tungi.ru

Muttahamning parvozi (III- qism) (6-bet)

iidamay bosh irgʻadi.

U Nikodimnang ortidan uzoq tikilib turdi. Dizma muyulishdan oʻtib, koʻzdan gʻoyib boʻlgach, Man'ka roʻmolining uchi bilan koʻzini artdi-da, boshqa tomonga ravona boʻldi..

Nikodimning gʻoyat jahli chiqqan edi. Bu Man'ka qayoqdan paydo boʻldi oʻzi... Dizma uni allaqachon unutgan edi... Umuman, qizning unga tirgʻilishga nima haqi bor?! Toʻgʻri — yaxshi koʻradi... Aslida oʻzi yomon qiz emas... Ammo bu uning ortidan ilakishib yurishi mumkin degan gap emas-ku...

«Hali, meni sharmanda qilib qoʻyiigi mumkin yoki Ninaga biror narsa deb valdirasa-ya? E, jin ursin!»

Nikodim, qiz yana tirgʻiladigan boʻlsa, ikkinchi oldiga kelmaydigan qilib ta’zirini berishga jazm etdi.

Qvartirani Nina surtgan atir-upaning hidi tutib ketgan edi. Nikodim yechinib, oʻzini toʻshakka tashlamoqchi boʻldi-yu, biroq ertaga ertalab Kshepitskiyning Koborovoga joʻnashini va oʻzi unga ba’zi qogʻozlarni toʻgʻrilab berishi lozimligini esladi. Nikodim yarim soatcha shu ish bilan ovora boʻlib oʻtirdi; u hujjatlarni hozirlab, endi oʻrnidan turgan ham ediki, telefon jiringlab qoldi.

Vareda qoʻngʻiroq qilmoqda edi. Barcha ulfatlar yigʻilishib, barda oʻtirishganmish, shu boisdan. Nikodimni ham chaqirishga qaror qilishibdi.

— Nina kelgandan beri, — deya shikoyat qila boshladi polkovnik, — butunlay qorangni koʻrsatmay qoʻyding. Albatta kel.

Biroq Dizma charchagani va uyqusi kelayotganini bahona qilib, ularning oldiga borishdan bosh tortdi.

Nikodim umuman pivoxonalarni yoqtirmasdi. Ba’zi-ba’zida ichishning zarari yoʻq, ammo pivohonada soatlab oʻtirib, gʻirt mast boʻlgunga qadar ichish — yoʻq, bunaqasi unga toʻgʻri kelmaydi. Agar ilgari Dizma Vareda, Ulyanitskiy va ularning doʻstlari bilan ichishgan boʻlsa, tanish bilish orttirish uchungina shunday qalgan. Endi esa u faqat Koborovoda tinchgina yashashni orzu qilardi.

Ninaning avvaligi nikohini bekor qilish masalasi hal boʻlay deb qolgandi. Kunitskiy birovning familiyasini oʻzlashtirib olgani masalani yanada osonlashtirmoqda edi. Qolganini pul bilan bir yoqli qilsa boʻlardi. Nikodimning esa endi puldan kamchilign yoʻq edi.

Kunlar ketidan kunlar bir maromda oʻtib borardi.

Dizma Kshepitskiyning yoʻqligini har qadamda his etardi.

Garchi Nikodim bankani boshqarishni uncha-muncha oʻrganib, u yoki bu ish yuzasidan qanday yoʻl tutish lozimligini bilib olgan boʻlsa-da, ba’zan u hal qila olmaydigan masalalar ham uchrab qolmoqda edi. Shunaqa paytlarda bod kasali uning joniga ora kirardi.

Shu ehtiyot choralariga qaramay u bir nechta xatoga yoʻl qoʻygan edi, ammo buni oshiq raisning parishonxayolligiga yoʻyishdi. Boʻlajak toʻy ancha mish-mishlarga sabab boʻlgandi. Bu gaplarni har kuni pan raisning qayliqlari kvartirasiga savat-savat gul olib boradigan Ignatiy topib kelardi.

Nina Nikodimnikiga haftada bir necha bor kelib ketardi.

