tungi.ru

Muttahamning parvozi (I- qism) (8-bet)

mumkinligini aniqlab beradigan vrachlar ekspertizasi orqali meni xalos etsangiz. Shundan soʻng men Koborovoni muttahamlik bilan egallab olgani uchun Kunikni sudga beraman. Agar Siz kirchi xotinning haromi oʻgʻli ishlatgan hiyla-nayranglar haqida (shpallar, davlatdan qonunga xilof ravishda yogʻoch olish, shlyaxtalarga xos «Kunitskiy» familiyasini oʻzlashtirish toʻgʻrisida bir vaqtlar oʻzingiz menga gapirib bergan edingiz) yetarli ma’lumot toʻplab bersangiz, biz yutib chiqamiz, albatta. Uning pora bergani va soxta hujjatlar ishlatganini qoʻqqisdan tintuv oʻtkazish bilan isbotlash mumkin, chunki Kunik barcha hujjatlarni yotoqxonadagi parda orqasiga qoʻyilgan poʻlat sandiqda saqlaydi. Buni men oʻzimga sodiq boʻlgan xizmatkorlardan bilib oldim. Shu boisdan ham men, agar oʻzga yoʻl bilan qutula olmasam, un coup d’etat qilmoqchiman. Lozim boʻlsa, ablahni shaxsan oʻzim otib tashlayman. Toʻgʻri, bu ish oʻzimga ham yoqmaydi, chunki men halol ilvasinlarni ov qilaman. Joyi ogʻilxonada boʻlmagan taqdirda ham avaxtada yotishi lozim boʻlgan toʻngʻiz Kunik esa bundaylar sirasiga kirmaydi. Yordamingizga umid qilaman, aziz xolajon, chunki Koborovoga egalik qila boshlagan zahotim Sizga ham, Zizya Kshepitskiyga ham barcha qarzlarimni protsentlari bilan toʻlayman va garchi yoshi oʻtib qolgan hamda yuzini sepkil bosgan boʻlsa-da, faqat Sizni xursand qilish uchun, panna Xul'chinskayaga oʻylanaman. Pan Nikodim Dizma bu ishlarning hammasidan xabardor va au courant , shuning uchun ham u bilan maslahatlashib ish koʻrishingizni iltimos qilaman, chunki uning Varshavada, ayniqsa, hukumat doiralarida tanish-bilishlari koʻp. Bu narsa, ma’lum darajada. Sizning ham manfaatlaringiz koʻzlanadigan mening ishimda katta ahamiyatga ega boʻlishi mumkin. Shu bilan xatni choʻzib yuborganim uchun kechirim soʻrab va oʻpib qoluvchi — Sizni umrbod yaxshi koʻradigan jiyaningiz

Jorj Ponimirskiy».

Graf juda badxat ekan, Dizma maktubni hijjalab oʻqib chiqqunicha yarim soat oʻtdi. Nikodim kurlyand shlyaxtasi toʻgʻrisidagi gapdan xursand boʻlib ketdi, lekin Oksford universiteti uni tashvishga solib qoʻydi: xudo koʻrsatmasin, birorta odam unga inglizchalab murojaat qilsa bormi, chuvi chiqadi-qoʻyadi.

Aslida u hali pani Pshelenskayanikiga borishga ahd qilmagandi. Bunga uni telba grafning topshirigʻidan ham burun Nina bilan qilgan suhbati majbur qilmoqda edi. Nikodim juvonga akasi bilan pinhona uchrashuvlari haqida gapirmagan edi. Lekin ularning ikkovidan olgan ma’lumoti va Kunitskiydan eshitgan gaplarini taqqoslab, Ponimirskiyning da’vosi sirtdan qaraganda ma’nisizdek tuyulsa ham zamirida ancha gap borligiga ishonch hosil qildi. Agar u pani Pshelenskayanikiga borishga jur’at etsa, ehtimol hammasi oydinlashar.

Shaxsiy manfaati ham borishni taqozo etardi: pani Pshelenskaya yuqori doiralar bilan aloqador boʻlib, Dizmaga Kunitskiyning ishlarini toʻgʻrilashda yordam berishi mumkin edi. Nikodimning taqdiri esa ana shu ishlarning hal qilinishiga bogʻlanib qolgandi.

