tungi.ru

Muttahamning parvozi (III- qism) (8-bet)

Vareda, soʻngra Ulyanitskiy, rais Xirshman, knyaz' Rostotskiylar kelishdi. Shu payt telefon jiringlab qoldi: Dizmadan soat beshda Qasrga yetib kelishni iltimos qilishdi.

Nikodimni hatto iqtisodiy komitetning qarorni bekor qilib boʻlsa ham, iste’foga chiqish haqidagi ahdidan qaytarish uchun barcha safarbar qilingan edi. Biroq Dizma:

— Hech qachon ahdimdan qaytgan emasman, — deya oʻz gapida qattiq turib oldi.

Qabulxonada muxbirlar toʻplanishgan edi. Dizma bir minutga ularning oldiga chiqdi.

— Gap nimadaligini bilmoqchimisizlar? Boʻlmasam, bilib qoʻyinglar: men iste’foga chiqyapman.

— Nima sababga koʻra, pan rais?

— Ma’lum sababga koʻra. Aytishim mumkin boʻlgan gap shu.

— Qaroringiz qat’iymi?

— Qat’iy boʻlganda qandoq.

Dizma muxbirlar bilan bosh irgʻab xayrlashdi-da, chiqib ketdi.

— Metin odam-da, — dedi muxbirlardan biri.

— Judaya-ya-yam dono siyosatchi! — qoʻshimcha qildi boshqasi. — Nima qilishni juda yaxshi biladi u.

Ertalabki gazetalar shov-shuvga sabab boʻladigan sarlavhalar bilan chiqdi. Siyosiy doiralarda toʻs-toʻpolon koʻtarildi. Moliya ministrining ishdan ketish va hatto butun kabinetning iste’foga chiqishi toʻgʻrisida mish-mishlar tarqaldi. Kshepitskiy bashorat qilganidek, barcha rais Dizmaning iste’foga chiqishiga iqtisodiy komitetning qarori sabab boʻldi, deb hisoblardi. Allaqayerdan uning deklaratsiyasini qidirib topib gazetada e’lon qilishgan edi, u jamoatchilikda kuchli taassurot qoldirdi. Ayrim gazetalarni hisobga olmaganda, barcha gazetalar Dizmaning tarafini olib, uning bilimi, aqli va qattiqqoʻlligini koʻklarga koʻtarib maqtay boshlashdi. Ular Nikodimning sirkda aytgan gapini ham eslab, tarjimai holi va fotosuratlarini bosib chiqarishdi. Suratlar tagiga taxminan shunday soʻzlar yozilgan edi:

«Mamlakatni iqtisodiy krizisda qutqarib qolgan mashhur iqtisodchi Nikodim Dizma iste’foga chiqish toʻgʻrisida ariza berganidan soʻng shaxsiy sekretari pan Kshepitskiy hamrohligida Ministrlar Soveti saroyini tark etayapti. Bu arizani kabinetning oʻz ildiziga bolta urish siyosatiga qarshn atoqli davlat arbobining noroziligi deb tushunmoq lozim».

Hatto yaqin kunlarda Dizmaga qarshi boʻlib yurgan oppozitsion gazetalar ham endi uni ogʻiz koʻpirtirib maqtashar va hukumatga hujum qilish uchun uning nomidan foydalanishar edi.

Nina barcha gazetalarni oʻqib chiqdi. Uning yuziga qon tepib, hayajondan nafasi tomogʻiga tiqildi. Yo parvardigor! Axir bu uning Nikodimi-ku! U qanday buyuk odam-a! Nina shu vaqtga qadar uning naqadar ulugʻligini tushuna olmagani uchun oʻzidan xafa edi. U qalligʻi bilan faxrlana boshladi.

Nikodimdan bankadagi ishingni tashla, deb oʻzi iltimos qilgan edi. U Dizmani faqat oʻzi uchun yashashini istardi. Biroq endi Nina davlat, sevimli Vatan shunday oʻtkir odamdan ajrab katta zarar koʻrishini anglagach, qalligʻidan iste’foga chiqish haqidagi arizasini qaytarib olishini iltimos qilmoqchi boʻldi.

