgan bo'lishsa-da, yaqin orada kamera eshigini ochib, qaytadan qo'liga tutqazishlariga ishondi.

Shu ko'yi oradan ikki soatcha vaqt o'tdi. Kun peshindan og'di. Baxtga qarshi generaldan darak yo'q edi. Chaqirilgan advokat ham hadeganda kela qolmasdi.— Bular meni tamom bo'ldi deb o'ylashyapti chog'i, — dedi o'ziga o'zi Mirsoli kameraning sho'rlagan devorlariga ko'z tashlab. — Ammo xato qilishadi. Krutoy hali o'lganicha yo'q. Bunaqangi po'pisalardan qo'rqmaydi ham. Hali ko'ramiz, o'sha podpolkovnikni yaxshilab tanib oldim. Aftidan uning o'zi tergov jarayonini olib borishga shaylangan. Hoynahoy picha pul ishlab olishni mo'ljallagan. Mayli, agar qo'yvorsa beraman o'sha pulni. Faqat… Keyin pushaymon bo'ladi. Axir, men sog'in sigir emasman duch kelganga sut beraveradigan! Odamman, odam!..

Shu payt kamera eshigi ochildi va ostonada nazoratchi paydo bo'ldi.

— Qo'llaringni orqaga qilib, yo'lakka chiq, — buyurdi u qovoq uyib. — Seni tergovchi kutyapti!

— Podpolkovnikmi? — so'radi Mirsoli atayin nazoratchining g'ashiga tegish uchun. — Anavi uzun bo'ylimi?

— Bu yerda savolni biz beramiz, — baqirdi nazoratchi. — Tilingni tiyib oldimga tush!..

Kutilganidek, mahbuslarni so'roq qilish xonasida xuddi o'sha podpolkovnik o'tirardi. Mirsolini ko'rdi-yu, ko'zini lo'q qilgancha unga bir muddat so'zsiz tikilib qoldi.

— O'tirsam maylimi? — zardali ohangda savol tashladi Mirsoli. — Yo turgan yerimda tergov qilasizmi?

— Advokating qani? — so'radi podpolkovnik. — Yo'q-ku advokat?!. Sen advokatsiz gaplashmaslikka so'z berganding. Endi nima qilamiz?

— Advokat albatta bo'ladi, — dedi Mirsoli. — Hozir tezroq savollaringizni berib olsangiz yaxshi bo'lardi. Ochig'i, juda charchaganman. Yotib dam olmoqchiman.

— Xo'p, birinchi savolim shunday. Sodiq Adashev degan yigitni nima sababdan o'ldirgansan? Aytishlaricha, hamqishlog'ing emish? Nima deysan?

— Men unaqa odamni tanimayman.

— Bu endi ortiqcha. Adashev o'ldirilgan to'pponchada senga tegishli ikki kishining barmoq izlari turibdi. Qolaversa, boshqa dalillar ham faqat senga qarshi. Uka, vaqtimni olma, yaxshisi, tergov bilan hamkorlik qil, shunda aybingni yengillatishga va'da beraman. Yo'qsa, kamida bir umrga qamalasan. Bilasanmi shuni?

Mirsoli miq etmadi. U do'kondorning daragini eshitgandayoq ichdan zil keta boshlagandi. Jasadni aynan kim topganini o'ylab bosh qotirardi. Javob berishga shoshilmagani yaxshi bo'lgan ekan. Podpolkovnikning telefoni jiringlab qoldi. Mirsoli qo'ng'iroq qilgan general bo'lib chiqishini juda-juda xohlar, shuning uchun podpolkovnikning yuzida zohir bo'lguvchi har bir o'zgarishga sergak boqardi.

— Eshitaman, o'rtoq general!..

Mirsoli shu bir og'iz gapni eshitib ruhan yengil tortdi. Miyasiga o'rlagan barcha xunuk xayollar tuman kabi tarqab, ko'zlari moshdek ochilgandek bo'ldi.

— Xo'p bo'ladi, o'rtoq general, — davom etdi podpolkovnik Mirsoliga ma'noli qarab qo'yib. — Tushundim, hoziroq qo'yib yuboramiz! Salomatlik tilayman, o'rtoq general!..

Podpolkovnik telefonini kissasiga solgach, istar-istamas o'rnidan qo'zg'alib eshik tomonga yuzlandi.

— Konvoy! — qichqirdi u stolni mushtlab. — Buyuraman, mahbus hoziroq ozod qilinsin! Kerakli hujjatlarni darhol taxt qilib, menga topshirishsin! Navbatchilik bo'limiga yetkaz! Aytgancha, Krutoyning qo'l telefoni, qolgan buyumlarini o'ziga qaytarishsin!

— Xo'p bo'ladi, o'rtoq podpolkovnik! — deya Mirsoliga qarab qo'ydi konvoy jilmayib. — Qani, Krutoy janoblari, yuring endi! O'zimiz kuzatib qo'yamiz!

— Podpolkovnik, ketaveraymi? — so'radi Mirsoli ketishga shoshilmay. — To'g'ri eshitdimmi o'zi?

— Ha, bu safar sen yutding, — dedi podpolkovnik asabiy lab tishlab. — Lokigin bilib qo'y, baribir bir kunmas bir kun qamalasan. Shunga doim tayyor turgin!

— Harakat qilaman tayyor turishga! Yaxshi qolsinlar! Basharti biror nima kerak bo'lsa, albatta bizga murojaat qiling! Qo'ldan kelgancha mushkulingizni oson qilamiz!

Podpolkovnik miq etmadi. Qayta-qayta stolni mushtladi-da, zipillagancha chiqib ketdi.

* * *

«Balo kelsa botmonlab keladi», deb behuda aytishmas ekan. Mirsoli shomga yaqin «Sizo»dan kazinoga kelib, hali nafas rostlashga ulgurmagandi. Shavkat Vadimni ergashtirgancha kirib keldi. Mirsoli ularning yuz o'zgarishini payqadi-yu, hech qursa bir necha daqiqa xotirjam bo'lishni xohlab, odatiy savolini berdi.

— Kazinoda tag'in mijoz kam-ku, — dedi u bir Vadimga, bir Shavkatga ko'z qirini tashlab. — Bunaqada bir oyga qolmay bankrot bo'lamiz-ku, uchqurlar! Shuni o'yladilaringmi? Axir, daromad bo'lmasa senlarga maoshni qanday to'layman?

— Mijoz bo'ladi, — ishonch bilan dadil javob qaytardi Vadim. — Ikki kun ichida zal to'lib qoladi. Hozir… Boshqa muammo chiqib qoldi.

— Nima muammo? Qanaqa muammo? Biron yerni suv bosibdimi yo osmon uzilib yerga tushibdimi?

— Bundan battari bo'lmasa

O‘xshash hikoyalar