tungi.ru

Muttahamning parvozi (I- qism) (6-bet)

turdi.

«Kuchli odam shunaqa boʻlar ekan-da, — xayolidan oʻtkazdi u. — Qiziq... Harqalay... Eh, xayolparastligim qursin!..» deya kulib yubordi Nina va barmoqlarini chirmashtirib, butun gavdasi bilan kerishdi.

Dizma yana Kunitskiyning hisob-kitob daftarlarini oʻqiy boshladi, biroq uning miyasi tundagidan ham battarroq ishlamay qoʻygandi. Bu behisob raqamlarning tagiga yetib boʻlmaydigandek tuyulardi unga.

— E, jin ursin! — deya soʻkindi Nikodim. — Oʻzim ham gʻirt toʻnka ekanman.

Dizma gimnaziyani esladi. U yerda tushunmagan narsangni hech boʻlmasa yodlab olishing mumkin edi. Toʻgʻri, juda mashaqqatli ish, lekin shu yoʻl bilan oʻqituvchining dagʻdagʻasidan qutulardi. Nihoyat, agar yodlay olmasang oʻzingni kasalga solib, darsga bormasliging ham mumkin... Bu yerda esa qutulishning chorasi yoʻq... Chunki yodlab olishning iloji yoʻq, kasal boʻlish esa...

Nikodim birdan:

«Kasal boʻlib olsam-chi? — deb oʻylab qoldi. Xoʻsh, bundan nima foyda?

«Harqalay ishdan haydalishni bir necha kun... hatto bir necha hafta orqaga suraman-ku...»

Ajoyib fikr! Balki, bu orada biror narsa oʻzgarib qolar...

«Ha... — deya bir qarorga keldi Nikodim. — Oʻylab oʻtirishning nima hojati bor? Ertaga ertalabdanoq kasal boʻlib olaman — vassalom!»

U qanday kasallikni tanlasam ekan deb, bosh qotira boshladi, Yuqumlisi boʻlmaydi: kasalxonaga joʻnatishlari mumkin. Oshqozonim ogʻriyapti, deyish ham mumkin emas: ovqat bermay qoʻyishadi.

«Bod kasalim qoʻzgʻadi, desam-chi?»

Dizma hatto xursand boʻlib ketdi:

«Shunisi ma’qul, mayli, doktor ham chaqirib koʻrishsin, u ham baribir hech nimani bilolmaydi».

Xizmatkor tushki ovqatga chaqirgani kelganida, Dizma, oʻng qoʻlim bilan oʻng oyogʻimda bod kasali qoʻzgʻadi, deyishga qaror qilib qoʻygan edi. U shu bugunoq, kechki ovqat mahali oyoq-qoʻli ogʻriyotganidan shikoyat qiladi, ertaga esa butunlay karavotdan turmay qoʻya qoladi. Oʻylab topgan hiylasidan Dizmaning bir zumda kayfi chogʻ boʻlib ketdi.

Stol atrofida hammasi xursand oʻtirishardi. Chamasi xoʻjayinning yoʻqligi xonimlarga yaxshi ta’sir qil.gandi. Suhbat Kasyaning tibbiyotni oʻrganish uchun Shveysariyaga joʻnashi xaqida bormoqda edi.

— Universitetdan soʻng amaliy ish bilan shugʻullanmoqchimisiz? — deya soʻradi Dizma.

— Kasal boʻlsak, senga borib davolanar ekanmiz-da, — dedi kulib Nina. — Sen-ku davolatarsan, — gap qotdi Kasya lekin pan Dizmaga kelsak...

— Berahm ekansiz... Mabodo tobim qochib qolsa-yu, yaqin atrofda vrach topilmasa-chi?

— Siz gapimni notoʻgʻri tushundingiz, Men ayollar kasalligi boʻyicha mutaxassis boʻlaman.

— Shunaka deng? Afsus. Mening bodim bor. Bu kasal bilan esa koʻproq erkaklar ogʻrishadi.

— Nega endi xotinlar ham ogʻrishadi... — dedi Nina — Hammasi kasallikning sababiga bogʻliq.

— Meniki urushning asorati, — deya javob qildi Nikodim.

