Muttahamning parvozi (II- qism) (7-bet)
yozib qoʻydi. U iloji boricha koʻproq xonadonlarga borishga ahd qildi: buning foydasi tegsa tegardiki, zarari tegmasdi.
Aslida u kiborlar haqida unchalik yaxshi fikrda emasdi.
«Ahmoqlar, — deya oʻylardi Nikodim, — bir ogʻiz soʻz aytsang, bas, goʻyo sen Amerikani kashf etgandek, voh-voh qilishadi».
Biroq uning gʻoyat kamgap odam deb nom chiqarishiga sabab boʻlgan yoʻlidan voz kechish niyati yoʻq edi.
Nikodimning uyqusi qochib ketdi. U anchagacha ketma-ket papiros chekib, u yonboshidan bu yonboshiga agʻdarilib yotdi-da, nihoyat, oʻrnidan turib chiroqni yoqdi.
Uning miyasiga: Ninadan kelgan xatlarni oʻqisammikin? — degan xayol keldi. Xatlar ancha yigʻilib qolgan boʻlib, birontasi ham hali ochib oʻqilmagan edi. Dizma yana toʻshakka choʻzilib, xatlarni oʻqiy boshladi. Barcha maktublar bir xil yozilgan boʻlib, ularda muhabbat, sogʻinch, umid haqidagi gaplar takrorlanar va turli mavzuda mulohaza yuritilib, Koborovoga kelishi iltimos qilinardi.
Bu xatlar shu qadar zerikarli ediki, Dizma chorak soat oʻtmasdanoq, ularni polga uloqtirib, chiroqni oʻchirdi.
U hayotida duch kelgan ayollarni eslay boshladi. Nikodim uchrashgan ayollar uncha koʻp emasdi. Biroq, tan olish kerak, ularning birontasi ham Ninachalik koʻp vaqtini olib, oʻzi haqida shuncha koʻp oʻylashga majbur qilmagandi. Dizma Lutskaya koʻchasida turadigan Man'kani ham esladi. Butunlay tubanlashib, fohishalikni kasb qilib olgan boʻlsa kerak, bechora. Aslida, qizchaga achinadi odam... Sobiq ijaragirlari qanday katta odam boʻlib ketganini bilsa, nima derkin... Ogʻzi ochilib qolsa kerak oʻziyam...
Knyaz' Rostotskiy mehmonxonasida uchratgan anovi xotinlar-chi...
«Ular ham menga koʻz suzishdi, lekin ochigʻini aytsam, bunday xotinlarni boshimga uramanmi... Darvoqe, xotinlarning hammasi bir goʻr. Agar sogʻlom erkak boʻlsang, nima qilishni oʻzing yaxshi bilasan...»
11-bob
Kuzatuv sovetining majlisini rais Dizma ochdi, soʻngra sekretar' Kshepitskiy kun tartibiii e’lon qilgach, direktor Vandrishevskiy soʻz oldi.
Oʻn besh chogʻli odam yigʻilgan boʻlib, barcha hisobot dokladini diqqat bilan eshitardi. Gʻalla bankasining ilk faoliyati juda yaxshi natija bergan edi; qishloq xoʻjaligidagi jonlanish, sun’iy oʻgʻitlar, yangi mashinalar, yogʻ zavodlari uchun asbob-uskunalarni ommaviy ravishda sotib olinayotgani shundan dalolat berib turardi. Vaziyat analizi gʻalla narxining koʻtarilishi mamlakat iqtisodiy hayotining oʻsishiga kuchli ta’sir koʻrsatganini isbotlamoqda edi. Krizis bartaraf qilindi desa boʻlardi. Bularning bari muhtaram raisimiz Nikodim Dizmaning genial eksperimenti va uning mamlakatdagi qishloq xoʻjalik siyosatiga tadbirkorlik bilan rahbarlik qilishi tufayli amalga oshgandi.
«Ofarin», degan xitoblar eshitildi, rais oʻrnidan turib, kuzatuv sovetining a’zolariga birma-bir ta’zim qildi.
Kabinetga oyoq uchida yurib kirgan kur'er Kshepitskiyni chaqirib chiqib ketganida mayda hisobotlar oʻqilmoqda edi.
