tungi.ru

Muttahamning parvozi (I- qism) (7-bet)

nima eshitilmay qoldi.

U hozirgina oralarida boʻlib oʻtgan gap toʻgʻrisida oʻylay boshladi va dilida, suhbatimiz juda gʻalati boʻldi, degan xulosaga keldi: goʻzal Niia kitob toʻgʻrisida emas, goʻyo mutlaqo boshqa narsa haqida gapirganday edi... Yoki, ehtimol, u?..

Shunda u birdan Liskov pochta idorasining noziri pan Bochek kvartirasidagi kichkina mehmonxona, uning erga tegmagan ikki qizi, boshlangʻich maktab muallimasi panna Valyaskova, sud kotibi Yurchak va Liskovning «kiborlar jamiyati»ga mansub boʻlak yigit-qizlarni esladi. Qunitskiyning saroyi oldida oddiy kulbadek koʻrinadigan bu mehmonxonaga ular senzura-senzura oʻynash uchun yigʻilishardi. Panna Ledzya Bochek xona oʻrtasiga oʻtirganicha oʻzini kitob qilib koʻrsatardi. Shundan soʻng atrofdagilar u haqida turli almoyi-aljoyi gaplarni ayta boshlashardi: birov uni hali varagʻi qirqilmagan jild desa, boshqasi qizni oshpazlik kitobi yoki she’rlar toʻplami deb atar, ba’zilar esa, bu kitobning muqovasigina chiroyli, ammo ichini ochmagan ma’qul deyishardi... Ha-ha!

Chamasi, bu ham shunga oʻxshagan bir oʻyin boʻlsa kerak... Ha, xuddi shunday! Biroq bu pani unga yaxshi gap aytdimi yoki yomonmi?.. Ehtimol, yaxshi gap aytgandir; unday desa, bu boyonlarni sira tushunib boʻlmaydi!

«Unga yoqib qolgan boʻlsam-a?.. Yoʻgʻ-e, bunday boʻlishi mumkin emas».

Ninaning tovushi hayajondan titrar va goh balandlashib, goh pasayardi. Juvonning kipriklari oppoq yonoqlariga uzun soya tashlab turardi. Quyosh nurida uning uzun sochlari yaltirardi. Daraxt yaproqlari orasidan tushgan shu’la gilamning u yer-bu yerini parcha-parcha qilib yoritarkan, lipillab oʻynardi. Hamma yoqni iyul' oyida ochiladigan gullar va lavandaning muattar hidlarn tutib ketgandi. Xonada tilla suvi yugurtirilgan va birinj bilan bezatilgan muhtasham mebel' yarqirab turardi. Naqshinkor shiftga yoqut shilshilalari koʻzni qamashtiruvchi ogʻir qandil osilgan edi.

«Yo qudratingdan parvardigor, bir hafta burun men, Nikodim Dizmaning ana shu hashamatli xonada, ajoyib toʻshakda yotishimu, manovi goʻzal xonimning menga kitob oʻqib berishi kimning xayoliga kelibdi deysiz!»

U koʻzlarini yumgan edi, birdan yuragi orqasiga tortib ketdi:

«Bularning bari shunchaki tush, shunchaki xayol boʻlsa-ya, agar hozir koʻzimni ochib, yana Lutskayadagi Bartiklar uyining qurum bosgan devorlarini koʻrsam-a? Manovi tovush-chi... Bu Valentovaga «Kur'erni» oʻqib berayotgan Man'kaning ovozi emasmu, ishqilib?»

Shu payt tovush eshitilmay qoldi va oradan bir oz vaqt oʻtgach, Ninaning:

— Uxlab qoldingizmi? — deya soʻragani eshitildi. Dizma koʻzlarini ochdi-da, jilmaydi:

— Yoʻgʻ-e, nima deyapsiz!

— Ogʻriq bosildimi? Yengil tortdingizmi, ishqilib?

Nikodim yana jilmaydi.

— Ogʻriq bosilgani yoʻgʻu, lekin ancha yengil tortdim.

Nina indamadi.

— Siz shu yerdaligingizda, oʻzimni yaxshi his qilaman.