Bundan mutlaqo bexabar pani Pshelenskaya barchaga Ninaning kundan-kun kayfiyati yaxshilanib, husni ochilayotganini shodlanib hikoya qilardi.

— Sevish va sevilish, jonginam, — derdi Ninaga xolasi, — bu ayol kishi uchun eng yaxshi kosmetika. Sen shundoq koʻz oʻngimizda gul-gul ochilib ketyapsan.

Nina Nikodimga bu gapni kula-kula aytib berdi.

U erini deyarli eslamay qoʻygandi. Darvoqe, cholni eslashga uning vaqti ham yoʻq edi. Kiborlar hayoti uni oʻz girdobiga tortgandi. Nina u yerda katta obroʻ qozongandi. Yoshu qari erkaklar unga biri olib, biri qoʻyib xushomad qilishardi, har bir salonda uni darhol muxlislar qurshab olishardi.

Muxlislar orasida bir odam Dizmani tashvishga solib qoʻydi.

Nikodimni bu odamning yurish-turishlaridan koʻra ham Ninaniig unga munosabati koʻproq bezovta qila boshladi. Nina uni boshqalardan afzal koʻrib, u bilan koʻproq tansa tushar, uzoq-uzoq suhbatlashardi.

Qirqlarga kirgan, baland boʻyli, xushqomat, malla sochlari oftobda oqargan bu odamning qayoqdan paydo boʻlgani noma’lum edi. U yer kurrasining deyarli hamma burchaklariga borib kelgan boʻlib, Avstraliya, Peru va Grelandiya haqida, goʻyo Konstantin yoki Milyanuv toʻgʻrisida soʻz yuritgandek, bemalol gapiraverardi. Uning ismi sharifi Xell', Oskaya-Xell' edi. Oʻzining aytishicha, u Rossiyada tugʻilgan ekan; Dizma Oksford universitetida oʻqiganini eshitgach, Xell' uni kasbdosh deb atay boshladi. Uning oʻzi Kembridjja oʻqigan ekan. U oʻnga yaqin tilni yaxshi bilgani kabi, polyak tilida ham bemalol gaplashaverardi. Undan millatini soʻrashgan paytlarda Xell', oʻzim ham bilmayman, degandek yoqimtoylik bilan yelkasini qisardi.

Ninada u birnnchi uchrashuvdayoq kuchli taassurot qoldirgandi. Juvon bu odamga boʻlgan moyilligini yashirmasdi ham. Nikodim buni darhol payqadi, albatta,

Ahvolki juda ham tahlikali deb boʻlmasdi, biroq Dizma kundan kun koʻproq tashvishlana boshladi. Boz ustiga uning yonida har qanday mushkul ishning ham chorasini topishga usta boʻlgan Kshepitskiy yoʻq edi. Nikodim Kshepitskiyga xat yozib yubordi, biroq undan hali javob kelmagandi.

Bu orada Oskar Xell' Varshavada oʻrnashib oldi. U qisqa vaqt ichida barcha bilan tanishib chiqdi va bironta ham bal, yigʻin, tansa kechasini kanda qilmay qatnashib yurdi. Xell' biror ish bilan shugʻullanmasa-da, pulga zoriqmas va shu boisdan ham badavlat odam, kuyov qilsa arziydigan kishi sifatida nom chiqardi. Pol'shaga uni toʻngʻiz oviga taklif qilib, graf Pomyalovskiy olib kelgan edi. Grafning oʻzi Xell' haqida biror aniq gap aytolmasdi, chunki u bilan Kanar orollariga ekskursiyaga ketayotgan paytida, Italiya paroxodi palubasida tanishgan edi.

Nikodim Ninani bu muttahamning ta’siridan qutqarish uchun butun ustomonligini ishga soldi. Biroq oralariga sovuqlik tushishidan choʻchib, masalani koʻndalang qoʻyishga jur’at etmasdi.

Agar Xell' bir kuni Nina bilan suhbatda Kasya Kunitskayaning nomini tilga olmaganida, ehtimol, bu ahvol anchaga choʻzilib ketgan boʻlardi.

