tungi.ru

Snayper 5 (kamolov) (4-bet)

Qolaversa, bizga seni o'ldirishdan nima naf? Bizga pul kerak, pul! O'sha «Bolshoy» bratvalarni shilib sening qo'lingga tutqazgan pullarni baribir qaytarishingga to'g'ri keladi.

— Men hech kimdan pul olmaganman. — dedi Mirsoli. — Qiynab, dabdalamni chiqarganingdayam mendan hech narsa ololmaysanlar!

— Yo'q, jonga tegdi, — deya sal narida turgan qora kurtkali barzangi devorni jahl aralash mushtlab so'z qotdi. — Nina usuliga o'tmasak bo'lmaydi. Shu tirrancha bilan gap talashib vaqt yo'qotyapmiz. Davay, ninani tayyorlalaring!

— Shoshilma, — dedi to'pponcha tutgan barzangi. — Nina usulini qo'llashga ulguramiz. Bolakayga yana bir imkon beraylik! Hozir men tashqariga chiqib sigaret tutataman. Kirganimda sigaret navi qandayligini aytib beradi. Aytsa, nina usuli bekor qilinadi va uni ortiq qiynab o'tirmaymiz.

— Topsam qo'yib yuborasizmi? — hovliqib so'radi Mirsoli soddalarcha. — Ayting, qo'yvorasizmi?

— Chuchvarani xom sanabsan, — Mirsolining tepasga kelib do'q urdi barzangi. — Pulni bermaguningcha it kuniga solamiz seni. Shunchaki… Nina usuli juda yoqimsiz. Sen bola qiynalmagin, umring xazon bo'lmasin deyapman, xolos. Kel, undan ko'ra pullarni yaxshilikchasiga qaytar! Senga zarilmi shuncha qiynoqlarga dosh berib? Yashashdan umiding yo'qmi yo?

— Men bitta gapiraman, — dedi Mirsoli qaysarlik bilan. — Menda pul yo'q, tamom!

— Unda tayyorgarligingni ko'r! Agar sigaret navini to'g'ri topolmasang, nina usulini qo'llashga majburmiz. O'yla, bola, o'yla!

— Kerakma-a-as!!! — beixtiyor baqirib yubordi Mirsoli. — Erkakmisanlar o'zi? O'ldirsang cho'zmay o'ldirlaring!

— Chiranma, bola, — deya barzangi uning tizzasidan pastrog'iga tepdi. — O'ldir emish. Oldin pullarni qaytar! Nima, anqovmisan? Senga shuncha vaqtdan beri nima deyapmiz? Jonga tegding-ku!..

— Haqiqiy erkak qiladigan ishni cho'zg'ilab o'tirmaydi, — dedi Mirsoli alam aralash. — Qo'rqitish, po'pisa qilishdan nariga o'ta olmas ekansanlar-ku, chiranganlaring nimasi?

— Shunaqami? — to'pponchani hanuz Mirsolining boshiga tirab turgan barzangi bo'sh qo'lini musht qildi. — Shunchalik o'lging kelyaptimi? Gap yo'q. Hozir bir-ikki bor tirnoqlaring orasiga manavi nina kirib chiqsa, o'lasan-qolasan.

— Ko'ramiz kim o'lishini hali, — dedi Mirsoli xo'rsinib. — Marazlar! Ifloslar! Tekintomoqlar!

Mirsoli haqoratli so'zlarni atayin tilga ko'chirgandi. Shunday qilsa, barzangilar asabiylasha boshlashadi, hech qursa qo'lini kishandan ozod etishsa, barchalarini boplab do'pposlashdan hamon umidvor edi. Ammo barzangilar qo'llarini bo'shatishga sira shoshilishmadi. Buning o'rniga kishanning bir tarafini uzun temir trubaga boylashdi.

— Qani, ninani buyoqqa berlaring, — to'pponchali barzangi sheriklarining biridan kuydirib zararsizlantirilgan ninani oldi-da, to'pponchani kissasiga joyladi.