Avtomobil' Praganing birinchi imoratlariga yaqinlashganda Nikodim shular haqida va hali qidirib topishi lozim boʻlgan polkovnik Vareda toʻgʻrisida oʻylab borardi. Quyosh allaqachon botgan edi. Koʻcha fonarlari, goʻyo Dizmani olqishlayotgandek, birdan yalt etib yondi.

— Yaxshi alomat, — dedi u sekin.

— «Yevropa»ga yurishni buyurasizmi? — soʻradi shofyor.

— Ha, «Yevropa»ga haydang.

Nikodim juda yaxshi uxlab, oʻrnidan kayfi chogʻ boʻlib turdi. U darhol shaharga yoʻl oldi.

Harbiy ministrlikdan Dizmani shahar garnizonining ma’lumot byurosiga yoʻllashdi. Byuroda Nikodimga, polkovnik Vatslav Vareda har yili yozni Konstantin da, «Gaiti» villasida oʻtkazishini, Varshavaga faqat kunduz kunlari kelishini aytishdi.

Barcha u bilan hurmatini joyiga qoʻyib gaplashdi, buni koʻrib Dizma, polkovnik Vareda katta mansabdor boʻlsa kerak, degan qarorga keldi. U hatto, Vareda qanday mansabda ishlaydi, deb soʻramoqchi ham boʻldi-yu, lekin vaqtida tilini tiydi — axir uni davlat ishlaridan mutlaqo xabarsiz odam ekan, deb oʻylashlari mumkin edi-da.

Dizma Konstantinga borishga ahd qilganida hali soat oʻn ham boʻlmagan edi. Ular yoʻlga tushishdi. Yoʻl juda yomon ekan, lekin shofer gʻoyat tajribali, mashina esa yap-yangi boʻlgani tufayli ular yarim soatdan soʻng manzilga yetib borishdi. «Gaiti» villasini ular osongina topishdi. Bu shukuhdor ikki qavatli imorat ekan. Jimjimador panjara ortidan bogʻ va katta ayvon koʻrinib turardi. Pijama kiygan qandaydir erkak ayvonda gazeta oʻqib oʻtirardi. Mashina eshik oldiga borib toʻxtaganida haligi erkak boshini koʻtarib qaragan edi, Dizma polkovnikni tanidi.

Polkovnik Dizmaning ta’zimiga javob berdi-da, anchagacha taniyolmay xira koʻzlarini unga tikib turdi. Nikodim eshikdan kirib, unga yaqinlashganidan keyingina u qichqirganicha sapchib oʻrnidan turdi:

— Salom! Axir bu Terkovskiyning kushandasi-ku! Yaxshimisiz, pan Nikodim! Qayoqlarda gʻoyib boʻlib yuruvdingiz! — Shunday deya polkovnik Dizmaning qoʻlini olib silkita boshladi.

— Salom, polkovnik. Oʻshandan beri qishloqda edim, Varshavaga kecha keldim; menga sizni shu yerdan topishim mumkinligini aytishdi.

— Yashang! Ajoyib fikr! Men bilan nonushta qilasizmi? Unday desam, siz, qishloqilar azonlab turishga odatlangansizlar...

Polkovnik Dizmaning kelganiga chin koʻnglidan xursand boʻldi. Bu odam unga juda yoqib qolgan edi, boz ustiga — ajoyib avtomobilini aytmaysizmi: demak, bugun Varshavaga borish uchun Vilyanov temir yoʻlining xizmatidan voz kechsa boʻladi.

— Kecha rosa ichgan edik, — dedi Vareda, — boshim ogʻrisa kerak, deb oʻylovdim, lekin baxtimga, oʻzimni yaxshi his qilyapman.

Chindan ham Vareda quvnoq tetik boʻlib, qonga toʻlgan koʻzlarigina kechagi ichkilikbozlikdan dalolat berib turardi.