— Siz ofitser boʻlganmisiz?

— Yoʻq, oddiy askar edim.

— Qanday ajoyib-a. Koʻpgina mashhur kishilar oʻshanda kul rang soldat mundirini kiyib jang qilishgan. Mundirlar koʻk rangda edi, — deya bilagʻonlik bilan juvonning gapini toʻgʻriladi Dizma.

— Albatta, umid rangi — siz buni nozik his etibsiz

— Yarador boʻlganmidingiz?

— Yoʻq. Urushdan qolgan yagona xotira — bod kasalim.

— Ordenlar ham olgandirsiz, albatta?

Nikodim orden olmagan edi, ammo u darhol yolgʻon ishlatdi:

— «Virtuti Militali» , bundan tashqari unvonimni ham oshirishdi. Sal boʻlmasa general boʻlib ketardim.

— Qanday qilib?

— Meni unter-ofitser darajasiga koʻtarishdi. Agar urush tugab qolmaganida, ehtimol, generallik unvonigacha yetib borardim.

— Lekin urushdan sizda faqat yoqimli xotiralar qolibdi.

— U payt hayotimning eng yaxshi davri edi, — dedi Nikodim rostiga koʻchib.

— Tushunaman. Garchi ayol kishi boʻlib, oʻzimni yaralangan va oʻlayotgan odamlar orasida baxtli deb his etolmasam-da, haqiqiy erkak uchun urushning nima ekanligini yaxshi tasavvur qilaman. Urushda chinakam erkaklik tuygʻulari namoyon boʻladi. Oʻrtoqlik ruhi, kurash...

Dizma jilmaydi. Shu tobda u telegraf batal'onining kazarmalari, serjantlardan birining tovuqxonasi, issiq qahva, qorni toʻyib, bekor yurgan paytlarini esladi.

— Ha, yirtqich hayvonga aylanasan u yerda, — deya tasdiqladi u.

— Jonginam, — dedi Nina Kasyaga murojaat qilib, boya uzilib qolgan gapini davom zttirar ekan, — harqalay tan olishing kerak: urushning ham oʻz jozibasi bor. Bu narsa ayniqsa biz ayollarga qattiq ta’sir qiladi.

Kasya yelkasini qisdi:

— Hammaga ham bunday emas.

— Barcha ayollar, — dedi Nikodim, — lapashanglikdan qoʻpol kuchni afzal koʻrishadi.

— Oʻzingizni bozorga solmay qoʻya qoling, — deya kulib yubordi Nina.

Yana bir oz suhbatlashib oʻtirishgach, Dizma oʻziga ajratilgan xonaga yoʻl oldi. U parkda xoʻjayinlarning sirini bajonu dil aytib beradigan anovi telba graf bilan uchrashishi lozimligini unutmagan edi.

Hech kim koʻrmayotganiga ishonch hosil qilgʻach, Nikodim ayvonga chiqdi-da, tusmol bilan keksa argʻuvon tagidagi kursiga olib boradigan xiyobon boʻylab yurib ketdi. Biroq u hadeganda oʻsha kursini topa olmadi. Shundan soʻng u Ponimirskiy bilan uchrashishdan umudini uza boshlagan edi, yaqinginada itning vovillagani eshitilib qoldi.

— Shu yerda ekan! — xursand boʻldi Nikodim. Chindan ham nariroqda sershox qora qayin ostida tinmay vovillaganicha Ponimirskiyning iti irgʻishlamoqda edi. Dizma boshini koʻtarib, yuqoriga qaradi-yu, hayratdan dong qotib qoldi: yosh graf shoxning ayrisida oʻtirardi.

— A, bu sizmisiz! — deya qichqirdi u yuqoridan. — Juda yaxshi!

Ponimirskiy yerga osongina sakrab tushdi-da, Dizmaga bosh irgʻadi.

— Kunikka men haqimda gapirdingizmi? — soʻradi u, Nikodimga shubha bilan tikilar ekan.

— Yoʻgʻ-e, xudo saqlasin! Innaykeyin, uning oʻzi uyda yoʻq ham.

— Bunisi yaxshi boʻlibdi. Daraxtga chiqib oʻtirganimni koʻrib ajablanmadingizmi?

