Muttahamning parvozi (III- qism) (7-bet)
xotirjam qarab turardi. Shu boisdan u qizning yolgʻon gapirmayotganiga ishonch hosil qildi.
— Oʻsha Dizmang hozir qayerda?
— Bankada.
— Nima?!
— Uning bankaga kirib ketayotganini oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Darbon uni ichkariga kiritib yubordi.
— Pan komissar uydamilar?.. Iltimos, uygʻoting. Muhim ish bor. Navbatchi Kasparskiy gapiryapti.
Tezda trubkani komissar oldi. Politsiyachi unga Man'kaning gapini xabar qildi.
— Qizni tutib turing, — deya buyurdi komissar. — Hozir borib, uni oʻzim soʻroq qilaman.
Navbatchi trubkani joyiga qoʻydi-da, Man'kaga devor oldidagi skameykani koʻrsatdi. — Kutib tur.
— Yaxshi.
Man'ka skameykaga oʻtirdi. Hali qarab tursin, koʻrsatib qoʻyadi unga!
Bu orada Nikodim oʻrnida choʻzilib, gazeta oʻqib yotardi. Telefon jiringlab qoldi.
Nikodim soʻkinib qoʻydi-da, oʻrnidan turmaslikka ahd qildi. Biroq telefon tinmay jiringlayverdi.
— Kim ekan, jin urgur?!
Dizma karavotdan sakrab turdi-da shippagini ham kiymay kabinetga oʻtib, qorongʻida stulga qoqilib ketdi.
— Allo!
— Pan rais Dizma bilan gaplashsam boʻladimi?
— Bu menman. Kimsiz oʻzingiz?..
— Komissar Yaskul'skiyman.. Salomatmisiz, pan rais. ...
— Salom. Xoʻsh, nima gap?
— Bevaqt bezovta qilganim uchun meni kechirasiz, pan rais. Muhim ish chiqib qoldi.
— Qulogʻim sizda....
— Komissariatga Bartik familiyali bir fohisha murojaat qildi. Uning aytishicha, siz gʻalla bankasini oʻmarib ketmoqchi emishsiz.
— Nima?
Komissar kulib yubordi.
— Telbaga oʻxshamaydi, gapida qattiq turib olyapti. Siz uni taniysizmi?
— Yoʻgʻ-e, nimalar deyapsiz
— Tushunarli... Uni tutib turishni buyurdim. Avvaliga mast deb oʻyladim, yoʻq, mast emas ekan. U sizning raisligingizni bilmas ekan. Buni unga aytdim, biroq u gapini qaytib olmadi. Negadir sizdan xafaga oʻxshaydi... Siz chindan ham bir vaqtlar Lutskaya koʻchasida istiqomat qilganmisiz?
— Xudo saqlasin! U yerda xech kachon turgan emasman.
— Oʻzim ham shundaydir deb oʻylovdim, — deya uning gapini ilib ketdi komissar. — Siz kulyapsizu, lekin uning aytishicha, may oyida allaqanday yahudiyni oʻldirib, pulini olgan emishsiz. U hatto siz unga oʻgʻirlik iulni koʻrsatgan mehmonxonani ham aytdi.
— Nima balo, miyasini yeb qoʻyibdimi!
— Men ham shuni aytyapman-da, pan rais. Uni nima qilishni bilmay qoldim.
— Quvib yuboring.
— U gapida qattiq turib olib, protokol yozishni talab qilyapti. Agar ishga rasman yondashilsa, men uning iltimosini qondirishim kerak.
— Nima keragi bor? — deya shoshilib e’tiroz bildirdi Dizma. — Protokol yozishning hojati yoʻq.
— Tushunaman, pan rais. Protokol yozib, keyin soxta guvohlik bergani uchun javobgarlikka tortish mumkin.
— Hojati bormikin?
— Uch oycha oʻtirib chiqadi.
— Keragi yoʻq. Unga ayting — xohlagan tomoniga ketsin.
— Rozi boʻlmaydi. Juda qaysar ekan, la’nati!
— Hammasi sizning qanday maslahat berishingizga bogʻliq.