Sekretar' bir zumda qaytib kirdi-da, raisning qulogʻiga shivirladi:
— Pan rais, grafinya Konespol'skaya kelibdi.
— Konespol'skaya? Nima kerak ekan unga?
— Sizga bir narsa demoqchi. Ofatijon xotpn-da, oʻziyam. Departament boshligʻi Marchevskiydan oʻrningizga raislik qilib turishni iltimos qilib, uning oldiga chiqing.
— Noqulay boʻlmasmikin?
— Noqulayligi nimasi? Baribir endi muhim gap boʻlmaydi, takliflarni munozara qilib oʻtirmay qabul qilishadi.
— Yaxshi. Nimani bahona qilay?
— Chet ellik kishini qabul qilishim kerak, desangiz ham boʻladi.
— Kimni?
— Ahamiyati yoʻq, kimligini soʻrashmaydi — chet ellik desangiz boʻldi.
Nikodim ishora qilib hisobot oʻqiyotgan amaldorni toʻxtatdi.
— Meni kechirasizlar, chet eldan muhim ish bilan bir odam kelibdi. Pan Marchevskiy, balki mening oʻrnimga raislik qilib turarsiz?
— Bajonu dil!
Dizma ta’zim qildi-da, kabinetdan chiqib ketdi. Qora koʻzoynak taqqan baqaloq yonida oʻtirgan odamga engashib asta dedi:
— Bu Dizmaning miyasi xoʻp ishlaydi-da. Ministr boʻlsa arziydi.
— Juda sergʻayrat odam.
Qabulxona xizmatini ham oʻtaydigan moʻ’jazgina mehmonxonada Dizmani grafinya Konespol'skaya kutnb turgan edi. Brezent kombinezon, peshanasida koʻzoynak yaltirab turgan charm shlemda uni sira tanib boʻlmasdi. Grafinya noz-karashma qilib, Dizma bilan salomlashdi; soʻzlarni buzib talaffuz qilib, Dizmani qishloqqa olib ketgani kelganini aytdi.
Nikodim angrayib qoldi. Uning biror joyga borgisi yoʻq boʻlib, boz ustiga kechqurun Vareda bilan uchrashishiga va’dalashib qoʻygan edi. Ammo Dyalya gapga koʻnadigan ayollardan emas ekan. U Dizmaga kutilmagan sovgʻa va’da qildi; bu ham ta’sir qilmagach, koʻzini suzib ochiqdan-ochiq erining chet elga joʻnaganini aytdi.
Nikodimning rozi boʻlishidan boshqa iloji qolmadi. Uyga kirib, qayta kiyinib chiqishga va Lyalyaning maslahatiga binoan, pijamani olishga toʻgʻri keldi. Ignatiyga oʻzining joʻnab ketayotganini Kshepitskiyga aytib qoʻyishni buyurib, Dizma zinapoyadan pastga tushdi.
Konespol'skaya uni ikki oʻrinli eshiksiz poyga avtomobilda kutib oʻtirardi. Buni koʻrib Dizma boʻlajak sayohatining oqibatidan choʻchib qoldi.
Dyalya mashinani shitob bila haydab, chorrahada turgan politsiyachini urib ketishiga sal qoldi. Shundan soʻng u kapalagi uchib ketgap Nikodimga jilmayib qarab qoʻydi-da, tezlikni yanada oshirdi. Bir necha minutdan soʻng ular zastavaga yetib borishdi. Shu yerdan yaqinda asfal't yotqizilgan oʻqday shosse boshlanardi. Lyalya tezlikni bir yuz yigirma kilometrga yetkazdi.
— Yaxshimi?
— Yoʻq, — deya rostiga koʻchdi Dizma,
— Nega?
— Juda tez ketyapmiz, nafas qaytyapti...
Dyalya tezlikni bir oz pasaytirdi.
— Sizniki tejlikni yamon koʻradi?
— Ha, yomon koʻraman.
Lyalya kulib yubordi.
— Men esa juda yaxshi koʻradi... Oʻtgan yili Myunxendagi avtomobil' poygada meniki tejlik uchun ikkinshi mukofot olgan, ushanda men...