Nina dahlizga yugurib chiqdi. U bu ogʻir damda Nikodimni Vatan taqdirini oʻylab chuqur xayolga choʻmgan, qalbidagi muhabbat va burch oʻrtasidagi kurashdan toliqqan, ulkan javobgarlikdan qaddi bukilgan davlat arbobi qiyofasida koʻraman, deb oʻylagan edi.

Biroq u Dizmaning quvnoq basharasini koʻrib, ogʻzi ochilib qoldi. Shunda Nina, u meni xafa qilmaslik uchungina qaygʻusini tabassum bilan niqoblayapti, deb oʻyladi.

U Nikodimni yuz-koʻzidan oʻpib, oʻz xonasiga boshlab kirdi. Soʻng, oʻzi nimadan yuz oʻgirayotganini yaxshi tushunsa ham, Vatan manfaati shuni taqozo etar ekan, Koborovodan voz kechib, Varshavaga koʻchib oʻtishga rozi ekanligini aytdi. Ehtimol, biron yildan soʻng Nikodimning oʻrniga bironta boshqa odam topilar, ana oʻshanda...

— Endi gapirishga hojat yoʻq, — deya uning soʻzini boʻldi Nikodim, — men Qasrga borgandim, u yerda iste’foga chiqishimga rozi boʻlishdi.

— Lekin shunga qaramay, sen ishingda qolsang, ularning boshi osmongʻa yetadi.

— Boʻlmasam-chi.

— Mamlakatimiz uchun ham yaxshi boʻladi.

— Turgan gap.

— Demak.

— Siyosatda hech nima tushunmas ekansan, Ninochka. Men toʻgʻri yoʻl tutdim. Buning ustiga seni juda sevaman, sen bilan Koborovoda yashashni istayman. Buning uchun mendan xafa boʻlmaysanmi?

Nina Nikodimning boʻynidan quchdi.

— Jonginam, azizim, unday boʻlsa...

Shu payt eshik tiqillab qoldm.

Xonaga Pshelenskaya kirib keldi. U zavq-shavq bilan tinmay bidirladi. Xolasi gapining oxirida hayajon bilan dedi:

— Jonginam, Ninusya, senga shunday odam uchrab qolganidai qanday baxtiyor ekanligingni hatto oʻzing ham bilmasang kerak!

Ular boʻlajak toʻyni muhokama qila boshlashdi.

Nina Koborovo qavmining kichkinagina ibodatxonasida nikohdan oʻtib, soʻngra bahorni Jazoir yoki Misrda oʻtkazsak, deb aytdi.

Pani Pshelenskaya Ninaning keyingi niyatini ma’qulladi-yu, ammo avvadisiga qat’iy qarshi chiqdi: — Ninusya, toʻyni yashiriqcha oʻtkazish boʻlmagʻur gap. Hatto undan ham battar. Bu odobsizlik!

— Nima qilay, xolajon? Rahmatlik dadamlar, ayollarni yetmish protsenti odob degan narsani bilmaydi, deguchi edilar. Men ham oddiy bir ayolman-da.

— Pan rais sening bu niyatingni ma’qullamasalar kerak deb oʻylayman.. Bunday qilish mumkin emas axir! Sennng toʻyingni Varshavada dabdaba bilan oʻtkazishimiz lozim. Sening doʻstlaring ham, pan raisning doʻstlari ham ishtirok qilishlari kerak bu toʻyda. Mon Dleul! Kimsan, grafinya Ponimirskaya atoqli davlat arbobiga turmushga chiqyapti axir! Buning nimasini yashirasan? Agar sizlar boshqacha yoʻl tutadigan boʻlsanglar, men kuyib, kasal boʻlib qolishim mumkin. Pan rais, oʻzingiz ayting axir...

Nikodim pastki labini choʻchchaytirib, qoshlarini chimirdi.

— Oʻzim ham oʻylab qoldim: nega endi toʻyni Varshavada oʻtkazmasligimiz kerak ekan?