Xell' Kasya bilan Davos, Kann va Jenevada uchrashgan boʻlib, uni yaxshi tanir ekan. Ular hatto ba’zi-ba’zida bir-birlariga xat ham yozisharkan, chunki ikkovi ham telepatiyaga qiziqib, kuzatuvlari haqida xabarlashib turishar ekan.

Nina buni eshitib, hayajonlanib ketdi. U nihoyat oʻzi juda yaxshn koʻradigan Kasya toʻgʻrisida xabar topgan edi. Buning ustiga Kasya bilan uni birga oʻtkazgan kunlari haqidagi xotiralar bogʻlab turardi.

Nina Nikodim bilan uchrashgan zahoti unga shu haqda aytdi:

— Buni qara-ya, pan Xell' Kasyani yaxshi bilar ekan! Kasya bilan chet elda uchrashgan boʻlib, ular hatto bir-birlariga hat ham yozishib turisharkan! Bechora Kasya! Yolgʻiz oʻzi... Unga achinaman.

— Balki, oʻsha Xell' yolgʻon gapirayotgandir?

— Nikus'! Uyalmaysanmi shunday deyishga! — dedi zardasi qaynab Nina. — Oskar haqiqiy jentl'men!

Bu suhbat Dizmaga qattiq ta’sir qildi. U darhol biror chora koʻrishga jazm etdi. Avval Vareda bilan maslahatlashib olmoq lozim edi. U polkovnikka qoʻngʻiroq qilib kechqurun restoranda birga ovqatlanishga kelishib oldi.

Bir qadahdan aroq ichishgach, Nikodim maqsadga koʻchdi:

— Bilasanmi, Vatsus'.. Sen anovi Xellni taniysan-a?

— Taniyman. Quvnoq yigit.

— Quvnoqmi, quvnoq emasmi, bu bilan ishim yoʻq, lekin bilasanmi, u mening jigʻimga tegib yuribdi.

— Qanday qilib?

— Qayligʻimni tortib olyapti.

— Tumshugʻiga sol, agar gʻidi-bidi deydigan boʻlsa bir juft pistolet olib, masalani hal qil-qoʻy.

— Duelga chaqir demoqchimisan? — deya basharasini bujmaytirdi Dizma.

— Albatta! Men senga aytsam, Nikus' bunaqa paytda choʻzib oʻtirmaslik kerak: paq-paq, gap tamom.

— Bilasanmi... Muhimi bu emas. Gap xotin kishi haqida ketyapti. Agar men uni yarador qilsam, Nina unga koʻproq talpina boshlaydi.

— Xoʻsh, nima qilmoqchisan boʻlmasa?

Dizma iyagini qashib qoʻydi.

— Balki, uni qamoqqa olish mumkindir... Kimligi, qayoqdan kelgani noma’lum-ku axir...

— Hm... Ochigʻini aytsam, buning uchun hech qanday asos yoʻq.

— Ehtimol, u josusdir? — dedi taraddudlanib Dizma.

— Nega endi josus boʻlarkan?

— Balki josusdir, balki josus emasdir. Hech kim, hech nima bilmaydi. Lekin shuncha pulni qayoqdan olyapti u? Nimaning evaziga bunday yallo qilib yuribdi?

— Hm...

— Muttaham. Chet el fuqarosi...

— Ha, uning hujjatlarini tekshirib koʻrish mumkin, albatta, — dedi xayolga choʻmib Vareda. — Hatto bexosdan borib, mehmonxonadagi nomerini tintib ham koʻrish mumkin. Biroq hujjatlari joyida boʻlib chiqsa, xijolatpazlik boʻladi. Yoʻq, unday qilish mumkin emas.

Vareda yana bir qadah aroq ichdi-da, birdan stolni shapatiladi.

— Yoʻli bor. Men senga aytsam — qoyilmaqom yoʻl...

— Xoʻsh?

— Gap Xellni qamatish haqida emas, balki uni uzoqlashtirish haqida ketyapti, shunday emasmi?

— Uzoqlashtirish deganing nimasi?

— Ninadan uzoqlashtirishni aytyapman-da.

— Ha, albatta.

— Ana shuning yoʻli bor. Uni qamoqqa olishadi, nomerini tintib, bu haqda gazetada xabar bosishadi-da, soʻng kechirim soʻrab, qoʻyib yuborishadi.