— Yoʻq, nega endi.

— Bilasizmi, buni atavizm deydilar. Ba’zan odamning juda ham ibtidoiy ahvoliga qaytgisi kelib qoladi. Sizda ham hech shunday boʻlganmi, pan... Familiyangiz nima edi?

— Dizma.

— Ha, ha, Dizma. Ahmoqona familiya ekan. Ismingiz-chi?

— Nikodim.

— Qiziq, sira Nikodimga oʻxshamaysiz-ku. Hay, mayli, buning ahamiyati yoʻq. Itim Brut ham Brutga oʻxshamaydi. Oʻzimni koʻrgan odam ham ismimni Jorj deb oʻylamaydi. Demak, anovi ablah qayergadir ketdi, dedingizmi?

— Ha, bir kunga ketdi.

— Yana biror qalloblik qilmoqchidir-da. U bizdan Koborovoni tortib olganidan xabaringiz bormi?

— Yoʻq, bu toʻgʻrida hech nima eshitmaganman.

— Kunik sudxoʻrlik bilan shugʻullanardi. Bir payt otam anchagina pul qarzdor boʻlib qoldi. Boz ustiga urushning kasri tegib, moliyaviy ahvolimiz juda mushkullashib qoldi. Shundan soʻng Kunik ishni osongina chuvalashtirib yubordi va oxir-oqibatda otamni Koborovoni yolgʻondakimiga sotishga koʻndirdi.

— Yolgʻondakamiga deysizmi? — Aniq bilmayman, bu ishga tishim oʻtmaydi. Shunisi ma’lumki, u muttahamchilik yoʻli bilan yer-mulkimizni oʻzlashtirib oldi. Hay, mayli. Hali uni avaxtaga tiqishadi.

— Xoʻp, yaxshi, — deya ehtiyotkorlik bilan gap boshladi Dizma, — nega boʻlmasam singlingiz Kunits... oʻsha Kunikka turmushga chiqdi?

— Otamni yaxshi koʻrganidan. Agar Koborovoni tashlab ketishga toʻgʻri kelganida otam buni sira chidayolmasdi. Muttaham Kunik esa buni sezib qoldi-da, otamga: agar Nina menga turmushga chiqsa, Koborovoni oʻning nomiga yozdirib qoʻyaman deya va’da qildi. Faqat shu yoʻl bilangina otameros mulkimiz Ponimirskiylar qoʻlida qolishi mumkin edi. Singlim shu ishni deb oʻzini qurbon qildi, mana endi jabrini tortyapti. Chunki otam toʻy oʻtgach, bir yildan soʻng baribir dunyodan oʻtdi. Anavi ablah esa Ninani aldab-suldab juda katta pullik veksellarga qoʻl qoʻydiribdi-da, soʻng vakolatnoma yozdirib olibdi. Singlimning oʻz yer-mulkida bekalik qilolmasligining sababi ham ana shunda. Ablah Kunik bu yerda hamma ishga xoʻjayin boʻlib olgan.

— Uning qizi-chi, bu ishlarga u qanday qarayapti?

— Kasyami? Maymun u. Lekin Kunikni yomon koʻradi: aytishlariga qaraganda, u albah Kasyaning onasini xoʻrlagan ekan.

— U oʻlganmi?..

— Kim?

— Pan Kunikning birinchi xotini-da!

— Qanaqa pan? — deya hurpaydi Ponimirskiy. — Muttaham u, ablah u, pan emas. Men pan boʻlaman! Tushundingizmi?

— Tushundim, tushundim, — dedi shoshilib Dizma, — Demak, oʻlgan ekan-da?

— Birinchidan, bu bilan mening ishim yoʻq, ikkinchi» dan, oʻlganiga ancha boʻlgan. Menga papiros bering.

Ponimirskiy papiros tutatdi-da, ogʻzidan halqa-halqa tutun chiqargancha xayolga choʻmdi... Uning kechagiga qaraganda bugun ancha xotirjam ekanligini payqagan Dizma botinib soʻradi:

— Sizni uydan nega chiqarib yuborishgan?