— Ofarin, ofarin, — dedi boshi osmonga yetib Pshelenskaya, — mana bu dono odamning gapi! Koʻrdingmi, Ninusya, pan rais mening tarafimni olishlarini avvaldan bilardim. Biz katta bazm uyushtiramiz... Sen qalligʻingning oddiy odam emasligini unutmasliging kerak, Ninochka...

— Endi u oddiy odam, — deya gap qotdi Nina.

— Endi, endi! Endi deganing nimasi? Varshavada hamma, koʻz ochib-yumguncha u ministr qilib tayinlansa kerak, deb gapiryapti!

— Qayoqda, — deya qoʻl siltadi Dizma, — juda oshirib yubordingiz. Lekin pani Pshelenskaya toʻgʻri aytyaptilar: bazm uyushtirish kerak, albatta.

Nina itoatgoʻylik bilan rozi boʻldi. Nik shuni istar ekan, demak hozir aytgisi kelmay turgan biror sabab boʻlsa kerak. Nina ichimdagini top deydigan bu odamning qalbidagini tushunib yetishga, uning qanchalik teranligini anglashga ortiq urinmay qoʻygandi. U ayollik tuygʻusi bilan bu odamning irodasi mustahkam ekanligini his etardi xolos.

— Sayohat masalasiga kelsak, — deya gap boshladi yana Nikodim, — menimcha, hech qayerga bormaganimiz ma’qul.

Nikodim peshanasini tirishtirganicha qoʻlini qoʻliga ishqay boshladi. U chet tillarni bilmasligi darhol ayon boʻlib qolishini oʻylab biror xorijiy mamlakatga borishdan oʻlgudek qoʻrqardi. Axir u yerda esida qolgan yigirmaga yaqin nemis soʻzlari bilan biror ish qilib boʻlmasdi-da.

— Chamasi, siz pulni chet elga borib sarflash vatanparvarlikka toʻgʻri kelmaydi, deb oʻylasangiz kerak-da? — dedi xushomad bilan Pshelenskaya. — Lekin koʻpchilik shunday qiladi-ku.

— Ana shundan xafaman-da! Juda boʻlmagʻur ish bu! «Xorijga ketgan har bir tiyin pul — Vatan hamyoniga zarardir butkul», — deya takrorladi Nikodim yaqinda bir plakatda oʻqigan shiorini. — Gʻoyat boʻlmagʻur ish bu!

— Ammo sizning Vatan oldida xizmatlaringiz katta-ku axir!

— Xuddi shuning uchun ham men boshqalarga ibrat koʻrsatmogʻim lozim. Biz oʻz mamlakatimizda ham sayohat qilaverishimiz mumkin.

— Toʻgʻri aytasan, Nik. Chet elni oʻylab bekor qilgan ekanman. Biz Zakopane, Krinitsa, Beskidiga borishimiz mumkin.

Shu payt ostonada xizmatkor paydo boʻldi-da, Ninaga murojaat qilib dedi:

— Panna janobi oliyalari, sizni qandaydir pani soʻrayapti.

— Meni-ya? Kim ekan u?

— Kimligini aytmadi. Sizni mehmonxonada kutyapti.

— Kechirasizlar, — dedi Nina. — Chiqib qaray-chi, kim ekan.

U yemakxona va buduarni kesib oʻtib, mehmonxona eshigini ochdi-yu, qichqirib yubordi: uning roʻparasida Kasya turardi.

Kaltagina poʻstin va moʻyna qalpoq kiyib, labiga papiros qistirgan Kasya negadir yubka kiyib olgan yigitchaga oʻxshardi.

— Salom, Nina, — degan tanish ovoz eshitildi. Ninaning yuziga qon tepdi. U nima qilarini bilmay qolgan edi. Kasyaning kelishi uni sarosimaga solib qoʻygandi; ayol koʻnglining bir chetida xursand ham edi. U oʻzini ham, atrofdagilarni ham barcha gaplarni unutganiga ishontirib yurgan edi, biroq endi hammasi yodida ekanligi ma’lum boʻlib qoldi. Axir bunday narsani unutib boʻlarmishmi?