— Bundan nima foyda?

— «Nima foyda» deysanmi? Tushunmayapsanmi?

— Yoʻq.

— Buni tushunish juda oson-ku. Nima, Nina josuslikda shubha qilingʻan odamga iltifot koʻrsatadi, deb oʻylayapsanmi?

Dizma bir oz oʻylanib turgach, dedi:

— Iltifot koʻrsatmasa kerak.

— Bu gapdan soʻng, umuman, uni jamiyatda qabul qilisharmikin?.. Ha, oshna, bunaqa gʻavgʻodan soʻng u lash-lushini koʻtarib joʻnab qolishga majbur boʻladi.

— Hm... Lekin... u bu gaplarning hammasi anglashilmovchilik ekanligini tushuntirib qoʻyishi mumkin, — deya gap qotdi Nikodim.

— Bizga esa, — dedi e’tiroz bildirib Vareda, — uning juda ayyor ekanligi va hujjatlarni oʻz vaqtida yoqib yubortanligini shama qilishimiz. mumkin.

Dizma polkovnikning fikriga qoʻshilishga majbur boʻldi. Reja tayyor edi. Vareda ishni paysalga solib oʻtirmay shtabning ikinchi boʻlimi boshligʻi polkovnik Yarsga qoʻngʻiroq qildi.

Ertasiga kechqurun ular endi uchovlon uchrashishdi. Nikodim polkovnikka sirni oshkor qilgisi kelmaganidan Dizma bilan Vareda Yarsga barcha tafsilotlarni aytib oʻtirishmadi. U ham surishtirmadi. Yars uchun rais Dizma Pol'shada hech qanday mavqega ega boʻlmagan bir chet ellikni josus deb hisoblab, uning obroʻsini toʻkmoqchi ekanligining oʻzi kifoya edi... Buning ustiga restorandagi ziyofat ham juda zoʻr boʻlgan edi. Ular ertaga azondan harakat qilishga kelishishdi.

Ertasiga Dizma xuddi oyogʻi kuygan tovuqday bir yerda oʻtirolmadi. U kunduzi gazetlar chiqqan-chiqmaganligini bilib kelish uchun Ignatiyni minut sayin pastga tushirardi.

Nihoyat, xizmatkor uch dona gazeta koʻtarib keldi.

Dizma ularni shosha-pisha koʻzdan kechira boshladi. Ikki gazetada Xell' toʻgʻrisida hech nima yozilmagan edi. Ammo uchinchisining sahifasida «Yangi josuslar tashkiloti izidan. Hashamatli mehmonxonada kiborlar jamiyatiga mansub josus qoʻlga tushdi» degan sarlavha ostida yoʻgʻon harflar bilan terilgan xabar bosilgan edi.

Ilgari kelishib olinganiga muvofiq xabarda Xellning familiyasi toʻla koʻrsatilmagan edi. Unda qandaydir janob «X» haqida soʻz yuritilgandi. Biroq faktlar shunday bayon etilgandiki, Xellni taiydigan odamlarning birontasida ham gap u toʻgʻrisida ketayotganiga shubha qolmasdi.

Dizma xursandligidan qoʻllarini bir-biriga ishqaladi.

U koʻngli joyiga tushib, xizmatga doir qogʻozlarni koʻzdan kechirdi-da, imzo chekish lozim boʻlgan hujjatlarni keltirishni buyurib, sekretar' ayolga tegishib ham qoʻydi. Soʻng ta’zimlarga jilmayib javob qilganicha boʻlimlarni aylanib chiqdi va, nihoyat, xatlarni oʻqishga oʻtirdi. Ular orasida Kshepitskiyning xati ham bor ekan. Kshepitskiy quyidagilarni yozgan edi:

«Hurmatli pan rais!