Nina unga ma’yusgina qarab qoʻydi va hech nima demadi. Nikodim juvonning ukasi, anovi telba uni baxtsiz deganida, rost gapirganga oʻxshaydi, deya xayolidan oʻtkazdp. Buni va umuman, grafdan eshitgan boshqa gaplarni tekshirib koʻrishning qulay fursati kelgan edi. Shu boisdan ham Dizma:

— Biror narsadan xafamisiz? — deya soʻradi.

— Bu uyda kayfiyatim yaxshi deyishi mumkin boʻlgan yagona odam siz boʻlsangiz kerak,

— Nega endi?

— Chunki sizni bu uyga bogʻlab turgan biror narsa yoʻq... Ey xudoyim, axir siz har daqiqada bu uydan butunlay bosh olib ketishingiz mumkin.

Juvonning koʻzlarida yosh miltirab, lablari titrardi.

— Xali qochib ketasiz ham...

— Yoʻq, — oladigan katta maoshini eslar ekan, qizgʻin e’tiroz bildirdi Nikodim, — men bu uyda iloji boricha koʻproq qolishni istardim.

Nina qizarib ketdi.

— Siz buni chin koʻnglingizdan gapiryapsizmi?

— Boshingizni qotirib nima qilaman? Albatta chin koʻnglimdan.

— Axir baxsiz kishilar orasida yashashdan choʻchimaysizmi?

— Sira ham. Keyin, siz nega oʻzingizni baxtsiz hisoblashingiz kerak ekan? Axir yosh, sogʻlom, badavlat ayolsiz, yengil hayot kechirasiz...

— Eh! — deya uning gapini boʻldi Nina. — Shu ham hayot boʻldimi!

Dizma unga koʻz qirini tashladi.

— Nima, eringiz yaxshi koʻrmaydimi?

— Erim? — Juvonning yuzida nafrat va ijirgʻanish ifodasi paydo boʻldi. — Erimmish-a! U mendan nafratlanishini istardim. Meni unda nima ilinjim bor? Faqat boylik orttirishni oʻylaydi, yagona tashvishi... Uning intilishlari menga butunlay begona!.. U hech qachon mening qalbimni tushunishga harakat qilgan emas...

Ayol lablarini tishladi.

— Darvoqe, bu gaplarni sizga nega aytayapman?

— Aytganingiz juda yaxshi boʻldi.

— Siz busiz ham hammasini koʻrib turibsiz. Pan Nikodim, ayting-chi, yolgʻiz odam, mutlaqo yolgʻiz odam baxtli boʻlishi mumkinmi?

— Bilmadim... Men mutlaqo yolgʻizman.

— Nahotki? Hech kimingiz yoʻqmi? Oila ham qurmaganmisiz?

— Hech kimim yoʻq.

— Bu holdan ezilmaysizmi?

— Chamasi, ezilmasam kerak.

— Chunki siz erkaksiz. Boz ustiga odamovisiz, irodangiz kuchli, tabiatan barqarorsiz, shuning uchun ham yolgʻizlikni his etmaysiz. Hatto men kabi zaifa bir ayolning yolgʻizligini tushuna olishingizga ham imonim komil emas.

— Sizning oʻgay qizingiz bor.

— Eh! Kasyani aytyapsizmi... — deb yubordi Nina oʻkinch bilan va yana labini tishlab yerga qaraganicha davom etdi. — Bilasizmi, bemalol gaplashish mumkin boʻlga siz kabi odamni koʻp yillardan beri birinchi marta uchratishim... Sizning hamdardligingizda kishining nafsoniyatiga tegadigan achinish ham, hissiz kuzatuvchining befarqligi ham sezilmaydi... Bilasizmi, men hech kim bilan uchrashmayman. Dilimdagi barcha gaplarni ochiq aytgan birinchi odam siz boʻldingiz. Keyin, sezib turibman, meni toʻgʻri tushunyapsiz.

Nina yonoqlari qizarib, hayajon bilan gapirmoqda edi. Dizma juvonga yoqib qolganiga shubhalanmay qoʻygandi.

— Oʻz qaygʻu-alamlarimni gapiraverib sizni xafa qilib qoʻymadimmi?