Ponimirskiy uning savoliga javob qilmay Dizmaning koʻziga uzoq tikilib turdi. Nihoyat, u Nikodim tomon engashdi-da:

— Ehtimol, sizning menga foydangiz tegib qolar, — deya shivirladi.

— Meni-ya? — ajablandi Dizma.

— Ji-i-im! — Graf atrofga alnaglab qaray boshladi. — Kimdir gapimizni eshitayotganga oʻxshaydi.

— Bu yerda hech kim yoʻq-ku.

— Jim, Brut! Qani, qidir josusni. Qidir deyapman! It egasiga esankirab tikilganicha joyidan qoʻzgʻalmay turaverdi.

— He, maxluq! — dedi zardasi qaynab graf. — Yoʻqol bu yerdan.

U oʻrnidan turib, oyoq uchida yurganicha butalar ichini aylanib chiqdi. Soʻng yana kursiga kelib oʻtirdi-da, ibratomuz ohangda dedi:

— Ehtiyotkor boʻlgan durust.

— Menga foydangiz tegishi mumkin dedingiz... — deya eslatdi Dizma.

— Ha. Sizdan qurol sifatida foydalanaman. Lekin siz mening hamma gapimga miq etmay quloq solishingiz kerak. Bu haqda hech kimga ogʻiz ochmaysiz. Avvalo siz Varshavaga, xolam pani Pshelenskayaning oldiga borishingiz kerak. Xolam juda tentak, shu bilan birga juda hurmatli zot. Kecha toʻgʻri aytgan edingiz: hurmatli zotlarning aksariyati tentak boʻlishadi...

— Chindan ham shunday...

Ponimirskiy istehzo bilan basharasini bujmaytirdi.

— Lekin siz bu qonundan istisno ekansiz, — deya gapini davom ettirdi u. — Chunki siz ham ahmoqsiz, ammo sizni hurmatli zot deb boʻlmaydi. Biroq buning ahamiyati yoʻq. Bizni muhimroq ishlar kutyapti. Gap bunday: Pshelenskaya xolamning tanish-bilishlari juda koʻp, keyin u Kunikni koʻrgani koʻzi yoʻq. Shuning uchun ham u mening ishim yuzasidan sizga yordam berardi.

— Qanaqa ish yuzasidan?

— Men gapirayotganimda jim turib eshiting, jin ursin sizni! Kunik meni jinni deb e’lon qildi. Meni-ya! Tushunyapsizmi? Keyin menga vasiylik qilish huquqiga ega boʻlib oldi. Gap bunday, xolam, kimligiki aniq bilmaymanu, lekin mutaxassislarni yigʻishi kerak... Ular konsilium oʻtkazib, mening ruhan sogʻlom ekanligimni tasdiqlashlari lozim. Tushunyapsizmi?

— Tushundim.

— Men xolamga xat yozib, sizni kasbdoshim sifatida tavsiya qilaman. Toʻgʻri, siz koʻrinishingizdan koʻproq etikdoʻzga oʻxshaysiz. Lekin xolam anchadan beri Kunikning adabini berishni orzu qilib yuribdi, shuning uchun ham ishonadi. Xolamga meni tahqirlashayotganini, tutqunlikda saqlashayotganini aytasiz. Xullas, ahvolimni obdan yomonlab gapirib berasiz...

— Yaxshi, lekin... .

— Jim! Bilmasangiz, bilib qoʻying: buning uchun men bilan doʻstlashish sharafiga muyassar boʻlasiz. Soʻngra sizga umrbod maosh belgilayman. Qalay, yetadimi? Hozir borib xat yozaman. Varshavaga joʻnashingiz oldidan batafsil koʻrsatma olish uchun oldimga kirasiz. Xatni ham oʻshanda olasiz. Agar meni chaqgudek boʻlsangiz, bilib qoʻying: itdek otib tashlayman! Xayr.

U hushtak chalyb itini chaqirdi-da, bir sakrab, butalar ortida gʻoyib boʻldi.