Shu payt bir narsa qattiq qarsillab ketdi. Lyalya tormozni bosgan edi, mashina yoʻl chetida toʻxtadi.
— Nima boʻldi?
— Ichak yorildi! — xonim kula-kula mashinadan sakrab tushdi. — Qani, yordam bering!
Nikodim zapas gʻildirakni oʻrnatishga yordamlashib yubordi. Ular joylaridan qoʻzgʻalishgan zahoti Lyalya bijillay boshladi:
— Shin ursin! Koshim kyuzimga tushdi!
Nikodim xaxolab kulib yubordi.
— Kiprigingizmi? Lyalya jahl bilan dedi:
— Boringe! Baribir emasmi. Marhamat, karab, tujatib koʻying; Meniki qoʻl iflosh.
Nikodnm uning koʻziga qaradi. Chindan ham uzun kiprik tolasi qovogʻining ostiga qayrilib qolgan ekan.
U toʻgʻrilab qoʻyish uchun qoʻl choʻzgan edi, Lyalya uning bilagiga urdi:
— Nega koʻlingij bilan, sizda ham koʻl iflosh!
— Nima bilan toʻgʻrilay boʻlmasa? — soʻradi ajablanib Nikodim.
— Ah, shunday aklli odam — shunday tentyak! Labingij bilan!
Nikodim kulib yubordi.
— Shunaqa deng, boʻpti, bosh ustiga.
U labini bir necha bor grafinyaning titrab turgan qovogʻiga tegizdi.
— Qalay, yaxshi boʻldimi?
Lyalya bosh irgʻadi.
— U koʻzim yakshi boʻldi, endi boshqasini.
— Iye! Boshqa koʻzingizga ham kiprik qadaldimi?
— Hoziycha kadalgani yoʻq, lekin keyin qadalishishi mumkin. — Shunday deya Lyalya Nikodimga yuzini tutdi. Dizma unga engashdi, keyin ular oʻpisha boshlashdi.
— Yoqdimi?
— Ha.
— Unday boʻlsa, ketdik!
Lyalya bir sakrab, mashinaga chiqdi.
— Qani utiring! Utiring!
Avtomobil' shitob bilan joyidan qoʻzgʻaldi.
«Jin ursin! — deya xayolidan oʻtkazdi Dizma. — Bu xotinlar kishini tiriklayin yutib yuborishdan ham toyyishmaydi».
Ular butazorni kesib oʻtishgach, yoʻlda ketayotgan boshqa bir mashinaga yetib olishdi. Lyalya fransuzchalab allanima deb qichqirdi. Mashinada oʻtirgan ikki yosh qiz unga quvnoq javob qilishdi. Mashinalar birpas yonma-yon ketdi, qizlar bilan Dizma bir-birlarini koʻzdan kechirishdi. Chamasi, qizlarning ikkovi ham koʻhlikkina edi; unday desa, buni aniq aytib ham boʻlmasdi, chunki qizlarning yuzini shoferlar taqadigan koʻzoynak toʻsib turardi.
— Ular kim? — soʻradi Nikodim Lyalyadan.
— Panna Iks bilan panna Igrek, — deya javob qildi qiqirlab kulgancha grafinya.
— Tushunmadim.
— Tushunishning hojati yoʻq. Hamma narshani tushunish nima kerak? Hali oʻzingizniki koʻradi.
— Ular ham siznikiga ketishyaptimi?
— Aha!
— Demak, u yerda koʻp odam boʻlar ekan-da?
— O, yoʻq! Sizniki jyuda sinchkov ekan. Koʻrasiz. Aytdim-ku— kutilmagan sovgʻa deb.
Dizma zardasi qaynab, shubhalana boshladi. Shungacha Nikodim Konespol'skaya meni eri yoʻqligi uchungina amlokiga olib ketyapti, deb oʻylagandi: koʻzga qadalgan kiprik voqeasi shundan dalolat berib turgandek edi. Endi ma’lum boʻlishicha, u yerda boshqa odamlar ham boʻlar ekan...