— Yoʻgʻ-e, xudo saqlasin.

— Nahot mening gaplarim sizni qiziqtirayotgan boʻlsa?

— Juda ham. — Siz menga juda mehribonlik qilyapsiz.

— Siz ham menga mehribonlik qildingiz. Xafa boʻlmang: hammasi oʻtib ketadi, faqat hasratni ichga solmaslik kerak.

Nina jilmaydi.

— Siz, menga, yigʻlayotgan yosh bolani ovutish uchun qoʻpol hazil qiladigan katta odamdek munosabatda boʻlyapsiz. Lekin, bilsangiz, toʻporilik ham ba’zan yaxshi davo boʻladi.

— Falokat oldida chekinmaslik kerak, undan qutulish yoʻlini izlash lozim.

Nina qovogʻini soldi.

— Bu oʻrinda najot kutib boʻlmaydi.

— Har kimning baxti oʻz qoʻlida, — dedi ishonch bilan Nikodim.

— Agar u qoʻl baquvvat boʻlsa, albatta. Qoʻllarimning qanday zaifligini oʻzingiz koʻrib turibsiz-ku axir.

Shunday deya u, xushboʻy atir hidi anqib turgan qoʻllarini Nikodim tomon uzatdi. Dizma bu qoʻllarni tutib oʻpgan edi, juvon oʻz navbatida uning qoʻllarini qisib qoʻydi.

— Zabardast qoʻllar kerak, — dedi u, — masalan, mana siznikidek... Bunday qoʻllarga taqdiringni bemalol ishonib topshirish mumkin. Ba’zan men: kuchli iroda har qanday toʻsiqni ham yengib oʻtishi mumkin, uning uchun ilojsiz narsaning oʻzi boʻlmasa kerak, deb oʻylab qolaman... U har narsaga qodir, u poʻlatni yemiradi, kelajakni bunyod etadi... Bunday iroda sohibi xudbin boʻlmasa, albatta, zaif bechoralarga yordam qoʻlini choʻzadi... Bunday odamning qudratida qanchadan-qancha poeziya bor-a!..

Nina qoʻlini sekingina tortib oldi-da, qoʻshimcha qildi...

— Sizga hissiyotga berilgan ayol boʻlib koʻrinsam kerak-a?

Dizma nima deb javob berishini bilmay qolgandi, shu boisdan ham u eski hiylasini ishlatib, goʻyo ogʻriqning zoʻridan ingraganday, tirsagini changalladi.

— Ogʻriyaptimi?

— Judayam.

— Bechora! Balkim, doktor chaqirtirish kerakdir?

— Yoʻq. Rahmat. Kerak emas.

— Sizga juda yordam bergim kelyapti.

— Gʻoyat rahmdil ekansiz.

— Rahmdilligimdan nima foyda? — dedi Nina ma’yuslik bilan va kitobni qoʻliga oldi. — Yana oʻqiymizmi?

— Ehtimol, joningizga tekkandir?

— E, yoʻq, men tovush chiqarib oʻqishni yaxshi koʻraman. Shu payt eshik taqillab, Kasyaning tovushi eshitildi.

— Nina, bir minutga chiqib ketolmaysanmi?

— Kechirasiz, — dedi Nina, oʻrnidan turarkan, — hozir kelaman.

Tashqaridan Kasyaning zarda bilan allanimalar degani eshitildi, soʻng hammayoq jimib qoldi.

Dizma oʻz ahvoli haqida oʻylay boshladi. U Ninaga yoqib qolgani aniq. Bunga shubhalanmasa ham boʻladi. Xoʻsh, bundan qanday foydalanish mumkin? Uning yordami bilan boshqaruvchilik oʻrnida koʻproq ishlay olarmikin?

«Bunday boʻlishi dargumon, — deya oʻziga-oʻzi e’tiroz bildirdi Nikodim. — Uning eriga gapi oʻtmaydi. Chol hech qanday ishga yaramasligimni sezgan zahoti kavushimni toʻgʻrilab qoʻyadi. Uzzu kun kasal boʻlib yotaverish ham mumkin emas!»

