Snayper 5 (kamolov) (3-bet)
tinkasi qurirkan. So'nggi lahzalarda Mirsolining sira yurgisi kelmas, o'ng'ay, tinch joy bo'lsa, cho'zilib yotishni, qotib uxlashni xohlardi. Aksiga olgandek daf'atan qandaydir mahluqning na'rasi o'rmonni tutdi. Bunday dahshatli na'rani Mirsoli hech qachon eshitmagandi. Taqqa to'xtab quloqlarini ding qildi. Tovush taxminan o'zidan ellik-yuz metr naridan eshitilgandi.
«Bu bo'rimas, — ko'nglidan o'tkazdi Mirsoli beixtiyor tanasida titroq tuyib. — Nima bo'lishi mumkin unda? Nahotki, ayiq bo'lsa? Ha, ayiqligi tayin. Endi nima bo'ladi? Qo'limda qurolim ham yo'q. Qorong'ida yo'g'onroq xodayam topish mushkul. Bu mahluqdan qochib ham qutulib bo'lmasa kerak. Bir hatlab yetib oladi. Gapgayam tushunmaydi. Och bo'lsa, tamomman. Albatta tashlanib qoladi. Nima qilsam ekan? Qay tarafga yursam bo'ladi? Boshqachasiga katta yo'lga chiqa olmayman-ku! Eh, nega «Tixiy»dan qurol so'ramadim? Tilim uzilib tushmasdi-ku! Yo'q, tavakkal qilaman. Kerak bo'lsa, mahluqni chalg'itishga urinib ko'raman. Lapanglab yugurgunicha qochib qolishga ulgursam ajabmas. Nima bo'lsa bo'ldi. Peshonamdagini ko'raman buyog'iga…»
Mirsoli jang oldidan ruhan tetiklashgan askar kabi dadillanib oldinga yurdi. Na'ra tobora yaqinlashib kelardi. Tag'in biroz yurgandan so'ng, hov narida kattakon ayiqqa ko'zi tushdi. Mahluq aynan u tomonga qarab na'ra tortar, ulkan boshini silkita-silkita bezovtalanardi.
Mirsoli unga ko'zi tushgani hamono oyoqlari o'ziga bo'ysunmay, turgan yerida tosh qotdi. Jon shirin ekan. U na qimirlashni, na o'rnidan qo'zg'alishni bildi. Go'yo nafasi ham ichga tushib ketgandek xuddi haykal tusiga kirdi. Bunday lahzalarda manaman degan zo'r ham faqat jonini o'ylaydi. Ko'zlari ko'r, quloqlari karlanib, ichdan zil ketaveradi.
«Ena, manzilim shu yergacha shekilli, — o'ylardi Mirsoli mahluqdan ko'z uzmay. — Azroil jonimni olish uchun o'zi kelmay, mana shu mahluqni yuborgan ko'rinadi. Iltimos, enajon, qo'llab yuboringlar meni! Judayam yashagim kelyapti. Axir, tanam tilkalanib o'lsam, sizlarga alam qilmaydimi?..»
Bu orada ayiq sira shoshmasdan Mirsoli tomon tobora yaqinlashib kelardi.
* * *
Bunday lahzalarda odam o'zidan o'tganini o'zi biladi. Ayiq o'ziga yaqinlashib kela boshlaganini ko'rgandayoq Mirsolining xayolidan yaqinlari, qadrdon qishlog'i, sinfdoshlari, marhuma muhabbati Zarinagacha marjondek tizilib o'tgandi. Bir necha o'n soniyalardan so'ng xuddi shu mahluq changalida jon berishi muqarrarligini tan olib bo'lgandi. Ammo shunda ham bo'sh kelishni xohlamadi. Atrofga alanglab yo'g'onroq xoda qidirdi. Qani izlagani topila qolsa…
Qidirganini topa olmagach, alami, xo'rligi kelib bor ovozda hayqirdi. Bu hayqirig'i chamasi butun o'rmonni tutdi. Allaqaerlardan qushlar, qandaydir jonivorlarning tovushlari quloqqa chalinib qoldi. Ayiq esa negadir taqqa to'xtadi. Mirsoliga sukut saqlagan holda tikilib turgach, boshini silkita-silkita ortga qaytib ketdi. Mirsoli esa hanuz xavfdan xalos bo'lganiga ishona olmas, qo'rquv azbaroyi zo'r kelganidan jonholatda qichqirardi.