— «Baxtimga» deyishimning sababi bor, chunki sizning kelishingizni yuvishimiz kerak-da, — deya davom etdi Vareda. — Bilasizmi, Terkovskiy bilan boʻlgan mashmasha latifaga aylanib qoldi. Nihoyat bu qushchaning qanotini qirqib qoʻyishga muvaffaq boʻldik.

— Qoʻysangiz-chi, nimalar deyapsiz!

— Xudo haqqi! Uni bosh ministr idorasining boshligʻi qilib tayinlashganidan beri bosar-tusarini bilmay qoldi. Ahmoq, hamma mening tovonimni oʻpadi, deb oʻyladi shekildi.

— Ministr Yashunskiyning ahvoli qalay? Hozir u nimalar qilyapti?

— Nima qilardi? — deya ajablandi polkovnik. — Hozir Budapeshtda, s’ezdda-ku, axir.

— Afsus.

— Nima, unda ishingiz bormidi?

— Ha, kichkinagina bir ish bor edi.

— Bir necha kun Varshavada tura turiig. Hech boʻlmaganda koʻngil ochamiz-ku. Yashunskiy sizni tez-tez eslab turadi.

Dizma ajablanib polkovnikka qaradi. Vareda shosha-pisha tushuntira boshladi:

— Rost aytyapman, xudo haqqi. Hah, siz toʻgʻringizda u nima degan edi-ya?.. Shoshmang, shoshmang!.. Ha, mana! «Bu Dizma hayotning nimaligini biladi; uning yoqasidan oladi-da, «tars» etib tumshugʻiga tushiradi!» Qalay, zoʻrmi? Yashunskiy usta bunaqa gaplarga... Men unga hatto aforizmlar kitobini nashr qilishni maslahat berdim.

Soʻngra u Yashunskiyning ahvoli bir oz chatoqlashganini eshitdi: pomeshchiklar va mayda yer egalari unga qarshi chiqishayotganmish. Buning ustiga oʻz toʻdasi bilan Terkovskiy ham unga choh qaziyotgan emish. Qishloq xoʻjaligi krizisga tushib qolibdi; chora yoʻq ekan. Yashunskiyga achinadi kishi: ishbilarmon ekan, qolaversa oʻz odamlari ekan.

Shundan soʻng Dizmaning ishlaridan gap ochilgan edi, polkovnik soʻradi:

— Siz, pan Nikodim, Kunitskiyning yo qoʻshnisi, yo sherigi edingiz shekilli?

— Unisi ham, bunisi ham — javob berdi Dizma, — bundan tashqari xotinining ishonchli vakili ham boʻlaman.

— Hali shunaqami? Buni qarang-a! Oʻsha grafinya Ponimirskaya-da. Kelishgangina malla soch juvon, shundaymi?

— Ha.

— Eshitishimga qaraganda, grafinya oʻsha Kunitskiy bilan uncha yaxshi turmasmish...

— Uncha emas, ancha deyavering, — kulib yubordi Dizma.

— Ochigʻini aytganda, buning hayron qoladigan joyi xam yoʻq. Axir u keksayib qolgan, keyin oʻzi ham oʻrtamiyona bir odam shekilli. Unday desam, siz ularni mendan yaxshiroq bilasiz.

— Bilmay boʻladimi, axir!

— Tushunaman, tushunaman, — deya uning gapiga qoʻshildn polkovnik. — Buning otini ish deb qoʻyibdilar. Kechirasiz, huzuringizda kiyinib olaman.

— Bemalol.

Ular ayvondan xonaga kirishgan edi, Vareda Dizmani qoʻlbola kokteyl' bilan mehmon qilmoqchi boʻldi. Bu orada denshik mundirni olib kirdi, yarim soatdan soʻng polkovnik yoʻlga chiqishga shay edi.

Ular avtomobil' yoniga borishganida Vareda zavq bilan uni koʻzdan kechira boshladi. Polkovnik mashinani ancha yaxshi tushunar ekan shekilli, darhol shofer bilan avtomobilning ikir-chikirlari haqida suhbatlasha ketdi. Dizma ularning suhbatidan hech nima tushunolmadi.