Dizma kutilmaganda shunday oʻqimishli xonimga yoqib qolganidan oʻzi ham ajablandi. Biroq u bundan na xursand boʻldi, na faxrlandi. Shu tobda uning miyasi faqat bir narsa bilan: Koborovoda iloji boricha koʻproq qolish yoʻlini topish bilap band edi. Biror boshqa tuygʻu hozir uni bu fikrdan chalgʻita olmasdi. Nina, chamasi, uni ishonchga loyiq deb hisoblayapti. U ham Nikodimga yoqadi, biroq bu tuygʻu uning Kasya, Man'ka va umuman har qanday yosh juvonga boʻlgan moyilligidan ortiq emasdi.

Nikodim Dizma hali sevgi nimaligini bilmasdi. Uning hayot kitobi sahifalarida onda-sonda roʻy bergan tasodifiy, hech qanday ahamiyatga ega boʻlmagan uchrashuvlargina yozilib qolgandi, Hozir u Ninani oʻylar ekan, kelajakni tasavvur qilishga, biron reja tuzishga urinmasdi. Boz ustiga tugʻma ehtiyotkorlik tuygʻusi uning ra’yini qaytarib turardi: axir bu narsa unga zarar keltirishi mumkin edi-da. Birdan bu ishlarni eri fahmlab qolsa-chi?

Nina qaytib kirganida ancha xafa koʻrinardi. Buii kurib Nikodim, chamasi, Kasya bilan oralarida biror koʻngilsiz gap oʻtgan boʻlsa kerak, degan qarorga keldi. Juvon oʻqishda davom etdi, biroq endi ular tushga qadar oʻzaro gaplashishmadi. Tushlikdan soʻng uxlab qolgan Nikodim kechqurun, qosh qoraygandagina eshikning taqillashidan uygʻonib ketdi. Xonaga Kunitskiy kirib keldi.

U Dkzmaning betobligidan gʻoyat xafa boʻlib, darhol telegramma bilan doktor chaqirtirmoqchi boʻldi. Nikodim ancha tuzuk boʻlnb qolgani va erta-indin oyoqqa turib ketajagini aytib, uni bu fikrdan arang qaytardi.

— Eh, qani endi tezroq tuzalsangiz juda soz boʻlardi-ya, — xursand boʻlib ketdi Qunitskiy, — boʻlmasam anovi Ol'shevskiy meni tiriklayin goʻrga tiqay deyapti; qanday qiliqlar chiqarayotganiga aqlim bovar qilmaydi. Tasavvur qiling-a: qayragʻoch berdirmay qoʻydi — goʻyo men zakolatni oxirigacha toʻlamagan emishman. Zakolat esa qirq ming ikki yuz zlotiyni tashkil etardi. Shu la’nati ikki yuz zlotiyni unutib qoʻyibman, xudo haqqi, unutibman. Endi boʻlsa u ablah butun ishni toʻxtatib qoʻydi. Qandaydir arzimas ikki yuz zlotiyni deb-a! Siqilib oʻlishi mumkin odamning!

Kunitskiy hayajonlanib, borgan sayin tezroq bidirlardi. Chol davlat oʻrmonlari direksiyasi bilan olishib qolgani haqida bir soatga yaqin gap sotgach, oxiri Dizmaning aralashuvi tufayli nihoyat sarsongarchilikdan qutulajagiga umid bildirdi. Faqat qadrli pan Nikodim tezroq Varshavaga borib, u yerda ministr Yashunskiy bilan gaplashsa boʻlgani.

Dizma cholga oyoqqa turgan zahoti Varshavaga borib kelishini va’da qildi.

— Nima, deysiz, azizim pan Nikodim, ish oson koʻcharmikin? Tezroq bir yoqli qilasizmi?

— Toʻgʻrilaymiz, — deya javob qildi Dizma, — xotiringiz jam boʻlsin. Faqat mayda xarajatlar uchun pul kerak boʻlib qolishi mumkin.

— Xarajat deysizmi? Buning qiyin joyi yoʻq. Qancha kerak boʻlsa, naqd beraman. Xoʻsh, qalay, Koborovo sizga yoqdimi? Zerikmayapsizmi ishqilib?