— Men bilan soʻrashging kelmayaptimi? — Kasya bir necha qadam olgʻa yurib, Ninaning yoniga kelib toʻxtadi. — Ehtimol, kelganimdan xafadirsan?

Nina hushiga keldy.

— Yoʻq Kasya, sirayam xafa emasman... Aksincha, juda xursandman.

Kasya uning qoʻlidan tutib, ohista oʻziga tortdi.

— Yoʻq, sen bilan bunday soʻrasha olmayman. Shunday deya u Ninaning boʻynidan quchib, labidan qattiq oʻpdi.

Bu hodisa shu qadar kutilmaganda sodir boʻldiki, Nina shoshib qoldi. U faqat bir minutlardan soʻng Kasyaping quchogʻidan chiqib, ta’naomuz shivirladi:

— Kasya!..

Kasya uning koʻziga tikilganicha sekin dedi:

— Kechirasan. Lablaring oʻsha paytdagidan ham totliroq boʻlib ketibdi... Xoʻsh, oʻtir ham demaysan?

— Kasya!

Nina unga kreslo surib berdi-da, soʻng oʻzi ham oʻtirdi.

Kasya poʻstinining choʻntagidan katta oltin portsigar chiqarnb, yana papiros tutatdi va indamay Niiaga razm sola boshladi.

— Koʻp chekadigan boʻlib qolibsan, — dedi Nina.

— Qayoqdan kelganimni bilishni istamaysanmi?

— Adresimni senga Koborovoda berishdimi?

— Yoʻq, sen haqingda menga Oskar Xell' yozgan edi. Sen uni taniysan shekilli?

— Bechora.

— Nega bechora boʻlar ekan? Bilishimcha, u juda badavlat va oʻz turmushidan xursand-ku, — deya ajablandi Kasya.

— Bilmadim, eshitganmikinsan... Bu yerda u josuslikda ayblanib, qamoqqa olingan edi.

Kasya yelkasini qisib qoʻydi.

— Ehtimol. Bu bilan mening ishim yoʻq. Sening haqingda ba’zi narsalarni xabar qilgani uchun undan minnatdorman, xolos... Sen anovi qari ablah bilan ajralishyapsanmi?

— Kasya, nahot sen oʻz otang haqida shunday gapirsang?

— Bu gapni qoʻy. Demak, ajralishyapsan?

— Ha. Toʻgʻrirogʻi, ajralishib boʻldim. Bizning nikohimiz bekor deb topildi.

— Juda oqilona ish qilibsan. Xellning yozishicha, muhtaram dadamiz Koborovoni senga qoldirib ketibdi. Buni sira tushunolmay qoldim. Nechuk bu maxluq bunchalik olijanoblik qilibdi? Lekin gap bunda emas. Men seni olib ketgani keldim. Buning senga nafi tegadi. Hozir Sitsiliyada ayni bahor.

Nina jilmaydi.

— Yoʻq, Kasya, borolmayman...

— Bu yerning ob-havosn kishini ezib yuboradi, u yerniki esa odamning jonini kiritadi.

— Bir oydan soʻng toʻyim boʻladi, — dedi ohista Nina.

Kasya oʻrnidan sapchib turib, palirosini kuldonda ezgʻiladi.

— Ha-ha, demak, bu gap rost ekan-da.

Nina indamadi.

— Eh, bechora choʻrilar, kishansiz, jilovsiz turolmaydigai boʻlib qolibsizlar. Sen oʻsha Dizmagʻa tegyapsanmi?

— Men uni sevaman.

— Jin ursin, — dedi toqati toq boʻlib Kasya qoʻlqopini gʻijimlar ekan. — Nina, Nina! — dedi u soʻngra yolvorib. — Sen bunday qilmasliging kerak! Menga nima boʻlayotganini sira tushunasanmi? Nina? Nahotki meni sira ham sevmasang?! Oʻylab koʻr. axir!.