— Ajoyib, ajoyib, — deya takrorladi Vareda Dizmaning yoniga oʻtirar ekan. — Ancha qnmmatga tushgan boʻlsa kerak oʻziyam?.. Biror sakkiz ming dollar toʻlagandirsiz, a?

Mashina joyidan qoʻzgʻaldi, shunda Dizma motorning gurillashidan foydalanib, javob qildi:

— He-he, undan ham koʻproq deyavering.

Yoʻlda ular kechqurun «Voha» restoranida uchrashishga kelishib olishdi.

— Hammasidan ham oʻsha yer qulay, tanishlar koʻp boʻladi. Ulyanitskiyni taniysizmi?

Dizma Ulyanitskiyni tanimasdi. Biroq uning biror mashhur shaxs chiqib qolishidan choʻchib, orqavoratdan eshitganman, deya javob qildi.

Polkovnikni shtabga olib borib qoʻygach, Dizma mehmonxonaga qaytdi va kechqurun soat oʻnda kelishni buyurib, shoferga javob berib yubordi-da, oʻzi kafega tushdi. U yerda Nikodim boʻsh stol topib oʻtirdi-da, choy bilan pirojniy keltirishni buyurib, vaqtni qanday oʻtkazish haqida oʻylay boshladi. Biroq miyasiga biror durustroq fikr kelmadi. Varshavada u, ya’ni katta mulk boshqaruvchisi Nikodim Dizma borib koʻrishi mumkin boʻlgan birorta odam yoʻq edi. Bartiklarni eslaganda Dizma hatto seskanib tushdi. Ularning qurum bosgan xonasi Dizma uchun, ertami-kechmi oʻzi qaytishi lozim boʻlgan achchiq voqelikning timsoli edi. Nikodim bu gʻaroyib sarguzasht tez orada tugashini his etardi, biroq bu xaqda oʻylamaslikka harakat qilardi.

Biroq bekorchilik uni yana oʻz ahvoli haqida oʻylashga majbur qilardi. Bu xayollardan chalgʻish uchun Dizma oʻz xonasiga koʻtarildi. Bu yerda u Ponimirskiyning maktubini eslab, uni portfeldan oldi-da, yana bir marta oʻqib chiqdi.

— E, nimadan qoʻrqaman! — deya qoʻl siltadi Nikodim. — Boraman. Meni pishirib yeyisharmidi...

Pani Yuzefina Pshelenskaya oʻsha kuni chap yonboshi bnlan turgan edi. Bu narsa ertalab soat oʻnda oshxonada bir ovozdan tan olindi. Soat oʻn birda esa uyda shunday toʻs-toʻpolon koʻtarildiki, goʻyo bir kishi emas, oʻldim deganda, oʻn kishi soʻl yonboshi bilan turgandek edi.

Soat oʻn ikkida muhtarama pani Pshelenskayaning uyida hamma narsa ostin-ustun boʻlib ketdi: bir chetda turgan qadimgi stolni, qayerga qoʻysak ekan, deb rosa u yoqdan-bu yoqqa surishdi va nihoyat, uni mechkay odamniki kabi ingichka oyoqlariii osmondan qilib, hovlining bir burchagiga eltib tashlashdi. Uy bekasi dovdirab qolgan xnzmatkorlar oldiga tushib, goʻyo jang maydonidagi val'kiriya kabi u yoqdan-bu yoqqa yugurar, ogʻzidan bodi kirib shodi chiqar, ortida esa shlafrogining etagi xuddi badaviylar yaktagi kabi hilpirardi.

Mehmonxonada chang yutgich tinmay gurillardi, hovlida esa qoqilayotgan gilamlarning tapillagani eshitilardi. Derazalar goh lang ochilardi, chunki bu chang-toʻzonda bir minut ham nafas olib boʻlmasdi, goh sharaqlab yopilardi, xonalarga kirayotgan shabadadan kishi qulogʻi shangʻillardi. Buning ustiga telefon tinmay jiringlar, beka esa trubkani olib, unga qargʻish yogʻdirardi.

Shu payt koʻcha eshikning qoʻngʻirogʻi jiringlab qoldi. Toqati toq boʻlib turgan pani Yuzefina shaxsan oʻzi ochish uchun eshik tomon yugurdi. Xizmatkor peshanasi shoʻr mehmonni xayolan xudoga topshirib, dahshatdan qotib qoldi.