Dizma e’tiroz bildirdi. U vaqtni juda koʻngilli oʻtkazayotgan emish.

— Varshavada ishlarimiz toʻgʻrisida gaplashayotganingizda, bir narsa yodingizda boʻlsin... Koborovo mening nomimga emas, xotinimning nomiga yozilgan. Rasmiyatchilik yuzasidan shunday qilishga toʻgʻri kelgan edi.

— Demak, men xotiningiz nomidan ish tutarkanman-da? — soʻradi Dizma, Ponimirskiy bilan qilgan suhbatini eslar ekan.

— Ha, ha, albatta. Lekin mening nomimdan gapiraversangiz ham boʻladi, chunki yer-mulkning asl egasi menman. Xotinim menga vakolatnoma bergan.

Dizma choldan veksel' bor-yoʻqligini soʻragisi keldi-yu, lekin oʻzini tiydi: Kunitskiy shubhalanib qolishi mumkin edi.

Chol Nikodimdan Koborovo xoʻjaligi toʻgʻrisidagi fikrini surishtira boshlagan edi, bemorning yana bodi xuruj qilib qoldi. Ogʻriq shu qada zoʻr ediki, boyoqish pan Nikodim toʻshakda toʻlgʻanganicha basharasini burushtirib, tinimsiz ingrardi.

Kechki ovqatdan soʻng Kunitskiy yana Dizmaning oldiga kirdi. Biroq Nikodim oʻzini uxlaganga solib, ortiqcha soʻrab-surishtirishdan qutulib qoldi. Kechasi Nikodim anchagacha poytaxtga qiladigan muqarrar safari toʻgʻrisida oʻylab yotdi. Chamasi, endi u yerdan qaytib kelmasa ham kerak. Biroq Dizma ishni iloji boricha uzoqroq choʻzishga qaror qildi. Harqalay polkovnik Varedani topib, undan ministr bilan gaplashib koʻrishni iltimos qilish mumkin.

Shularni oʻylar ekan, Ponimirskiy esiga tushdi. Kim bilsin — ehtimol, uning xatini olib ketish lozimdir? Agar Ponimirskiyning xolasi chindan ham kattalar bilan aloqada boʻlsa, balki, u orqali ham biror ish bitkazish mumkin boʻlar. Nikodim Kunitskiyning ishlarini toʻgʻrilab kelishi mumkinligini xayoliga ham keltirmasdi, albatta: bu narsa aqlga toʻgʻri kelmasdi. Dizma faqat Kunitskiyni oʻzining ministr bilan doʻst ekanligiga va hozir boʻlmagan taqdirda ham, keyinroq Ol’shevskiyni ishdan xaydata olishiga hamda davlat oʻrmonlaridan ochkoʻz chol istaganchalik yogʻoch olib berishga qodir ekanligiga ishontirmoqchi edi. Kunitskiy chiqib ketgach, oradan koʻp oʻtmay xonaga Nina kirib keldi. U odatdagidan ham ma’yusroq koʻrinardi, nimadandir bezovta edi. Lekin u Dizmaning jilmayishiga tabassum bilan javob qildi. Nina Nikodimdan sogʻligʻini soʻrab-surishtirdi-da, soʻng oʻzining boshi ogʻriyotganidan shikoyat qildi.

— Siz Varshavaga ketyapsiz, shekilli? — nihoyat soʻradi u. — Ancha muddatgami?

— Bir hafta, nari borsa — oʻn kunga.

— Varshava, — dedi Nina xayolga choʻmib.

— Siz Varshavani yaxshi koʻrasizmi?

— Yoʻq, yoʻq... Toʻgʻrirogʻi, bir vaqtlar juda yaxshi koʻrardim... Hatto hozir ham yaxshi koʻraman, lekin u yerga borganimda oʻzimga oʻzim yoqmay qolaman.

— Ha... U yerda doʻstlaringiz, qarindoshlaringiz bormi?

— Bilmadim... Yoʻq, — deya javob qildi juvon, bir zum ikkilanib turgach.

Nikodim ehtiyotkorlik bilan Pshelenskaya xolaning mavjudligini aniqlashga qaror qildi.

— Mabodo pani Pshelenskaya xolangiz emasmi?