— Meni qiynama, Kasya, seni qanday yaxshi koʻrishimni oʻzing bilasan. Lekin senga aytib qoʻyay... senga ochigʻini aytib qoʻyishni oʻz burchim deb hisoblayman... Men unga ham, oʻzimga ham sen bilan ortiq birga boʻlmaslikka soʻz berganman...

— Nina, oʻtinaman, toʻyni kechiktir, menga rahm qil!.. Yarim yilga, hech boʻlmasa uch oyga kechiktir toʻyni... Ehtimol, shunda bu ishing xatoligini oʻzing ham tushunib qolarsan! Nina, iltijo qilaman sendan, balki u senga munosib emasligini payqarsan... Toʻyni bir oz kechiktirsang, bas — sendan yagona iltimosim shu!..

Nina jilmayib, bosh chayqadi.

— Yanglishyapsan, unga men munosib emasman. Sen uni yaxshi bilmaysan; darvoqe sen chet elda yashading, uning mamlakatimiz, jamiyatimiz oldidagi ulkan xizmatlaridan xabaring yoʻq. Uning naqadar...

— Eh, bunisi bilan mening nima ishim bor! — deya uning gapini boʻldi Kasya. — Meni faqat sen, sening baxting, oʻzimning baxtim qiziqtiradi! Nina, Nina, iltimos qilaman sendan... Nina... Nina...

U Ninaning oyogʻiga yiqildi-da, uning qoʻlidan tutib, oʻpa boshladi.

— Toʻyni bir oz kechiktir... Oʻtinaman...

— Kasya, tinchlan, nima qilyapsan axir?

Qoʻshni xonadan qadam tovushi eshitildi. Kasya boʻshashib oʻrnidan turdi va sekin qoʻlqopini oldi.

— Men boray, boʻlmasam,

— Xayr, — deya javob qildi Nina, — men toʻgʻrimda yomon xayollarga borib yurma...

Kasya indamay bosh irgʻadi. U Ninaga tikilganicha bir zum toʻxtab qoldi. Birdan eshik ochilib, xonaga Nikodim kirdi. U avval hayratdan dong qotib qoldi, biroq darrov es-hushini yigʻib, qoʻllarini choʻntagiga tiqdi-da, ijirgʻanib soʻradi:

— Sizga bu yerda nima kerak?

Kasya nafrat bilan uning boshidan-oyogʻigacha azm solib chiqdi.

Ninaning rangi oqarib turganini koʻrgan Dizma bu srda qandaydir gap oʻtganini payqadi. Uning gʻazabi qaynab ketdi.

— Sizdan soʻrayapman, mening qayligʻimdan nima istaysiz? Xoʻsh!

— Nik! — deya uni tinchitmoqchi boʻldi Nina.

— Bu yerda pishirib qoʻyibdimi sizga? Koʻrishni istamayman sizni...

U gapini tugatishga ulgurmadi: Kasya istehzo bilan kuldi-da, teskari burilib eshikni sharaqlatib yopganicha chiqib ketdi.

— Senda nima ishi bor ekan? — soʻradi bir oz jim turgach Nikodim.

Nina yigʻlab yubordi. Dizma undan bir ogʻiz ham soʻz eshitmay, gʻazabidan stullarni tepganicha mehmonxonada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi.

Shu payt pani Pshelenskaya kelib qoldi, lekin kelin bilan kuyov arazlashib qolishibdi shekilli, degan xayolga borib, darhol mehmonxonadan chiqib ketdi.

Oradan bir oz vaqt oʻtgach, Nina tinchib qoldi, biroq qalligʻiga hech nima aytmadi. U faqat Nikodimga, senga sodiqligimga ishonaver, Kasya ham endi sira qaytib kelmaydi dedi, xolos.

«Ana endi, kerak boʻlsa tushunib olaver, — deya oʻylardi boshi qotib Dizma. — Chindan ham bu xotinlarning miyasi aynib qolgan koʻrinadi».

20-bob

Hamma hayajonda edi. Stol va stullar chiqarib tashlangan majlislar zaliga bankaning butun xodimlari yigʻilgandi.