Chindan ham ular shossedan ikki chetiga ihota butalari oʻtkazilib, chiroyli qilib qirqib qoʻyilgan yoʻlga burilishganida, Dizma uy oldida bir necha avtomobil' turganini koʻrib qoldi.
Ayvondagi toʻqima kreslolarda xonimlar oʻtirishardi. Avtomobil' toʻxtagan zahoti ular uy bekasini olqishlab, ayvondan pastga yugurib tushishdi-da, Dizmani qiziqib koʻzdan kechira boshlashdi. Bir talay ayollar orasida yolgʻiz qolgan Nikodim oʻzini yoʻqotib qoʻydi.
— Kuchli odam deganlari shunaqa boʻlar ekan-da! — dedi qichqirib yuz-koʻzini boʻyagan malla soch xonim.
Dizma hurpayib, indamay ta’zim qildi. Uy bekasi mehmonlardan kechirim soʻradi-da, kiyimini almashtirish uchun ichkariga kirib ketdi. Xonimlar Nikodimni qurshab olishdi.
— Pan Nikodim, siz Gʻarb udumining muxlisimisiz? — deya soʻradi jiddiy ohangda miqtidan kelgan qora soch juvon.
Dizma unga ajablannb qaradi.
— Nima demoqchiligingizni tushunmadim?
— Tortinmay gapiravering, — deya uni tinchitdi koʻzlari xayolchan boqadigan nimjongina qiz, — bu yerga faqat sirdosh ayollar yigʻilgan.
«Ish rasvo, — xayolidan kechirdi Dizma, — ular meni mazax qilishyapti».
— Biz faqat sizning qaysi cherkov tarafdori ekanligingizni bilmaymiz, — deya gap qotdi qora soch juvon. — Siz qay birini ma’qul koʻrasiz — oq cherkovnimi yoki qora cherkovnimi?
— Men katolikman, — dedi Dizma bir zum ikkilanib turgach.
Ayollar kulib yuborishganini koʻrib Dizma battar kalovlanib qoldi. Dilida u Qonespol'skayaning gapiga koʻnib, bu yerga kelgani uchun oʻzini rosa koyidi.
— Ah, pan rais, — deya xitob qildi sochlari boʻyalgan xonim, — siz juda gʻalati odam ekansiz! Nahotki har bir kuchli odam, ayollar oliy mavzuda fikr yuritishga qodir emas, deb oʻylasa?
— Siz sir boy berishni yomon koʻrar ekansiz.
— Sira ham unday emas, men faqat sizlar nimani nazarda tutayotganingiznn tushunolmayapman.
— Xoʻp, yaxshi, — dedi bir oz shashtidan tushib qora soch juvon, — boʻlmasa bizga bir narsani ayting, panna Rena, — shunday deya u rangpar qizga ishora qildi, — panna Rena samoviy flyuidlarga yaxshi oʻtkazgich boʻla oladimi?
Nikodim panna Renaga bir qarab qoʻydi-da, yelkasini qisdi.
— Men qayoqdan bilay?
— Tushunaman, lekin harqalay fikringizni ayting-chi?
— Agar yoʻlni yaxshi bilsa, ehtimol, boʻlishi mumkin.
Oraga sukunat tushdi. Xonimlar oʻylanib qolishdn.
— Siz ezoterik yoʻlni nazarda tutyapsizmi? — soʻradi qora soch juvon.
— Ha, — dedi tavakkaliga Nikodim, u uyga qaytgan zahotim lugʻatga qarab, bu la’nati ezoterik yoʻl qayoqqa olib borishini bilib qoʻyay, deb diliga tugib qoʻydi.
Bu orada ular yoʻlda quvib oʻtishgan qizlarning avtomobili yetib keldi. Nikodim ulardan kattasining ismi Ivonna, kichiginiki Mariyettaligini, familiyalari esa Charskaya ekanligini bilib oldi. Qizlar kiyimlarini almashtirish uchun shu zahoti ichkariga kirib ketishdi.
— Juda yoqimtoy qizlar, — dedi sochi boʻyalgan xonim. — Menimcha, Mariyetta ajoyib medium3 boʻlishi mumkin. Uning nozik didi xotirjamligi bilan qoʻshilib, gʻoyat sezgir amal'gama hosil etadi. Shunday emasmi, pan rais?