— Tushunmadim, pan rais.
— Siz politsiyachilarning oʻz usullaringiz bor-ku axir...
— E-ha! — deya javob qildi komissar. — Hammasini toʻgʻrilaymiz, pan rais. Salomat boʻling! Bezovta qilganim uchun yana bir bor kechirasiz.
— Hechqisi yoʻq! Sizdan gʻoyat minnatdorman. Oʻrni kelib qolganda sizni unutmayman, komissar.
Komissar tilyogʻlamalik bilan minnatdorchilik izhor qila boshladi. Soʻng trubkani joyiga qoʻyib, koʻngʻiroq tugmasini bosdi. Eshikda politsiyachi paydo boʻldi.
— Uni bu yoqqa olib kir!
— Ana koʻrdingmi, gaplaringni hammasi gʻirt yolgʻon ekan. Seni qamaymiz.
Komissar qizning javobini kutdi, biroq Man'ka indamay turaverdi.
— Senga achinaman. Hali yosh ekansan. Yaxshilikcha aytyapman, guvohligingni qaytarib ol.
— Qaytarib olmayman, — sira tap tortmay javob qildi Man'ka. — Mayli, qamalsam kamala qolay.
Komissar oʻrnidan sapchib turib, stolni mushtlaganicha qichqirdi:
— Ha, lan’ati! Qaytarib olasan! Men qaytarib olasan dedimmi, demak, qaytarib olasan.
Qomissar gʻazabi qaynab, xonada u yoqdan bu yoqqa yura boshladi. Soʻng Man'kaning oldiga kelib toʻxtadi.
— Xoʻsh? Qaytarib olasanmi?
— Yoʻq, — javob qildi Man'ka labini tishlab
— Valyasek, — deya politsiyachini chaqirdi komissar, — uni orqa xonaga olib boringlarda, nufuzli chinovniklar ustidan soxta guvohlik berishning qanaqa boʻlishini tushuntirib qoʻyinglar.
— Xoʻp boʻladi, pan komissar.
Politsiyachi qizning qoʻltigʻidan tutib, koridorga olib chiqdi.
U uzoq, juda uzoq surgalib yurdi. Quyosh allaqachon koʻtarilgan boʻlib, koʻchalar borgan sayin gavjumlashmoqda edi. Man'ka qoqila-suqila gandiraklab borardi. Yoʻlovchilar uning ortidan qarab qolishardi.. Yoshi oʻtib qolgan qandaydir xonim nafrat bilan dedi:
— Tuf-e! Behayo! Ichib olganini qarang-a!. Man'ka indamay ketaverdi.
18-bob
Jiddiylik va bashanglik, yaxshi did va nafosat — bu fazilatlarning bari advokatning hasham bilan jihozlangan kabinetida mujassamlashgan edi. Kabinet soqoli toʻrt burchak qilib qaychilangan, sochiga oq oralagan, qoʻydi-chiqdi ishlarining piri sifatida nom chiqargan, shahar munitsipal kengashi a’zosi, hazrati oliylari kamergerining xususiyatlarini xuddi koʻzguday yorqin aks ettirib turardi.
Yozuv stoli yonida xoʻjayinning qarshisida oʻtirga Nikodim uning har bir soʻziga diqqat bilan quloq solmoqda edi. Kabinet egasi esa tinmay gapirardi. Uning xotirjam va ohista gaplari tinchgina oqayotgan daryoni eslatardi.
Advokatning tepasida keng zarhal romda rim papasining katta portreti osigʻliq turardi.
Advokat stol tortmasini ochib, qandaydir papkani oldi-da, bir zum ham gapirishdan toʻxtamay, undan pergamentga yozilgan toʻrt buklogʻlik hujjat chiqardi.
Hujjatga shohi tizimcha bilan ikki dona katta-katta mum muhr osib qoʻyilgandi. Advokat ulardan birini ixlos bilan oʻpdi-da, hujjatni Dizmaga uzatdi.
Hujjat lotin tilidan yozilgan edi, ammo shunga qaramay Dizma unda nimalar yozilganini yaxshi bilardi.