— Endi qurolga hojat bo'lmaydi, — dedi u sovuqqon tirjayish qilib. — Baribir qochib keta olmaysan, biz xohlagancha seni kaltaklashimiz, azoblashimiz mumkin. Sen bo'lsang, chidashdan bo'lak chora topolmay halak bo'lasan! Qani, ko'rsatkich barmoqchangni ber-chi!..

Mirsoli o'zini oldinda nimalar kutayotganini taxminan tasavvur eta boshladi. Qiynoqning bunday usulini hatto kinolarda ham ko'rmagan. Qolaversa, odam tanasida tirnoq orasidan nozikroq, sezuvchanroq a'zo yo'q. Nahotki, shu qiynoq dastidan o'lib ketsa? Nahotki, bu gal ham tishni tishga qo'ya olmasa va qayoqdagi bezori, zo'ravonlarga yon bersa?..

Ha, u yanglishmayotgandi. Tirnoq orasiga kirgan nina azobi zahar azobidan-da ming chandon kuchliroq bo'larkan. Mirsolining barmog'idan qon siza boshlaganda, yuragi hapriqdi, og'riq miyasiga urilib, a'zoyi badanida juda o'tkir, yoqimsiz og'riq tuydi. Ikkinchi, uchinchi, to'rtinchi tirnog'iga yuborilgan nina zahri tishlarini g'ijirlashga majbur etdi, ikki ko'zidan yosh oqib, tomog'iga qadar ho'l qildi. Ammo Mirsoli miq etmadi. O'zini tutishga, bardosh qilishga, yov qarshisida mardona turishga tirishaverdi. Afsuski, bu holat uzoq cho'zilmadi. Ko'p qon yo'qotdimi, avvaliga boshi aylandi. So'ngra asta-sekin hushdan ketib borayotganini his etdi. Bir muddat yorug' dunyo xiralashgan ko'zlariga ko'rindi-yu, darhol zulmatga evrildi.

* * *

Mirsoli ko'zlari ochilgandayoq tepasida o'sha… Nazdida sotqin deya hisoblagan podpolkovnikni ko'rdi.

— Ha, qahramon, — dedi podpolkovnik engashgan ko'yi Mirsolining ko'zlariga tikilib. — Uddalading sinovlarni, uddalading! Endi senga maxsus topshiriqlarni qo'rqmasdan topshiraversam bo'ladi.

— Q-qanaqa sinov? Qanaqa topshiriq? — so'radi Mirsoli nafratini nigohlariga to'kkan holda. — O'zingni kim deb o'ylading, podpolkovnik?

— Vey, og'zingga qarab gapir, — deya dast o'rnidan turib ketdi podpolkovnik. — Meni «sen»lashga kim ruxsat berdi? Sen kelgindiga yaxshilik qilay desam, shumi javobing?

— Menga yaxshiliging kerakmas! O'sha yaxshiligingni bir joyingga tiqib ol, tushundingmi!?.

— Hali shunaqami? Xo'p, tushundim. Hoziroq seni turmaga olib borishadi. O'sha yerda o'tirsang, saboq olasan. Olishga ulgursang, albatta. Ayni payti. Seni kutib tish qayrab o'tirishibdi o'g'rilar. Boplab ta'ziringni berishganda, tushunvolasan.

— Men turmaga tushadigan bo'lsam, seniyam tortib ketaman, — dedi Mirsoli bazo'r o'rnidan qo'zg'alib, qonga belangan qo'llarini podpolkovnikning yuzlariga yaqin olib borib. — Mana buniyam aytaman. Pul olganingniyam qo'shib qo'yaman. Mendayam dalillar tiqilib yotibdi.