Birpasdan so'ng hayqirishdan to'xtadi. Ayiq qaytib ketganiga yana bir karra amin bo'lish uchun tevarakka o'g'rincha qarab olgach, qorong'ilikda kesilgan daraxt to'ngagini topib ohista o'tirdi. O'ziga bo'lgan ishonch qaytadan qalbini chulg'ab og'ir xo'rsindi.
— «Tixiy» aldabdi meni, — dedi o'ziga o'zi. — Odamlar o'lishini o'ylamas ekan-da! Bir-birlarini aldashadi, o'ldirishadi, qiynashadi, sotishadi… Nega? Mana, men shunga guvoh bo'ldim. Xudo asramasa, mahluq changalida o'lib ketishimga bir bahya qoldi. Xayriyat, nima bo'lsayam, jonim omon qoldi. Yosh juvonmarg bo'lib ketmadim. Mayli, endi buyog'iga qanday yo'l tutish haqida bosh qotirishim kerak. Yo'l qani o'zi? Nimaga ko'rina qolmayapti? Umuman, yo'l bormikan? Yoki bu o'rmonning oxiri yo'qmikan?..
Mirsoli shu ko'yi bir soatcha to'ngak ustida o'tirib qoldi. Keyin esa juda-juda uyqusi kelayotganini his etdi. Qalban ko'z yumishga qo'rqayotgan bo'lsa-da, g'aflat zo'r keldi. Tavakkal uning hukmiga bo'ysunib, boshini eggancha ko'zlarini yumdi.
* * *
Tong ota boshlaganini qalin o'rmonda ham qushlar chug'ur-chug'uri olamga oshkor etadi. Mirsoli qushlarning shovqinidan uyg'onib ketdi va dast o'rnidan turdi. Atrofda hech bir xavf sezilmas, olmaxonlarning shoxdan-shoxga sakrab o'ynoqlashi o'rmonga go'yo fayz ulashardi.
Mirsoli uyoq-buyog'ini to'g'rilagan bo'lib, yo'lga otlandi. Albatta katta yo'lni topishini ko'ngli sezgan kabi ishonch bilan oldinga intildi.
Afsuski, ellik metr yurmay, shundoq tepasida vertolyotning gurillagan tovushi quloqni qomatga keltirayozdi. Mirsoli birdan sergak tortib o'zini shox-shabbalar panasiga oldi.
«Meni qidirishyapti mentlar, — ko'nglidan o'tkazdi u osmon-u falakdan ko'z uzmay. — Ana, vertolyotda aylana boshlashdi. Demak, qo'lga tushishim tayinga o'xshaydi. Bu yaramaslar uzoqdan turib ham qaerdaligimni bilib olgan ko'rinadi. Nima qilsam bo'ladi? Agar osongina qo'lga tushsam alam qiladi. «O'la, buzoqning yugurgani somonxonagacha ekan-da! Qalaysan?» deyishmaydimi ular? E, yo'-o'q, qo'lga tushadigan ahmog'i yo'q endi. O'lsam o'lamanki, mentlarga tutqich bermayman. Faqat o'ligimni qo'lga olishlari mumkin…»
Taqdir, vaziyat har qanday odamni ham o'ylashga, fikrlashga majbur etadi. Vertolyot hiyla uzoq ketgach, Mirsoli sarosima iskanjasida ta'qibga qanday chap berish yo'lini topdi. Butalarni paypaslay-paypaslay, nihoyat zang bosgan, sopi yarmigacha singan belkurak topdi va astoydil chuqur kovlashga tushdi.
— Men shunday berkinayki, hammang boshingni changallab qolgin, ifloslar, — so'zlana-so'zlana yer kovlardi Mirsoli. — O'zing tugul, iskovich iting ham meni topa olmaydigan bo'ladi, ha! Yana birpas ishlasam, qutulaman senlardan!..