Bu Ninaning nikohi bekor qilingani toʻgʻrisidagi guvohnoma edi.
Endi qogʻoz qoʻliga tekkach, Dizma bu ishlar oʻziga ancha qimmatga tushgani toʻgʻrisida oʻylanib qoldi.
«Qiziq, advokat eidi qancha soʻrarkin?» deya xayolidan oʻtkazdi u.
Advokat goʻyo uning savoliga javob berganidek, papkadan bir varaq qogʻoz oldi-da, tilla suvi yugurtirilgan qalam bilan allaqanday raqamlarni yozib, dedi:
— Mening gonorarim toʻrt ming ikki yuz zlotiy.
Dizma hatto oʻtirgan joyida sapchib tushdi.
— Qancha dedingiz?
— Toʻrt ming ikki yuz zlotiy, pan rais.
— Hazillashyapsiz chogʻi?! Men nari borsa ikki ming zlotiy boʻlsa kerak, deb oʻylovdim!..
— Pan rais, mening odatda oladigan gonorarimni toʻlashingiz va bundan tashqari, qoʻshimcha xarajatlarni qoplashingiz sharti bilangina bu ishga qoʻl urishimni sizga boshidayoq aytib qoʻygan edim.
— Ammo toʻrt ming zlotiy juda koʻplik qiladi! Jami boʻlib bu ish menga oltmish mingga tushyapti axir!
— Bir narsani unutmang, pan rais, boshqa bironta ham advokat bu sharoitda nikohni bekor qildira olmagan boʻlardi. Men guvohlarning qoʻshimcha ma’lumoti uchun ancha pul sarflashga majbur boʻldim.
— Lekin u guvohlar allaqachon oʻlib ketgan-ku!
Advokat ensasi qotib iljaydi.
— Bu gapingiz toʻgʻri. Lekin marhumlarning guvohligi tiriklarnikidan arzonroq turadi deb oʻylaysizmi?..
Nikodim gapini tushundi.
— Demak? — deya soʻradi u.
— Demak, — dedi gapni ilib advokat, — shundan boshqa chora yoʻq edi.
Nikodim choʻntagidan bir dasta pul oldi-da, kerakli aqchani sanab berib, oʻrnidan turdi.
Mijozini dahlizga qadar kuzatib chiqqan advokat unga yana qanday rasmiyatchiliklarni bajarib, grajdanlik holati kitobiga qanday oʻzgarishlar kiritish lozimligi haqida uzoq gapirdi-da, soʻng sipolik bilan ta’zim qilib xayrlashdi.
Advokatning uyidan chiqqach, Nikodim toʻgʻri Ninaning oldiga ravona boʻldi.
Uning dimogʻi chogʻ edi. Soʻnggi kunlarda uning ishlari juda yurishib ketgandi. Man'ka koʻcha-koʻyda koʻrinmay qolgandi. Dizma avvaliga, la’nati qiz yana politsiya yoki prokurorga borib chaqmasa goʻrga edi, deya bezovta boʻlib yurdi. Ammo, baxtiga Man'ka damidan tushib qolganga oʻxshaydi.
Endi Nikodimning qoʻlida Ninaga uylanib, Varshavadan joʻnab ketishga imkon beradigan hujjat bor edi.
Bugun ertalab u telegramma oldi: unda Kshepitskiy shaharga kelishini xabar qilgan edi. Hozir Kshepitskiy Nikodim uchun juda zarur edi, chunki chorshanba kuni Ministrlar Soveti qoshidagi iqtisodiy komitetning majlisi boʻlishi kerak edi. Kun tartibiga muhim bir masala qoʻyilgan boʻlib, majlisda moliya ministri gʻalla zapasini chet elga sotishni talab qilmoqchi edi. Nikodim ham majlisda soʻzga chiqib, yo oʻsha talabni qoʻllab-quvvatlashi yoki uni rad etishi lozim edi. Ammo qanday yoʻl tutishni oʻzi bilmasdi. Shu boisdan ham Kshepitskiyning kelishi unga juda qoʻl kelardi.