— Vey, sekin, — podpolkovnik kafti bilan Mirsolining og'zini yoparkan, yonidagilarga «nari bor» ishorasini qildi. — Haddingdan oshma endi! Men… Shunchaki… Po'pisa qildim, xolos, yigit! Qanaqa turma? Jinnimisan? Seni boshqa bir zo'ravonnikiga ishga yo'llamoqchiydim. Yo'llashdan oldin sinab ko'rmoqchi bo'ldim-da! Axir, sening turli vaziyatlarda sinib qolmasligingga amin bo'lishim kerak edi! Shunga xafa bo'ldingmi? Senga yomonlikni ravo ko'rmayman, axir!..

— Yomonlikni ravo ko'rmasang, meni tinch qo'yasan, — dedi Mirsoli hanuz «sen»lab. — O'zim bilgan ish bilan shug'ullanaman. Ha, keyin anavi marazlarning manzilini berasan. Ular bilan bittaga-bitta gaplashib olmoqchiman.

— Ahmoq bo'lma, — dedi podpolkovnik shivirlab. — Ularni boshingga urasanmi? Hammasi kazo-kazolarning bolasi. Juvonmarg bo'lib ketasan bekorga!

— Bermaysanmi? Ayt, bermaysanmi?

— Yaxshi, berganim bo'lsin, — podpolkovnik kissasidan bir parcha qog'oz chiqardi-da, erinmay barzangilarning manzillarini yozdi va Mirsoliga tutqazdi. — Faqat meni qo'shma oraga! Men seni tanimayman, sen meni. Nima qilsang o'zing bilasan. Gaplashasanmi, mushtlashasanmi, bu sening ishing.

— Bu hali hammasi emas, — dedi Mirsoli og'riq kuchliligidan ihlay-ihlay. — Meni yaxshi bir kasalxonaga yotqizasan, soqchi qo'yasan, tuzalvolishim kerak. Qo'rqma, vrachlarga bu ishlarni aytib o'tirmayman. Unaqalardanmasman.

— Xo'p, uka, ko'ndirding! Hoziroq kasalxonaga yotasan. Hamma xarajatlari mening bo'ynimga.

— Albatta sening bo'yningga, — deya zaharxandali kulib qo'ydi Mirsoli. — Mendan chakana pul olganing yo'q. Kambag'allashib qolmaysan. Qani, ketdik unda! Og'riqqa chidab bo'lmayapti.

— Bo'pti, uka, qani, asta turib olamiz! Juda yaxshi! Hoy, Vanya, mashina eshigini ochib tur! Bu ukamizni kasalxonaga olib boraman hozir. Sizlar o'zingiz boravering! Ertaga gaplashamiz!

* * *

Oradan ikki hafta o'tdi. Mirsoli jarohatlardan deyarli xalos bo'ldi. Ancha tinchlandi, fikrlashga ulgurdi. Ammo intiqom otashi qalbini hanuz kuydirar, jonini og'ritganlardan albatta o'ch olishga ahd qilgandi. Umuman, uning fe'l-atvorida ham o'zgarishlar ko'zga tashlanardi. Mirsoli ilgarigidan-da sovuqqon, shafqatsiz, jahldor yigitga aylanib qolgandek edi. Xuddi shu holatda u birinchi barzangining uyini topib bordi. Barzangi shahardan chetroqda hashamatli hovlida yasharkan. Atrofni obdon kuzatib olgach, yaqin orada hech bir xavf yo'qliliga amin bo'ldi va hovliga olib kiruvchi darvoza eshigini ochib ostona hatladi.

Podpolkovnik aldamabdi. Xuddi o'sha, masxaraomuz tirjayishi Mirsolining ko'ngliga tig'dek botgan barzangi kelishgan, mallasoch qiz bilan hovlida chaqchaqlashib o'tirardi. Mirsolini ko'rdi-yu, darrov rangi o'zgardi. Qizga ko'z qisib qo'yib ohista o'rnidan turdi.