Oldinda direktor, uiing ortida ikki oʻrinbosari, soʻngra boʻlim boshliqlari va nihoyat — boshqa xizmatchilar turishardi. Ular ohista gaplashishmoqda edi. Bir payt eshik ochilib, rais kirib keldi.

Boshliqning dilidan nimalar kechayotganini tushunmoqchi boʻlgan yuzlab koʻzlar unga tikildi, biroq, Dizmaning bezday qotib qolgan yuzidan hech nimani bilib boʻlmasdi.

Rais bir yoʻtalib oldi-da, gap boshladi:

— Muhtaram janoblar, men sizlarni bu yerga xayrlashish uchun taklif qildim. Oʻz lavozimingizda qoling, deb iltimos qilishayotgan boʻlishsa-da, men ketyapman. Ehtimol, buning sababini bilarsizlar, ehtimol, bilmassizlar, lekin buning ahamiyatn yoʻq. Ishdan ketar ekanman, doim sidqidildan mehnat qilib oʻz burchingizni yaxshi bajarganingiz va mazkur bankaning asoschisiga — menga ishlarni ibrat oladigan darajada boshqarib borishimga koʻmaklashgaiingiz uchun sizlarga oʻz minnatdorchiligimni izhor qilmoqchiman. Oʻylaymanki, meni yaxshilik bilan eslab yurasizlar, sizlarga otalarcha mehribonlik qildim va — maqtanmasdan aytishim mumkin, — koʻpchiligingiz mening rahbarligimda anchagina narsalarni oʻrganib oldingiz. Oʻrnimga kim tayinlanishini hali bilmayman. Lekin bir narsani aytib qoʻyay: sizlar meni qanday izzat qilgan boʻlsangiz, uni ham shunday hurmat qilinshngiz lozim. Boshliqlarni doim hurmat qilish kerak. Darvoqe, u odam mashhur davlat arbobi boʻlmasligi ham mumkin; ehtimol, u men yaratgan narsani barbod etar. Biroq boshliq doim boshliqligicha qoladi. Sevimli Vatanimiz ravnaqi yoʻlida mehnat qilishni davom ettiravering. Davlat sizlarga haq toʻlar ekan, u haqqa yarasha unga foyda keltiring. Sizlarni tashlab ketayotganimdan gʻoyat afsuslanyapman. Chamasi, ancha qattiqqoʻllik qildim, nima qilay, fe’l-atvorimning oʻzi shunaqa, lekin sizlarni chin koʻnglimdan yaxshi koʻrib qoldim.

Nikodim dastroʻmolini olib, burnini qoqdi.

Soʻngra direktor soʻzga chiqib, uzundan-uzoq gapirdi, rais Nikodim Dizmaning xizmatlari, uning tashkilotchilik qobiliyati, qoʻl ostidagi odamlarga doimiy xayrixohligini, koʻklarga koʻtarib maqtadi. Gapining oxirida, u shaxsan oʻzi va zalga yigʻilgan barcha xizmatchilar nomidan shunday dono rahbardan ajralayotganliklari uchun juda afsuslanayotganlarini aytdi. Soʻng u kuchli «vivat» sadolari ostida raisga yozuv stoli uchun oltin suvi yugurtirilgan ajoyib charm byuvar topshirdi. Byuvarning muqovasiga kattagina kumush taxtacha yopishtirilgandi. Taxtachaning yuqori qismiga Nikodimning portreti, pastiga banka binosining rasmi solingan boʻlib, oʻrtasiga adres yozilgan edi:

Davlat Gʻalla Bankasining Asoschisi,

Tashkilotchisi Va Uning Birinchi Raisi,

Mashhur Ekonomist Nikodim Dizma Pan

Janobi Oliylariga Minnatdor

Xodimlaridan

Adres tagiga koʻplab imzolar chekilgan edi.

Butun tantana davomida pan raisning shaxsiy sekretari aytilgan gaplar mazmunini yozib bordi. Soʻngra hali adresni koʻchirib oldi-da, chinovniklardan biriga gazetalarga yuborish uchun kerakli nusxada mashinkalatishni buyurdi.