Bu yerda hamma ish joyida. Na oppozitsiya bor, na sabotaj. Ishlarni bir oz tushunib qoldim. Sizni tabriklayman. Koborovoni oltin kon desa boʻladi. Bir oydan soʻng men bu yerda har bir tosh, har bir butoqni bilib olaman. Bu yerda sizdan juda qoʻrqishar ekan! Hatto bankada ham sizdan bunchalik hayiqishmaydi. Ikki marta Grodnoda — moliya boshqarmasida boʻldim. Rabinovich donasiga 700 zlotiydan beryapti. 30 dona buzoq olmoqchi, lekin haqini Belostokdagi Kugel' bankasi hisobida boʻlgan «Natan Gol'der va K°» firmasi veksellar bilan toʻlayman, deyapti. Bitimni rasmiylashtirishga rozi boʻlsangiz, telegraf orqali xabar qilishingizni soʻrayman. Kasperskiyning aytishiga koʻra, bu veksellarga ishonsa boʻlarmish.

Siz xatingizda tilga olgan Xellni tanimayman, u haqida hech nima eshitmaganman. Menimcha, bezovta boʻlishga asos boʻlmasa kerak. Lekin ehtiyotkorlik hech qachon halal bergan emas. Shu boisdan ham, yaxshisi, Ninaga, Xellning tanosil kasalligi bor ekan, deb ayting. Shundan soʻng qayligʻingiz unga iltifot koʻrsatishdan choʻchib qoladi.

Ikki marta Jorj Ponimirskiyning pavil'onida boʻldim. U qattiq betob ekan. Doktorning aytishicha, zotiljam boʻlganmish. Isitmasi juda baland, meni mutlaqo tanimadi, nuqul alahlaydi. Oʻlib qolmasa deb qoʻrqaman. Kunitskiyning asfalasofilinga ketganini eshitgach, xursandligidan pal'tosini kiymay parkka yugurib chiqqan ekan. Parkda u yoqdan-bu yoqqa yugurib, allanimalar deb qichqiribdi. Bechoraga rahmim keladi!»

Keyin Kshepitskiy daromad va xarajatlar haqida hisobot berib, Nikodimdan shpal sotish masalasini bir yoqli qilishni soʻragan va tezda bir-ikki kunga Varshavaga kelajagini xabar qilgan edi.

Nikodim xursand edi. U mashinistkaga telegramma tekstini yozdirib, Kshepitskiyning oʻzi ishonar ekan, veksellarni olaverishni buyurdi. Soʻng Pshelenskayaga telefon qilib, peshinda unikiga borib ovqatlanajagini aytib qoʻydi.

Pshelenskayanikida Dizma bekaning oʻzi va Ninadan tashqari Nikodim ilgari uchratgan, lekin hozir familiyalarini unutib qoʻygan ikki yigit bilan Mariyetta Charskayaga duch keldi.

Nikodim odatdagi salom-alikdan soʻng soʻradi:

— Qamoqqa olish haqidagi gapni eshitdingizmi?

— Qanaqa qamoq?

— Bilmaymiz.

— Kimni qamoqqa olishibdi?

— Hozirgi zamonda hech kimga ishonib boʻlmaydi, — dedi bosh chayqab Dizma. — Boʻlmasam durustgina odamga oʻxshab koʻringan edi-ya!

— Kimni aytyapsiz? — soʻradi ortiq chidayolmay Pshelenskaya.

— Kimni boʻlardi? Anovi Oskar Xellni-da.

— Kimni dedingiz? — deya qayta soʻradi bezovtzlanib Nina.

— Xellni, — takrorladi Dizma uning yuziga tikilib.

— Boʻlishi mumkin emas! Oskarni-ya?!

Dizma shoshilmay choʻntagidan gazetani oldi-da, qizil qalam bilan chizib qoʻyilgan joyni koʻrsatib, uni Pshelenskayaga uzatdi.

Xonim xabarni tovush chiqarib oʻqib chiqdi. Soʻng xoʻrsinib xitob qildi:

— Buni qarang-a! Yo parvardigor!

Nina gazetani olib, haligi joyga koʻz yugurtirdi. Uning juda ruhi tushib ketgan edi.

— Endi hech kimga ishonib boʻlmaydi! — dedi ibratomuz ohangda Pshelenskaya.

— Qanday qabohat! — dedi ichidan xoʻrsinib Nina. — Odamlarning bari razil, qayoqqa qarama qabohatni koʻrasan!