«Shu maraz mening tirnoqlarim orasiga nina sanchgandi, — o'yladi Mirsoli barzangiga yer ostidan sinchkov tikilib. — To'pponchaniyam boshimga shu tirab turgandi. Bundan tashqari, tepkilashni xuddi shu maraz boshlab beruvdi. Mana, yakkama-yakka uchrashish nasib etdi. Qani, bu gal qanaqangi hunar ko'rsatarkan. Ko'ramiz!.. Aytgancha, anavi mallasoch qizning ko'zlari Zarinanikiga o'xshab ketarkan. Quyib qo'ygandek o'xsharkan. Nahotki, shunday ajoyib qiz manavi iflosning qo'yniga kirsa? Yo'q, bu adolatdanmas. Bu qiz Zarinamni eslatib yubordi. Judayam eslatib yubordi. Yaxshi bo'ldi uchratganim…»

— Kutmaganmiding? — Mirsoli barzangiga yaqin keldi-da, mallasoch qizga o'tli qarash qilib so'radi. — Mana, men keldim. Tirnoqlarim o'rmondagi kayfni qo'msayapti. Xumor qilyapti. Shuning uchun o'zim seni topib keldim, og'ayni! Ninang tayyor bo'lsa kerak-a? Aytgancha, manavi qiz mening o'lib ketgan sevgilimga o'xsharkan. Iltimos, menga ber shu qizni! U meniki bo'lsin! Sen boshqasini topib olaverasan! Nima deding?

— Haddingdan oshma, yigit, — deya beixtiyor himoyalanishga o'tish ilinjida qo'llarini oldinga cho'zdi barzangi. — Gaping bo'lsa o'zim bilan gaplash! Bu qizga tegmaysan!

— Tegsam-chi? — Mirsoli asta qizga yaqin bordi-da, bir qo'lini uning yelkasiga qo'yib so'z qotdi:

— Nega baqrayib qolding? Ninangni olmaysanmi? Bo'l tez!

Barzangi nafratga yo'g'rilgan nigohlarini Mirsoliga tikkancha yaqin keldi va urishga chog'landi. Ammo ulgurmadi. Mirsoli qizni quchgan ko'yi barzangini chakkasi aralash tepdi. U yiqilgach, tizzasini beliga tiradi.

— Hozir senga ninang ham yordam bera olmaydi, — dedi qo'rquvdan dag'-dag' titrayotgan qizga ko'z qisib. — Chunki men bilan yakkama-yakka qolding. Haqiqiy erkaklar yakkama-yakka, hech qanday ninasiz, qo'llarini ishga solib mushtlashishi kerak. Sen-chi? Anavi hamtovoqlaring bilan birga meni rosa qiynading. Mana shuni bekor qilding. Men bu taxlit nomardliklarni sira kechirmayman! Vey, jim o'tir! O'tir dedim!

Mirsoli piqillab yig'layotgan qizga o'shqirib, uni kursiga o'tqazdi. So'ngra barzangining eng og'riq nuqtalariga zarbalar yo'lladi. Keyin esa ko'ngli picha xotirjam tortib o'rnidan qo'zg'aldi.

— Sen men bilan birga ketasan, — u yana qiz tomonga qaytib bilagini mahkam qisdi. — Miq etsang, anavi akaxoningga o'xshab kaltak yeysan. Tushundingmi? Nega indamaysan? Tushundingmi dedim?

Qiz yig'lashdan tiyila olmay bosh irg'ab Mirsolining savoliga javob yo'llagan bo'ldi.

— Bu boshqa gap, — dedi Mirsoli tashqariga qizni yetaklarkan. — Hozir akaxoningning boshqa jo'ralariniyam izlab topamiz. Aytgancha, mashina kalitini ol! Bo'l tez!

Qiz pildiragancha borib stol ustidagi kalitni oldi-da, Mirsoliga tutqazdi.

— Juda aqlli qiz ekansan-u, bu maraz bilan nega birga o'tiribsan? — dedi Mirsoli behush dumalab yotgan barzangiga ishora qilib. — Sen meniki bo'lishing kerak! Chunki Zarinam rahmatliga o'xsharkansan. Yur, ketdik!..

(davomi bor)

Olimjon Hayit

O‘xshash hikoyalar