Eshik sharaqlab ochildi-da, uy bekasining:

— Sizga nima kerak? — deya shangʻillagani eshitildi. Bunday iltifotsizlik bilan kutib olishganidan Nikodim dovdirab qolmadi. Aksincha, u oʻzini birdan ancha dadilroq his etdi — bu xonimning gapirishi va tashqi qiyofasi unga oʻz tanish-bilishlarshsh eslatgan edi.

— Pani Pshelenskayani koʻrishim kerak.

— Sizga nima kerak, deb soʻrayapman?

— Ishim bor. Borib paniga jiyanining oʻrtogʻi kelganini ayting.

— Qanaqa jiyani yana?

— Graf Ponimirskiyni aytyapman, — dedi bir oz magʻrurlanib Dizma.

Bu gap hurpaygan xonimga boshqacha ta’sir qildi. U, goʻyo hujumdan oʻzini muhofaza qilayotgandek, ikkala qoʻlini oldinga choʻzib bijillay ketdi:

— Toʻlamayman! Jiyanim uchun bir tiyin ham toʻlamayman! Qarz olishining sira ham hojati yoʻq edi.

— Nima? — soʻradi ajablanib Dizma.

— Uning kuyoviga murojaat qiling! Men bir tiyin ham bermayman, eshityapsizmi, bir tiyin ham! Bu gʻirt ablahlik: qachon qarasa menga kelishadi, oʻlar boʻlsam oʻlib boʻldim...

Bu gapdan Dizmaning gʻazabi qaqshab ketdi. Uning miyasiga qon yugurdi.

— Buncha dod-voy qilasiz, jin ursin sizni! — deya oʻshqirdi u bor ovozi bilan. Pshelenskayaning kapalagi uchib ketdi. U koʻzlarini katta ochib, kutilmagai bu mehmonga hayiqib qaradi.

— Sizdan hech kim pul soʻrayotgani yoʻq: aksincha, pulingizni qaytib berishmoqchi.

— Nima?

— Qaytib berishmoqchi, deyapman-ku.

— Kim qaytib bermoqchi? — soʻradi Pshelenskaya borgan sari hayratlanib.

— Kim, kim? Eron shohi yoki turklar sultoni qaytib bermoqchi deb oʻylayapsizmi?.. Sizning jiyaningiz, mening doʻstim qarzini toʻlamoqchi.

Pshelenskaya ikkala qoʻli bilan boshini changalladi:

— Voy, kechirasiz, bugun juda boshim ogʻrib turibdi, xizmatkorlarim qonimga tashna qilishdi. Xafa boʻlmaysiz endi! Marhamat, ichkari kiring.

Dizma Pshelenskayaning ortidan xonaga kirdi. U yerdagi mebelning yarmi agʻdarilib yotardi, oʻrtada esa parketni artadigan shchyotkaning dastasi qaqqayib turardi. Beka deraza oldiga stul qoʻyib mehmonni oʻtkazdi-da, hurpayib yurgani uchun kechirim soʻrab, xonadan chiqdi va shu ketganicha yarim soatcha yoʻq boʻlib ketdi.

«Bu jin urgur xotinga nima boʻlgan oʻzi? — deya oʻzicha mulohaza qila boshladi Dizma. — Xuddi qopogʻon itday talab berdi-ya. Falokat bosib kelibman bu yerga. Xolasi ham jiyanidan qolishmaydiganga oʻxshaydi! Juda hurmatli xonim, deyishgan edi, koʻrinishidan esa oqsoch xotindan farq qilmaydi!»

Anchagacha gʻazabi qaynab turgan Dizma nihoyat jahlidan tushgach, bu xotinga Ponimirskiy sizga qarzini toʻlamoqchi deb darrov aytib qoʻyganidan afsuslana boshladi.

«Meni ham jiyaniga oʻxshagan telba deb hisoblagan boʻlsa kerak-da...»