Soʻnggi paytlarda Nikodim gazetalar bahslashayotgan u yoki bu masala xususida oʻz fikrini aytishga jur’at eta boshlagan edi.
Odatda u oʻziga toʻgʻri boʻlib koʻringan fikrlarga qoʻshilardi-da, soʻng oʻni oʻziniki qilib koʻrsatardi. Biroq endi boʻlajak ish mutlaqo sir tutilishi lozim edi.
Pani Pshelenskaya xonadoni notinch edi. Bekaning yuzi koʻpchib ketgandi, Ninaning rangi esa oppoq edi.
— Nima gap? — soʻradi ajablanib Nikodim.
— Eh, pan rais, — bidirlay ketdi Pshelenskaya, — uni qarangki Xellni qamoqdan chiqarib yuborishibdi.
— Uni anglashilmovchilik sababli qamashgan ekan, — deya shoshilib qoʻshimcha qildi Nina. — Undan kechirim soʻrashibdi. Sira aybi yoʻq ekan.
Dizma hurpayib, qovogʻini soldi.
— Yuragim tars yorilib ketadi deb oʻylovdim, — deya davom etdi qoʻllarini silkitib pani Pshelenskaya. — Tavba, yarim soat burun menga Yanek Karchevskiy qoʻngʻiroq qildi. Uni taniysiz, tennischi. Xell' Karchevskiyga telefon qilib, bu anglashilmovchilik oqibati ekanini, bu haqda bizga, Charskiylarga va, umuman, hammaga aytib qoʻyishni soʻrabdi. Bu ham yetmaganday, u Yanekka biznikiga kelib, ahvolni shaxsan tushuntirib qoʻymoqchi ekanini ham aytibdi. Bunisiga nima deysiz?! Nima qilishni bilmay qoldim... Shunday odamni qabul qilish mumkinmikin? Axir u josuslikda ayblanib, qamalib chiqqan-ku!
— Ha, lekin aybnoma yolgʻon boʻlib chiqdi-ku, — hayiqibgina e’tiroz bildirdi Nina.
— Nima qilsak ekan?! Pan rais, siz nima deysiz? Bu ish haqida biron narsa eshitgandirsiz axir?
Nikodim oʻzini jiddiy qilib koʻrsatishga urindi.
— Menda aniq ma’lumot bor. Xellni barcha dalillarni oʻz vaqtida yoʻqotib yuborgani uchungina qoʻyib yuborishyapti.
— Nimalar deyapsiz, pan rais!
— Ha, ha. Menga bu gapni shtabdagi ikkinchi boʻlimning boshligʻi aytdi. Xell' bol'shevik josuslari toʻdasining boshligʻi ekan. Uni uzoq kuzatishibdi. Mehmonxonadagi nomerini tintishganida uning aybini isbotlovchi hujjatlar oʻrnida bir hovuch kul topishibdi. Shundan soʻng undan kechirim soʻrab, xoʻjakoʻrsinga qamoqdan chiqarib yuborishga toʻgʻri kelibdi. Keyin uni butunlay qoʻlga olisharmish. Ikkinchi boʻlimning boshligʻi menga va davlat sirlaridan voqif boʻlgan boshqa kishilarga maxsus qoʻngʻiroq qilib, oʻsha nusxadan ehtiyot boʻlish kerakligini tayinladi.
— Unday boʻlsa qamma gap ravshan, — dedi Pshelenskaya.
Nina indamay oʻtirardi.
Birdan qoʻngʻiroq chalinib qoldi. Pshelenskaya shosha-pisha oʻrnidan turib, har ehtimolga qarshi dahlizdan mehmonxonaga oʻtadigan eshikni yopib qoʻydi.
Shu payt xizmatkor kirib:
— Pan Oskar Xell' keldi, — deb xabar qildi.
Shunda Pshelenskaya dahlizda ham eshitilishi uchun baland ovoz bilan dona-dona qilib dedi:
— Unga bizning uyda yoʻqligimizni aytib qoʻy. Bunday janoblar uchun biz hech qachon uyda boʻlmaymiz.
Eshikning taraqlab yopilgani eshitildi.
— Odamlar qanday yovuz boʻlishadi-ya! — dedi xoʻrsinib Nina.