— Ha, albatta.
— U bilan bir tajriba oʻtkazmaysizmi, — deya xiralik qilaverdi sochi boʻyalgan xonim. — Mening sezishimcha, sizning irodangiz oʻz-oʻzini bilishning spiral' reaksiyasini osongina yengishi kerak. Ta’sir qilish imperativi — qanday istasangiz shunday aytaveringu — sub’ekt yoki ob’ektning oʻzida hatto toʻrtinchi darajada ham namoyon boʻlmagan oliy kuch qatlamlariga oʻz ta’sirini bemalol koʻrsatishi mumkin. Faqat intuitsiyagina...
Xayriyat, shu payt Konespol'skaya kirib keldi-yu, Dizma peshanasidagi terni artib oldi.
— Diqqat dugonalarim! — deya xitob qildi grafinya ostonada toʻxtab. — Mihmonimiz chet tilida gapirgan idamni yoqtirmaydi! Iye, sizniki shu yerdami! Salom, salom.
Bir ozdan soʻng xizmatkor paydo boʻlib, nonushta tayyor ekanligini xabar qildi.
Dizmaning baxtiga umumiy suhbat qizib ketib, u turli dudmal savollarga javob berish azobidan qutuldi... U ahyon-ahyonda mingʻirlab qoʻyardi. Suhbat koʻproq moda haqida, kuzni qanday oʻtkazish toʻgʻrisida borardi. Faqat chechan qora soch juvongina dam-badam Dizmaga avvaliga mistifikatsiyaday tuyulgan mavzuda gap ochardi. Oxiri u bu gaplarning bari fokuschilar stoliga aloqador boʻlsa kerak, degan xulosaga keldi.
Soat toʻrtda ovqatlanib boʻlishdi. Vino bilan kon'yakdan ancha-muncha ichib qoʻygan xonimlar qizishib, sharm-hayoni ham unutishgandi, Bu yengiltak jamoat ichida Dizma hamon sir boy bermay sipo oʻtirardi.
Mehmonlar yana ayvonga chiqishdi. Uy oldida turgan mashinalar koʻrinmay qolgandi — chamasi, ularni garajga kiritib qoʻygan boʻlishsa kerak. Mehmonlar parkka tarqalib ketishdi. Uy bekasi Dizmaning qoʻltigʻidan olib, ismi Stella boʻlgan haligi qora soch juvonni chaqirdi-da, ularni mehmonxonaga boshladi. Nikodim nihoyat hozir bu yerga kelishlari sababini tushunajagini angladi.
Chindan ham Konespol'skaya jiddiy bir qiyofada kresloga oʻtirib, oyoqlarini chalishtirdi. Stella papiros tutatdi. Shundan soʻng Lyalya ona tilini obdan buzib, xorijiy soʻzlarni aralashtirib, maqsadini tushuntira boshladi.
U qandaydir yangilik haqida va shu yangilikka binoan Pol'shada loja tashkil qilish toʻgʻrisida gapirdi. Chunki koʻpgina mamlakatlarda bunday lojalar allaqachon tashkil qilingan boʻlib, bu yerda esa hanuzgacha yoʻq ekan. Loja oʻn ikki ayol va bir erkakka moʻljallangan boʻlishi kerak. Ayollar Uch rangli Yulduz rohibalari, erkak esa — Buyuk Oʻnuchinchi deb ataladi. U uch qonun hayot, muhabbat va oʻlim sultoni hisoblanadi. Bu loja qaysi teatrda tashkil etilishini Konespol'skaya aytmadi.
Soʻngra Stella soʻz oldi. U shu qadar dudmal gapirdiki, Dizma deyarli hech nima tushunmadi. Unga boʻlajak tashkilot goh monastir' boʻlib koʻrinar, goh qullar bilan savdo qiluvchi shayka boʻlib tuyulardi. Chunki Stella «aldash yoʻli bilan yosh qizlarni jalb etish, «spiritik zoʻrlik», «qullikning azaliy qonuni» toʻgʻrisida gapirmoqda edi.