Nihoyat beka qaytib keldi. Eidi u sochlarini tarab, goʻshtdor burni va loʻppi yuzlariga qalin upa surgan hamda lablarini boʻyab, egniga toʻq qizil shlafrok kiyib olgan edi.

— Meni kechirasiz, — deya gap boshladi beka, — juda charchab, diqqatim oshib turgan edi. Nikodim uning uzun va ozgʻin qoʻlidan oʻpib, oʻzini tanishtirdi.

Pshelenskaya ketma-ket savol bera boshladi. Nikodim hatto ogʻiz ochishga ham ulgurmadi. Shundai soʻng u Ponimirskiyning xatini olib, xonimga uzatdi.

Pshelenskaya shu zahoti:

— Ye xudoyim-ey, pensneni unutibman. Franya! Franya! Antoniy!!.. Franya! — deya ovozi boricha baqira boshladi.

Doʻpir-doʻpir oyoq tovushi eshitilib, bir minutdan soʻng oqsoch xotin oltin gardishli pensneni olib keldi.

Pani Pshelenskaya xatni oʻqishga tutindi. Uni oʻqir ekan, xonim yuzlari qizarib, bir necha bor Dizmadan kechirim soʻradi.

Maktub unga qattiq ta’sir qildi. Xonim uni yana bir oʻqib chiqdi-da, bu ish juda muhimligini, yoʻq, yoʻq, Jorjik qarzini toʻlamoqchi ekanligi uchun emas, umuman bu ishning katta ahamiyatga ega ekanligini aytdi.

U Nikodimdan Koborovoda nimalar boʻlayotgani, «boyoqish Ninetkaning» kayfiyati qandayligi, «oʻgʻri Kunik» xoʻjalikni qanday boshqarayotgani toʻgʻrisida surishtira boshladi va nihoyat, bu ishlar haqida suhbatdoshining fikri qandayligini soʻradi.

Biroq suhbatdoshi bu toʻgʻrida oʻylab koʻrmagan edi, shu boisdan ham u mingʻirlab javob qildi:

— Nima desam ekan... Menimcha, advokat bilan maslahatlashib koʻrish kerak.

— Juda toʻgʻri aytdingiz, — deya uning gapini ilib ketdi Pshelenskaya. — Lekin bilasizmi, eng yaxshisi, oldin pan Kshepitskiy bilan gaplashib olish kerak. Pan Kshepitskiyni taniysizmi?

— Yoʻq, tanimayman. Kim ekan u?

— E, u juda qobiliyatli odam. Garchi hali ancha yosh boʻlsa-da, eski tanishimiz. Qechirasiz, siz mehmonxonaga joylashdingizmi?

— Ertaga sizni tushki ovqatga taklif qilsam, yoʻq demaysizmi? Kshepitskiy ham keladi. Oʻshanda hamma ishni gaplashib olardik. Kelasizmi?

— Soat nechada?

— Agar sizga noqulay boʻlmasa, soat beshda.

— Yaxshi.

— Sizni iltifotsizlik bilan kutib olganim uchun meni kechirasiz. Xafa emasmisiz, ishqilib?

— Nega xafa boʻlarkanman? — deya javob qildi Dizma. — Hammayam asabiylashishi mumkin.

U Pshelenskayaga durustroq razm soldi-da, xonim tuzukkina ekan, deb koʻnglidan kechirdi. Pshelenskaya elliklarga borib qolgan boʻlsa ham xipcha va serharakat boʻlgani uchun yoshroq koʻrinardi. Xonim Dizmani eshikkacha kuzatib chiqdi va jilmayib xayrlashdi.

— Bu boyonlarni hech qachon tushunib boʻlmaydi, — toʻngʻilladi Dizma eshikdan pastga tushar ekan.

U nariroqdagi mayxonaga kirib, ovqatlanib oldi. Nihoyat, yolgʻiz oʻzi oʻtirib ovqatlanganidan Nikodim gʻoyat huzur qildi. Axir birov qaramayaptimi, qachon qoshiqni ishlatish keragu, qachon vilkani deb bosh qotirishga hojat qolmagan edi-da.

Pshelenskayanikiga kirib chiqqach, Dizma, bularning hammasi quruq gapligicha qoladi, Ponimirskiyning umidlari chippakka chiqadi, degan qarorga keldi.