«Telbaligi aniq, — deya xayolidan kechirdi Dizma. — Lekin harqalay grafning hikoyasida, ozgiia boʻlsa-da, haqiqat borga oʻxshaydi. Kunitskiy Koborovoni sotib olganman, degandi. Xotini bilan qizi uni yomon koʻrishadi. Turgan gap, anovi telba va uning rejalari bilan ovora boʻlib oʻtirishning hojati yoʻq. Ammo bir oʻylab koʻrsam yomon boʻlmaydi: ehtimol, bu chigallikdan oʻzimga biror foyda chiqarishim mumkindir?...»

Hozircha u qanday foyda koʻrishi mumkinligini bilmasdi, ammo birovning siridan voqif boʻlib qoʻyish xalal bermasligini his etardi. Ayniqsa uning hozirgi ahvolida bu narsaning nafi tegishi mumkin edi.

«Hech boʻlmaganda anovi telbaning gapi qanchalik rostligini bilib qoʻyishn kerak».

Dizmaning miyasiga, agar Ponimirskiyning gapi rost boʻlsa, u holda Kunitskiyga siringni fosh etaman, deb poʻpisa qilishim mumkin, degan fikr keldi. Nikodim xayol surib borar ekan, uy oldida xizmatkorga duch kelib qoldi. Xizmatkor unga xoʻjayin mashinani qaytarib yuborgani, oʻzi esa ish chiqib qolgani tufayli ertaga qaytajagini xabar qildi.

Bu yangilikdan Dizmaning boshi osmonga yetdi. U yana bir kun mazza qilib dam oladi! Lekin u bod kasali qoʻzgʻashini paysalga solib oʻtirmaslikka qaror qildi. Harqalay u Kunitskiy bilan uchrashishdan bir kun oldin kasal boʻlib olsa yomon boʻlmaydi.

Shu boisdan ham Nikodim kechki ovqat mahali goh yelkasi, goh tizzasini ushlab, goʻyo qattiq ogʻriqdan azob chekayotgandek, toʻlgʻana boshladi. Ikkala ayol ayniqsa Nina, achinib uning kasalini surishtira ketishdi. Dizma bod kasali borligini aytgach, ayollarning ikkovi yakdillik bilan Koborovoning nam iqlimi bu kasalni qoʻzgʻashiga sabab boʻlishi mumkinligini tasqidlashdi. Nina hatto buni oldindan aytib qoʻymagani uchun kechirim ham soʻradi.

Kompot ichib boʻlingach, ogʻriq juda avjiga chiqdi. Dizma xonimlardan afv etishlarini soʻrab, oʻz xonasiga yoʻl oldi, Nina xizmatkorga uni kuzatib qoʻyishni buyurdi-da, oʻzi biror dori-darmoi topish uchun xonaki aptekasiga chiqib ketdi.

Dizma oʻzidan xursand edi. U kasal boʻlishni ham juda oʻrniga qoʻydi. Uni yechintirib, toʻshakka yotqizgan va tez orada dori olib kelgan xizmatkorning tashvishli koʻrinishi ham shundan dalolat berib turardi.

Oradan chorak soat oʻtgach, eshik taqillab qoldi.

— Kiravering, — deya javob qildi Dizma. Shundan soʻng eshik ochilib, Ninaning tovushi eshitildi:

— Qalay, tuzukmisiz?

— Mazam yoʻq.

— Mabodo biror narsa kerak emasmi?

— Yoʻq, rahmat.

— Yaxshi uxlab turing. Ertagacha tuzalib ketasiz, deb umid qilaman.

— Tuningiz xayrli boʻlsin.

Xonaga sukunat choʻmdi. Boya toʻyib ovqatlanib olgan Dizmani mudroq bosdi.

«Bu Nina juda yoqimtoy xotin ekan, — deya xayolidan oʻtkazdi u uyquga qetar ekan, — grafinya...»

5-bob

Koborovoning iqlimi Nikodim Dizmaning kasaliga juda yomon ta’sir qildi. Ertalab uning kechasi bilan mijja qoqmay chiqqani va oyoq-qoʻlidagi ogʻriq yanada kuchaygani ma’lum boʻldi. Oqsoch xotin Ninaxa ana shunday xabar olib keldi. Soʻngra u Dizmaning oldiga bir talay dori-darmon olib qaytdi-da, bekaning oʻqish uchun biror kitob kerak emasmikin, deb soʻrayotganini xabar qildi.