Nihoyat chuqur ham tayyor bo'ldi. Mirsoli chamalab ko'rgandi, chuqurda cho'nqaygan holda o'tirsa bo'larkan. Faqat tepasiga yashil shox-shabbalardan tashlab olsa, bas. Yuqoridan turib hech kim bu yerda odam o'tirganini ko'rmaydi. U ko'z ochib yumguncha bu ishni ham uddaladi. Barglari shapaloqday shoxlar chuqur og'ziga qalin ko'rpa kabi yoyilib tushib, Mirsolini begona ko'zlardan pana qildi. Baxtga qarshi bu quvonchi ham uzoqqa bormadi. Garchi vertolyot
tovushi quloqqa chalinmasa-da, Mirsoli yaqin oradan odam ovozlari tobora yaqinlashib kelayotganini payqadi. Bular militsiya xodimlari yoki askarlar ekaniga zarracha shubhasi qolmadi.
«Ko'ramiz, — o'yladi o'zicha o'tirgan yerida. — Bular it bilan izg'iydi, albatta. Ammo meni o'sha iti ham topa olmasligi aniq. O'zim o'zimni oshkor etib qo'ymasam bo'ldi. Kelaverishsin! Qanday kelsa, shunday qaytib ketishadi…»
Ovozlar esa borgan sari yaqinlashib kelardi.
— Hammayoqni titkilab tashlalaring, — yo'g'on ovozda allakimlarga buyurdi kimdir. — Uzoqqa ketmasligi tayin. Shu atrofda biqinib o'tiribdi dayus. Har bir tiq etgan tovushni e'tiborga ollaring! Ey, Sasha Krutoy! Yaxshilikcha taslim bo'l-da, joningni saqlab qol! Bilamiz, shu yerdasan! Ovoz ber! Biz senga jabr yetkazmaymiz, ishon! G'o'rlik qilma, yigit!..
Ovoz egasi shundoq Mirsoli o'tirgan chuqur tepasida qichqirardi. Qolganlar esa butalar-u daraxtlar orasini titkilab, uni qidirish bilan ovora edi.
— Yo'q hech qaerda, — dedi Mirsoli o'tirgan chuqurga yana boshqasi yaqin kelib. — Yer yutib ketganga o'xshaydi.
— Qochib qaergacha borardi?!. — deya qichqirdi boshqasi. — Baribir qo'lga tushadi. Ketdik! Hamma ortga qaytsin! «Otboy!»
Shu chaqiriqdan so'ng oyoq tovushlari chuqurdan uzoqlasha bordi. Sal o'tib yana o'rmonni qushlarning sayrashi tutdi. Mirsoli esa yuqoriga chiqishga shoshilmadi. Xavfdan xalos bo'lganiga quvonib chuqur nafas oldi. Peshonasidagi marjon terlarni yengiga arta-arta nimalardir deya so'kindi. Oradan o'n besh daqiqa o'tgach, shox-shabbalarni chetga surdi-da, yuqoriga chiqdi. Haqiqatan tevarakda odam sharpasi sezilmas, qalin o'rmondagi yovvoyi hayot bir maromda davom etardi.
— Tutarmish-a, — deya uzoq-uzoqlarga termildi Mirsoli. — «Gijon»da tutasanlar! Senlarning qo'lingga tushishimga ko'zim yetsa, qochqin uyushtirarmidim? Qidiraver, hali turmangga borsang, boshliqlaring boplab ketingga tepadi. Shunda bilasan Krutoy kimligini…
Mirsoli xotirjamlikka picha yon bergan bo'lib bemalol maysalar ustiga yastandi. Xayol yana uni olis qishlog'iga, torayibroq, suvi quribroq qolgan ariq bo'yiga yetakladi. Sog'inch qalbini kemirib, og'ir-og'ir xo'rsindi. Beboshlarcha tutgan yo'lidan nadomat chekib norozi bosh chayqadi. Taxminan uch-to'rt daqiqa shunday o'tirgach, daf'atan nimadir yodiga tushgandek sakrab o'rnidan turishga tutindi. Lekin qandaydir qattiq buyum naq yelkasiga tiraldi. Shu ondayoq ikkinchi yelkasiga odam qo'li changal soldi va begona tovush egasi tahdidli shivirladi:
— Qo'lga tushdingmi, tirrancha? Bizni «lox» qilib, survormoqchimiding?