«Kunitskiy oʻzini laqillatib qoʻyadigan ahmoqlardan emas. Dogʻuli u!»

Keyin Nikodim birdan: «Bu gaplarning hammasini Kunitskiyga aytsam-chi? « — deya oʻylab qoldi. Lekin shu zahoti tilini tiygani ma’qulligini tushundi. Bundan tashqari, Ponimirskiyni tutib berish — shunday ajoyib xotin Ninani ranjitib qoʻyish bilan barobar edi...

Mayxonaning shundoq yonginasida reklama chiroqlari lipillab yonib turardi. Fil'm. Nikodimning kinoga tushmaganiga ham ancha boʻlgan edi! Dizma soatiga qaradi: hali uning ixtiyorida besh soat vaqti bor edi. Nikodim uzoq oʻylab oʻtirmay bilet sotib oldi.

Kartina juda qiziq, hatto maroqli ekan. Yosh qaroqchi koʻhlikkina qizni sevib qoladi. Biroq kutilmaganda qizni boshqa qaroqchilar toʻdasi oʻgʻirlab ketadi. Koʻp gʻaroyib sarguzashtlardan soʻng yosh qaroqchi oʻz ma’shuqasini xalos etadi va fil'mning oxirida u bilan nikohdan oʻtadi; eng qizigʻi — ularni ajin bosgan yuzidan muloyim tabassum arimaydigan nuroniy chol, ruhoniy — qizning otasi nikohdan oʻtkazadi.

Buni koʻrib Nikodim avvaliga juda ajablandi, biroq keyin, bu voqealar Amerikada boʻlyapti-ku, u yerda esa ruhoniylar uylanishi mumkin boʻlsa kerak, degan xayolga bordn.

Fil'm shu qadar qiziqarli ediki, Dizma uni bir varakayiga ikki seans koʻrdi. U kinodan chiqqanida koʻcha minglab chiroqlardan charogʻon edi. Trotuarlarda toʻda-toʻda kishilar sayr qilib yurishardi. Kech tushganiga qaramay, havo issiq va dim edi. Dizma mehmonxonaga piyoda qaytar ekan, uzoqdan Kunitskiyning koʻrkam avtomobiliga koʻzi tushdi.

«Mening mashinam!» — deya dilidan oʻtkazdi u va iljayib qoʻydi.

— Xoʻsh, ishlar qalay? — soʻradi u shoferning ta’zimiga javob bergach.

— Yaxshi. Rahmat.

— Vaqtni qanday oʻtkazdingiz?

Shofer oʻzi asli varshavalik boʻlgani uchun borib qarindosh-urugʻlarini koʻrganini aytdi. Ular bir minutcha gaplashib turishgach, Dizma nomeriga chiqib, qayta kiyinib tushdi.

«Bugun bir ziyofat uyushtiraman. Polkovnik bilan durustroq tanishib olish kerak. Unga shampanskoye qoʻyib beraman».

Chorak soatdan soʻng Dizma «Voha»ga yetib bordi. Restoran hali boʻm-boʻsh boʻlib, ikki-uch stolgina band edi.

«Shoshilibman», — deya xayolidan oʻtkazdi Nikodim.

U aroq bilan ovqat keltirishni buyurdi. Kel'ner unga, pan janobi oliylari, deb murojaat qilganicha, bir zumda stolga turli-tuman zakuska qoʻydi. Uning yoniga yana ikki ofitsiant qoʻshilib, sardak solingan baliq. vetchina, pashtet va shunga oʻxshash taomlar keltirishdi.

Nikodim polkovnikni kutib, ovqat yeyishga shoshilmadi. Orkestr qandaydir klassik muzikani chalmoqda edi. Zal asta-sekin odamlarga toʻla boshladi.

Nihoyat, soat oʻn birga yaqin polkovnik Vareda paydo boʻldi. U bilan birga sochlari tim qora, past boʻyli, grajdancha kiyingan bir odam ham bor edi.

— E, shu yerdamisiz! — deya xitob qildi

O‘xshash hikoyalar