Nikodim servantdagi qaqir-quqirlarni tomosha qilayotgan kishi boʻlib, teskari qaradi. Servant oynasida u oʻzining iljayib turgai basharasini koʻrib, yanada battarroq tirjaydi.
Kshepitskiy moliya ministrining mashinkada olti varaq qogʻozga yozilgan taklifini diqqat bilan oʻqib chiqib, Pol'sha va chet el gʻalla birjalari byulletenlarini koʻzdan kechirdi-da, yelkasini qisdi.
— Hm... Bu gaplar haqida oʻzingiz qanday fikrdasiz, pan rais?
Nikodim peshanasini tirishtirdi.
— Qanday fikrdasiz, deysizmi?.. Hm. Menimcha, bu eng yaxshi chora boʻlmasa kerak.
— Eng yomon chora bu. Bu oʻzini oʻzi oʻldirish bila barobar. Hozirgi sharoitda gʻallani chetga solish! Bu ishda biz oʻttiz protsentdan qirq irotsentgacha zarar koʻrishimiz avvaldan ma’lum-ku axir! Bu gʻirt telbalik! Nihoyat, shuncha gʻallani xorijiy bozorga chiqarib sotish — unning narxini tushirish degan gap. Demak, bizda ham gʻallaning bahosi tushib ketadi. Buyam mayli-ya! Shundan soʻng gʻalla obligatsiyalari sariq chaqagayam arzimay qoladi.
Nikodim bosh irgʻadi.
— Men ham kecha Yashunskiyga xuddi shu gapii aytdim. Unga, bu taklifga qat’iyan qarshi chiqaman, dedim.
— Toʻgʻri qilibsiz. Siz mutlaqo haqsiz, pan rais.
— Lekin men sizning fikringizni bilmoqchi edim. Fikrimiz bir joydan chiqqanidan xursandman. Boʻpti, Kshepitskiy, mashinistkani chaqiring-da, oʻsha loyihaga nisbatan e’tirozlarimizni yozdiring. Ularning bir adabini berib qoʻyay!
Ikki soatdan soʻng qogʻoz tayyor boʻldi. Iqtisodiy komitetning majlisi soat yettiga belgilangan boʻlib, Dizma bilan Kshepitskiyning ixtiyorida hali bir soat vaqt bor edi. Ular Koborovo ishlari, Nikodimning toʻyi haqida gaplashib oʻtirishdi.
Nikodim hammasidan ham toʻydan soʻng Jorj Ponimirskiyni nima qilishini oʻylab, garang edi. U Nina akasini pavil'ondan uyga koʻchirib oʻtkazishni albatta talab qilishini yaxshi bilardi.
Juvon bu haqda unga bir necha bor aytgan edi. Aslida, Dizma bunga qarshi emasdi: Jorj Tvorki ga joʻnatadigan darajada emasdi, albatta. Biroq Nikodim uning Oksford masalasida valdirab qoʻyishidan choʻchirdi.
Turgan gap, u oʻz hadigini Kshepitskiyga aytmadi. Sekretar' esa, oʻz navbatida, Ninaning iltimosini inobatga olish lozim, deb hisoblardi. Agar Jorj chidab boʻlmaydigan darajaga yetsa, keyinchalik uni bironta sanatoriyga joylashtirish mumkin. Ular shunga kelishishdi. Kshepitskiy Dizmani Ministrlar Sovetiga o.lib borib qoʻydi-da, oʻzi Pshelenskayanikiga joʻnadi.
Uzun stol yoniga kelib oʻtirgach, Nikodim raislik joyiga oʻrnashib olgan bosh mnnistrga nutqini boshlab yuborgan moliya ministri va boshqa arkoni davlatlarga zimdan koʻz yugurtirib chiqdi. Chetdagi kichkina stol yonida ikki stenografist ayol oʻtirardi.