Mirsoli shoshmasdan, qo'rqmasdan ohista bosh ko'tardi. Tepasida to'rt nafar fuqaro kiyimidagi erkak turardi. Yelkasiga to'pponcha tiragani esa orqadan turib bir qo'li bilan Mirsolini bir yelkasidan mahkam bosib olgandi.
— Kimsizlar? — so'radi Mirsoli tepasidagilarga alamli boqib. — Meni turmaga olib ketganlar boshqa edi. Sizlar-chi? Kim bo'lasizlar?
— Bizmi? — o'rtada turgan mo'ylovdor erkak Mirsolining iyagidan siqdi. — Akalaring bo'lamiz. Xo'sh, ko'ngling joyiga tushdimi? Unda seki-in o'rningdan tur! Ha, barakalla! Ikkala qo'lchangni orqangga qil! Bo'larkan-u gapga kirsang!
— Menga qarang, brat, — dedi unga tikilib Mirsoli. — Oboradigan bo'lsangiz, tezroq obora qolmaysizmi o'sha turmangizga! Tan berdik, tan! Zo'r ekansizlar! Ko'p izlab ovora bo'lmay qo'lga tushirdingiz. Boshlang mashinangizga!
— Vey, bola, — deya orqada turgani Mirsolini ikki yelkasidan siqib o'ziga qaratdi. — Biz mentlarmasmiz. Aytildi-ku, biz akalaringmiz! Yo manavi xum kallang yaxshi ishlamaydimi?
— Baribir tushunmadim, — dedi Mirsoli bo'sh kelishni istamay. — Mening akam yo'g'idi chog'i? Aytaveringlar! Balki o'zlaring qo'rqayotgandirsizlar-a mendan?
Erkaklar bu gapni eshitib baravariga kulib yuborishdi. Ammo bu kulgi uzoq cho'zilmadi. Yonboshroqda turgan baland bo'yli yigit Mirsolining sochiga chang soldi.
— Pullar qani? — U Mirsoli og'riqqa dosh berolmay tilga kiradi deb o'yladimi, sochlarini mahkamroq siqimladi. — Gapir, xunasa! «Bolshoy»dan qolgan pullar qani?
— Ha-a, gap buyoqdami? — Mirsoli zig'ircha o'zini yo'qotmay, yigitning ko'zlariga tik boqdi. — Shunaqa demaysizlarmi darrov?
— Senga savol berildi! — dag'dag'a ohangini bir parda ko'tardi yigit. — Yaxshilikchasiga pullar qaerdaligini aytgin-da, gum bo'l! Sen bilan pachakilashishga toqatimiz yo'q. Gapir dedim!
— Pullar «gijon»da! — deya zaharxandali tirjaydi Mirsoli. — Sochimdan qo'lingni ol! Yulib olganingdayam jonim og'rimaydi. Unaqalar xilidanmasman!
— Bratva, — deya sheriklariga yuzlandi yigit. — Bu maraz yaxshi gapga tushunmaydigan ko'rinadi. Nima qilsak bo'ladi-a?
— Bunimi? — sal narida astoydil pista chaqayotgan boshqa bir beso'naqay yigit qolganlarga yaqinlashdi. — Bunga sal sovuq kayf berish kerak. Shunda to'tiday sayray boshlaydi.
— Gaping to'g'ri, — dedi Mirsolining sochlarini qo'yib yuborib sherigi. — Bu ichidagini moy deb o'ylayapti shekilli. Ammo menda yana bir taklif bor. Kayf berishdan oldin buni boplab tepkilash zarur. Sal bo'shashadi. Aytmoqchimanki, yaxshiroq kayf oladi.
— Qani, boshladik!
— Basharti birontangizni mayib qip qo'ysam, xafa bo'lish yo'q, — dedi Mirsoli yerga chirt etib tupurib. — Meni bilmaysizlar-ku! Bolaligimdan mushtlashishni yaxshi ko'raman.