Ninaning yuzi ozor chekkan odamnikidek oʻzgarib ketdi.

— Voy, siz pani Pshelenskaya bilan tanishmisiz?.. Ha, u kishi mening xolam boʻladilar. Lekin toʻyimdan soʻng ular bilan bordi-keldi qilmay qoʻyganmiz. Hatto bir-birimizga xat ham yozmaymiz.

— Shunaqa deng!

— U kishinikiga borib turasizmi?

— Ahyon-ahyonda, — dedi choʻzib Dizma. — Pani Pshelenskaya pan Kunitskiyni yoqtirmaydi, shekilli. Lekin sizpi yaxshi koʻrarkan.

Nina chidab turolmay sekingina soʻradi:

— Siz u kishi bilan men toʻgʻrimda gaplashdingizmi?.. Uh, nooʻrin savolim uchun meni kechiring, juda hayajonlanib ketdim. Ajablanmang. Yoshlik xotiralarimning bari shu xonadon bilan, Pshelenskaya xolamning tanish-bilishlari bilan bogʻliq. Siz esa u yerga borib turarkansiz...

— Nega ularnikiga bora qolmaysiz?

— Eh... Oʻzingiz tushunasiz-ku. Erim... Ular bu ishimni sira kechirisha olmaydi... — Nina teskari qarab, sekingina qoʻshimcha qildi. — Buning uchun oʻzim ham oʻzimni kechirolmayman.

Nikodim indamadi.

— Ertalab ham, hozir ham sizga hammasini ochiq aytayotganimdan xijolat chekyapman... Biroq toqatim toq boʻldi... Juda ojiz, baxtsizman...

— Xafa boʻlmang. Gapimga ishonavering: hali hammasi yaxshi boʻlib ketadi.

— Meni yupatmang, iltimos qilaman. Bilaman, sezib turibman, sezgir, juda mehribon ekansiz, meni toʻgʻri tushunyapsiz... Tanishganimizga hali koʻp boʻlgani yoʻq, lekin sizga juda ishonaman... Meni yupatmang, hojati yoʻq, chorasizman. Siz toʻgʻri tushunayotganingiz ham kifoya menga. Yolgʻiz siz, — deya qoʻshib qoʻydi u bir oz sukut qilib turgach.

— Nega chorasizman deysiz? Eringiz bilan ajralisha olmaysizmi?

— Ilojim yoʻq, — deya javob qildi Nina yerga qarab.

— Hm, demak, harqalay unga koʻngil qoʻygan ekansiz-da...

Ninaning koʻzlari chaqnab ketdi.

— Yoʻq, yoʻq, — qizishib e’tiroz bildirdi u, — shubha qilishga qanday koʻnglingiz bordi! Bu baqqol bilan meni bogʻlab turgan hech nima yoʻq... Bu munkaygan chol...

Juvon jirkanib, nafrat bilan gapirmoqda edi.

— Nega boʻlmasam, ajralisha olmayman deysiz? — soʻradi ajablanib Dizma.

— Men... qashshoqlikda yashay olmayman... Buning ustiga yolgʻiz oʻzimni oʻylayotganim yoʻq.

— Hazillashyapsizmi, — deya oʻzini goʻllikka soldi Nikodim. — Bahosi bir necha million turadigan Koborovo sizning mulkingiz-ku, axir.

— Yanglishyapsiz. Koborovo erimniki.

— Biroq pan Kunitskiyning aytishicha...

— Ha, Koborovo mening nomimga yozilgan. Ammo ajralishgudek boʻlsak, men qashshoq boʻlib qolaman.

— Tushunmadim.

— Uh, bu haqda gapirishning nima hojati bor!.. Bilasizmi, erim mendan Koborovoning bahosidan ham koʻproq pulga tilxat olgan.

— Sizni aldab shunday qilganmi?

— Yoʻq. Bu pul oilamizning qarzini toʻlash uchun sarflangan.

— Shunaqa deng...

— Keling, bu haqda gaplashmanlik, buni eslasam doim ta’bim tirriq boʻladi... — Nina qoʻllarini iltijo bplan koʻksiga qoʻyib, Nikodimning koʻziga tikildi. — Iltimos qilaman, bu haqda xolamga gapirmang. Maylimi?