Moliya ministri qisqacha qilib oʻz taklifini asoslab berdi. Uning aytishicha, byudjetdagi defitsitni faqat zapasdagi gʻallani sotish yoʻli bilangina qoplash mumkin ekai. Bu orada xalqaro ahvol yaxshilanib, chet davlatlardan qarz olish imkoniyati tugʻilishi mumkin emish. Nutqining oxirida ministr ma’lumoti boʻyicha filolog boʻlib, iqtisodiy hayotnn faqat soʻnggi yillarda orttirgan tajribasi tufayligina tushunajagini aytdi. Ministrlik kreslosiga uni majbur qilib oʻtkazishgan ekan. Lekin u qoʻgʻirchoq ministr boʻlishni istamas emish va shu boisdan, agar taklifini rad etishsa, darhol iste’foga chiqarmish.
Shundan soʻng bosh ministr soʻzga chiqib, moliya ministriai uning xizmatlari gʻoyat yuqori baholanishiga va taklifi albatta qabul qilinajagiga ishontirdi.
Hamma tomondan ma’qullagan ovozlar eshitildi.
Majlis paytida barcha ministrlar dam-badam Dizmaga qarab qoʻyishardi. Biroq Nikodim indamay oʻtiraverdi. Undan biror ajoyib gap chiqishshsh kutib oʻtirgan majlis ahli yanglishmadi. Bosh ministr jilmayganicha undan oʻz fikrini aytishni iltimos qilgan edi, Nikodim oʻrnidan turib gapini boshladi:
— Meni kechirasizlar, gapga chechan emasman. Qisqacha qilib aytaman. Bu yerda soʻz biz haqimizda emas — davlatimiz farovonligi toʻgʻrisida ketyapti, safsata sotib oʻtirishga vaqt yoʻq. Bu yerda aytilgan gaplarning bari sariq chaqaga ham arzimaydi. Men oʻz deklaratsiyamni oʻqib beraman.
Shunday deb u Kshepitskiy tayyorlab bergan tekstni olib, oʻqishga tushdi.
Zal bir zum harakatga keldi. Nikodim tekstni oʻqib boʻlgan zahoti moliya ministri oʻrnidan sapchib turib, qoʻllarini gʻazab bilan silkitganicha norozilik bildira boshladi.
Gʻala-gʻovur koʻtarilib, majlisda ishtirok etayotgan kishilar bir-birlari bilan bahslasha ketishdi. Biroq bosh ministr asta-sekin ularni tinchitishga muvaffaq boʻldi. Shundan soʻng odatdagi munozara boshlandi.
Yashunskiy Dizmaga qarab zarda bilan dedi:
— Nega bugun toʻningizni bunday teskari kiyib oldingiz? Axir oʻtgan kuni menga oʻzingiz bu taklifga qarshi emasligingizni aytgan edingiz-ku.
Dizma qizarib ketdi.
— Hecham shunday deganim yoʻq!
— Ehtimol, shu yaxshi chora boʻlib chiqar degandingiz.
— Yolgʻon.
— Yoʻq, men emas, siz yolgʻon gapiryapsiz! — dedi qizishib Yashunskiy. — Balki, oʻshanda boshqacharoq iboralar qoʻllagandirsiz, biroq har holda bu loyihaga qarshi emasdingiz.
— Nahot tushunmasangiz, kasbdosh, — dedi istehzo bilan moliya ministri. — Pan Dizma bizni gʻaflatda qoldirish uchungina shunday qilgan.
Nikodim oʻrnidan turdi.
— Mening ortiq gapiradigan gapim yoʻq. Aytishim lozim boʻlgan gapni aytib boʻldim. Siz esa, janoblar, qanday istasangiz, shunday yoʻl tutaveringlar.
Ministrning taklifi qabul qilindi.
— Menga baribir, — dedi Nikodim oʻsha kuni kechqurun Dshepitskiyga, ular Pshelenskayanikidan birga qaytishar ekan, — baribir iste’foga chiqaman.
— Bankaga achinadi odam!
Dizma yelkasini qisdi.
— Sizning rejangiz va mehnatingiz samarasi edi u!
— He, jin ursin hammasini!
— Ertaga rosa gʻala-gʻovur koʻtariladigan boʻldi-da.
— Qanaqa gʻala-gʻovur?