Faqat bir narsa — grafinyaning bu ishga aloqasi kamligi, unga koʻproq Stellaning boshchilik qilayotgani aniq edi.
Yana Konespol'skaya gapira boshladi. Lyalya ular Nikodimdan Buyuk Oʻnuchinchi boʻlishni iltimos qilishga qaror berganlarini aytdi. Ular bukilmas iroda va teran aql sohibi Nikodimning hokim boʻlish uchun eng munosib nomzod ekanligiga ishonch hosil qilishganmish. Faqat Nikodim umumiy Baxt Ordeni sirini tashkil etuvchi uch nur — hayot, muhabbat va oʻlim qonunlarini adolat bilan boshqara olarmish.
Dizma tutaqib ketgandi. U qoʻllarini choʻntagiga tiqqanicha xoʻmrayib oʻtirardi. U oʻzicha bu ishda ishtirok etmaslikka ont ichib qoʻygan edi. Xoʻsh, boshiga uradimi bu ishni u? Nima, u avaxtaga tushishi uchun shunday katta mansabni egallab, bir talay pul topayaptimi? E, yoʻq! Xonimlar oʻrnilaridan turib, Stella qoʻrqinchli tovush bilan: «Ustoz, sen Buyuk Oʻnuchinchi hokimiyatini oʻz zimmangga olishga rozimisan?» — deya soʻraganida Dizma quruqqina qilib: «Yoʻq. Rozi emasman», — deb javob berdi.
Xonimlarning yuzida qaygʻu va hayrat ifodalari aks etdi.
— Nega endi?
— Eplolmayman.
— Ehtimol, germetik xarakterdagi biror toʻsiq bordir? — deya sirli ohangda soʻradi qora soch juvon.
— Bunday deyishimning sababi bor.
Konespol'skaya iztirob bilan qoʻllarini yozdi.
— Ustoz! Bizga ochigʻini ayt, ehtimol, bu shunchaki arzimas sababdir?
— E-e, qayoqda deysiz, — deya qoʻl siltadi Nikodim, — Meni bu ishlarga aqlim yetmaydi.
Stellaning zardasi qaynab ketdi.
— Aqlim yetmaydi deng? Iltimos qilaman, ustoz, ustimdan kulmang! Lyalya fol ochdirgan ekan. Faqat siz Buyuk Oʻnuchinchi boʻlishingiz mumkin emish.
— Mening vaqtim yoʻq! — deya oʻjarlik qildi Dizma.
— Ustoz, bu ish ozgina vaqtingizni oladi. Misteriyalar bir oyda atigi bir marta boʻladi.
— Istamayman.
Ikkala xonim nima qilishlarini bilmay, bir-birlariga qarab qoʻyishdi.
Qora soch juvon qoʻllarini osmonga choʻzib, mudhish bir ohangda shivirladi:
— Qudratli ordenimiz nomi bilan iltijo qilaman, yo tangrim: Uch Abadiy Nur uchun uning dilini och!
Lyalya taqvodorlik bilan qoʻllarini dirkillagan koʻkragi ustida qovushtirib, boshini egdi.
Nikodim qoʻrqib ketdi. U xurofotga ishonmasdi, lekin yana kim bilsin! Agar chindan ham hayotda yomon koʻz ayollar boʻlsa-chi? Koʻz tegishdan xudo saqlasin. Harqalay yomon koʻzdan ehtiyot boʻlmoq kerak.
Miqtidan kelgan Stellaning koʻzlari Nikodimga teshib yuborgudek qadalib turardi. Dizma allanechuk boʻlib ketdi. U gardanini qashidi.
— Darhol bir narsa deyish qiyin... Oʻylab koʻrish kerak...
Stella Lyalyaga kerilib qarab qoʻydi-da, dedi:
— Albatta. Buyuring, ustoz. Darvoqe, biz hammamiz sirdan voqif boʻlgan Terkovskiydan sizning qandaydir sirli kuchga ega ekanligingizni bilamiz. Shu boisdan ham...
— Terkovskiyning bunga nima aloqasi bor, — deya uning gapini boʻldi Dizma. — Gap aslida nimadaligi va sizlar mendan nima istayotganingizni oʻzim ham tushunmayapman.