— Judayam olib qochmaslik kerak, — deya vazminlik bilan e’tiroz bildirdi Dizma.

Shundan soʻng Xell haqida suhbat boshlanib, deyarli hammasi uning xatti-harakatlari ilgari ham shubhali tuyulganini gapira ketishdi.

Nina ularningʻ gapiga quloq solmay qoʻygandi. U faqat bu foniy dunyoning jaholatga koʻmilganligʻi va oʻzining hamma yoqdan berilishi mumkin boʻlgan zarbalar oldida qanchalik ojiz ekyanligini oʻylab azob chekardi. Soʻngra u Dizmaga tikilib qaray boshladi. Sochlari xiyol jingalak, yuzi toʻrt burchak, burni bir oz puchuq, ogʻzi kichkina, pastki jagʻi yaxlit Nikodim ancha novcha koʻrinardi. U odatda qadamini keng tashlab, chayqalib yurardi.

«Bunday qaraganda, oddiy odam, — deya oʻylardi Nina, — biroq ana shu qiyofa zamirida cheksiz kuch, koʻz ilgʻamas qudrat yashiringan. U bu kuch-qudratni qachon va qayerda sarflashni juda yaxshi biladi. Nik... mening Nikodimim...»

Atrofidagi odamlarniig suhbatiga jilmayib quloq solayotgan bu odam, unga bir zum begona boʻlyb koʻringan bu davlat arbobi, bu ulugʻ iqtisodchi aslida oʻzining Nikodimi ekanligini oʻylab Nina hatto hayratta tushdi; ha, Nikodim uning qalligʻi, koʻp oʻtmay eri boʻladi... Uning taqdiri shu odamning qoʻlida boʻladi, uni oʻz qanoti ostiga olib, ofatlardan muhofaza etadi... Nikodim bu vazifani hammadan yaxshi bajaradi. U sahrodagi ehromga oʻxshaydi, uni hech qanday toʻfon agʻdara olmaydi... Xell' ham chinakam erkak edi, biroq...

U Xellni oʻylamaslikka urindi.

Xizmatkor ovqat tayyor ekanligini xabar qildi. Dasturxon ustida ular u yoq-bu yoqdan gaplashib oʻtirishdi. Ovqatdan soʻng Dizma bilan yolgʻiz qolgach, Nina uning qulogʻiga shivirladi.

— Sevaman, juda sevaman.

Nikodim uning qoʻlini oʻpdi.

— Nik... Bugun senikiga boramizmi?

— Oʻzing shuni istaysanmi? — deya soʻradi quvlik bilan Dizma.

Nina labini tishlab, unga koʻzini suzib qaradi-da, shivirladi:

— Judayam, judayam, judayam...

Uning rangi oqara boshladi, Nikodim buning sababini yaxshi bilardi.

— Uch kundan beri birga boʻlganimiz yoʻq.

— Yaxshi, — bosh irgʻadi Nikodim, ichida esa: «U-hoʻ, ish zoʻr boʻladiganga oʻxshaydi-ku!» — deb qoʻydi.

Ular soat sakkizlarga yaqin uydan chiqishdi. Nina xolasiga, operaga boramiz, deb aytdi-da, soʻng Nikodimga kula-kula nima uchun xuddi operani tanlaganini tushuntirdi — bugun «Afrikalik ayol» qoʻyilayotgan boʻlib, u yarim kechadan oshganida tugardi.

— Ninochkang juda ayyor-a, toʻgʻrimi?

— Xo-xo!..

Nikodim darvozaxonada Ninaning qadam tovushi tingunicha kutib turdi-da, soʻng choʻntagidan soatini chiqarib qaradi. Soat oʻn ikkidan oshgan edi. U uyga qaytishga jazm qildi.

Bankaga yigirma qadamcha qolganida u Man'kani koʻrib qoldi. Qiz, chamasi uni kutayotgan boʻlsa kerak, fonar' ustuniga suyanib turardi.

Nnkodim qovogʻini soldi. U Man'kani koʻrmagan kishi boʻlib oʻtib ketmoqchi edi, qiz uning yoʻlini toʻsdi.