Uning oʻzi juda shoshilib turgandi, chunki hali u Dizma bilan birga frak kiyib, Ministrlar Sovetining raisi Nikodim sharafiga berayotgan xayrlashuv ziyofatiga yetib borishi lozim edi.

Bu orada Dizma xodimlarning har biri bilan qoʻl berib xayrlashdi.

Saroyda Nikodimga xushxabar aytishdi: ziyofatdan oldin unga orden topshirilar ekan.

Ziyofat paytida Nikodimning nomiga juda koʻp maqtov gaplar aytildi, chunki jamoatchilik oldida Dizmaning iste’foga chiqishini bir oz pardalash lozim edi.

Ziyofat oxirida Ulyanitskiy oʻrnidan turib, hazil-mutoyiba bilan bugungi tantananing qahramoni grafinya Nina Ponimirskaya bilan nikohdan oʻtajagini majlis ahliga ma’lum qilib qoʻyish oʻziga topshirilganligini aytib, barchani ushbu bazmi jamshidga taklif qilish sharafiga muyassar ekanligini e’lon qildi.

Bu taklif olqishlar bilan qarshi olindi: hazil-huzul gaplar, savollar eshitila boshladi; boʻlajak toʻy hech kimga yangilik emasdi.

Ziyofatdan soʻng yana tantanali majlis boʻlib, unga tagʻin ancha-muncha mehmon keldi.

Barcha suhbatlar rais Dizmaning iste’foga chiqishi va buning oqibati nima boʻlishi mumkinligi haqida borardi. Birjada gʻalla bankasi obligatsiyalarining narxi tushib ketgani haqidagi tashvishli xabar odamlarning e’tiborini oʻziga tortardi. Optimistlar, bu shunchaki Dizmaning iste’foga chiqkshi natijasida yuzaga kelgan asabiylashish, obligatsiyalarining narhi hali yana koʻtariladi, deyishar, biroq pessimistlar, hammasi barbod boʻlmasa goʻrga edi, deya tashvishlanishardi. Bu masala yuzasidai Dizmaning oʻziga murojaat qilishgan edi, u yelkasini qisib, dedi:

— Hukumat oʻz istagicha yoʻl tanladi. Buning oqibati nima boʻlishini bilmayman.

Turgan gap, odamlar buni, krizisni bashorat qilish, deb tushunishdi. Soʻnggi oylarda busiz ham vaziyat ancha keskinlashib, iqtisodiy muvaffaqiyatsizliklar sodir boʻlib turgan edi. Shu boisdan ham hukumatning qulashi ehtimoldan uzoq emasdi. Bu sharoitda mashhur tashkilotchi, kuchli iroda sohibi, hukumatning choralari bilan kelisha olmagani tufayli ijtimoiy hayotdan chetlashayotgan rais Dizma barchaning diqqatini oʻziga jalb etgan edi.

Muxbirlardan biri Dizmadan, agar kabinet qulasa, siz yangi hukumat sostavida biror ministrlik lavozimini egallashga rozi boʻlarmidingiz, deya soʻragan edi, Nikodim qat’iy javob qildi.

— Yoʻq. Men qishloqqa borib, xoʻjalik ishlari bilan shugʻullanaman.

Bu javob darhol barcha salonlarga tarqaldi, biroq shunga qaramay hech kim Dizmaga ishonmadi.

21-bob

Kostyol oldidagi maydon va qoʻshni koʻchalarni olomon bosib ketdi. Yigirma ikki kareta, yuzdak ortiq avtomobil' ham shu yaqin oʻrtada edi. Tramvaylar toʻxtab qoldi. Ikki qator boʻlib saf tortgan politsiyachilar hangamatalab kishilarni arang toʻsib turishardi. Kostyol eshigi oldidagi zinaga qizil gilamdan poyondoz solingandi. Kiraverishda politsiyachilar taklifnomalarni tskshirib turishardi. Ochiq eshikdan kostyolning yuzlab chproqlar shu’lasiga choʻmgan va behisob guldastalarga burkangan ichki

O‘xshash hikoyalar