— Gap yo'q, — dedi uning sochiga chang solgan yigit hiringlab. — Mana shu akalaring guvoh, agar hammamizni urib mayib qila olsang, to'rt tomoning qibla! Yo'lingni to'sgan odammas! Rozimisizlar, bratva?
Qolganlar baravariga bosh irg'ab yigitning taklifini ma'qulladi. Mirsoli esa nihoyat bu nusxalardan qutulish yo'li topilgani uchun ich-ichdan shodlanardi. Epchillik bilan ikki qadam ortga tislandi-da, qarshisidagi to'rt barvasta yigitga qichqirdi:
— Qani, menga desa, yuzta bo'lib kellaring! Bir yeringni og'ritsam, xafa bo'lmalaring! «Davay», yaramaslar, «davay!..»
* * *
Mirsoli bu masalada g'olib bo'lishiga shubha qilmasdi. Juda qisqa fursatda zo'ravonlarni «uxlatish»iga qattiq ishongan holda oyoq-qo'llarini ishga soldi. Afsuski, ular to'rt kishi emaskan. Butalar ortidan yana sakkiz chog'li xuddi shunday barzangi erkaklar chiqib keldi. Barchalari Mirsoliga tashlandi. Baribir nadomat chekmasdi. Qo'llaydigan usullari kamida yigirma-o'ttiz nafar odamni yerga qulatishi mumkinligini bilardi. Ana, birinchi, ikkinchi, ketidan uchinchisi, to'rtinchisi, beshinchisi yuztuban yiqildi-yu, jim bo'ldi. Lekin Mirsoli bir masalada hisobni noto'g'ri olibdi. Kimdir orqadan kelib boshiga to'mtoq buyum bilan tushirdi. Aniq ko'rgandi. Hammasi old tomonida edi. Kim yana ko'rinmasdan orqasiga o'tib olishi mumkin? Nahotki, ko'rinmas odam bo'lsa?..
Mirsoli chalqancha maysalar ustiga qularkan, allakimlarning g'o'ng'ir-g'o'ng'irini elas-elas eshitar, yumilgan ko'zlari esa tiniq, zilol suvnigina ko'rardi, xolos. Bu holat qancha vaqt davom etganini bilmaydi. Yuzlariga sepilgan muzdek suv zarbidan seskanib ko'zini ochdi. Tepasida hanuz o'sha barzangilarning bir nechtasi cho'nqayib o'tirgancha allanimalar deb javrardi.
— Xo'sh, qahramon, eplay olmading-ku, — dedi askarlar dala o'quv mashg'ulotlarida kiyadigan kiyimdagi barzangi irshayib. — Mana, biz tik oyoqdamiz! Balki endi aytarsan pullar qaerdaligini? O'zing boshlab borib olib bersang, yanayam xursand bo'lardik. Nima deysan?
— Mana olasan pullarni, — Ancha o'zini o'nglab olgan Mirsoli o'rta barmog'ini barzangiga ko'z-ko'z qildi. — Sen ablahlarga tushib qolgan pulim yo'q!
— Uf-f, nodon ekansan, — dedi barzangi sheriklariga ko'z qisib. — Seni ortiq qiynamay qo'ya qolaylik devdim. Bratva, nima qilamiz bu qaysarni? Ko'nmayapti-ku!
Shu payt o'ng yonboshda turgan erkak kissasidan to'pponcha chiqardi-da, Mirsolining boshiga tiradi.
— Qimirlasang, o'lasan, — dedi u tishlarini g'ijirlatib. — Og'ayni, qo'liga kishan ur! Buni chaylaga olib boramiz!
Boshqa birovi darrov yo'l xaltasini kovlab kishan chiqardi-da, Mirsolining qo'llarini kishanlab qo'ydi. Endi u qancha chiranmasin, bulardan osonlikcha qutula olmasdi. Chunki barzangilar istalgan paytda Mirsolini otib tashlashlari tayin edi. Xayolan taqdiriga la'natlar o'qib bosh egdi.
— Aytmaganmidim bu qo'yday yuvosh tortib qoladi deb? — deya askarlar kiyimidagi barzangi Mirsolini yelkasidan tutib turg'azdi. — Chaylaga borsin, esini kiritamiz!..