— Xoʻsh, nima kerak senga? — deya toʻngʻilladi Dizma.

— Nikodim...

— Nima kerak, deyapman?!

— Nikodim... Jahling chiqmasin... Sensiz yashayolmayman.

— Aravangni tortsang-chi! Tupurdim senga! Qoʻp tirgʻilaverma, mochagʻar. Naq tumshugʻingga solaman!

Man'ka unga qoʻrquvdan javdirab qaradi.

— Nega endi, Nikodim? Senga nima yomonlik qildim?

— Jonimga tegding.

— Seni sevaman axir, oʻzing va’da qilgan eding...

— Tupurdim oʻsha va’daga, bildingmi?! Sengayam tupurdim! U yogʻini soʻrasang fohisha, yana yopishishiga balo bormi! La’nati!

— Nikodim!

— Yoʻqol, mochagʻar!

Shunday deya Dizma Man'kani itarib yuborgan edi, qiz gandiraklab, iflos qorga niqildi.

Qiz oʻrnidai turmadi. U banka tomon yoʻl olgan Nikodimning ortidan indamay qarab turardi.

— Hali shunaqami?!

Man'ka sovuqdan qotib qolgan qoʻllari bilan yuzini yopib, hoʻng-hoʻng yigʻlay boshladi. — Fohisha... mochagʻar... lan’ati dedi-ya...

Soʻng u oʻrnidan sakrab turdi-da, Dizmaning ortidan musht oʻqtaldi.

— Hali qarab tur!

Shunday deya Man'ka pal'tosidagi qorni qoqib tashlab, Marshalkovskaya tomon yugurib ketdi.

— Koʻrasan hali, qarab tur!.. Meniki boʻlmas ekansan, unga ham nasib qilmaysan. Endi koʻrasan mendan!

Uning a’zoyi badanini intiqom tuygʻusi qamrab olgandi.

Eshik oldida turgan politsiyachi undan, senga nima kerak, deb soʻraganida Man'ka sira ham ikkilanib oʻtirmadi.

— Bir nusxaning jinoyati toʻgʻrisida xabar qilmoqchiman.

— Xabar qilmoqchiman deysanmi? Mayli, navbatchining oldiga bor. Huv anovi eshikdan kirasan.

Oʻrtasidan panjara bilan ajratilgan kenggina xonaga kirgach, Man'ka stol yonida oʻtirgan amaldor oldiga yugurib bordi.

— Nima gap? — deb soʻradi navbatchi. U yozishda davom etarkan, boshini koʻtarib Man'kaga qaramadi ham.

— Bir nusxaning jinoyati toʻgʻrisida xabar qilmoqchiman.

— Xoʻsh? — pinagini buzmay toʻngʻilladi navbatchi.

— U may oyidayoq bir juhudni gumdon qilgan edi. Anchagina pul oʻmargandi. Oʻshanda pulni oʻzi menga maqtanib koʻrsatgan edi. Endi Vspul'nayadagi bankani urmoqchi.

Politsiyachi qoʻlidagi qalamni bir chetga qoʻyib, Man'kaga durustroq qaradi.

— Banka deysanmi?.. Kim ekan u?

— Dizma. Nikodim Dizma.

— Buni qayoqdan bilasan?

— Bilaman-da.

— Oting nima?

— Man'ka Bartik.

— Qayerda turasan?

— Lutskaya koʻchasi, oʻttiz olti.

— Nima ish qilasan?

— Koʻcha qiziman, — deya javob qildi Man'ka bir oz ikkilanib turgach.

— Nega uni chaqyapsan!

— Bu yogʻi mening ishim.

Politsiyachi uning familiyasi bilan adresini yozib oldi.

— Vspul'nayadagi bankani urib ketmoqchi deysanmi?

— Ha.

Politsiyachi telefon trubkasini olib nomerni aytdi.

— Bunaqa ishda hazil qilib boʻlmasligini bilasanmi? Agar yolgʻon gapirgan boʻlsang, seni qamashadi.

— Bilaman.

Politsiyachi Man'kaga diqqat bilan tikildi. Qiz lablari qimtib, xotirjam qarab turardi.

O‘xshash hikoyalar