Dizmaning kitob oʻqishga xushi yoʻq edi. Biroq u nodon boʻlib koʻrinishdan choʻchib, oqsoch xotinga kitobni qoʻlida tutib turishga qiynalishini aytdi.

Bu bahona kutilmagan natija berdi. Eshik ortidan Ninaning tovushi eshitildi:

— Salom, pan Dizma. Ahvolingiz yengillashmaganidan juda xafaman. Balki, doktor chaqirtirish kerakdir?

— Yoʻq, kerak emas, — deya qat’iy ohangda rad qildi Nikodim.

— Hoynahoy, zerikayotgan boʻlsangiz kerak. Agar sizga kitob oʻqib berishsa-chi?

— Lekin kim ham oʻqib berardi deysiz? Nina bir oz indamay turdi-da, soʻng soʻradi: — Oldingizga kirsam maylimi?

— Marhamat.

Nina ichkariga kirib, hamdardlik va sinchkovlik bilan Nikodimga tikildi. Keyin oʻzi kitob oʻqib berishni taklif qildi. Dizma bezovta qilgani uchun undan kechirim soʻradi, minnatdorchilik bildirdi, rozilik berishdan boshqa iloji qolmadi.

— Qoʻysangiz-chi! Arzimagan narsa-ku! Shunday ham ishsiz yuribman. Bundan oʻzim ham xursand boʻlaman. Ayting-chi, sizta qaysi yozuvchining asarini oʻqib beray?

Nikodim oʻylanib qoldi: Liskovda ziyoli odamlar oʻqiydigan biror durustroq yozuvchini tanlash kerak. Shu payt u ismi Djek deb talaffuz etilsa-da, lekin qandaydir boshqacha yoziladigan bir inglizni esladi.

— Balki, Djek Londondan oʻqib berarsiz? — deb iltimos qildi u.

Nina jilmayib, bosh irgʻadi.

— Hozir olib kelaman.

U tezda muqovasi chiroyli bir necha kitob koʻtarib qaytdi.

— Siz Djek Londonni yaxshi koʻrishingizni eshitib, sira ajablanganim yoʻq.

Umri bino boʻlib Londonning biror asarini oʻqimagan Dizma gap qotdi.

— Chindan ham u menga juda yoqadi, lekin siz nega bunday dedingiz?

— Meni kechirasiz, ehtimol bu shunchaki maqtanchoqlikdir, ammo men oʻzimni anchayin kuzatuvchan odam deb hisoblayman. Garchi siz Splendid Isolation ya’ni ichki tuygʻular bilan yashovchi kishi, tabiatan odamovi boʻlsangiz-da, xarakteringizni tushunish uncha qiyin emas ekan.

— Nahotki?

— Ha. Biz, ayollar, ehtimol bunga ilmby yoʻl bilan va hatto metodik uslub orqali erishmasmiz. Lekin biz psixoanaliz, boshqacha qilib aytganda, amaliy psixologiya boʻyicha mutaxassismiz. Bu oʻrinda ziyrakligimiz tadqiqot metodining oʻrnini bosadi, nozik seza bilish qobiliyati esa bizni xatolardan asraydi.

«Obbo, rosa valdiradi-ku», xayolidan oʻtkazdi Dizma..

— Shu boisdan ham, — deya dadom etdi Nina kitobni ixtiyorsiz varaqlar ekan, — biz ochiq kitobdan koʻra yopiq kitobning kalitini osonroq topa olamiz.

— Hm, har qanday kitobning ham sahifasini osongina ochish mumkin boʻlgan bir paytda qandaydir kalit qidirib oʻtirishning nima hojati bor? — deya e’tiroz bildirdi Nikodim..

U yopiq kitoblar haqida soʻz ochgan Nina hozir kitobyi ochmay turib, London asarini muqova ustidan oʻqbshni namoyish qilmoqchi shekilli, degan xayolga bordi. Shuning uchun ham qoʻshimcha qildi:

— Kitobni ochishdan oson ish yoʻq.