* * *
Chayla o'rmonnng butkul boshqa tarafida ekan. Yetgunlaricha Mirsolining bo'lari bo'ldi. Yo'l uzoqligi yetmay, barzangilar qur-qur uni turtkilar, qaysidir biri orqadan kelib oyog'iga ham tepib qo'yardi. Mirsoli esa chidashga majbur edi. Arzimas ko'ngilsizlik tufayli o'lib ketishni xohlamasdi.
Barzangilar chaylaga kirgach, kishanning bir tomonini temir karavotga mahkamlab qo'yishdi.
— Buni gapirtirishning yana bir usuli paydo bo'ldi, — dedi qo'lida to'pponcha tutgan erkak. — Shuning uchun asosiysiga shoshilmanglar!
— Ko'rsat hunaringni, — deya unga sovuq tikildi boshqasi. — Qanaqa usul?
Erkak yelkasidagi yo'l xaltani qo'liga oldi-yu, ichidan bir shisha ichkilik chiqardi.
— Mana buni ichsa, bulbulday sayrashiga men kafil, — dedi u Mirsoliga masxaraomuz boqqancha qo'lidagi shisha idishni ko'z-ko'z qilib. — Xo'sh, bratishka, bunaqasidan tatib ko'rganmisan? Yo ulgurmadingmi?
— Befoyda ovora bo'lyapsanlar, — dedi Mirsoli. — Menga ichkilik ta'sir qilmaydi.
— Buni ichib bo'lganingdan keyin ko'ramiz. Qani, og'izchangni och! Bilib qo'y, bir ko'tarishda sipqorasan. Yo'qsa, o'lasan! Mana, to'pponchani atayin o'qlab qo'yganman! Ko'rdingmi?
Mirsolining boshqa iloji ham yo'q edi. Qarshilik ko'rsatish, bekorga chiranish naf bermasligini bilardi. Shuning uchun barzangiga so'zsiz itoat etishdan bo'lak chora topa olmadi. Ishondi. Bir umr ichkilik ichib ko'rmagan bo'lsa-da, qandaydir kayf uni yo'ldan ozdira olmasligiga ko'zi yetdi va barzangiga yon berdi…
Eh, bu qadar yoqimsiz, achchiq va badbo'y ichkilik a'zoyi badaniga tarqagandanoq ko'ngli qanchalar ayniganini o'zigina bildi. O'qchib yuborgan bo'lsa-da, ro'parasidagilarga ojiz qola boshlaganini sezdirmaslikka urindi.
Sal o'tmay, boshi gir aylanib, ko'ziga barzangilarning har biri to'rt-beshtadan ko'rina boshladi. Ichkilik ko'ksining allaqaerlarini qattiq kuydirdi. Kayfiyati ko'tarilib, hatto jilmayishga o'zida kuch topa oldi.
— Ha-a, yoqdimi ichkilik? — yana masxarali kuldi to'pponcha tutgan barzangi. — Maza qilding-a? Qani, endi pullar qaerdaligini ayt! O'zingga yaxshi bo'ladi. Bo'lmasa, manavi akalaringning jahli chiqadi. Jahli chiqsa… Vay-vay-y, yomo-on bo'ladi senga, ha! Joning ja yomon og'riydi. Ayt dedim!
— Senlarga boshida aytdim, — xirillagan tovushda javob qildi Mirsoli. — Menga bu ichkiliging ta'sir qilmaydi. Shunday ekan, xato qildilaring! Bir shisha ichkilikni ko'kka sovurdilaring! O'zlaring bo'lishib ichsang, maza qilarding.
— Endi boshqa gapim yo'q, — dedi barzangi sheriklariga boqib. — Buyog'iga nima qilsangiz ham roziman. Yaxshilikchasiga ko'nmaydi shekilli bu maraz!
— Vanya, — eshikka suyangancha chekimlik chekayotgan sherigiga qichqirdi to'pponchali barzangi. — Nina tayyormidi?
— Albatta, ana, pechkaning ustida qog'ozga o'rog'liq turibdi.
— Opkel! Jonchasi qattiq og'risa aytadi. Aytmay qaerga borardi!?.