— Hozir, ustoz! — deya qora soch juvon sumkasini titkilay boshladi. — Hozir sizga loja ustavi va Bilimning Uch Qonuni aqoidini beraman.
U sumkasidan broshyura bilan mashinkada yozilgan bir necha varaq qogʻozni olib, Nikodimga uzatdi.
— Juda yaxshi! Marhamat qilib shuni oʻqib chiqing, ustoz. Buning uchun ikki soat vaqt yetadi. Toʻgʻrimi, Lyalya? Koʻrishguncha xayr! Sizni bu yerda yolgʻiz qoldirib ketamiz. Soat yettida, ovqatdan oldin qat’iy qaroringiznn eshitish uchun shu yerga kelamiz. Iloyim, dilingizga Yulduz oqilligi yoʻldosh boʻlsin!
Xonimlar ta’zim qilib, chiqib ketishdi.
— Aqldan ozishibdi mochagʻarlar! Kaltak yetishmay qolibdi ularga! — deya toʻngʻilladi Nikodim va qoʻlidagi qogʻozlarni burchakka qarab itqitdi.
U tashvishga tushib qoldi. Bu gaplarning bari uning uchun tomdan tarasha tushganday edi... Bu ishdan yo katta firibgarlik, yo narigi dunyodan arvohlarni chaqirishning isi kelib turardi.
— Eshak miya yeganmi bu la’natilar? Pullari boʻlsa, jamiyatda obroʻlari boʻlsa, yana nima kerak ularga? Topgan gaplarini qarangu! Aqldan ozishibdi...
Nikodim qopqonga shunday osongina ilinganidan gʻoyat dargʻazab edi. Agar bu gaplar Varshavada boʻlganda-yu, indamay uyiga joʻnab qoʻya qolardi-ya...
Har qalay anovi qogʻozlarda nima yozilganini bir koʻrib qoʻyish kerak.
Nikodim broshyurani ochib, soʻkindi: u fransuz tilida yozilgan ekan. Uni yana burchakka qarab itqitmoqchi boʻldi-yu, biroq birinchi betdagn rasmga qiziqib qolib, bu shashtidan qaytdi.
Rasmda hech qanday derazasi boʻlmagan bir zal tasvirlangan edi. Oʻrtadagi taxtda koʻzlarini yumib qop-qora soqolli ozgʻin kishi oʻtirardi. Uning tepasida uch qirrali yulduz yaraqlab, uch mash’ala yonib turardi. Taxtning atrofida qip-yalangʻoch xotinlar choʻzilib yotishardi. Dizma ularni gugurt donasi bilan sanab chiqdi.
— Oʻn ikkita!.. Demak, bular rohibalar ekan-da... Anovi, nusxa esa men ekanman... He, jin ursin!
Nikodim kitobni varaqlay boshladi. Uning oxirida ham rasm bor ekan. Rasmni koʻrib Dizma bir seskanib tushdi: unda oʻn ikki shoxli odambashara serka tasvirlangan edi. Endi shubhaga oʻrin qolmagan edi.
— Iblis!
Nikodim dinga ishonmas va diniy marosimlarda qatnashmas edi. Lekin u harqalay choʻqinib qoʻyishni lozim topdi.
— He, choʻchqalar!
Soʻngra u mashinkada bosilgan qogʻozlarni varaqlab koʻrdi-da, yengil tortib tin oldi: ular polyak tilida yozilgan edi.
Nikodim qogʻozdagi gaplarni sekin, ba’zi joylarni ikki-uch qaytalab oʻqisa-da, koʻp narsalarni tushuna olmadi, chunki u ba’zi soʻzlarning ma’nosini bilmasdi.
Bu qogʻozlardan u gap rohibalar jamiyati tuzish aqida borayotganini angladi. Bundan maqsad hayot, muhabbat va oʻlimdan iborat uch qonun idealiga yaqinlashish emish. Donolikka ruhan, jisman va aqlan lazzat ilish orqaligina erishilarmish. Buning uchun oʻn ikki rohiba qullik rohatini