— Ta’bingiz. Unday desam...

— Yoʻq, yoʻq! Oʻtinaman sizdan! U davri davronlar oʻtib ketdi, endi uni koʻrish menga nasib boʻlmaydi... Keling, yaxshisi oʻqiymiz...

Nina kitobni qoʻliga olib, xatchoʻp qoʻyilgan sahifani ochdi-da, oʻqishga tushdi. Biroq u bir-ikki jumla oʻqigan ham ediki, tovushi titrab ketdi. Nina hoʻng-hoʻng yigʻlarkan, koʻkragi koʻtarilib tushar edi.

— Yigʻlamang, iltimos qilaman, yigʻlamang, — deya uni yupata boshladi kalovlanib qolgan Dizma.

— Yo parvardigor, yo tangrim, — dedi yigʻlab turib Nina. — Siz menga shunchalik shafqat koʻrsatyapsiz... juda mehribon ekansiz... Meni kechiring... Asablarim buzilibdi...

U sapchib oʻrnidan turdi-da, xonadan yugurib chiqib ketdn.

«Hammasi ravshan, — deya dilidan oʻtkazdi Dizma, — u meni sevib qolibdi».

— Sevib qolibdi, — dedi u tovush chiqarib va magʻrur jilmaydi.

Tungi stol ustida kichkinagina koʻzgu turardi. Nikodim uni qoʻliga oldi-da ajablangan va magʻrurlangan holda aksiga uzoq tikildi.

6-bob

Tajribali shofyor boshqarayotgan avtomobil' tekis shossedan bir maromda yelib borardi. Kechagi yomgʻirdan soʻng u yer-bu yerda mayda-mayda koʻlmaklar yaltirab koʻrinardi. Musaffo tong quyosh nurida jilvalanardi.

Dizma Varshavaga ketayotgandi.

Kunitskiy uni ataylab poyezdda emas, avtomobilda joʻnatdi. Uningcha, shunday qilinsa salobatliroq boʻlarmish.

Chindan ham juda dabdaba, hasham bilan bezatilgan avtomobil' goʻyo savlat uchun yaratilgandek edi. Shoferning oppoq matodan tikilgan formasi va Dizmaning oyoqlarini yopib turgan yoʻlbars terisi ularni yanada basavlat qilib yuborgandi. Shu boisdan ham ular har gal biror shaharchada toʻxtashganida, — ular ahyon-ahyondagina toʻxtashardi, — darhol mashinani oʻsha atrofda sanqib yurgan bekorchilar oʻrab olishardi. Ularni faqat avtomobilgina emas, balki oʻrindiqda yalpayib oʻtirgan passajirning dimogʻdorligi ham hayratga solardi.

Mashina shunday shaharlardan birida toʻxtagach, Dizma portfeldan yelimlanmagan konvertni oldi. Bu graf Ponimirskiyning pani Pshelenskayaga yozgan va Dizma har ehtimolga qarshi olib olgan maktubi edi. Nikodim konvertni ochib, xatni oʻqiy boshladi. Unda quyidagilar yozilgan edi:

«Qadrli xolajon!

Bandit Kunik tomonidan egallab olingan Koborovoda, garchi tashqi qiyofasi, ehtimol, ishonchga loyiq koʻrinmasa-da, aslida haqiqiy jentl'men va uning ustiga Oksfordda oʻqigan paytimdagi oshnam (oʻzi asli kurlyand shlyaxtasidan) pan Nikodim Dizma boshqaruvchi qilib tayinlaganidan foydalanib, Sizdan bir narsani iltimos qilmoqchiman, Pan Dizmaning menga ixlosi baland (bu tabiiy hol) va u muttaham Kunikni yomon koʻradi — bu ham tabiiy hol albatta. Shuning uchun ham, qadrli xolajon, Sizdan iltimos qilaman, kerakli odamlar bilan maslahatlashib hamda pan Dizmaning tanish-bilishlaridan foydalanib, mening ruhan xasta emasligimni va sud hukmi bilan ozod etilishim mumkinligini aniqlab

O‘xshash hikoyalar