Nina uning koʻziga tikildi-da, e’tiroz bildirdi:

— Yoʻq, unday emas. Shunday kitoblar borki, bu usulni yoqtirishmaydi. Eng qiziqarlisi ham ana shu kitoblar. Ular faqat xayolan oʻqish mumkin. Yo fikrimga qoʻshilmaysizmi?

— Bilmadim, — javob qildi Dizma sira oʻylab oʻtirmay. — Men bunday kitoblarni uchratgan emasman.. Juda qimmatbaho nashrlarni koʻrganman, lekin har qanday kitobni ham osongina ochib, oʻqib chiqishim mumkin.

— Buni tushunish qiyin emas: siz, chamasi zeriktiradigan kitoblarni umuman qoʻlingizga olmasangiz kerak. Sizni qiziqtirgan kitoblar esa goʻyo magnetizm ta’sirida oʻz-oʻzidan ochilsa ehtimol. Kuchli iroda sohibi boʻlmish odamlarga xos narsa bu...

Dizma: «Nimalar deb valdirayapti bu xotin!» — deya ichida kulib qoʻydi. Soʻng dedi:

— Axir kitobning sahifasini ochish uchun yosh bolaning ham kuchi yetadi-ku.

— Ammo siz juda kuchli xarakterga ega ekansiz…

— Men-a? — gʻoyat ajablandi Dizma. — O, bahslashmay qoʻya qoling. Menda bu fikrni tasdiqlovchi bir talay dalillar bor, — dedi magʻrur jilmayib Nina. — Masalan, sizning Djek London asarlarini yaxshi koʻrishingizni olaylik... Axir bu sizning didingizga juda xos-ku! Nega Pol' Jaral'di, Morua, Uayl'd, Sinkler L'yuis, Jeromskiy, Mann yoki Shouni emas, xuddi Londonni yaxshi koʻrasiz? Chunki London tinch ijodiy qahramonlik poeziyasini, kurash qudratining ibtidosini, mehnat madhiyasini kuylaydi.

Dizma indamay qolgandi.

— Ana koʻrdingizmi. Oldindan aytishim mumkin: siz Shopenni emas, Bramsni yaxshi koʻrasiz, sizga Yanek Mal'chevskiydan koʻra Mateyko koʻproq yoqadi, qalbingizga Sirano de Berjerakdan koʻra Lindberg yaqinroq turadi, gotik uslubda yaratilgan osmon oʻpar binolarni barokko va rokoko uslubidagi imoratlardan afzal koʻrasiz...

Juvon Nikodimga yosh bolalarnikidek katta-katta moviy koʻzlarini tikib turardi. Shu tobda u: «Menga qanaqa oʻyinchoq olib kelganingizni yaxshi bilaman, amaki!» — deyayotgan bolani eslatardi.

Dizma nima deb javob berishni bilmay qolgandi, shu boisdan ham, goʻyo qattiq ogʻriq turganday toʻlgʻanib ingray boshladi. Nina tashvishga tushib, Nikodimdan, gapim joningizga tegmadimi, ehtimol, bir oz uxlab olishni istarsiz? — deya soʻray boshladi...

— Menga ochigini ayting-chi, didingizni toʻgʻri aniqladimmi?

«Jin ursin, men buni qayoqdan bilay!» — deya xayolidan oʻtkazdi Nikodim va har ehtimolga qarshi javob qildi:

— Qisman toʻgʻri aniqladingiz.

— Xoʻp, yaxshi, — dedi Nina mamnuniyat bilan va kulib yubordi. — Keling, biror narsa oʻqiymiz boʻlmasam. «Qondoshlar» hikoyasini oʻqib beraymi?

— Marhamat.

Nina asarni oʻqiy boshladi. Unda oʻgʻirlab ketilgan it haqida hikoya qilinardi. Dizma, qachon politsiya aralasharkin, deya betoqat boʻlib kuta boshladi; biroq hikoya mutlaqo boshqa izga tushib ketdi. Shundan soʻng sekin-asta voqeaning kalavasini yoʻqotib qoʻygan Nikodimning qulogʻiga Ninaning yoqimli tovushidan boʻlak hech nima eshitilmay qoldi.

U

O‘xshash hikoyalar