— Matbuotni aytyapman-da. Axir bu gʻirt tentaklik-ku. Koʻpgina gazetalar siz tomoningizni olishsa kerak.
— Olishsa olishar, menga nima?
— Toʻgʻri, foydasi, yoʻq, ammo ertaga... Pan rais, menda bir fikr tugʻilib qoldi.
— Xoʻsh?
— Ertaga iste’foga chiqish toʻgʻrisida ariza berishingiz uchun ajoyib imkoniyat tugʻildi.
— Hojati bormikin? Men toʻydan oldin ariza bermoqchiydim. Bir necha ming zlotiyni yoʻqotishdan nima foyda?
— Agar oʻrningizga darhol odam topisha olganida gapingiz toʻgʻri boʻlardi. Ular sizdek bir odamga darrov javob berib yuborishni istamaydi, albatta. Bu masala anchaga choʻziladi. Ma’naviy jihatdan yutishingiz turgan gap.
— Xoʻsh, men nima qilishim kerak?
— Buni amalga oshirish juda oson. Siz sababini koʻrsatmay iste’foga chiqayotganingizni aytasiz. Shunda gʻalla bankasini nobud qilayotgan hukumatning qarori uchun javobgarlikni zimmangizga olishni istamasligingiz hammaga ayon boʻladi.
— Toʻgʻri!
— Ana koʻrdingizmi, pan rais. Jamoatchilik fikri siz tomonda boʻladi.
Nikodim kulib, Kshepitskiyning yelkasiga qoqib qoʻydi.
— Juda quvsiz-da, Kshepitskiy!
— Doim xizmatingizga hozirman, pan rais.
19-bob
Kshepitskiyning bashorati toʻgʻri chiqdi. Ertasiga ertalab koʻpgina gazetalarda ba’zi bir dudmol gaplar aytilib, iqtisodiy komitetning qarori haqida rasmiy xabar bosildi. Oppozitsiya matbuoti darhol bu qarorni qattiq tanqid ostiga oldi.
Oʻsha kuni Nikodim bu voqeaning naqadar muhimligini ta’kidlash uchun yoniga Kshepitskiyni olib, bosh ministr huzuriga bordi va iste’foga chiqish toʻgʻrisida ariza topshirdi.
Bosh ministr arizani oʻqib chiqqach, dovdirab qoldi. U Dizmadan vaziyatni keskinlashtirmay, arizasini qaytarib olishni iltimos qila boshladi. Biroq Nikodim oʻz gapida qattiq turib, qarori qat’iy ekanligini aytdi. U oʻrniga odam tayinlanguniga qadar vazifasini ado etib turishga rozi boʻldi-yu, ammo bosh ministrga ahdidan sira ham qaytmasligini aytib, ogohlantirib qoʻydi.
Ministrlar Soveti saroyidai chiqayotganda Kshepitskiy tomonidan pan raisning iste’foga chiqish haqida ogohlantirilgan uchta gazetaning reportyori Nikodimni bir necha marta rasmga oldi.
Bu voqea soat birlarga yaqin sodir boʻldi, soat ikkida esa bankaga ministr Yashunskiy keldi. U gʻoyat xafa boʻlib, qoʻllari qaltirab turardi. U har gapda:
— Xudo haqqi, oʻtinaman, bu ishni qilmang, — deb takrorlardi.
Yashunskiy bu ishning vatanparvarlikka xilof ekanligi, uning iste’foga chiqishi sanoat va qishloq xoʻjaligi doiralarida sarosima tugʻdirishi; siyosiy xarakterga ega boʻlgan keskinlik yuzaga kelishi, kabinetning mavqeiga putur yetishi mumkinligini aytib, ming xil bahona, dalil-isbot keltirdi. Nihoyat, ministr doʻstligini oʻrtaga solib, oʻzi ya’ni Yashunskiy va uning xodimlarini halokatdan qutqarib qolishni iltimos qila boshladi.
Dizma unga javob berishga ulgurmasdanoq, moliya ministri kelganini xabar qilishdi. Moliya ministridan soʻng deputat Levandovskiy, keyin polkoviik Vareda, soʻngra