— To'xtanglar, shoshilmanglar, — deya yonidagilarga yuzlandi bo'yi boshqalarga nisbatan pastroq, qirraburun erkak. — Menda bir taklif bor. Bunisiniyam tekshirib ko'rmasak bo'lmaydi.
— Qanaqa taklif? — so'radi to'pponcha tutgan barzangi. — Yana nima baloni o'ylab topding?
— Ichkilik ichirishga ichirdik, — dedi Mirsoliga yer ostidan boqib u. — Natijasi ko'rinmadi. Axir, bu qurmag'urni pulga sotvolganmiz! To'lasin-da kayfning haqini! Hozir pardalarni yopamiz. Xona qorong'i bo'ladi. Qani, akalarini qorong'ilikdayam do'pposlab ko'rsin-chi!
— Do'pposlayolmasa-chi? — so'rashdi qolganlar baravariga. — Unda nima bo'ladi?
— Unda ninani ishga solaveramiz. Shundan boshqa ilojimiz yo'q. Agar do'pposlay olsa, tan beraylik-u, bu nusxani qo'yib yuboraylik!
Barzangilar norozilangansimon yelka qisgancha uyoqdan-buyoqqa yurib olishdi. Bu harakat bilan qirraburunning fikrini ma'qullagan bo'lishdi. Ulardan biri epchillik bilan darpardani tushirdi. Xona zulmat tusini oldi. To'pponcha tutgan barzangi kishanning bir yog'ini yechdi-da, darhol ehtiyot shart eshik oldiga borib oldi va bor ovozda baqirdi:
— Qani, shovvoz, krutoy, do'pposlamaysanmi bizni? Bo'laqol!
*
Mirsoli garchi boshi gir-gir aylanayotgan bo'lsa-da, o'zini qo'lga olishga urindi. Chunki bilardi. Bu yagona imkoniyat. Agar uddalasa, ozod bo'ladi, ortiqcha tashvish-u, qiynoqlarga o'rin qolmaydi.
U chuqur-chuqur nafas olib, xuddi yoglar kabi ko'zlarini yumgan holda barzangilar aynan qaerdaligini fahmlashga intildi. Ammo bu juda og'ir sinov edi. Agar fursatni qo'ldan bersa, uning o'zi tepki va daydi mushtlar yomg'iri ostida qoladi. Shunday bo'ldi ham. Old tarafdan iyagi aralash kelib tushgan musht zarbidan sal qursa ag'darilib tushayozdi. Bazo'r muvozanatni saqlab qoldi-yu, javob zarbasini yo'lladi…
Nima qilsin? Ko'pchilik ko'pchilik-da! Buning ustiga qachonlardir kechirilmas xatoga yo'l qo'ygani xuddi shu yerda ma'lum bo'lib qoldi. Sport, otish mashqlariga berilgan ekan-u, mana bunday mashg'ulotlarni o'zlashtirib olmagan ekan.
Navbatdagi zarba oldingisidan-da og'irroq, xavfliroq kechdi. Musht naq bo'yniga kelib tushdi. Mirsoli polga yuztuban quladi. Shu zahoti darparda ko'tarilib, tepasida barzangilar kula-kula hozir bo'ldi.
— Obbo, yana yutqazding-ku, — dedi barzangilardan biri uning tepasida engashgancha kulgidan o'zini tiyolmay. — O'xshamadi urinishlaring, o'xshamadi. Endi pullar qaerdaligini bizga aytishingga to'g'ri keladi.
— Uning o'zi olib qo'limizga tutqazadi, — dedi boshqasi dag'dag'a bilan. — Biz iskovich itga o'xshab pul qidirib yurmaymiz-ku! Bu nima deganing?
— Bekorga ovora bo'lasanlar, — dedi Mirsoli arang o'rnidan qo'zg'alib. — Baribir hech narsaga erisha olmaysanlar! Kellaring, erkakchasiga ish tutaylik! O'ldirish kerakmi meni? O'ldirlaring! Qachongacha ustimdan kulasanlar?
— E, yo'-o'q, — dedi to'pponcha tutgan barzangi. — Biz hozir seni otib tashlasak, oson o'lim topasan. Qolaversa, bizga seni